Eron urushi xalqaro nizolar bo‘yicha me’yorlar ostin-ustun bo‘lganini ko‘rsatmoqda

Surat manbasi, WANA via Reuters

Surat tagso‘zi, AQSh va Isroilning Tehronga bergan zarbalari natijasida vayron bo‘lgan Enderzgu tumanidagi sakkiz qavatli turar-joy binosi
    • Author, BBC yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlari hamda uning energetika infratuzilmasiga qarshi tahdidlari, o‘z navbatida, Tehronning qo‘shnilariga javob zarbalari xalqaro urushlarni tartibga soluvchi me’yorlar ostin-ustun bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp kamida ikki marta Eronning energetika ob’ektlariga jiddiy zarba berish bilan tahdid qildi. O‘tgan hafta u agar Eron Qatarning energetika ob’ektlariga yana javob zarbasi bersa, Eronning "Janubiy Pars" gaz konini "butunlay portlatib" yuborishini aytgan edi. Shanba kuni esa, agar Eron rahbariyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochmasa, AQSh Eronning "elektr stantsiyalarini, eng yiriklaridan boshlab, yo‘q qilishini" ma’lum qildi.

Bu voqealar qoidalarga asoslangan global tartib ichdan zil ketayotgani haqidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda yuz bermoqda.

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) bosh prokurori Luis Moreno Okamponing aytishicha, qoidalarga asoslangan global tartib tinch aholini himoya qilish va davlatlarning o‘zini himoya qilishdan boshqa holatlarda yoki BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsat bermagan taqdirda urushga kirish oldini olish uchun ishlab chiqilgan.

U Bi-bi-siga bergan intervyusida xalqaro huquqqa ko‘ra Eronga qarshi urush tajovuz jinoyati sanalishini ta’kidladi.

Moreno Okampo, shuningdek, Trampning Eron elektr stantsiyalarini bombalash haqidagi tahdidlari ham, Eron va Isroilning bir-birining energetika infratuzilmasiga qilgan hujumlari ham qonuniy harbiy nishon hisoblanmasligini aytdi. U bunday zarbalarni Rossiyaning Ukrainadagi energetika ob’ektlariga hujumlariga qiyosladi, zero o‘sha hujumlar tufayli rossiyalik rasmiylarga XJS tomonidan harbiy jinoyatlar sodir etganlik ayblovi qo‘yilgan edi.

"Rossiyaning Ukrainadagi, AQShning Eron yoki Venesueladagi harakatlari tajovuz jinoyati deb ataladi. Bu bir davlatning boshqa bir davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi qurolli kuch ishlatishidir, vassalom", dedi Moreno Okampo.

"Biz endi [qoidalarga asoslangan tizimdan] yakka shaxs hukmronligi sari ketmoqdamiz, bugun prezident Tramp nima qaror qilsa, shu qoida bo‘ladi. Bunday dunyoning kelajagi yo‘q", deya qo‘shimcha qildi u.

Bunga javoban Oq uy Moreno Okamponing bayonotini "safsata" deb atadi. Bayonotda aytilishicha, Tramp "yo‘ldan ozgan, terrorchi rejim tug‘dirayotgan tahdidni bartaraf etish uchun qat’iy choralar ko‘rmoqda".

"Eronning mintaqada tinch aholini o‘ldirayotgani prezidentning ushbu chorani ko‘rishi naqadar muhim ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi", deya qo‘shimcha qildi Oq uy rasmiysi.

Yakshanba kuni CBS News telekanaliga bergan intervyusida AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uolttsdan AQShning Eron elektr stantsiyalariga hujumlari harbiy jinoyatga tenglashishi mumkinligi borasidagi xavotirlar haqida so‘ralganda, u shunday javob berdi: "Rejim o‘ta muhim infratuzilmani o‘z nazoratiga olgan va undan nafaqat o‘z xalqini ezish, balki qo‘shnilariga hujum qilish hamda BMT sanksiyalariga zid ravishda yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lida foydalanayotgan bo‘lsa, o‘sha ob’ektlar qonuniy nishonlarga aylanadi".

Biroq Moreno Okamponing ta’kidlashicha, Eronning o‘ziga hujum qilmagan ko‘rfazdagi qo‘shnilariga zarba berishi ham xalqaro huquq bo‘yicha tajovuz jinoyati sifatida ko‘riladi.

