Husiylar mojaroga qo‘shildi, Isroilga raketa otdi: Urushda yangi front ochiladimi?

Isroil osmoni

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

O'qilish vaqti: 2 daq

Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar guruhi bir oydan beri davom etayotgan urush manzarasida ilk bor Isroilga raketa otdi. Yangi jabha mintaqada urushning kengayib, global savdo va neft yetkazib berish zanjirlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkindigi aytilmoqda.

Isroil harbiylari raketa mamlakat hududiga yetmasdan tutilganini ma’lum qildi. Husiylar esa bir kun avval Eronga qarshi hujumlar davom etsa, mojaroga aralashishini ogohlantirgan edi.

Husiylar — Yamandagi shialarning zaydiy yo‘nalishiga mansub qurolli siyosiy-diniy guruh bo‘lib, 2014 yildan buyon poytaxt Sanoni ham o‘z ichiga olgan shimoli-g‘arbiy hududlarni nazorat qilib keladi.

Mintaqada keskinlik kuchaymoqda

BBC manbalariga ko‘ra, Eron poytaxti Tehronda tun davomida kuchli zarbalar qayd etilgan. Shu bilan birga, mamlakatda internet cheklovlari to‘rtinchi haftaga kirgan.

Janubiy Livanda bir necha aholi punktlari Isroil zarbalariga uchragan, Saudiya Arabistoni esa Ar-Riyod tomon yo‘nalgan ballistik raketani tutganini bildirgan. Quvaytda esa dron hujumi oqibatida xalqaro aeroportga cheklangan zarar yetgani xabar qilinmoqda.

Iqtisodiy ta’sirlar ham sezilmoqda: AQShning uchta asosiy fond indeksi yana pasayib, urush boshlanganidan beri to‘rtinchi hafta ketma-ket yo‘qotishlar qayd etildi.

Yangi front ochilishi mumkinmi?

Tehron osmoni

Surat manbasi, Getty Images

BBCning Quddusdagi Yaqin Sharq byurosi rahbari Jo Flotoning ta’kidlashicha, husiylar aralashuvi Arabiston yarim orolida yangi jabha ochilishi ehtimolini oshirmoqda.

Husiylar harakati so‘nggi haftalarda Eronni ochiq qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi. Guruhning harbiy vakili Yahyo Sari’ televizion murojaatida "to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy aralashuvga tayyor" ekanini bildirgan.

Isroil ma’lumotiga ko‘ra, raketa Yamandan uchirilgani aniqlangan va janubiy shahar Beer-Sheva atrofida havo hujumi sirenalari yangragan.

Tahlilchilar fikricha, eng katta xavf — Qizil dengizdagi kema qatnoviga tahdiddir. Husiylar avval ham bu yo‘nalishda hujumlar uyushtirgan.

2025 yilda Donald Tramp ma’muriyati (Buyuk Britaniya bilan birga) aynan shu tahdidlarni to‘xtatish maqsadida husiylarga qarshi havo zarbalari kampaniyasini boshlagan edi. Bir necha hafta davom etgan amaliyot minglab nishonlarni yo‘q qilgan, biroq oxir-oqibat o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bilan yakunlangan.

"Qarshilik o‘qi"dagi o‘rni

BBC xalqaro tahlilchisi Lays Dusetning fikricha, husiylar o‘zlarini Eron va uning ittifoqchilari shakllantirgan "qarshilik o‘qi"ning muhim qismi deb biladi.

Ularning Eron bilan aloqalari Livandagi "Hizbulloh" darajasida chuqur emas, ammo so‘nggi yillarda Tehron tomonidan qurollantirilgan va tayyorlangan guruh sifatida husiylar ittifoqchisiga yordam berishdan bosh tortmasligi mumkin.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Shu paytgacha husiylar o‘zlarining eng kuchli ta’sir vositasi — Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali xalqaro savdo yo‘llarini izdan chiqarish imkoniyatini to‘liq ishga solmagan.

Biroq bu frontning ochilishi nafaqat mintaqadagi urushni kengaytirishi, balki global savdo va neft yetkazib berish zanjirlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.