Ni hao: Biz hammamiz endi Xitoylikmizmi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Ni hao, endi hammamiz xitoylikmiz.
G‘arbda TikTok'da "Chinamaxxing" deb nomlangan trend avj olganiga qaraganda shunday.
Bir paytlar asosan keksalar qiziqqan Xitoy sog‘lomlashtirish usullari to‘satdan, asosan amerikaliklar orasida ommalashdi.
Olma qaynagan iliq suvdan tortib, uy shippaklar va uzoq umr ko‘rish mashqlarigacha – odamlar o‘zlarining "xitoycha yashashni o‘rganish" haqidagi videolarini ulashmoqda. Ko‘pchilik "Fight Club"dan olingan "meni hayotimning juda xitoycha pallasida uchratding" degan sarlavha yoki #newlychinese xeshtegi bilan chiqmoqda.
Donald Tramp dunyo tartibotini larzaga keltirgan bir paytda, Xitoy Kommunistik partiyasi mamlakat imijidagi bu yuksalishni mamnun qarshi oldi.
Chinamaxxing Xitoyning gullab-yashnayotgan yumshoq kuchiga yanada jilo bermoqda. O‘tgan yil davomida butun dunyo bo‘ylab Labubu qo‘g‘irchoqlariga qiziqish avj oldi, Mixue pufakchali choyi va Lakin qahvasini sotib olish uchun navbatlarni, do‘stlarning "kiberpank shahri" Chuntsindagi ta’til suratlarini ulashganlarini kuzatdik.
Ba’zilar Chinamaxxing yosh amerikaliklarning o‘z mamlakatidan ko‘ngli qolgani oqibati ekanini aytmoqda. Haqiqatdan shundaymi, aniq emas.
Ammo ko‘plab internet trendlari kabi, bu ham to‘liq manzarani aks ettirmaydi. Bu xitoycha hayotning bir qismini tashkil etuvchi memlar va o‘tkinchi lahzalar akslaridir. Bundan tashqari, amerikalik tengdoshlari singari, sekin rivojlanayotgan iqtisodiyot va o‘zgaruvchan dunyoda o‘z kelajagi haqida tashvishlanayotgan yoshlar ham bor.
Hayotimizning xitoycha pallasi
Ba’zi xitoylik yoshlarga G‘arb uzoq vaqtdan beri "zerikarli" deb qarab kelgan madaniyatlarining ayrim jihatlariga endi qiziqib qolgani g‘alati tuyulishi mumkin. Ba’zilar uchun g‘arbliklarning TikTok'da hazillashib "xitoylik deb nomlanishi" haqoratli bo‘lishi mumkin.
Ammo boshqalar fikricha, Chinamaxxing "bing chilling" kabi haqoratli hazillardan, Jon Sinaning beo‘xshov xitoycha talaffuzi yoki Xitoy hukumatining shaxsiy erkinliklarni cheklashini masxara qiluvchi memlardan farq qiladi.
Bu safar xitoyliklar hazilning ishtirokchilari – nishoni emas.
Chinamaxxing memining ortidagi eng ta’sirli shaxslardan biri xitoylik-amerikalik TikTok kontent yaratuvchi Sherri Chju bo‘lib, u muntazam ravishda o‘zining "xitoylik baddi"lariga an’anaviy sog‘liqni saqlash maslahatlarini ulashadi.
"Ertaga siz xitoylikka aylanasiz, – deydi u 740 ming TikTok kuzatuvchisiga. – Bilaman, bu qo‘rqinchli eshitiladi, lekin hozir bunga qarshi kurashdan foyda yo‘q."

Surat manbasi, Getty Images
Buni hech kim kutmagan edi.
Kovid pandemiyasi sinofobiya to‘lqinini keltirib chiqarganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Xitoy diasporasi irqchilik, xitoy jamoasi va biznesidan o‘zini olib qochishayotgani haqida gapirib kelayotgandi.
Keyin Xitoyda dahshatli karantin choralari ko‘rilganini dunyo hayrat-la kuzatdi. Aholining oziq-ovqati tugab, yopib qo‘yilgan mahallalar ichidan yordam so‘rab murojaat qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Cheklovlar faqat 2023 yil boshida, kamdan-kam uchraydigan norozilik namoyishlaridan so‘ng bekor qilindi. Shu paytga kelib, chet ellik xitoylar Xitoyni yoppasiga tark etdi, ularning ko‘pchiligi juda ko‘p narsa o‘zgarganini aytishdi.
