Eronning bombardimon qilinishi butun dunyo bo‘ylab qanday aks sado berdi
Oradan ikki hafta o‘tdi: "Epic fury" (Zo'r G‘azab) operatsiyasining asoratlari butun dunyoni larzaga keltirmoqda.
Eronni ballistik raketalar, harbiy dengiz floti va yadroviy qurol yaratishga bo‘lgan har qanday ambitsiyalaridan mahrum qilish kampaniyasi mintaqaviy barqarorlik va jahon iqtisodiyotiga tahdid soluvchi inqirozni yuzaga keltirdi.
Vayronkor havo hujumlariga qaramay, Eron rejimi hamon hokimiyatda qolmoqda va yangicha, xavfli usullar bilan qarshi zarbalar bermoqda.
Yaqin Sharq AQSH Prezidenti Donald Tramp “qisqa muddatli ekskursiya”deb atagan voqeaning davomli asoratlari ostida larzaga tushmoqda.
Tramp tomonidan “hukumatni o‘z qo‘lingizga oling” deya chorlangan Eron xalqi uchun hozirgi kunlar o‘ta og‘ir va mudhish davrga aylandi.
Eron - beqaror mintaqadagi so‘nmas qudrat timsoli
Eron - o‘ziga xos murakkab vazifa. U qo‘shni Iroq va Afg‘onistonning umumiy maydonidan ham kattaroqdir; vaholanki, AQSHning bu ikki davlatdagi aralashuvi o‘ta tartibsiz kechgan va bir necha yilga cho‘zilgan edi.
Uning harbiy obyektlari, jumladan, yadroviy dasturining tarkibiy qismlari ulkan mamlakat bo‘ylab tarqalgan bo‘lib, ba’zilari tog‘lar ostidagi chuqur bunkerlarga ko‘milgan.
Mamlakatning 90 milliondan ortiq aholisi rang-barang tarkibga ega -ularning yarmini forslar tashkil etsa-da, ozarbayjonlar, kurdlar va arablar kabi ozchilik bo‘lgan millatlar ham mavjud.
1979-yildan beri hokimiyatni qo‘ldan boy bermayotgan Islomiy rejim chuqur ildiz otgan, g‘oyaviy jihatdan qat’iy va mustahkam tashkil etilgan.
2024-yil aprelidan beri Isroil tomonidan amalga oshirilgan to‘rtta va AQSH tomonidan uyushtirilgan bitta hujumga qaramay, rejim o‘z hukmronligini yanvar oyidagi xalq namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirish orqali dahshatli tarzda namoyish etdi.
Ziddiyat butun mintaqa bo‘ylab shiddat bilan kuchaymoqda
Umid o‘rnini vahima va qo‘rquvga bo‘shatib berdi
Yanvar oyida rejim kuchlari tomonidan namoyishchilarning ommaviy qirg‘in qilinishi fonida eronliklar Trampning "Yordam yo‘lda" degan va’dasini eshitishgan edi.
Fevral oyi oxirida yordam nihoyat yetib kelganida, ba’zilar buni katta shodiyona bilan kutib oldi. Videolarda eronliklarning oliy rahbar o‘ldirilgani haqidagi xabarni bayram qilayotgani aks etdi.
Biroq tinch aholi orasida qurbonlar soni ortishi bilan umid o‘rnini qo‘rquv va vahima egalladi. Minab shahridagi boshlang‘ich maktabga berilgan zarba oqibatida kamida 160 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati bolalar edi. Yana bir voqeada, Tehron sharqidagi ko‘p qavatli uy xarobalari ostidan omon qolganlarni qidirish ishlari umidsiz va og‘ir kechdi.
BMTning ma’lum qilishicha, hozirgacha 3,2 milliongacha inson o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan; eronliklar va ko‘p yillik afg‘on qochqinlari shaharlarni tashlab, qishloqlardan panoh izlamoqda. Livan janubida esa Isroilning evakuatsiya haqidagi buyruqlaridan so‘ng kamida 800 000 tinch aholi ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Ushbu urush uni boshlaganlar uchun ham talafotsiz kechayotgani yo‘q. AQSH va Isroil harbiy xizmatchilari orasida kichik talafotlar qayd etildi. Shuningdek, tinch aholi orasida ham qurbonlar bor; jumladan, 1-mart kuni Eron ballistik raketasi Beyt-Shemesh shahridagi bombadan saqlanish joyiga tushishi oqibatida to‘qqiz nafar isroillik halok bo‘ldi.
