Toshkent: Mirziyoyev O‘zbekistonda hali hech kim qilmagan ishni qilmoqchi yoki Rossiya bo‘lmasa, boshqasimi?

Surat manbasi, rasmiy
Shavkat Mirziyoyev aytganini qildirdimi – bunaqasi O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan.
Shu kunlarda O‘zbekistondan kutilmagan xabarlar olindi.
Bunaqasi bo‘lmagan

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekistonliklar Amerika Qo‘shma Shtatlariga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga yuborilishi mumkin.
Bunaqasi O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan.
O‘zbekiston mintaqaning eng ko‘p fuqarosi chetda mehnat muhojirligida band davlati bo‘ladi.
Ularning soni millionlarga nisbat beriladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi, yillarki, ham mamlakat hukumati va ham aholisi uchun muhim ahamiyatga molik mavzu, masala.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng katta mamlakati bo‘ladi.
Aholisining soni birgina rasmiy raqamlarning o‘zida 38 milliondan ortadi.
Ulardan eng katta foizini yana yoshlar tashkil etadi.
Mamlakat iqtisodi uzoq yillar davomida asosan qishloq xo‘jaligiga asoslanib kelgan.
Hukumati hanuz ishsizlik va kambag‘allik muammosiga jadal barham berish harakatida bo‘lgan davlat.
Diniy radikalizm xavfi hanuz mas’ullarning diqqat-e’tiboridan tushmagan mamlakat.
Boshqa tomondan, hozir Tolibon harakati boshqaruvi ostida bo‘lgan va ildizlari O‘zbekistonga borib taqaluvchi O‘zbek jangari guruhlari ham hanuz jon saqlab kelayotgani ishoniluvchi Afg‘onistonga chegaradosh.
Chetda mehnat muhojiriligida band fuqarolari har yil ortga yuborayotgan mablag‘lar esa milliardlab dollarni tashkil etadi.
Bu pullar O‘zbekiston iqtisodini tutib, yuritib kelayotgan asosiy moliyaviy manbalar sirasiga kiradi.
Mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar ta’sirini yengillatib, har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng samarali vositalardan biri sifatida tilga olinadi.
Agar, shu yil mart oyida e’lon qilingan rasmiy raqamlarga tayanilsa, O‘zbekistonga chet eldan pul o‘tkazmalari miqdori qariyb $19 milliard dollarni tashkil etgan.
O‘zbekistonga migrantlar jo‘natgan pullar miqdori besh yilning ichida uch barobarga o‘sgan.
Shu paytgacha Rossiya va Qozog‘iston o‘zbekistonliklar uchun eng yirik tashqi mehnat bozorlari bo‘lib kelgan.
Bu ikki davlatda mehnat qilib kelgan O‘zbekiston fuqarolarining jami soni millionlarga nisbat berilgan.
Mamlakatning real iqtisodiy imkoniyatlari nazarda tutilganida, inson resurslari bugungi kunda zamonaviy O‘zbekistonning eng muhim boyligi sifatida ko‘rilishi ham bor gap.
Aynan Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi ortidan, O‘zbekiston o‘zining migratsiya siyosatini tubdan o‘zgartira boshlagan.
Islom Karimov dangasalar, deb nomlagan migrantlarni Mirziyoyev farzandlarimiz, deb atashgacha borgan.
Buyog‘i endi Amerikagami?

Surat manbasi, Getty Images
So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolari uchun tashqi mehnat bozorlarini turfalashtirish, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish harakatiga tushgan.
Bunga Ukraina urushi va Rossiyaning kuchayib borayotgan aksilmigratsion siyosati ham sabab bo‘lmay qolmagan.
Bu ikki omil orada Rossiyada mehnat muhojirligida band o‘zbekistonliklarning ham yalpi ortga qaytishlariga sabab bo‘lishi mumkinligiga oid xavotirlarni kuchaytirgan.
Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibini joriy etishga oid da’vatlargacha yangragani ko‘rilgan.
