Dunyoning qaeridadir har birimiz uchun eng mos juft bo‘ladigan inson bormi?

- Author, Pallab Ghosh
- Role, Ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 8 daq
Muhabbat tasodifiy emas, degan g‘oya hamisha insonlarni o‘ziga tortib kelgan. Qadimgi Yunonistonda Platon insonlarni avval-boshda to‘rt qo‘lli, to‘rt oyoqli va ikki yuzli yaxlit bir vujud bo‘lgan, so‘ng Zevs ularni ikkiga bo‘lib tashlagan, deb tasavvur qilgan.
O‘shandan beri ularning har biri yo‘qolgan ikkinchi yarmini izlab, yer yuzida kezib yurarmish. Bu afsona zamonaviy ikkinchi yarim – "qalbdosh" tushunchasiga o‘ziga xos poetik ma’no beradi va qaerdadir kimdir bor va u bizga o‘zimizni yaxlit his qilishimizga yordam beradi, degan umidni uyg‘otadi.
O‘rta asrlarda trubadurlar va Artur haqidagi hikoyalar bu sog‘inchni "aslzodalar muhabbati" sifatida qayta talqin qilgan. Bu Lanselotning Gvinevraga bo‘lgan otashin, ko‘pincha taqiqlangan sadoqati kabi bo‘lib, unda ritsar o‘zi hech qachon oshkora e’tirof eta olmaydigan ma’shuqasi uchun fidoyilik ko‘rsatadi.

Surat manbasi, Getty Images
Uyg‘onish davriga kelib, Shekspir kabi ijodkorlar "yulduzi yulduziga bog‘langan oshiqlar" – oila yoki taqdir tufayli bir-biridan ayrilgan, biroq o‘zaro g‘ayritabiiy rishta bilan bog‘langan juftlar haqida hikoya qilgan. Go‘yo olamning o‘zi ularning sevgi qissasini yozgan-u, baxtli yakun topishiga ham to‘sqinlik qilayotgandek.
Yaqin o‘tmishda esa Hollivud va ishqiy romanlar bizga ertaknamo sevgi hikoyalarini singdirib keldi.
Xo‘sh, zamonaviy ilm-fan bu ikkinchi yarimlar, qalbdoshlar haqida nima deydi? Haqiqatan ham biz uchun atalgan o‘sha yagona inson bormi?
"Yagona" insonni qanday topamiz?
Kembrijdagi Angliya Raskin universiteti (ARU) ijtimoiy psixologiya professori Viren Svami bizning romantik muhabbat haqidagi zamonaviy yevropacha tushunchamiz ildizlarini o‘rta asrlar Yevropasi hamda butun qit’ani qamrab olgan Kamelot, Lanselot, Gvinevra va doira stoli ritsarlarining jasorati haqidagi hikoyalarga bog‘laydi.
"Bu hikoyalar ilk bor o‘zingizga bitta insonni hamroh sifatida tanlashingiz kerakligi va bu hamroh bir umrlik bo‘lishi lozimligi haqidagi g‘oyani singdirgan", deydi u.
"Bungacha Yevropaning aksariyat qismida istagancha odamni sevish mumkin edi, sevgi o‘zgaruvchan bo‘lib, ko‘pincha jinsiy munosabatga asoslanmasdi".
"Vaqt o‘tishi bilan, sanoatlashuv odamlarning odatiy rishtalarini uzib tashlagach, ular o‘zlarining dehqonchilik jamoalaridan ajralib qoldi va «begonalashdi», – deydi u. – Ular o‘zlarini qutqarish, hayotlarining mashaqqatlardan xalos etish uchun boshqa bir yagona insonni izlay boshladilar".

Surat manbasi, Getty Images
Bugungi tanishuv ilovalari bu qissani Svami "munosabatlar xaridi" deb ataydigan algoritmga aylantirmoqda. Qalbdoshni izlash ular qidirayotgan narsaning aksiga aylandi: "Ko‘pchilik uchun bu juda ruhsiz bir tajriba".
