Musulmonni himoya qilgan Hindu

Surat manbasi, Asif Ali/BBC Hindi
"Mening ismim Muhammad Dipak."
Shu to‘rtta oddiy so‘z bilan musulmon do‘kondorni himoya qilgan hindiy kishi Hindistonda shuhrat qozonib, kutilmaganda qahramonga aylandi.
Dipak Kumar "dunyoviy Hindiston timsoli" va "Hindiston madaniy xilma-xilligi namunasi" sifatida maqtalmoqda. Ayni paytda, u baqiroq noroziliklar, hind e’tiqodiga xoinlik ayblovlari va o‘lim tahdidlariga duchor bo‘lgan.
Uni omma e’tibori markaziga olib chiqqan voqea 26 yanvar kuni shimoliy Uttarakxand shtatining Kotdvar shaharchasida sodir bo‘ldi. Voqea videoyozuvi tarqalgach, u matbuot sarlavhalariga aylandi.
Videoda 42 yoshli sport zali egasi Dipak musulmonlarni ta’qib qilishi bilan tanilgan "Bajrang Dal" nomli murosasiz hindiy guruh faollari bilan tortishayotgani aks etgan.
Dipak qo‘shni do‘konda bo‘lganini, "Baba School Dress and Matching Centre" nomli kiyim-kechak do‘konining keksa egasi Vakil Ahmadni olti-etti kishi haqorat qilayotganini ko‘rib aralashganini aytdi. Ular Ahmaddan 30 yillik do‘koni nomidan "Baba" so‘zini olib tashlashni talab qilayotgan edi.
"Baba" – Hindistonda mistiklar va diniy ustozlarga, shuningdek, hindlar va musulmonlar ota yoki boboga murojaat qilganda qo‘llaydigan so‘z.
Biroq Bajrang Dal faollari Kotdvardagi "Baba" faqat Siddhabali Babaga – hind xudosi Hanumanga bag‘ishlangan mahalliy ibodatxonaga ishora qilishi mumkinligini va musulmon kishining bu so‘zni o‘z do‘koni nomida ishlatishga haqqi yo‘qligini aytardi.
Ahmadning o‘g‘li ulardan ko‘proq vaqt berishni so‘rayotgani eshitiladi, ammo ular buni tezroq bajarishni talab qilishardi.
Aynan shu paytda Dipak voqea joyiga bordi. Keyinchalik Bi-bi-si Hind xizmatiga aytishicha, uni "do‘kon oldida to‘plangan ko‘pchilik" e’tiborini tortgan.
Videoda uning "Musulmonlar Hindiston fuqarosi emasmi?" degan savoli eshitiladi.