Politsiya reydlarining soni ham keskin ortgan, migrantlarga nisbatan nomaqbul munosabatlar ayrim mintaqa davlatlari poytaxtlarining Rossiya tomoniga norozilik notalari bilan chiqishlariga ham sabab bo‘lgan.
Rossiya tomonidan turli sabablar bilan Markaziy osiyolik migrantlarni ham Ukraina urushiga yollash harakatlariga oid xabarlarning soni ortgan, bu ham ularning ona vatanlarida, ayniqsa, faollarning qo‘rquv va xavotirlarga sabab bo‘lmay qolmagan.
Agar, O‘zbekiston prezidenti shu yil yanvar oyida tilga olib o‘tgan ma’lumotlarga tayanilsa, o‘zbekistonliklar bugungi kunda tashkiliy mehnat migratsiyasi doirasida dunyoning 30 dan ortiq davlatida mehnat qilmoqda.
"Ilgari esa ular asosan ikki yoki uchta mamlakatda ishlagan".
Shavkat Mirziyoyev bu haqda 15 yanvar kungi Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda to‘xtalib o‘tgan.
Xuddi shu yig‘ilish chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yuqori maoshli ishlarda ishga joylashtirishga ko‘maklashish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bu davlatlar sirasida AQSh, qator Yevropa davlatlari va boy arab mamlakatlari ham tilga olingan.
Elchiga esa O‘zbekistonni AQShdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topishirilgandi.
So‘nggi yangilik prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan ana shu yig‘ilishdan sanoqli haftalar o‘tib olingan.
Bu xususda tomonlar o‘rtasida kelishuv imzolanganiga oid yangilik qisqa soatlardayoq O‘zbekistondagi yetakchi nashrlarda sarlavhalarga chiqqan.
Bunga o‘xshash xabarning hozircha qolgan biror bir mintaqa davlatidan olinmagani uning ahamiyatini yanada bo‘rttirgan.
AQSh, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar...

Surat manbasi, Getty Images
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning eng yirik iqtisodi bo‘ladi.
Jahonning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.
Ularning soni bir necha o‘n mingga beriladi, ammo katta ko‘pchiligini Amerika Qo‘shma Shtatlariga Grin-karta bilan borganlar tashkil etishi aytib kelingan.
Har yili yuz minglab o‘zbekistonliklar borish ilinjida bo‘lgan mamlakat.
Ayniqsa, Demokratchi prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotganlarining ham soni jiddiy ortgan davlat.
O‘zbekistonliklar o‘tgan yili hatto eng ko‘p Grin-karta yutganlar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallashgan.
Bu yangilik o‘shanda dunyo bo‘ylab sarlavhalarga ham chiqqan.
Orada Amerika Qo‘shma Shtatlarida "nelegal" ekani aytiluvchi "11 milliondan ortiq" odam orasida ham O‘zbekiston fuqarolari kam emasligi taxmin etilgan.
Voqealarning so‘nggi rivoji O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirish, umumiy qiymati milliardlab AQSh dollariga teng bitimlar imzolayotgan, o‘zaro munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish harakatida bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Ammo, boshqa tomondan, yangilik AQSh Grin-karta lotoreya sxemasini to‘xtatgan, O‘zbekistonni ham fuqarolari uchun ham immigratsiya vizalarini rasmiylashtirishni to‘xtatgan davlatlar qatoriga kiritgan, qisman va to‘liq sayohat chekloviga yuz tutuvchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirgan, prezidenti Amerika tarixida "misli ko‘rilmagan" bo‘lishini va’da qilgan ommaviy deportatsiyalar avjida bo‘lgan bir holatda ham olingan.
Donald Tramp qudratga qaytgan so‘nggi bir yilning o‘zida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan noqonuniy mavqe’dagi o‘nlab o‘zbekistonliklarning ham ortga deportatsiya etilganliklariga oid xabarlar olingan.
Ammo orada Amerikada qonuniy yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida yetakchi olimlar, ishbilarmonlar, bankirlar, turli xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari maqomida bo‘lganlari, nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlari ham oz emasligi ta’kidlab kelingan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining rasman xabar berishicha, kelishuv AQShning USA Farm Labor tashkiloti bilan imzolangan.