"Siz juft izlab «bozordan xarid qilyapsiz»... tanishuv ilovasida o‘nlab odamlarni ko‘zdan kechirib, oxiri shunday nuqtaga yetib kelasizki, bo‘ldi, to‘xtashim kerak, deysiz", deydi u.
Yagona
AQShning Yuta shtati, Provo shahridagi Brigam Yang universitetining nikoh va oila tadqiqotlari professori Jeyson Kerroll "Yagona" insonga bo‘lgan intilishga xayrixoh qaraydi.
"Biz mehr-muhabbatga suyangan mavjudotlarmiz, – deydi u. – Biz o‘sha rishtani istaymiz". Ammo o‘z ma’ruzalarida u talabalarga "Yagona" insonga bo‘lgan istakdan voz kechmagan holda, «qalbdosh» g‘oyasidan xalos bo‘lishlari kerakligini aytadi.
Bu ziddiyatdek tuyulishi mumkin, ammo Kerroll uchun bu taqdir va mashaqqat o‘rtasidagi farqdir.
"Qalbdosh shunchaki topiladi. U allaqachon tayyor bor. Ammo yagona inson – bu ikki kishining yillar davomida bir-biriga moslashish, kechira olish va vaqti-vaqti bilan sabr qilish orqali birgalikda yaratadigan qadriyatidir", deydi u.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Qalbdoshlik tuzog‘i
Kerrollning dalillari o‘n yillik tadqiqotlarga asoslangan bo‘lib, u ularni o‘zining "Qalbdoshlik tuzog‘i" nomli hisobotida jamlagan. Bu tadqiqotlarning aksariyati psixologlar ta’biri bilan aytganda "taqdirga ishonish" (ya’ni, to‘g‘ri munosabatlar oson kechadi, degan g‘oya) va "o‘sishga ishonish" tushunchalarini bir-biridan ajratadi. Ikkinchi tushunchaga ko‘ra, juftlar o‘zaro munosabatlarini shakllantirib borish orqali muhabbat yaratadi.
1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshlarida Hyuston universiteti professori S. Reymond Ni boshchiligidagi bir qator tadqiqotlarda olimlar munosabatlar "peshonaga yozilgan" deb hisoblaydigan odamlar o‘rtada ziddiyat paydo bo‘lsa, o‘z sadoqatlariga shubha qilishi ehtimoli ortishini aniqladilar. O‘sishga ishonadigan odamlar esa, aksincha, kelishmovchilik bo‘lgan kunlarda ham o‘z sadoqatlarini saqlab qolishga moyil bo‘lishgan.
Kerrollning ta’kidlashicha, o‘sish zehniyatidagilar ham o‘ziga xos munosabatni istaydi, ammo qiyinchiliklar bo‘lishini tabiiy hol hisoblaydi. "Ular munosabatlarni yaxshilash, rivojlantirish va mustahkamlash uchun yo‘l qidiradi".

Surat manbasi, Getty Images
Uning fikricha, qalbdosh borligiga ishonish – tuzoq. Romantikaning o‘zi emas, balki sevgi hech qachon qiyin bo‘lmasligi kerak, degan umid tuzoqdir. Uzoq muddatli munosabatlarning eng "qalbiy" qismi, uning aytishicha, kinolardagidek hayajonli lahza emas, balki "nafaqat bir-birining kuchli tomonlarini, balki qiyinchiliklari va zaifliklarini ham aniq ko‘rishdir".
"Bu juda muqaddas bir makon, – deydi u. – Biz bu narsalarni faqat ular o‘sha yerda bo‘lishimizga ruxsat bergani uchungina bilamiz".
Kerrollning fikricha, sevgiga taqdir sifatida qaralganda, odam sevgini saqlab qoladigan, ammo ko‘zga ko‘rinmas mehnatni qilishga unchalik tayyor bo‘lmaydi. Kerrollning aytishicha, "qalbdoshlik tuzog‘i" munosabatlar ilk jiddiy to‘siqqa duch kelganda vaziyatni ancha murakkablashtiradi.