Shuningdek, Pekinning nazoratida qayta shakllanayotgan Honkongdan qochish ham kuzatildi. Bu, Xitoyning o‘sib borayotgan qudrati va qat’iyati, dunyo Xitoy iqtisodiyotiga bog‘liqligi aniq bo‘lsa-da, G‘arb bilan munosabatlarni keskinlashtirdi.
Shu bilan birga, Xitoyning texnologiyalar, infratuzilma va eksportga kiritgan sarmoyalari o‘zini oqlay boshladi, pandemiyadan keyin chegaralarni ochib, sayyohlarni jalb qilish uchun viza qoidalarini yumshatgach, yanada ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi.
Hashamatli osmono‘par binolar, keng qamrovli tezyurar temir yo‘l tarmog‘i, elektromobillarga to‘la avtomagistrallar va yashil energiya, robototexnika hamda sun’iy intellektning rivojlanishini payqamaslik mumkin emasdi. Bir paytlar korruptsiya mojarosi va qotilliklar bilan jahon yangilik sarlavhalarida tilga olingan janubi-g‘arbiy megapolis Chuntsin hozir mashhur va zamonaviy shaharga aylangan.

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images
Boshqa, kichikroq yutuqlar ham bo‘ldi. Dunyo yoshlari Adidas Tang uslubidagi kurtkalarni xarid qilmoqda, Xitoy seriallarini tomosha qilishmoqda, TikTok'ning Xitoydagi versiyasi Douyinda xitoylik qizlar namoyish etayotgan kukunli pardozni sinab ko‘rishmoqda.
"Ko‘p yillar davomida og‘ir sinofobiyani onlayn kuzatgan xitoylik sifatida, Xitoyga nisbatan asosiy qarash nihoyat ijobiy tomonga o‘zgargani meni ruhlantirdi", deydi xitoylik-kanadalik TikTok foydalanuvchi Kler Bi-bi-si Xitoy xizmatiga.
TikTok'da siyosiy mazmundagi postlarni joylashtiruvchi va shu sababli faqat ismini oshkor qilgan 22 yoshli qizning aytishicha, uning uchun o‘tgan yil "burilish nuqtasi" bo‘lgan.
O‘shanda u Xitoyga nisbatan munosabat o‘zgarganini sezdi. AQShda TikTok taqiqlanishi arafasida Xitoyning mashhur ijtimoiy tarmoq ilovasi RedNote'ga amerikaliklar oqimi kuchaydi.
Bir necha kun ichida memlar amerikalik "TikTok qochqinlari" uchun muloqot vositasiga aylandi, chunki Xitoyning internet xavfsizlik devori tufayli kamdan-kam aloqada bo‘lgan ikki dunyo bir-biriga yaqinlashdi.
So‘nayotgan Amerika orzusi
"Bu yoshlar Xitoy butun boshli shaharlar qurayotgan bir paytda o‘zlaridagi jismoniy voqelik o‘zgarishsiz qolayotganini kuzatishmoqda", deydi texnologiya yozuvchisi va podkaster Afra Vang.
"Agar yuqori tezlikdagi temir yo‘l qura olmasangiz-u, lekin Xitoy infratuzilmasi haqidagi videolarni ko‘rib yursangiz, tabiiyki, kelajak Xitoynikidek ko‘rina boshlaydi."
Vang singari kuzatuvchilar uchun Chinamaxxing hodisasining Amerika orzusi so‘nib borayotgan bir paytda paydo bo‘lishi bejiz emas.
Vangning aytishicha, Iroq urushi, 2008-yilgi jahon moliyaviy inqirozi yoki hatto 2021 yil 6-yanvardagi Kapitoliy qo‘zg‘olonidan keyin voyaga yetgan amerikaliklar globallashuv va keyinchalik sun’iy intellekt ta’sirida o‘zgargan mehnat bozoriga duch kelmoqda: "Amerikaning o‘zgachaligi ular hech qachon yashab ko‘rmagan voqelik edi."

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Xitoyliklarning o‘zlari Chinamaxxing haqida qanday fikrda? Bu tendentsiyaga Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida munosabat sezilarli emas.