Onlayn tarzda o‘tgan muloqotda tomonlar o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblarini muhokama etishgan.
Bunda:
- Ish muddatining: 9-10 oy;
- O‘rtacha oylikning: $3500;
- Turar-joyning: ish beruvchi hisobidan bo‘lishi;
- Malakali mutaxassislarga ustuvorlik berilishi;
haqida so‘z borgani aytilgan. Ammo malakali mutaxassislar deyilarkan, bundan ortiq tafsilotlarga halicha to‘xtalinmagan. Ularning ehtimoliy soniga ham hozirgi bosqichda aniqlik kiritilmagan. Ishga jo‘natish jarayonining aniq qachon boshlanishi ham ayni pallada noayon qolgan.
O‘zbekiston tomonining bu haqdagi rasmiy xabarida faqat o‘zaro kelishuv imzolangani, hamda hamkorlikni keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olingan aytilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Toshkent so‘nggi yillarda dunyoning eng yirik iqtisodlari sirasiga kiruvchi Buyuk Britaniya bilan ham xuddi shu kabi kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘lgan.
Shunday ekan, o‘zbekistonliklar qonuniy, tashkillashtirilgan mehnat muhojirligida band boshqa davlatlar bilan qiyoslanganda, Amerika Qo‘shma Shtatlari ular uchun qanchalik yirik, jozibali, muqobil va istiqbolli tashqi mehnat bozori bo‘la olishi mumkin?
BBC O‘zbek xizmati xuddi shunday savol bilan hozir Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, mehnat qilayotgan asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayzga murojaat qildi:
Bu jarayon murakkab, ayni vaqtda Amerika orzusi uchun juda katta umid bo‘lmasa ham, lekin AQSHga kelishning real va qonuniy yo‘llaridan biri.
Bahodir Fayz: To‘g‘ri, Amerika dunyoning eng katta iqtisodi hisoblanadi.
Amerikada ish imkonlari, maosh va hayot shartlari ham boshqa davlatlarga qaraganda ancha jozibador.
Bu holat ba’zan Amerika haqida biroz oddiy, biroz yanglish "katta iqtisod — katta imkoniyat", degan tasavvurga sabab bo‘lishi mumkin.
Fikrimcha, AQSh vatandoshlarimiz uchun Rossiya, Turkiya yoki Qozog‘iston kabi "ommaviy" yo‘nalishda muqobil mehnat bozori bo‘la olmaydi.
Ayniqsa, muhojirlikni cheklash va muhojirlarga qarshi radikal choralar qo‘llayotgan hozirgi Tramp ma’muriyati davrida.
Qolaversa, agar gap N-2A dasturi haqida boradigan bo‘lsa, o‘zbekistonlik ishchilarni Amerikaga olib kelish jarayoni real hayotda ancha murakkab bo‘lishi mumkin. Chunki bu dastur orqali hamma ham kela olmaydi.
N-2A dasturi orqali ishlarga murojaat qilish mumkin, ishga qabul qilingan taqdiringizda ham, lekin baribir yakuniy qarorni AQSh elchixonasi beradi.
Albatta, Amerikada hozirda qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan, fermalarda mavsumiy ishchilarga juda katta talab bor.
Ammo Amerikaga dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelmoqchi bo‘lganlar ko‘lamini kattaligini hisobga olsak, tanlov jarayoni ham juda qattiq kechadi.
Fermer xo‘jaliklarida, umuman qishloq xo‘jaligi sohasidagi mehnat bu yerda ham yengil ish hisoblanmaydi. Boshqa ishlarga qaraganda mehnati ancha og‘ir.
Xullas, AQSh mehnat bozori o‘zbekistonliklar uchun juda keng emas , lekin migratsiya jarayonidagi murakkab tanlovlardan muaffaqiyatli o‘tib, bu yerga kelib ishlovchilar uchun daromadli ham bo‘lishi mumkin.
Albattaki, O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan USA Farm Labor o‘rtasida kelishuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, umuman olganda, bu yaxshi bir yangilik.