AQSH qudrati dronlar va sodda qurollar qarshisida
AQSH 2003-yildagi Iroqqa bostirib kirishdan keyingi eng yirik harbiy guruhlardan birini, jumladan, ikkita aviatsiya zarbdor guruhini va juda ko‘p sonli samolyotlarni yig‘ish uchun haftalab vaqt sarfladi.
Isroil va AQSH birgalikda insoniyatga ma’lum bo‘lgan deyarli barcha turdagi qurollarga egalik qiladi. Ular Eron mudofaasini falaj qilish va yo‘q qilish uchun uzoq masofadan juda ko‘p miqdordagi aniq nishonga uruvchi raketalarni uchira oladi. Shuningdek, ular deyarli tuganmas bomba zaxiralari bilan hujumni davom ettirish imkoniyatiga ega.
AQSH Mudofaa vaziri
Eron ballistik raketalar va dronlarning kamayib borayotgan bo‘lsa-da, sezilarli zaxiralariga ega. Ehtimol, u ularning bir qismini olib qo‘yayotgandir, biroq ikki hafta o‘tgach, ulardan borgan sari kamroq foydalanmoqda.
Biroq, dengizda "noma'lum snaryadlar" va harbiy-dengiz "kamikadze" dronlari yordamida tankerlarga qilingan so'nggi hujumlar shuni ko'rsatadiki, uning hali ishga solmagan imkoniyatlari bor. Bunday hujumlarni aniqlash va yo'q qilish qiyinroq bo'ladi, bu esa ushbu mojaroni ancha vaqtga cho'zishi mumkin.
Narxlarning ko‘tarilishi hukumatlarni chora ko‘rishga majbur qilmoqda.
Ushbu urushning zarba to‘lqinlari butun dunyo iqtisodiyoti bo‘ylab Oq uy tomonidan ko‘zda tutmagan ko‘rinishda aks sado berdi.
Dunyo neftining qariyb 20% o‘tadigan tor suv yo‘li - Hurmuz bo‘g‘ozi deyarli butunlay to‘silib qoldi.
Saudiya Arabistonining Qizil dengizga chiquvchi quvuri va Birlashgan Arab Amirliklari orqali Ummon qo‘ltig‘iga o‘tadigan kichikroq yo‘nalish yaqin orada ushbu blokadani aylanib o‘tishga yordam berishi mumkin. Ammo hozircha, neft va gaz yetkazib berishdagi uzilishlar butun dunyo bo‘ylab sezilmoqda.
Aslini olganda, aviatsiyadan qishloq xo‘jaligigacha, plastmassa ishlab chiqarishdan yuk tashishgacha — jahon iqtisodiyotining ushbu inqiroz ta’sirini hali sezmagan biror-bir sohasini tasavvur qilish qiyin.
Filippinda ayrim mulozimlar yo'l xarajatlarini cheklash uchun haftasiga to'rt kunlik ish tartibiga o'tmoqda. Tailandda elektr energiyasi iste'molini kamaytirish maqsadida hukumat idoralarida konditsionerlar kamida 26°C (79°F) darajaga o'rnatilmoqda. Myanmada harbiy hukumat shaxsiy avtomobillar faqat kunora boshqarilishi mumkinligini e'lon qildi.
Britaniya va Yevropada hukumatlar, energetika kompaniyalari inqirozdan foyda ko'rishga intilayotgani haqidagi xavotirlar fonida, narxlarni asossiz oshirishga qarshi qat'iy choralar ko'rishlarini aytishmoqda.
AQSHda Trampning narxlarni tushirish haqidagi va'dalariga qaramay, benzin narxi shiddat bilan ko'tarilmoqda.
Sayohat va turizm sohasi ham, ayniqsa, global miqyosdagi ikki muhim nuqta bo'lgan Qatar va BAAda jiddiy zarar ko'rdi. 2025-yilning birinchi yarmida har kuni chorak millionga yaqin yo'lovchiga xizmat ko'rsatgan Dubay aeroportiga Eron dronlari tomonidan bir necha bor zarba berildi.
Urush boshlanganidan beri o'n minglab turistlar va mahalliy aholi hududni tark etdi.
So'nggi kunlarda tankerlar Eron snaryadlari va tezyurar qayiqlari hujumiga uchradi. Isroil va AQSHning ulkan o't ochish quvvatiga duch kelgan Eron, oddiy, nisbatan arzon, ammo juda katta zarar yetkazuvchi usulda javob qaytarishga qaror qilgani ko'rinib turibdi.
AQSH ittifoqchilari chuqur hayratda
Bu faqat ikki davlatgina istagan urush edi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘zi va ko‘plab isroilliklar yahudiylar davlatining mavjudligiga tahdid deb hisoblaydigan ushbu rejimni mag‘lub etish istagini o‘n yillardan beri sir saqlamay keladi. Donald Tramp esa Eronning yadroviy ambitsiyalariga butunlay va uzil-kesil chek qo‘yilishini istaydi.