"Ilk qiyinchilikda-yoq, darhol "Men seni o‘zimning qalbdosh yagona insonim deb o‘ylagandim. Balki unday emasdirsan, qalbdoshlar bunday muammolarga duch kelmaydi-ku", degan xayol keladi, – deydi u. – Ammo munosabatlar uzoq davom etsa, u faqat silliq kechmaydi".
Uchqunmi yoki jarohat?
Londonda yashovchi muhabbat masalalari bo‘yicha murabbiy Viki Pavitt ko‘pincha qalbdoshimni topdim deb o‘ylagan, biroq bu ertak hissiy manipulyatsiya, beqarorlik va doimiy xavotir hissiga sabab bo‘lganini anglab yetgan kishilarga yordam beradi.
"O‘rtada kuchli kimyo va uchqun bo‘lganda, nazarimda, bu ba’zan eski jarohatlar kabi nosog‘lom odatlarni qayta yuzaga chiqarishi mumkin", deydi u.
"Beqaror, goh mehribon, goh befarq bo‘ladigan inson sizda uning e’tiborini sabrsiz kutish hissini uyg‘otishi mumkin. Aslida u sizning halovatingizni o‘g‘irlaydi, bu sizni uni yanada ko‘proq istashga majbur qiladi".

Surat manbasi, Vicki Pavitt
Pavittning aytishicha, biz taqdir deb bilgan narsa aslida asab tizimimizning bizni oldin ranjitgan holatni tanib, uni tuzatishga urinishi bo‘lishi mumkin. Terapevtlar bu holatni "travmatik bog‘lanish" deb ataydi.
Bu bog‘liqlik muhabbatga o‘xshab ko‘rinishi mumkin, shu bois odamlarni nosog‘lom munosabatlarga magnit kabi tortadi, deydi u. Buning sababi ular bir-biriga mukammal mos kelgani uchun emas, balki bu holat ularga tanish bo‘lgani uchun.
Kanadalik psixologlar Donald Datton va Syuzan Peynterning bir tadqiqoti tez-tez tilga olinadi. 1993 yilda Britaniya Kolumbiyasi universitetida ishlagan paytlarida chop etilgan tadqiqotda ular zo‘ravon juftlarini tark etgan 75 nafar ayolni o‘rganishgan.
Jamoa ayollarning sobiq turmush o‘rtoqlariga hali ham qanchalik bog‘lanib qolganliklarini o‘lchab, buni ularning avvalgi munosabatlari qanday bo‘lgani bilan taqqoslagan.
Ular eng kuchli bog‘liqlik doimiy ravishda zo‘ravonlikka uchragan ayollarda emas, balki juftlari goh jozibali, goh shafqatsiz bo‘lgan ayollarda ekanligini aniqlashdi.

Surat manbasi, Getty Images
Datton va Peynterning ta’kidlashicha, bu travmatik bog‘lanish odamlar nima uchun zararli munosabatlarga qayta tortilishini tushuntirishga yordam beradi – chunki xavf va mehr aralashmasi sog‘lom bo‘lgani uchun emas, balki tanish bo‘lgani uchun shunday bo‘ladi.
Pavitt o‘z murabbiylik faoliyatida aynan shu farqni ochib berishga harakat qiladi: "Asosiy masala – siz his qilayotgan kimyo bu insonning mosligini ko‘rsatyaptimi yoki bu shunchaki tanish xavotir hissimi, shuni anglab yetishdir".
"Men o‘z nutqimda hech qachon qalbdosh inson haqida gapirmayman, – deydi u. – Shaxsan men har bir inson uchun faqat bitta odam borligiga ishonmayman, lekin biz kim uchundir o‘sha "Yagona"ga aylanishimizga ishonaman".
Haqiqiy kimyo
Agar qalbdosh inson tushunchasini inkor etish romantika emasdek tuyulsa, o‘zaro tortishish biologiyasi ham xuddi shuni ko‘rsatadi.
