Artemida II: Nega NASA yana Oyga odam uchirayapti?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Rebekka Morell
- Role, Ilm-fan muharriri
- Author, Elison Frantsis
- Role, Yetakchi ilm-fan jurnalisti
- O'qilish vaqti: 5 daq
Bir necha kundan keyin NASA Artemida II missiyasi doirasida Oyga to‘rt fazogir uchirayapti.
Ushbu parvoz Oy sathiga qo‘nish va so‘ng Oyda baza barpo etishga yo‘l ochadi.
NASA Artemida dasturi boshlanganiga ko‘p yillar bo‘ldi, dasturga minglab odamlar jalb etilgan, bugungi kunga kelib uning xarajati 93 milliard AQSh dolarini tashkil etdi.
Ammo ba’zilarning xayoliga "bularning hammasi oldin ham bo‘lgandi" degan fikr kelayotgan bo‘lishi mumkin.
50 yil ilgari Amerikaning 'Apollon' missiyasi doirasida insonlarning Oy yuzasiga ilk qadam qo‘yishi tarixiy hodisa bo‘lgan edi. Oyga jami olti marta qo‘nish amalga oshirilgani uchun fazoviy rejalar ro‘yxatida Oy to‘liq bajarilgan vazifadek tuyulardi.
U holda Oyga qaytish nega AQSh shuncha ko‘p vaqt, mehnat va mablag‘ sarflamoqda?
Qimmatli resurslar

Surat manbasi, NASA
Manzara quruq, chang va hosil bermaydigan yerdek tuyulishi mumkin, ammo aslida bunday oddiy emas.
'Oyda ham Yerdagi elementlar mavjud,' deydi Tabiat tarixi muzeyining sayyorashunosi, professor Sara Rassel.
'Misol uchun, Yerda juda kam uchraydigan nodir yer elementlari bor va Oyning ayrim joylarida ular yetarlicha ko‘p to‘plangan bo‘lishi mumkin — shunda ularni qazib olish imkoni paydo bo‘ladi.'
Oyda temir va titan kabi metallar ham, hamda supero‘tkazgichlardan tortib tibbiyot jihozlarigacha qo‘llaniladigan geliy ham mavjud.

Biroq eng katta qiziqish uyg‘otadigan resurs — eng hayratlanarlisi: suv.
'Uning ba’zi minerallarida suv tuzoqlangan, qutblarida esa ancha-ko‘p miqdorda suv mavjud,' deydi professor Rassel.
Uning aytishicha, doimo soyada qoladigan kraterlar bor va u yerda muz to‘planishi mumkin.
Agar Oyda yashamoqchi bo‘lsangiz, suvga ega bo‘lish juda muhim. U faqat ichimlik suvinigina ta’minlamaydi — balki vodorod va kislorodga ajratilib, astronavtlar uchun nafas olish havosini va hatto kosmik kemalar uchun yoqilg‘ini ham hosil qilishi mumkin.
Kosmosda ustunlikka erishish maqsadidagi poyga

Surat manbasi, Getty Images
Qo‘shma Shtatlar va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi kosmik ustunlik uchun kurash 1960–1970 yillardagi Amerikaning 'Apollon' missiyalariga turtki bergan edi. Bu safar esa raqobatchi — Xitoy.
Xitoy o‘z kosmik dasturi bilan juda tez rivojlanmoqda. U Oyga robotlar va oykezarlarni muvaffaqiyatli qo‘ndirdi va 2030 yilgacha insonlarni ham olib borishini aytmoqda.
Oyda birinchi bo‘lib o‘z bayrog‘ingizni o‘rnatish — hanuz nufuz masalasi. Biroq bugungi kunga kelib bayrog‘ingizni qayerga o‘rnatishingiz haqiqatan ham juda muhim.
Ham AQSh, ham Xitoy eng ko‘p resurslarga ega hududlarga kirishni istaydi. Bu esa Oydagi eng yaxshi 'kosmik mulk'ni qo‘lga kiritish degani.

Surat manbasi, CNSA HANDOUT via EPA
BMTning 1967 yil qabul qilingan "Kosmik kenglik to‘g‘risida"gi shartnomasiga ko‘ra, hech qaysi davlat Oyni o‘zining mulki deb e’lon qila olmaydi. Ammo Oyda topilgan narsalar masalasi bunchalik oddiy emas.
"BMT shartnomasiga ko‘ra, u yerdagi quruqlikning biror qismini mulk sifatida egallay olmaysiz, lekin o‘sha hududda faoliyat yuritishingizga hech kim xalal berolmaydi", deydi doktor Helen Sharman, Britaniyaning ilk fazogiri.
'Shuning uchun hozirgi kundagi eng katta masala — o‘zingizga bir parcha hududni egallab olish. Siz uni mulk sifatida egallay olmaysiz, ammo undan foydalanishingiz mumkin. Va o‘sha yerga bir bor o‘rnashib olganingizdan keyin u hudud istaganingizcha sizniki bo‘lib qoladi".
Mars tomonga yo‘l ochish

