O‘zbekiston va Markaziy Osiyo otashkesimni olqishlashdi. Eron - AQSh o‘rtasidagi otashkesimda Pokistonning roli

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif (o‘ngda) va AQSh prezidenti Tramp 2025 yili olingan suratda.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Otashkesimga erishilgani haqida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif e’lon qilgan.
O'qilish vaqti: 4 daq

Eron bilan AQSh o‘rtasida otashkesimga erishilgani haqida ma’lum qilinishidan bir necha soat avval kelishuv haqidagi kichik umid belgilari Pokistondan kelayotgandi.

Shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan BBC ga gapirgan manba muzokaralar "katta tezlikda" ketayotgani va Pokiston AQSh bilan Eron o‘rtasida vositachilik qilayotganini aytgandi.

Pokiston tomonidan vositachilik guruhida ishtirok etayotganlar "juda kam sonli tanlangan" shaxslar ekanligi, muzokaralar "jiddiy va o‘ta bosiq" fazoda o‘tayotganligi ham aytildi. BBC ga gapirgan manba bu kichik guruh tarkibida bo‘lmagan.

Pokiston oxirgi bir necha hafta mobaynida Eron va AQSh o‘rtasida xabarlarni bir birlariga yetkazib, vositachilik qilib kelmoqda edi.

Pokiston Eron bilan ko‘p yillik tarixiy aloqalar, o‘zaro chegaraga ega va munosabatlar "birodarlik ruhida" ekanligini bot-bot aytib kelgan.

AQShning Pokiston bilan munosabatlariga kelsak, prezident Tramp Pokiston qurolli kuchlari rahbari Marshal Amir Munirni o‘zining " eng xush ko‘rgan" marshali ekani, u Eronni har kimdan yaxshiroq bilishini aytgandi.

Pokiston qurolli kuchlari rahbari Marshal Amir Munir

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Pokiston qurolli kuchlari rahbari Marshal Amir Munir Saudiya Arabistoniga Eron tomonidan hujum "mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish urinishlarini yo‘qqa chiqargani" haqida aytgandi.

Kelishuvga erishish ehtimoli mutlaqo noaniq edi. Pokiston parlamentida seshanba kuni kechqurun so‘zlagan Tashqi Ishlar vaziri Ishoq Dar "o‘tgan kecha Isroil Eronga hujum qilgan va Eron o‘z navbatida Saudiya Arabistonini hujumga tutguniga qadar muzokaralar ijobiy yo‘nalishda ketayotgani borasida nekbin edik", deb aytgandi.

"Pokiston hanuz imkon qadar o‘z qo‘lidan kelganini qilmoqda", deya ilova qilgandi Pokiston Tashqi Ishlar vaziri.

Marshal Munirning ohangi esa o‘ta tanqidiy edi. U Saudiya Arabistoniga Eron tomonidan hujum "mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish urinishlarini yo‘qqa chiqargani" haqida aytgandi.

Bu so‘zlar Eron urushi boshlanganidan beri Pokiston rasmiysining Eronga nisbatan aytgan eng qattiq so‘zlari sifatida baholandi.

Ba’zi tahlilchilar bu izhorot Eronga nisbatan bosimni kuchaytirishi haqida aytishdi. Pokistonning Saudiya Arabistoni bilan mudofaa kelishuvi bor va hujumlarga qaramay hanuz kuchda qolmoqda.

Pokiston Bosh vazirining Eron elchisi bilan uchrashuvi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Pokiston Eron bilan aloqalari "birodarlik munosabatlari" ekanligini aytib kelgan.

Pokistonda vaqt yarim tundan o‘tganidan so‘ng Bosh vazir X Ijtimoiy sahifasida "diplomatik jarayon ...ilgari siljiyotgani va yaqin kelajakda natijaga erishilishi" haqida xabar qoldirib, prezident Trampdan muhlatni 2 haftaga cho‘zish va Erondan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini xuddi shu muddatga ochishni so‘radi.

Eronning Pokistondagi elchisi Rizo Amiriy Mug‘adam esa X da mahalliy vaqt bilan tungi soat 3 da "o‘ta hassos va jiddiy nuqtada ilgari siljish" haqida xabar qoldirdi.

Tong sahar 5 ga yaqin Pokiston Bosh vaziri otashkesimga erishilganini e’lon qilib, tomonlarni juma 10 aprel kuni Islomobodda "bitim shartlarini mufassal kelishib olish uchun" muzokaralarga taklif qildi.

Eron va AQSh o‘rtasida hanuz ishonch yo‘q. Pokiston ikkala tomonni ham muzokaralar stoli atrofiga olib kelmoqchi ekan, aynan nimalar haqida kelishib olishlari hanuz savol ostida.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo otashkesimni olqishlashdi

O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi matbuot kotibining Telegram kanalida, "O‘zbekiston Pokiston rahbariyati vositachiligida Yaqin Sharqda sulh va otashkesim e’lon qilinishini olqishlaydi", deya bayonot berilgan.

"Biz buni keskinlikni yumshatish, siyosiy va diplomatik muloqot hamda o‘zaro maqbul yechimlarni izlash uchun sharoit yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ko‘ramiz", deyiladi bayonotda.

"Shuningdek, biz barcha tomonlarni vazminlikka, vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga, tinchlik va barqarorlikka erishish uchun konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga chaqiramiz.

Biz O‘zbekistonning mojarolarni faqat tinch yo‘llar bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga qat’iy muvofiq ravishda hal qilish zarurligi haqidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlaymiz", deya ilova qilingan Tashqi Ishlar vazirligi bayonotida.

Kazinform xabar agentligi Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibi so‘zlariga iqtibosan. janob Qosimjo‘mart Tokaev Eron va AQSh o‘rtasida erishilgan otashkesim kelishuvini olqishladi, deya xabar berdi.

"Bu kelishuv AQSh prezidenti va Eron rahbariyatining xayrixohligi va dono siyosati, shuningdek harbiy mojaroga aloqasi bo‘lgan davlatlar qo‘llovi tufayli imkonli bo‘ldi", deya aytgan Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibi matbuot anjumanida.

Tojikiston ham Eron va AQSh o‘rtasida erishilgan sulh bitimini olqishladi, deb xabar berdi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi o‘zining rasmiy veb-saytida.

"Umid qilamizki, yaqin kunlarda mojaro tomonlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan muzokaralar mintaqada uzoq muddatli va keng qamrovli tinchlikka olib keladi. Biz bu mojaroga harbiy yechim yo‘qligiga va uning davom etishi Yaqin Sharqdagi allaqachon murakkab vaziyatni yanada og‘irlashtiradi va mintaqaning barcha mamlakatlariga katta zarar yetkazadi, deb hisoblaymiz", deyiladi bayonotda.

Tojikiston Tashqi Ishlar vazirligi Tojikiston tomonlarni harbiy kuch ishlatishdan tiyilishga va buning o‘rniga xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga asoslangan siyosiy va diplomatik yechimlarni izlashga doimiy ravishda undab kelganini ta’kidladi.