Trampning Eron urushini tugatish bo‘yicha 15 bandli rejasi qanday va Tehron uni nega rad etmoqda?

Donald Tramp Eron vayronalari suratida kollaj qilingan yuzi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eronning davlatga qarashli Press TV telekanaliga ko‘ra, Tehron AQSh prezidenti Donald Trampning urushni tugatish bo‘yicha 15 bandili rejasini rad etgan
    • Author, BBC yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Eron "Press TV" davlat telekanalining xabar berishicha, Tehron AQSh prezidenti Donald Trampning urushni tugatishga qaratilgan 15 banddan iborat rejasini rad etdi.

Kanal ismi oshkor etilmagan "yuqori martabali siyosiy xavfsizlik mulozimi"ga tayanib, mojaroga chek qo‘yish uchun Tehronning beshta shartini keltirib o‘tdi. Ushbu shartlar qatoridan yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash ham o‘rin olgan.

Mazkur talablar Isroilning "Channel 12" telekanali tomonidan e’lon qilingan va AQSh rasmiylari mavjudligini tasdiqlagan Tramp takliflariga umuman o‘xshamaydi. AQSh takliflari Eronning yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini olishi hamda strategik jihatdan muhim bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishini ko‘zda tutgan edi.

Urush 28 fevral kuni AQSh va Isroilning havo zarbalari bilan boshlandi, shundan so‘ng Eron Fors ko‘rfazidagi Amerikaning ittifoqchilariga hujum qilish orqali harbiy harakatlar ko‘lamini kengaytirdi.

Seshanba kuni Tramp Eron muzokaralar o‘tkazishga "tashna" ekanligini va eronlik muzokarachilar AQShga "juda salmoqli mukofot" taqdim etganini aytdi.

AQSh prezidenti qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamasdan, ushbu "tuhfa" neft, gaz va Hormuz bo‘g‘oziga aloqador ekanligini bildirdi.

Biroq, Eron parlamenti spikeri har qanday muzokaralar o‘tkazilishi haqidagi taxminlarni butunlay rad etdi.

"AQSh bilan hech qanday muzokaralar olib borilmadi, yolg‘on xabarlardan esa moliya va neft bozorlarini manipulyatsiya qilish hamda AQSh va Isroil tushib qolgan botqoqlikdan qochish uchun foydalanilmoqda", - deb yozdi Muhammad Boqir Qolibof "X" tarmog‘ida.

Trampning rejasi nimadan iborat?

Isroilning "Channel 12" telekanaliga ko‘ra, urushni to‘xtatish uchun Eron bir qator talablarni bajarishi shart.

Ushbu talablar asosan AQSh rasmiylari urush boshlash uchun asos qilib ko‘rsatgan bosh omillar atrofida jamlangan: bular - garchi bu da’vo o‘z tasdig‘ini topmagan va Eron buni doim rad etib kelayotgan bo‘lsa-da, mamlakatning yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda Eron raketa dasturi tahdidini butunlay bartaraf etishdir.

Takliflarda Eron "hech qachon yadroviy qurolga intilmaslik majburiyatini olishi", yadroviy inshootlarni qismlarga ajratishga va’da berishi va o‘zidagi mavjud boyitilgan uran zaxiralarini ushbu masalani kelgusida nazorat qilib boruvchi BMTning yadroviy kuzatuvchisi Xalqaro atom energiyasi agentligiga topshirishi so‘ralgan.

Takliflarga muvofiq, Eron o‘z raketa dasturining masofasi va miqdori cheklanishiga rozi bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Eron mintaqaviy proksi-guruhlarni - Livandagi Hizbulloh, G‘azodagi Hamas va Yamandagi husiychilarni moliyalashtirishni to‘xtatishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, Erondan Hormuz bo‘g‘ozini erkin dengiz koridori sifatida ishlashi uchun qayta ochish talab qilinadi. Dunyo neft va gaz zaxiralarining beshdan bir qismi o‘tadigan ushbu bo‘g‘ozning yopilishi narxlarning keskin ko‘tarilishiga va jahon iqtisodiyotida pasayish xavfiga sabab bo‘ldi.

Rejada aytilishicha, Eronga nisbatan barcha xalqaro sanksiyalar olib tashlanadi. To‘liq sanksiyalar o‘tgan yilning noyabr oyida, Isroil va AQSh Eronning bir qator yadroviy ob’ektlari va harbiy bazalarini bombardimon qilganidan so‘ng, Tehron o‘z yadroviy inshootlaridagi tekshiruvlarni to‘xtatgan paytda qayta joriy etilgan edi.

Eronning qarshi takliflari qanday?