Na AQSh, na Isroil, na Eron Xalqaro jinoyat sudiga a’zo. Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati AQSh va Isroilga nisbatan avvalgi tergovlar uchun qasos sifatida sudning bir necha sudьyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tehrondagi zarbalardan so‘ng aholining holati

Sudni ta’sis etgan Rim statutiga ko‘ra, "harbiy ob’ekt hisoblanmaydigan fuqarolik ob’ektlariga qasddan hujum qilish" harbiy jinoyat deb ta’riflanadi, dedi u.

Garchi fuqarolik ob’ektlari harbiy maqsadlarda foydalanilsa, o‘z himoyasini yo‘qotishi mumkin bo‘lsa-da, bunday hollarda hujumlar jangchilar va tinch aholini bir-biridan ajratish kabi xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi shart.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, Eron elektr stantsiyalariga hujum qilish tinch aholi hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki eronliklar shundoq ham elektr ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda va elektr energiyasi ko‘pincha uylarga suv chiqarish uchun zarur bo‘ladi.

Eronning ma’lum qilishicha, agar AQSh shunday zarba bersa, bunga javoban ko‘rfazdagi qo‘shnilarining energetika va suv ta’minoti tizimlariga hujum qiladi. Dushanba kuni Tramp o‘z tahdidini besh kunga kechiktirayotganini, chunki Eron muzokara olib borayotganini aytdi, biroq Eron rasmiylari bu da’voni rad etdi.

Urush paytida raketalar Eron va Isroildagi yadroviy ob’ektlar yaqiniga ham kelib tushdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mojaro "o‘ta xavfli bosqichda" ekanini aytib, tomonlarni vazminlikka chaqirdi.

AQSh Davlat departamentining sobiq huquqshunosi Brayan Finukeyn Bi-bi-siga aytishicha, agar Tramp Eronning energetika ob’ektlariga qarshi hujumlarni amalga oshirsa, "bunday hujumning qonuniy bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. U qonuniy harbiy nishon bo‘lmagan ob’ektlarga ham hujum qilishga ochiq-oydin tayyor".

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Isroil Tehron va uning atrofidagi bir nechta yoqilg‘i omborini nishonga oldi, oqibatda ulkan olov shari hosil bo‘ldi va havoni quyuq tutun bosdi.

Eron Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Quvayt, Ummon, Iroq va Isroildagi energetika infratuzilmalariga hujumlar uyushtirdi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon to‘qqiz mamlakatdagi kamida 40 ta energetika ob’ekti "jiddiy yoki o‘ta jiddiy" zarar ko‘rgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi Eronning Fors ko‘rfazidagi qo‘shnilariga qilgan hujumlarini qoraladi. Biroq tanqidchilar fikricha, AQShning o‘zi bunday me’yorlarni ochiqcha buzayotgani G‘arbning Eron tomonidan xalqaro huquq buzilishini qoralashiga putur yetkazmoqda.

Demokratlar va Respublikachilar ma’muriyatlarida milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishlagan Brayan Katulisning aytishicha, Trampning tahdidlari "xalqaro tartib uchun o‘ta nozik bir pallada" yuzaga kelgan.

U Bi-bi-siga bergan intervyusida AQShning energetika infratuzilmasiga yo‘nalgan tahdidlari hamda Eron va Venesueladagi harakatlari shunday ishora berganini aytdi: "Endi xohlaganingizni qilishingiz mumkin. Qonun ishlamaydigan o‘rmon shakllandi. Bu, bir tomondan, xalqaro tizimda pishib kelayotgan jarayonning jadallashuvi bo‘ldi".

Katulisning ta’kidlashicha, Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini himoya qilish uchun samarali koalitsiya tuza olmagani ittifoqchilarning AQShga bo‘lgan ishonchi yo‘qolganining bevosita natijasidir.

U, shuningdek, Tramp ma’muriyati "bebosh qayiqlar diplomatiyasi" davrini yaratayotganini qayd etdi.

Oq uy buni rad etdi. Rasmiy vakilning aytishicha, Prezident Tramp AQSh va uning ittifoqchilarini yadroviy Eron tahdididan himoya qilish uchun Amerikaning eng qudratli davlat sifatidagi mavqeini tiklagan.

"Uning o‘tmishdoshlari 47 yil davomida Eron tahdidini jilovlash haqida gapirgan, ammo bu borada hech narsa qilmagan – aksincha, ular terrorchi rejim o‘z vayronkor salohiyatini oshirishiga qo‘yib berib, mavjud vaziyatni saqlab qolishni ma’qul ko‘rgan".