Bu xususiy shirkatning faoliyati amerikalik fermerlarga chet ellik ishchilarni jalb qilishga qaratilgan.
Ya’ni, u AQSh hukumati tomonidan tasdiqlangan qishloq xo‘jaligi ishlari uchun vaqtinchalik, mavsumiy ishchilarni yetkazib berish ishlari bilan shug‘ullanadi.
Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak , fermerlar bilan mehnat muhojirlari orasida vositachi hisoblanadi.
Ya’ni, bu firma o‘z bazasida ish qidirayotganlarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga murojaat qilish va ish beruvchilar uchun ishchi tanlash imkonini beradi.
Lekin, yuqorida aytganimdek, viza olishni, Amerika Qo‘shma Shtatlariga kelishni to‘liq kafolatlamaydi.
Bu jarayon murakkab, ayni vaqtda Amerika orzusi uchun juda katta umid bo‘lmasa ham, lekin AQShga kelishning real va qonuniy yo‘llaridan biri.
Bu qonuniy usullarni tashviq qilish esa hukumatimiz uchun ham, vatandoshlarimiz uchun ham albattaki ijobiy holat.
Demak, Amerika mehnat bozori vatandoshlarimiz uchun jozibali lekin, hamma uchun emas.
Qishloq xo‘jaligi ishlari uchun chidamli va ish beruvchi talablariga mos keladiganlar uchun, balkim, yaxshi imkon bo‘lishi mumkin.
Savol: Mehnat sharoitlari, ish haqi, mehnat xavfsizligi va mehnat muhojirining haq-huquqlari himoyasi, kafolati nazarda tutilganida, bir o‘zbekistonlik misolida Amerika Qo‘shma Shtatlarida mehnat muhojiri bo‘lishning nimasi yaxshiyu nimasi yomon?

Surat manbasi, Getty Images
Bahodir Fayz: Albatta, Amerika Qo‘shma Shtatlarida (AQShda) mehnat muhojiri bo‘lish – bu katta imkoniyatlar bilan birga jiddiy sinovlarni ham o‘z ichiga oladi.
AQShda hatto oddiy ishlarda ishlab (qurilish, logistika, xizmat ko‘rsatish) ham ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan ancha yuqori ish haqi olish mumkin.
Bu yerda "pastki pog‘onalardan boshlab yuqoriga chiqish" ham mo‘’jiza emas, balkim intilganlar uchun yangi imkoniyatlar ko‘p.
Kasb o‘rganish, universitetlarda ta’lim olish, malaka oshirish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish kabi imkoniyatlar tengligi mavjud.
Shu jihatdan, AQSh ko‘pchilik uchun nafaqat ish joyi, balki rivojlanish makonidir.
Xullas, iqtisodiy sharoitini yaxshilashni istaganlar uchun bu davlat, go‘yoki, yangi hayot boshlash maydoni bo‘lishi mumkin.
Misol uchun, hozirda logistika, qurilish, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ishlayotgan vatandoshlarimiz qisqa vaqt ichida sezilarli miqdorda daromad topishdi.
Albatta bu yerda bir muhim jihat, vatandoshlarimiz agar Amerikada huquqiy maqomga ega bo‘lsalar, ular qonuniy himoya ostida bo‘ladilar.
Ish beruvchining noqonuniy harakatlariga qarshi turish, o‘z haqqini talab qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Bu esa ko‘plab boshqa davlatlarga qaraganda muhim ustunlik hisoblanadi.
Shu bilan birga, albatta, mehnat muhojirligining o‘ziga yarasha muammolari ham mavjud.
Ko‘pincha yangi kelgan muhojirlar jismoniy jihatdan og‘ir va uzoq soatlik ishlarda ham mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi.
10–12 soatlab ishlash ko‘pchilik uchun odatiy holga aylanadi.
Bu esa vaqt o‘tishi bilan jismoniy va ruhiy charchoqqa olib keladi.
Eng katta muammolardan biri — bu hujjatsiz (illegal) bo‘lish xavfidir.