Biroq, bu ikki yetakchi umumiy va ustuvor maqsadga ega bo‘lsa-da, ulardan birortasi urushdan keyin nima bo‘lishi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rganmi-yo‘qmi - buning javobi noaniq. Ikkalasi ham Eron xalqi o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishi haqida mavhum iboralar bilan gapirmoqda, ammo urush keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklar na u, na bu yetakchi uchun jiddiy tashvish uyg‘otmayotganga o‘xshaydi.
Vashingtonning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari, jumladan Saudiya Arabistoni va BAA uchun bu urush kutilmagan va og‘ir zarba bo‘ldi. Ularning aksariyati Eronga shubha va ma'lum darajadagi xavf bilan qarasa-da, o‘zlarining bu ashaddiy qo‘shnisi bilan birga yashash yo‘llarini topishgan edi. Ular Eronning global beqarorlikni keltirib chiqarish qobiliyatini yaxshi anglaydilar, biroq kuch ishlatishdan ko‘ra, muzokaralar orqali yechim topishni afzal ko‘radilar. Ummon yadroviy kun tartibi bo‘yicha AQSH va Eron o‘rtasida kelishuvga vositachilik qilishga juda yaqin qoldik, deb hisoblagan edi. Zarbalar boshlanishidan bir necha soat oldin, mojaroning oldini olishga bo‘lgan so‘nggi urinish sifatida, mamlakat tashqi ishlar vaziri AQSH televideniyesi orqali chiqish qilib, kelishuvga "erishish imkoniyati bor"ligini aytgan edi.
Mintaqadan tashqarida ham AQSHning boshqa ittifoqchilari o‘ta mushkul tanlovlar qarshisida qolmoqda. Ehtimol, bular orasida Buyuk Britaniya Bosh vaziri ser Kir Starmerdan ko‘ra qiyinroq ahvolga tushgani yo‘q. U urushdan chetda qolish istagi bilan Britaniya manfaatlari hamda ittifoqchilarini himoya qilish o‘rtasidagi nozik muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Mintaqaga harbiy kemalar yuborishning qanchalik zarurligi qizg‘in muhokama qilinishi mumkin bo‘lsa-da, bu ishning amalga oshishi nihoyatda qiyin kechayotgani, Britaniyaning bir paytlar haybatli bo‘lgan harbiy-dengiz floti naqadar zaiflashib qolganini ko‘rsatib qo‘ydi.
Tehronning ittifoqchilari orasida Rossiya Eronga yetkazilgan zarardan afsusda bo‘lishi mumkin, biroq neft sotishdan tushadigan kutilmagan daromad Moskvaga Ukrainadagi qimmatga tushayotgan urush davrida juda zarur bo‘lgan qo‘shimcha kuch va madad beradi.
Eron neftining dunyodagi eng yirik importchisi bo‘lgan Xitoy endilikda muqobil manbalarni yuqori narxlarda qidirishga majbur bo‘ladi. Qolaversa, Pekin o‘zi bilan "Har tomonlama strategik sheriklik" aloqalariga ega bo‘lgan davlatga qilingan hujumning oldini ola olmadi.
AQSHning bir necha prezidentlari ketma-ket Osiyoga "yuzlanish" va asosiy e’tiborni jadal rivojlanayotgan Xitoy tomonidan yuzaga kelayotgan iqtisodiy va harbiy muammolarga qaratish zarurligi haqida gapirib kelishdi. Erondagi urush shuni yana bir bor isbotladiki, Yaqin Sharq mintaqasi Amerikani yana o‘z domiga tortib olish xususiyatiga ega. Trampning o‘tgan yilning noyabr oyidagina e’lon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasida Eron allaqachon sezilarli darajada zaiflashgani va natijada Yaqin Sharq kamroq muammo tug‘diradigan mintaqaga aylangani ta’kidlangan edi.
Strategiyada: "Yaqin Sharq ham uzoq muddatli rejalashtirishda, ham kundalik ijroda Amerika tashqi siyosatida hukmronlik qilgan kunlar, xayriyatki, ortda qoldi", - deb yozilgan edi.
Koshki edi...
Data Ma’lumotlar
Urushni o‘rganish instituti va AEI "Jiddiy tahdidlar" loyihasi, Yadroviy tahdidga qarshi kurash tashabbusi, Xalqaro atom energiyasi agentligi, Global baliq ovlash nazorati, Blumberg.