"Press TV"ga ko‘ra, Eron urushni tugatish uchun besh shartni ilgari surgan. Ular orasida "dushman tomonidan tajovuz va suiqasdlarga to‘liq barham berish" talabi ham bor.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va uning rasmiylari ko‘pincha "sakkizoyoqlarning boshini kesish" niyatida ekanliklarini aytib keladi. Urush boshlangan birinchi kuni Tehrondagi yirik Isroil havo hujumi natijasida Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan beri bir nechta yuqori darajadagi eronlik amaldorlar o‘ldirilgan.

Eronning boshqa shartlari qatorida "Islom Respublikasiga qarshi urush qayta boshlanmasligini ta’minlaydigan aniq mexanizmlar" ham bor, biroq qanday kafolatlar berilishi mumkinligi va qaysi davlatlar bu jarayonda ishtirok etishi, yoki kuzatuv olib borishi hozircha aniq emas.

Iqtisodiy jihatdan, Eron urush oqibatidagi zararlar uchun tovon puli to‘lanishini, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozini boshqarish bo‘yicha yakka hokimlik huquqini talab qilmoqda.

Eng muhimi, Tehron Isroildan mintaqadagi Eronni qo‘llab-quvvatlovchi ittifoqchilarga qarshi hujumlarni to‘xtatishni istaydi.

Isroil esa Hizbullohga qarshi operatsiyalarini kuchaytirgan. Seshanba kuni Isroil harbiylari shimoliy Isroilga uyushtirilayotgan hujumlar to‘xtamaguncha, kengaytirilgan bufer hududi ichida qolishini e’lon qildi.

"Press TV" xabariga ko‘ra, ism-sharfi oshkor qilinmagan rasmiy ushbu shartlar Eron tomonidan avvalroq, urush boshlanishidan sal oldin, fevral oyida Jenevada o‘tkazilgan muzokaralarda taqdim etilgan talablariga qo‘shimcha ravishda ilgari surilayotganini aytgan.

Urushning yakuni yaqinmi?

Har qanday ehtimoliy muzokaralarga Trampning tinchlik elchilari - Stiv Vitkoff va prezidentning kuyovi Jared Kushner boshchilik qilishi kutilmoqda.

AQShning xabar qilingan tinchlik takliflari Isroil va G‘azodagi Hamas o‘rtasidagi ikki yildan ortiq davom etgan to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun elchilar qo‘llagan modelga o‘xshab ko‘rinadi.

Agar ushbu jarayon takrorlanadigan bo‘lsa, muzokarachilarga AQSh taklif qilgan loyihaning tafsilotlarini aniqlashtirib olish imkonini berish uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinishi kerak bo‘ladi.

Isroilning "Channel 12" telekanaliga ko‘ra, mamlakat rahbarlari hozirgi bosqichda Eronga qarshi hujumlarni to‘xtatib turishdan unchalik mamnun bo‘lmasliklari mumkin - Netanyaxuda G‘azo bo‘yicha muzokaralar paytida ham o‘t ochishni to‘xtatish borasida shunga o‘xshash ikkilanishlar bo‘lgan edi.

Isroil iqtisodiyot vaziri Nir Barkat Bi-Bi-Siga bergan intervyusida Eronning Tramp shartlariga rozi bo‘lishi dargumon ekanligini aytdi.

"Men ishonamanki, ushbu bosqich yakunida biz kelishuv bo‘ladimi yoki yo‘qmi, baribir o‘z maqsadlarimizga erishamiz", - dedi Barkat.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Eron tomonidan muzokaralarda kimlar ishtirok etishi hozircha noma’lum.

Tramp amerikaliklar bilan kim gaplashayotganini ochiqlamadi - shunchaki "biz kerakli odamlar bilan ish olib boryapmiz", dedi.

Muzokarachilar orasida Eronning yangi oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy borligiga ishonish qiyin. U 28 fevral kuni otasining o‘limiga sabab bo‘lgan o‘sha hujumda yaralanganidan beri ko‘rinish bergani yo‘q.

So‘nggi hujumlar boshlanganidan beri Eron tashqi ishlar vaziri qayta-qayta ta’kidlayotganidek, mamlakatning hozirgi rahbariyati AQSh bilan har qanday muzokaralarga kirishishga shubha bilan qaramoqda.

Axir, bu hujumlar tomonlar yangi yadroviy kelishuvga erishish uchun muzokaralar olib borayotgan, hatto ma’lum bir siljishlar kuzatilayotgan bir paytda yuz berdi.

Shuningdek, ushbu tinchlik takliflari minglab AQSh qo‘shinlari Eron tomon yo‘l olayotgan bir vaqtda e’lon qilinmoqda. Ularning vazifasi nimalardan iborat ekani aniq emas, biroq xabarlarga ko‘ra, ular Hormuz bo‘g‘ozini ochish yoki Eronning ayrim hududlarini egallash uchun qo‘llanilishi mumkin.