Surat manbasi, NASA
NASA o‘zining maqsadini Marsga qaratgan va 2030 yillardan u yerga insonlarni yubormoqchi.
Texnologik to‘siqlarni hisobga olganda, bu juda ham ambitsiyali reja.
Ammo hamma narsa ham qaysidir joydan boshlanadi va AQSh Oyni shunday makon deb tanladi.
"Oyga borish va u yerda ma’lum muddat qolib ishlash — boshqa sayyorada yashash va ishlashni o‘rganish uchun sinov maydoni sifatida ancha xavfsiz, arzon va oson", deydi Londondagi Ilm-Fan muzeyining kosmos bo‘limi rahbari Libbi Jekson.
Oy bazasida Nasa astronavtlarga zarur havo va suvni ta’minlaydigan texnologiyalarini takomillashtirishi mumkin. Ular elektr energiyasini qanday ishlab chiqish va odamlarni o‘ta issiqlik, o‘ta sovuq hamda xatarli kosmik nurlanishdan himoya qiladigan inshootlar qurish usullarini ham ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi.
"Agar bu texnologiyalarni Marsda birinchi marta sinab ko‘rsangiz va ular ishlamay qolsa, oqibati halokatli bo‘lishi mumkin. Ularni Oyda sinab ko‘rish esa ancha xavfsiz va ancha oson", deydi Libbi Jekson.
Hali ochilishi talab qilinadigan sirlar

Surat manbasi, NASA
Olimlar Oydan olib kelinadigan materialni qo‘llariga (qo‘lqopiga) olishni sabrsizlik bilan kutmoqdalar.
'Apollon' astronavtlari olib kelgan toshlar esa Yer qo‘shnisi bo‘lgan osmon jismi haqidagi tushunchamizni tubdan o‘zgartirgan.
'Ular bizga Oy ulkan darajada dramatik bir hodisa — Mars kabi o‘lchamdagi bir jism Yerga urilib, uchib ketgan bo‘laklardan Oy hosil bo‘lganini ko‘rsatdi. Biz buni aynan 'Apollon' toshlari tufayli bilamiz", deydi professor Sara Rassel.
Biroq, uning aytishicha, hali kashf etiladigan narsalar juda ko‘p.
Chunki Oy bir vaqtlar Yerning bir bo‘lagi bo‘lgan — u bizning sayyoramiz tarixi bo‘yicha 4,5 milliard yillik yozuvni o‘z ichida saqlagan.
Va unda tektonik plitalar yo‘qligi, yomg‘ir yoki shamol kabi tarixiy yozuvni yo‘q qilib yuboradigan jarayonlar yo‘qligi sababli, Oy — ideal vaqt kapsulasidir.
"Oy — Yer tarixining zo‘r arxivi" deydi professor Rassel.
"Oyning boshqa hududlaridan olib kelinadigan yangi toshlar to‘plami juda ham hayratlanarli bo‘ladi".
Yangi avlodga ilhom

Surat manbasi, Joe Raedle/Getty Images
Apollon' missiyalaridan uzatilgan g‘adir-budir, qora‑oq tasvirlar kosmos orzusini real voqelikka aylantirgan edi.
Va tomosha qilganlarning faqat ozgina qismiga fazogir bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan esa‑da, ko‘pchilik keyinchalik fan, texnologiya va muhandislik sohalarida faoliyat yuritdi.

Surat manbasi, NASA
Artemida missiyalari — jonli efirda, 4K formatda namoyish etilishi — yangi avlodni ilhomlantirishiga umid qilinmoqda.
'Biz texnologiya dunyosida yashaymiz. Bizga olimlar, muhandislar va matematiklar kerak — kosmos esa odamlarda bu fanlarga qiziqish uyg‘otishning ajoyib qobiliyatiga ega,' deydi Libbi Jekson.
Yangi ish o‘rinlari va rivojlanayotgan kosmik iqtisod AQShga Artemida dasturiga sarflagan milliardlab dollarlarning o‘rnini qaytarishga xizmat qiladi. Shuningdek, missiyalar uchun ishlab chiqilgan texnologiyalarning Yerda qo‘llanilishi ham foyda keltiradi.
Ammo Helen Sharmanning aytishicha, Oyga qaytish butun insoniyatga ham zarur bo‘lgan ruhiy turtki beradi.
"Agar biz birlashsak, insoniyat uchun foyda keltiradigan juda ko‘p narsalar yaratishimiz mumkin", deydi Sharman.
"Bu bizga insonning nimalarga qodir ekanini ko‘rsatadi".



