Bunday holatda inson nafaqat deportatsiya tahdidi ostida yashaydi, balki ko‘pincha past maosh, mehnat ekspluatatsiyasi va aldovlarga duch keladi.
Eng yomoni, u o‘z huquqlarini himoya qilishdan qo‘rqadi.
Ijtimoiy yolg‘izlik ham muhim muammo.
Yangi madaniyatga moslashish, til o‘rganish va jamiyatga integratsiya qilish jarayoni ham oson kechmaydi.
Bundan tashqari, AQShda hayot qimmat. Uy ijarasi, sug‘urta, transport va soliqlar katta xarajat talab qiladi.
Natijada, ko‘p pul topgan odam ham ko‘p sarflashga majbur bo‘ladi.
Ba’zan muhojirlar diskriminatsiya yoki stereotiplarga ham duch keladi.
Bu holat, ayniqsa, yangi kelganlar uchun yanada sezilarli bo‘ladi.

Surat manbasi, Getty Images
Savol: O‘z o‘rnida, Amerika Qo‘shma Shtatlarida qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlar aynan nimalarni ko‘zda tutadi, u yerdagi ferma va rancholarda aynan nimalar yetishtiriladi va mehnati qanchalik og‘ir?
Bahodir Fayz: Amerika Qo‘shma Shtatlarida qishloq xo‘jaligi — yuqori texnologiyalarga asoslangan, lekin baribir katta miqdorda inson mehnatini talab qiladigan soha.
Ayniqsa, mavsumiy ishlarda fermalarda, asosan, janubiy Amerikadan kelgan migrant ishchlar ishlashadi.
Amerika qishloq ho‘jaligi sohasidagi ishchilarning taxminan 80 foizga yaqin chet ellik ekani aytiladi.
Tashqaridan qaraganda, bu oddiy "fermada ishlash"dek tuyulishi mumkin , ammo amalda bu juda aniq, tizimli va ko‘pincha jismonan og‘ir mehnatni anglatadi.
Bu ishlar asosan mavsumiy, ya’ni, yilning ma’lum davrlarida, asosan ekin ekish va hosil yig‘ish vaqtida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj oshishi bilan bog‘liq ishlar.
Qishloq xo‘jaligida aynan kuzgi mavsum — eng band va eng og‘ir davr hisoblanadi.
AQShda qishloq xo‘jaligi barcha shtatlarda keng tarqalgan, ammo ayrim shtatlar bu sohada ancha yetakchi hisoblanadi.
Bu farq iqlim, yer unumdorligi, suv resurslari va tarixiy rivojlanish bilan bog‘liq.
Misol uchun, Kaliforniyada katta fermalar, sabzavot mahsulotlari yetishtirish ko‘p bo‘lsa, Texas shtati esa chorvachilik mahsulotlari, rancholari bilan mashhur.
Makkajo‘xori, bug‘doy, kartoshka yetishtirish Ayova, Nebraska va Kanzas shtatlarida ko‘p tarqalgan.
Florida shtati o‘zining apelsin, ya’ni sitrus mevalari bilan dunyoga tanilgan.
Albatta, Amerikada biz o‘zbekistonliklar uchun tanish bo‘lgan "oq oltin" ham yetishtiriladi.
Paxta yetishtirish asosan "Cotton Belt" (paxta mintaqasi) deb ataladigan janubiy hududlarda jamlangan.
Bu hududlarda iqlim issiq, vegetatsiya davri uzun va yer sharoiti paxta uchun juda mos.
Texas, Jorjiya, Missisipi va Alabama shtatlari paxtaning Amerikadagi bazasi hisoblanadi.
Savol: Amerika dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi. Sonlari o‘n minglab ekani, ulardan ko‘pchiligining u yerga Grin-karta bilan borganlar ekani aytiladi. Shunday ekan, ular shu paytgacha Amerika Qo‘shma Shtatlarida aynan qaysi sohalarda band bo‘lib kelishgan? O‘zbekistonliklarning endi qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga ham jalb qilinishi ehtimoli qanchalik yaxshi xabar? Buning O‘zbekistonga, o‘zbekistonliklarga foydasi nimada bo‘ladi?
