Endryu Teyt Amir Temurni qaroqchi dedi

Endryu Teyt

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekistonda zarbof to‘nlar bilan katta hurmat-e’tibor ko‘rsatib kutib olingan inflyuenser Endryu Teyt O‘zbek davlatchiligi asoschisi Amir Temur haqida video e’lon qildi.

Amir Temurga nisbatan o‘zining hurmatini namoyish etish maqsadidagi videoda Endryu Teyt buyuk imperiya barpo etishdan oldin Amir Temur "odamlarni talagan" dedi.

Qator ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini ochishi taqiqlangan Buyuk Britaniya va AQSh fuqaroligiga ega Endryu Teyt — mojarolar bilan tanilgan kikbokschi va bloger bo‘lib, Amir Temur jasoratiga bag‘ishlangan videosini Samarqanddagi Amir Temur haykali poyida tasvirga oldi va X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida e’lon qildi.

Endryu Teyt va ukasi Tristan Teyt ustidan bir nechta davlatda jinoiy ishlar doirasida tergovlar davom etayapti.

Ruminiyada aka-uka odam savdosi, ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va pul yuvish bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon etilayaptilar.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, jabrlanuvchi ayollar romantik munosabatlar orqali jalb qilingan bo‘lishlari mumkin.

Buyuk Britaniyada unga zo‘ravonlik, sog‘liqqa zarar yetkazish va fohishalikni nazorat qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan.

AQShda esa odam savdosi bilan bog‘liq tergov davom etayapti.

Hozircha barcha ishlar tergov bosqichida, yakuniy sud qarorlari chiqarilmagan.

Endryu Teytning ayollarga nafrat va zo‘ravonlik haqida bildirgan keskin fikrlari matbuotda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Shunday bir sharoitda Endryu Teyt va ukasining O‘zbekistonda tantanali kutib olinishi O‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan salbiy qabul qilindi.

"Jinsiy zo‘ravonlikda ayblanayotgan Endryu Teyt Toshkentda tantanali kutib olindi" deb yozdi Qalampir.uz veb-nashri.

"Gij bada-bang bilan Endryu Teyt va uning ukasini xalqaro aeroportda kutib olishibdi. Karnay-surnay, zar chopon… Kim u deysizmi?

Odam savdosi, qo‘shmachilik, uyushgan jinoyatchilik bilan Rumыnya, Buyuk Britaniya va AQShda ayblangan, (jinoyat ishi ochilib, tergov ketayapti), mizogin jinoyatchini boshimizga ko‘tarib o‘tiribmiz.

Bironta olim, madaniyat soha vakiliga shunday tavoze ko‘rsatilsa xo‘p-xo‘p. Lekin mana bunaqa odamga… No comment!

Xo‘rozqand chet elniki desa yotvolib yalashadi,

Jinoyatchi importnыy bo‘lsa zar chopon kiydirishadi.

Eskobar tirik bo‘lganida, uniyam olib kelishardi", deb yozdi o‘zbekistonlik taniqli blogger Aqida Xonim.

Iqtibos

"Agar Jeffrey Epshteyn va Bernie Madoff ham olamdan o‘tib ketishmaganda ularni ham Endryu Teytga o‘xshab karnay-surnay va to‘n kiydirish marosimi bilan kutib olgan bo‘larmidik?

Eslatma: Teyt aka-ukalar odam savdosi va jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib bir nechta mamlakat sudida ishi ko‘rilmoqda. Aeroportda ularni tantanali kutib olganimizni ko‘rish g‘alati bo‘ldi. Mehmondo‘stlikni ham chegarasi bo‘lishi kerak.

Kiyosaki, Jordan Belfort kabi kamida g‘alati va firibgar odamlarni ham chaqirib universitetlarda master klasslar, konferentsiyalar uyushtirishimiz yomon amaliyot deb bilaman.

Noto‘g‘ri odamlarni (jinoyatchilarni) chaqirib ulug‘layapmiz. Yoshlarga ular o‘rnak bo‘lmasin, mutlaqo", deb yozdi Uzbekonomics Telegram kanali.

"Savol tug‘iladi: nega bunday salbiy obro‘si va jinoiy ishlari bor shaxslarni O‘zbekistonga taklif qilish kerak?", deya savol qo‘ydi "Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q! Net nasiliyu!" Telegram kanali.

Endryu Teyt O‘zbekistonga safaridan maqsad, "ishi bor"ligi haqida yozdi.

Ko‘plab o‘zbekistonliklar, Endryu Teytning O‘zbekistonda qanday biznesi bo‘lishi mumkin, deya savol qo‘ydilar.

Shuningdek, uni O‘zbekistonga kim taklif qildi, degan savolga hozircha rasmiylar javob bermadilar.