Falastinliklar G‘arbiy Sohilda yahudiy kelgindilar zo‘ravonligi kuchayib borayotganini aytmoqdalar

Surat manbasi, EPA
- Author, Yolande Knell
- Role, Yaqin Sharq muxbiri
- Reporting from, Bosib olingan G'arbiy Sohildagi Dair al-Hatob qishlog'i
- O'qilish vaqti: 5 daq
"Ular nafaqat uylarni yoqish, balki o‘ldirish – ayollar va bolalarni o‘ldirishni ham ko‘zlashgan", deydi Barhan Umar yakshanba kuni yahudiy kelgindilar hujumiga uchragan uyining kuygan xarobalari oldida turib.
"Ular juda ko‘pchilik kelishdi. Bu uyushtirilgan terrorchilik edi, – deydi u ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyib. – Eng dahshatlisi, uyingda bolalaring bilan o‘tirganingda birdan o‘qqa tutilasan".
Falastinlik bu bank menejeri aytishicha, kelgindilar Nablus yaqinidagi Dayr al-Hatob qishlog‘idagi uyini o‘qqa tutib, unga o‘t qo‘ygan. Uning o‘zi va bolalari tomga yashirinib, zo‘rg‘a qutilib qolganlar.
So‘nggi kunlarda ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil bo‘ylab kelgindilar zo‘ravonligi yana avjiga chiqmoqda. Dayr al-Hatobdagi bosqin paytida kamida 10 kishi jarohatlangan, ularning aksariyati otilgan toshlardan jabr ko‘rgan, bir kishining oyog‘iga o‘q tekkan.
Bu qishloq G‘arbiy Sohilning boshqa hududlaridan farqli o‘laroq, ilgari hech bunday yirik hujumga uchramagan edi.
Bu voqea yaqin atrofdagi Elon Moreh aholi punktida yosh isroillik Yehuda Shermanning dafn marosimidan so‘ng sodir bo‘ldi. Marosimda yuzlab motam tutuvchilar va bir qancha yetakchi isroillik siyosatchilar qatnashgan edi.
Xabarlarga ko‘ra, 18 yoshli bu yigit o‘zi yashaydigan manzilgoh yaqinida bir falastinlik pikap mashinasida uning yo‘ltanlamas mashinasini urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgan ekan. Kelgindilar bu hujum edi deb hisoblasa, falastinliklar buni baxtsiz hodisa deb ta’kidlaydilar.

Eron bilan urush boshlanganidan beri ekstremist kelgindilarning hujumlari shundoq ham yangidan avj olgan edi. BMTga ko‘ra, dunyo e’tibori yangi mintaqaviy mojarolarga chalg‘igan bir paytda, kelgindilar olti nafar falastinlikni o‘ldirgan.
Iordan vodiysi shimolidagi Xirbet Humsa qishlog‘i aholisi ikki hafta oldin sodir bo‘lgan yana bir dahshatli voqeada kelgindilarni o‘z yerlaridan haydab chiqarish paytida bir erkakni jinsiy zo‘rlaganlikda va boshqalarni kaltaklaganlikda aybladi. Shundan so‘ng Isroil politsiyasi yetti kishini hibsga oldi.
Bu 2023 yil oktyabrida Hamas yetakchiligida Isroilga qilingan hujumlar tufayli boshlangan G‘azo urushi davrida kuzatilgan tendentsiyaning davomidir. O‘shanda kelgindilar zo‘ravonligi keskin kuchayib, Isroil hukumati yahudiy aholi punktlari qurilishini jadallashtirib yuborgan edi. O‘tgan yil BMT monitoring boshlaganidan beri aholi punktlarini kengaytirish va qurilishga berilgan ruxsatnomalar rekord darajaga yetdi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu aholi punktlari noqonuniy hisoblanadi. Manzilgohlar esa Isroil hukumati ruxsatisiz quriladi.
"Ular [kelgindilar] so‘nggi uch yilni imkoniyat deb bilib, ba’zilari buni "mo‘’jizalar davri" deb atamoqda, – deydi Isroilning "B'Tselem" inson huquqlari tashkiloti vakili Yayr Dvir. – Hozir biz joylarda guvoh bo‘layotgan narsa Isroilning etnik tozalash kampaniyasi davomidir".
Isroil o‘z harakatlari falastinliklarga nisbatan etnik tozalash ekanligini qat’iyan rad etadi.
Yaqinda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi ham "doimiy ko‘chirishni maqsad qilganga o‘xshagan majburiy ko‘chirishlar etnik tozalash borasida xavotir uyg‘otadi", dedi.