Bahodir Fayz: AQShda o‘zbekistonliklar asosan logistika, haydovchilik, xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport va kichik biznes sohalarida band bo‘lib kelishgan.
Bugungacha qishloq xo‘jaligi sohasi bizning vatandoshlarimiz uchun an’anaviy yo‘nalish emas edi.
Endi ushbu yo‘nalish agar ochilsa, albattaki, bu yaxshi xabar bo‘ladi.
Chunki vatandoshlarimizning Amarikaga kelib, mehnat qilishlari uchin yana bir qonuniy kanal paydo bo‘ladi.
Qolaversa , Amerika bilan O‘zbekiston orasida migratsiya tizimi shaffoflashadi;
Mehnat muhojirlarimizning daromadlari rasmiylashadi.
Lekin hozircha bu jarayonni ortiqcha mehnat muhojirlari uchun yagona daromad manbai sifatida ko‘rish xato bo‘ladi.
Chunki bu imkoniyat hamma uchun emas, bu faqat tanlov orqali, cheklangan miqdorda olinadigan ishchilarni o‘z ichiga oladi.
Shunga qaramay, O‘zbekiston uchun esa foyda aniq: pul o‘tkazmalari oshadi, ish bozori bosimi kamayadi, xalqaro tajriba kengayadi.
Ammo bu uzoq muddatda ichki iqtisodiy muammolarni o‘rnini bosmaydi.

Surat manbasi, Getty Images
Savol: Qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarda ishlash uchun Amerika Qushma Shtatlariga borish istagidagi o‘zbekistonliklarga tavsiyalaringiz?
Bahodir Fayz: Eng muhim tavsiyam, katta orzu, amalga oshmaydigan taxayyuliy xayollarga berilmasdan, vaziyatga real qarash.
Ya’ni, AQShga kelib ishlash mehnat muhojiri uchun:
- tezda boyish imkoniyati emas;
- oson yo‘l ham emas;
- va nihoyat hamma uchun ham emas.
Bu jarayon avallambor mehnat, intizom va sabr talab qiladi.
Buning yonida vatandoshlarimiz ingliz tilini o‘rganishlari kerak, bu ustunlik emas, zarurat hisoblanadi.
Amerika qonunlari, madaniyati va yashash shart-sharoitlari bilan oldindan tanishib chiqish ham bu yerda adaptatsiyani osonlashtiradi.
Shartnomalarga davlat homiylik qilgan taqdirda ham, shartnomani yahshilab o‘qib va tushunib olishlari kerak.
Agar siz bu yo‘lga real qarayotgan bo‘lsangiz, albatta u foyda beradi. Uni orzu sifatida ko‘rayotgan bo‘lsangiz esa, tez orada tushkunlikka tushib qolish mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz uchun uchun yangi eshik, yangi imkonlar degani.
Albatta bu eshik keng emas, lekin imkoniyatlarga boy bir yo‘l ochadi.
BBC. Qisqacha ma’lumot o‘rnida: Rasmiy Toshkent o‘tgan yili AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz tartibni joriy etishga qaror qilgan.
Bu xususda O‘zbekiston prezidentining farmoni qabul qilingan.
O‘shanda yangi farmonning shu yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kirishi aytilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning ilk boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlagan.
Aynan Trampning taklifi bilan O‘zbekiston prezidenti 2018 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘zining ilk rasmiy tashrifini ham amalga oshirgan.
Tomonlar o‘shanda bir tashrifning o‘zidayoq "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlaganliklarini e’lon qilishgan.
Donald Tramp o‘shanda O‘zbekiston prezidentining bu tashrifini "tarixiy", deb atashgacha borgandi.
Boshqa tomondan, mehnat migratsiyasi, yillarki, O‘zbekiston ilova aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining turli ko‘rinishdagi bosimlarini o‘tkazishda Kreml qo‘lidagi eng muhim va samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘rib kelinishi ham bor gap.



