Surat manbasi, Asif Ali/BBC Hindi
Dipak aytishicha, uning aralashuvi to‘satdan, biror rejasiz bo‘lgan. "Bu yigitlarning keksa odamga bunday qo‘pol muomala qilishi menga yoqmadi. Ular dini tufayli uni nishonga olishayotgan edi."
68 yoshli Ahmad, agar Dipak bo‘lmaganida nima bo‘lishi mumkinligini aytish qiyin, deydi. "Qo‘rqib ketgan edik. Ular o‘z maqsadlariga erishish uchun har qanday ishga borishlari mumkin edi."
Dipak qarshilik ko‘rsatgach, Bajrang Dal faollari uning ismini so‘rashdi.
"O‘zimni Muhammad Dipak deb tanishtirib, ularga hindistonlik ekanligimni aytmoqchi edim. Bu yer Hindiston, har bir inson, qaysi dinga mansubligidan qat’i nazar, bu yerda yashash huquqiga ega", deydi u.
Hind va musulmon ismlarining bunday g‘alati qo‘shilishidan hayratga tushgan faollar ketib qolishdi. Ammo bir necha kun o‘tgach, 150 dan ortiq Bajrang Dal tarafdorlari Dipakning sport zali oldida norozilik namoyishiga chiqishdi.
Ahmadning shikoyatidan so‘ng politsiya "noma’lum shaxslar"ga qarshi ish ochdi. Shuningdek, ikki hind faolining shikoyatidan so‘ng Dipakka qarshi ham ish ochildi.
Namoyish va politsiyaning harakatlari Hindiston yangiliklarida keng yoritildi. Hind to‘dalarining musulmonlarga asossiz hujumlari odatiy holga aylangan bir paytda, Dipakning o‘zboshimcha faollarga qarshi chiqishi noyob qahramonlik namunasi sifatida baholanmoqda.
Kongress partiyasi a’zosi Rahul Gandi uni "konstitutsiya va insoniylik uchun kurashayotgan" "Hindiston qahramoni" deb ta’rifladi. Dipak "nafrat bozorida muhabbat" tarqatmoqda, deb yozdi u X'da va "bizga ko‘proq Dipaklar kerak – egilmaydigan, qo‘rqmaydigan va konstitutsiya uchun sabot-la turadigan insonlar" deb qo‘shimcha qildi.
Indian Express gazetasidagi maqolada aytilishicha, video "umid" uyg‘otgan.
"Dipakning so‘zlari ko‘pincha nafrat va toqatsizlik hukmron bo‘lgan jamiyatga umid bag‘ishlaydi. Ular bizga bu "haqiqiy Hindiston" ekanini eslatadi, bu yerda har kim o‘zi xohlagancha yashash va nafas olish, o‘z do‘konini xohlagancha nomlash huquqiga ega", deyiladi xabarda.
Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda Dipakka hamdardlik bildirishdi va uni zo‘ravonlarga qarshi turgani uchun maqtashdi. Uning telefoni tinimsiz jiringlaydi, jurnalistlar, fotosuratchilar va boshqa tashrif buyuruvchilar uni izlamoqda.
Uning Instagram'dagi izdoshlari soni oshdi. 29 yanvarda ulashgan qisqa videosiga besh milliondan ortiq «layk» bosildi. Unda u shunday deydi: "Men hind emasman, men musulmon emasman, men sikh emasman, men nasroniy emasman. Men avvalo insonman."

Surat manbasi, BBC Hindi/Screen grab
Dipak endi kutilmagan shuhrati bilan murosaga kelishga harakat qilmoqda va oddiy aralashuv bu qadar shov-shuvga aylanishini hech tasavvur qilmaganini aytadi.
"Men shunchaki to‘g‘ri deb bilgan ishni qildim. Bu masala shunchalik kattalashib ketishini o‘ylamagandim. Ammo hozir bu butun mamlakat yangiliklariga aylandi", deydi u.
Biroq uning jasorati oqibatsiz qolmadi.
Dipak e’tiqodga xoinlik ayblovlari va ijtimoiy tarmoqlarda haqoratli xabarlar kabi tahqirlarga duchor bo‘ldi. Unga ko‘plab o‘lim tahdidlari keldi – chorshanba kuni u X'da shunday tahdidli telefon qo‘ng‘iroqlaridan birining yozuvini joylashtirdi.
"Bajrang Dal seni ayamasligi kerak edi... Tez orada senga saboq beraman", deydi unga qo‘ng‘iroq qilgan shaxs.
Dipakning aytishicha, e’tibor uning oilasini "ruhan ezgan". "Ular qo‘rqishmoqda. Hozir esa juda katta ruhiy bosim ostidaman."
Uning bir paytlar gullab-yashnagan sport zali hozir deyarli bo‘shab qolgan, natijada moliyaviy muammolar ham paydo bo‘lmoqda.
"Ilgari bu yerga har kuni 150 dan ortiq odam mashq qilgani kelardi. Hozir bu son 15 tagacha tushdi. Ko‘pchilik qo‘rqqanidan kelmayapti", deydi u.
O‘tgan hafta oxirida Dipakni ziyorat qilgan muxolifatchi deputat Jon Brittas uni "Hindutva kommunalizmiga qarshi kurashda umid mayog‘i" deb atadi va "hozir jamoaviy kuchlar tahdidi tufayli bo‘shab qolgan sport zaliga a’zo bo‘lganini" aytdi.
Dipakning moliyaviy qiyinchiliklari haqida xabar tarqalgach, Hindistonning turli hududlaridan odamlar uning sport zaliga a’zolik sotib olishni taklif qilishdi. Joy Dasning X'dagi yozuvida aytilganidek: "Biz yaxshi odamning mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak."
Tahdidlar va xavotirlarga qaramay, Dipak kelajakda shu kabi vaziyatga duch kelsa, baribir nohaqlikka qarshi turishini aytadi.
"Bugun jim tursak, ertaga farzandlarimiz ham shunday jim turishni o‘rganadi", deydi u.





