Surat manbasi, EPA
Kelgindilarning asosiy e’tibori dastlab G‘arbiy Sohilning "C hududi" deb nomlangan qismiga qaratilgan edi. 1993 yildagi Oslo tinchlik kelishuvlaridan so‘ng Isroil bu yerda to‘liq xavfsizlik va ma’muriy nazoratni saqlab qolgan. Kelishuvlarga ko‘ra, hudud – vaqtinchalik – A, B va C hududlariga bo‘lingan bo‘lib, A va B hududlari Falastin fuqaroviy va qisman Isroil xavfsizlik nazorati ostida, C hududi esa to‘liq Isroil nazorati ostida edi.
BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yanvaridan 2024 yil fevral o‘rtalarigacha 97 ta aholi punktidan kamida 4765 nafar falastinlik kelgindilar zo‘ravonligi tufayli o‘z uy-joyini tark etgan. Ularning aksariyati C hududidagi badaviylar va chorvador jamoalardir. Joriy yil boshida Iordan vodiysidagi Ras Ayn al-Auja badaviylar qishlog‘idan 600 kishi majburan ko‘chirilgan.
Endilikda kelgindilar zo‘ravonligi tobora B hududidagi Dayr al-Hatob kabi aholi zich yashaydigan Falastin qishloqlariga qaratilmoqda. Bu yerda Isroil xavfsizlik nazoratini saqlab qolgan bo‘lsa-da, Falastin ma’muriyati fuqaroviy nazorat vakolatlariga ega.
"C hududidagi falastinliklar jamoalaridan bo‘shatilgan joylarda endi keyingi qadam tashlanmoqda: kelgindilar bu yerni bo‘shatish rejasini davom ettirish uchun g‘arbga, ya’ni B hududiga qarab harakatlanmoqda", deydi xorijiy donorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xalqaro NNTlar hamkorligi bo‘lmish G‘arbiy Sohilni himoya qilish konsortsiumidan Allegra Pacheko.
"Bu qasddan yuritilayotgan siyosat. Bu tasodifiy, qandaydir bezori yoshlarning ishi emas. Bu eng yuqori doiralargacha borib taqaladi. Maqsad – bu hududlarni bo‘shatish, Isroilga ularni anneksiya qilish, aholi punktlarini kengaytirish va bu yerlarni falastinliklardan tozalash imkonini berish".

Surat manbasi, Reuters
Isroilning o‘ta o‘ngchi moliya vaziri, o‘zi ham kelgindi bo‘lgan Bezalel Smotrich hukumatning aholi punktlari bo‘yicha siyosatida asosiy harakatlantiruvchi kuchdir. U G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlikka undagani uchun Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar tomonidan sanksiyalarga uchragan.
Vazir "Falastin davlati g‘oyasini dafn etishni" rejalashtirayotganini ochiq aytgan va kelgindilar diniy va tarixiy huquqlari borligini da’vo qiladigan G‘arbiy Sohilda Isroil nazoratini kuchaytirish uchun misli ko‘rilmagan choralar ko‘rgan. U katta hududlarni "davlat yeri" deb e’lon qilgan va 69 ta yangi aholi punktiga ruxsat bergani yoki ularni qonuniylashtirganini da’vo qilmoqda.
Yehuda Sherman dafn marosimida so‘zga chiqqan Smotrich "Oslo sharmandaligi"ni tilga olib, tarixiy tinchlik kelishuvidan so‘ng tuzilgan Falastin ma’muriyatini ag‘darishga chaqirdi. "Biz butun yerimizning har bir qismini egallaymiz", dedi u.
O‘tgan hafta Isroil harbiy shtabi boshlig‘i, general-leytenant Eyal Zamir kelgindilar zo‘ravonligini keskin qoralab, buni "ma’naviy va axloqiy jihatdan nomaqbul" hamda xavfsizlikka tahdid deb atadi.
Biroq Isroil mudofaa kuchlari (IMK) hujumlarda faol qatnashgani, chetda tomoshabin bo‘lib turgani yoki aybdorlarni javobgarlikka tortmagani uchun o‘tkir tanqidlarga uchramoqda.

Surat manbasi, EPA
IMK dafn marosimidan keyingi kelgindilar zo‘ravonligiga "jiddiy" qarayotganini bildirgan bo‘lsa-da, Dayr al-Hatob aholisi yaqin atrofdagi kuzatuv minorasidagi askarlar qishloqqa bostirib kelgan olomonga ko‘z yumgani, tez yordam va o‘t o‘chiruvchilarning yetib kelishini kechiktirganidan shikoyat qildi.
Hozirda qishloq aholisi zo‘ravonliklar takrorlanishidan xavotirdalar.
To‘rt farzandning otasi Samir Umar yonib ketgan uyining tomidan turib, yaqin atrofdagi tepalikda kelgindilar yana bir manzilgoh qurishni rejalashtirayotgan yangi yo‘lni ko‘rsatadi.
"Yaqinda qurshovda qolamiz, – deydi u mahzun ohangda. – Endi xavfsizlik yo‘q. Devorni to‘rt-besh metrga ko‘tarmoqchiman, ammo buning foydasi bo‘larmikan? Hammamizni Alloh o‘z panohida asrasin".
Uning qo‘shnisi, bank menejeri Barhan Umar esa bosim ortib borayotgani sari Falastinning yangi qo‘zg‘oloni xavfi haqida ogohlantirib, yanada keskinroq fikr bildirdi.
"[Isroil Bosh vaziri Binyamin] Netanyahu shuni bilishi kerakki, biz qarab turmaymiz, – deydi u. – Falastin xalqi matonat bilan o‘z yeri va jonini himoya qiladi".





