Gormonal kontratseptivlar juftlarning bir-biriga bo‘lgan his-tuyg‘ularini biroz o‘zgartirishi mumkin. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, tug‘ish qobiliyatining tabiiy ko‘tarilish va pasayishini bir me’yorda ushlab turuvchi tabletkalar odatda hayz sikli davomida yuz beradigan o‘zaro tortishishdagi o‘zgarishlarni susaytirishi va bu dastlabki juft tanloviga ta’sir qilishi mumkin.

Surat manbasi, PA Wire
365 ta geteroseksual juftlik ishtirokida o‘tkazilgan yirik tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ayollarning jinsiy qoniqishi ularning hozirgi kontratseptiv holati juftini birinchi marta tanlagan paytiga mos kelganda yuqori bo‘lgan.
Bu tabletkalardan foydalanishdagi o‘zgarishlar juftni qanday his qilishni o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu ta’sirlar kichik bo‘lsa-da, ba’zi juftliklarning vaqt o‘tishi bilan o‘zaro kimyosidagi g‘alati o‘zgarishlarni tushuntirishi mumkin.
Agar gormonlar va tabletkalar kim "Yagona" ekanligi haqidagi hisni o‘zgartira olsa, u holda oldindan belgilab qo‘yilgan yagona moslik yo‘q – shu o‘rinda matematiklar sahnaga chiqadi.
Yagona, ammo yolg‘iz emas
Psixologiya va biologiya "Yagona" haqida bir yondashuvni taklif qilsa, matematika boshqa bir yondashuvni ilgari suradi.
Tennessi shtatining Neshvill shahridagi Vanderbilt universiteti iqtisodchisi doktor Greg Leo moslik algoritmini ishlab chiqdi. Uning aniqlashicha, sizda nafaqat bitta "Yagona", balki juda ko‘p "Yagona"lar bo‘lishi mumkin.
Uning "Public Economic Theory" jurnalida chop etilgan "Qalbdoshlarni topish" nomli maqolasida barcha ishtirokchilar kompyuter simulyatsiyasidagi tanishuv maydonida bo‘lib, u yerda raqamli yaratilgan minglab nomzodlar bir-birini baholaydi. Uning algoritmi "birinchi darajali qalbdoshlar"ni, ya’ni barqaror moslikda bir-birini tanlagan juftliklarni aniqlaydi. So‘ng ularni chetlatib, qolganlar bilan jarayonni qayta ishga tushiradi va siz ikkinchi darajali qalbdoshlarni topasiz va hokazo.
Uning simulyatsiyalarida ikkitasining bir vaqtda bir-birini tanlashi kam uchragan, biroq ko‘pchilikda ikkinchi yoki uchinchi tanlovlarda o‘zaro moslashuv bo‘lgan. Bu stsenariyga ko‘ra, agar juftlikdagi har bir shaxs bir-birining ro‘yxatida yuqori o‘rinlarda tursa va ikkalasi ham o‘zlari afzal ko‘radigan boshqa bir nomzodni topa olmasa, ular baxtli hisoblanadi.
Bu shunchaki raqamlar tahlili bo‘lishi mumkin, ammo sevgi algoritmi bizga faqat bitta Yagona emas, balki ko‘plab munosib juftlar borligini ko‘rsatadi.
Mayda narsalarga e’tibor bering
Xo‘sh, juftlik qanday qilib birgalikda o‘z "Yagona"larini yarata oladi?
Ochiq universitetning sotsiologiya va yaqin munosabatlar bo‘yicha professori Jakki Gabb bu masalani 2015 yilda "Sotsiologiya" jurnalida chop etilgan "Bardoshli muhabbat" loyihasida o‘rgangan.
Loyiha doirasida 5000 ga yaqin odam so‘rovdan o‘tkazildi, so‘ng 50 ta juftlik o‘ta sinchkov, ba’zan hatto shaxsiy hayotga aralashuvchi darajada batafsil kuzatildi. Bunda statistika kundaliklar, intervyular va uyda sodir bo‘lgan voqealarning "hissiyot xaritalari" bilan birlashtirildi.
U odamlardan qachon o‘zingizni qadrlangandek his qilgansiz, deb so‘raganida, javoblar kun botish chog‘idagi turmush qurish takliflari yoki Parijga kutilmagan sayohatlar bo‘lib chiqmadi.
Bular "kutilmagan sovg‘alar, mehr to‘la ishoralar va yotoqqa olib kelingan bir piyola choy kabi g‘amxo‘rliklar" edi. Sovuq tongda mashinani isitib qo‘yish. Yovvoyi gullarni terib, guldonga solish. Bazmda bir-biriga zimdan tabassum qilish.
U "kundalik g‘amxo‘rliklar" deb ta’riflagan bu kichik amallar miqdoran qaralganda, dabdabali romantikadan kuchliroq bo‘lib chiqdi.
U o‘tkazgan so‘rovnomada onalarning 22 foizi va bolasiz ayollarning 20 foizi o‘zlarini qadrlangan his qilishiga sabab bo‘ladigan eng muhim ikki narsadan biri sifatida dabdabali ziyofatlar yoki qimmatbaho sovg‘alarni emas, aynan shunday kichik g‘amxo‘rliklarni tanlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, munosabatlardan qoniqish asosan pul yoki romantikaga emas, balki "juftlikning bir-birini yaqindan bilishi" va buning kundalik hayotdagi ifodasiga bog‘liq edi.
Yosh bir juftlikning loyiha uchun berilgan kundaligida Sumayro turmush o‘rtog‘ining uyga kelishi, o‘zi pishirgan kechki ovqat, yo‘lakdagi quchoqlashuv va ikkovining dasturxon atrofida birga ovqatlanishini tasvirlaydi.
"Hammasi ajoyib, – deb yozadi u o‘z tadqiqot kundaligida. – Faqat ikkimiz va taom. Menga bundan ortiq yana nima kerak?"
Keyin mehmonxonada beixtiyor raqsga tushish, o‘ta yaxshi ko‘rganidan juftining o‘z telefoniga fon qilib qo‘ygan surati kabilar ham bor.
Bu ertakka emas, balki oddiy kundalik hayot hikoyasiga o‘xshaydi: billur tufli emas, rezina etiklar.
Biroq Gabbning ta’kidlashicha, bu shirin lahzalar zamirida moliyaviy tashvishlar, oilaviy majburiyatlar va juftlik birgalikda yengishni o‘rganayotgan depressiya tarixi yotadi.
"Bunda ruhiy yaqinlik hissi hayotdan uzilib qolgan emas, aksincha, u hayotning o‘zida, juftning ana shu bosimlarni yengib o‘tishi bilan qarichma-qarich bunyod etiladi", deydi u.
Sevishganlar kechki ovqati
Kerrollning ta’kidlashicha, ilm-fan romantikani o‘g‘irlamaydi, aksincha, yaxshi va yomon kunlarda uning gullab-yashnashiga yordam beradi.
"Biz uni o‘zimiz yaratishimiz kerakligini yodda tutsak, noyob va o‘zgacha munosabatda bo‘lish istagi yomon emas", deydi u.
Pevittning fikricha, "o‘z odamingiz borligiga ishonish yaxshi, hatto foydali ham, biroq ayni paytda ajoyib munosabat o‘rnatishingiz mumkin bo‘lgan odamlar ko‘pligini bilishingiz va hech kimdan mukammallikni kutmasligingiz kerak".
Qalban yaqin insonlarga kelsak, ilm-fan bir paradoksga ishora qiladi. Taqdirni kutishni bas qilib, yonidagi nomukammal insonga yuzlangan va "kel, bundan biror narsa yaratsak-chi?" degandek harakat qilgan odamlar o‘sha "taqdirda yozilgan"dek tuyuladigan munosabatlarga erishadi.
Yuqoridagi tasvir manbasi: Getty Images