Aksincha, xitoyliklar nazarida bir paytlar muvaffaqiyat timsoli bo‘lgan Amerika o‘z jozibasini yo‘qotgan. Bu, ayniqsa, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani sababli Amerikada o‘qish yoki ishlashni xohlagan xitoylik talabalar uchun qiyinchiliklar ortgani tufayli ro‘y berdi.
"Amerika Chinamaxxing davrini boshdan kechirayotgan bir paytda, Xitoy Amerika ahamiyati kamayishi davrini boshdan kechirmoqda", deydi Vang.
Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida foydalanuvchilar va inflyuenserlar orasida tez tarqalgan g‘oya shuki, Amerika yashash uchun nobop joy, birgina omadsizlik hayotingizni izdan chiqarishi mumkin.
Bu atamaning ijtimoiy tarmoqlarda ommalashuviga Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari yordam berdi. Ular AQShni tengsizlik, zaif ijtimoiy himoya va nobop sog‘liqni saqlash tizimi tufayli inqirozga yuz tutgan qudratli davlat sifatida tasvirlamoqda.
Davlatga qarashli "Sinxua" nashri sharhiga ko‘ra, "AQSh halokat chizig‘i" memi "haqiqiy hayot bir paytlar dunyoga jar solingan ideallardan qanchalik olislab ketishi mumkinligini ta’kidlaydi."
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Memlardan tashqari
Xitoy hukumati Chinamaxxing'dan mamnun bo‘lishi tabiiy.
"Xitoy turmush tarzi tobora global miqyosda jozibador bo‘lib, barqaror hayotni taklif qilmoqda", deyiladi Global Times'ning ushbu tendentsiya haqidagi maqolasi sarlavhasida.
Shu oy boshida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu haqda so‘ralganda, Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan "tarix va zamonaviylikning noyob uyg‘unligi" Xitoyni chet elliklar uchun tobora jozibador qilib qo‘yayotganini aytdi.
U chet elliklar "oddiy xitoyliklarning kundalik hayoti"ni sinab ko‘rayotganidan "xursand" ekanligini bildirdi.

Surat manbasi, Getty Images
Ammo haqiqatdan shundaymi?
Birinchidan, xitoyliklar ko‘p narsalar haqida qanday o‘ylashini bilish qiyin, chunki barcha ommaviy muloqotlar va faoliyatlar qattiq nazorat qilinadi. Hukumatni tanqid qilish xavfli va norozilik namoyishlari tez bostiriladi.
Ikkinchidan, G‘arbga yetib borayotgan ko‘plab memlar ko‘rsatmaydigan narsalar ham bor. Xitoy yoshlari 15 foizdan ortiq ishsizlik darajasiga duch kelmoqda, og‘ir mehnat talablaridan toliqmoqda, ammo o‘z xafaliklarini internetda ortiqcha ko‘p ulashishi internet senzorlari e’tiborini tortishi mumkin. Ular mamlakatdagi ko‘chmas mulk inqirozi davom etayotgani sababli o‘zlariga bir tom topishdan xavotirda, kamiga bu yerda juft topish ham boshqa joylardagidan oson emas.
Yetkazib berish xizmatlaridagi tezlikni ushlab turish uchun vaqtinchalik ishchilar tinim bilmaydi. 2023 yilda pekinlik kurьer Xu Anyanning vaqtinchalik ishning shafqatsiz tabiati haqidagi xotiralari milliy bestsellarga aylangani bejiz emas.
"Shenchjenda hayratlanib yurgan amerikalik do‘stlarim va texnologlar haqida o‘ylaganimda, o‘zimning Shenchjendagi hayotimni ham eslayman, – deydi Vang. – Luckin Coffee'dan olti yuanlik latte ichish, Xu Anyanga o‘xshagan kishining skuterda yetkazib berishi – uning mehnati «ajoyib Xitoy»ni ko‘z-ko‘z qiladi, ammo o‘zi deyarli ko‘rinmas bo‘lib qoladi."
Ehtimol, agar Xitoyning yutuqlariga qiziqish davom etsa, Xitoy hayotining boshqa jihatlari ham yuzaga chiqar. Lekin hozircha olmali choy eng mashhur mavzu bo‘lib turibdi.
"Olma qaynatishni boshlaganimdan beri hayz paytidagi og‘riqlarim butunlay yo‘qoldi", deydi RedNote ilovasida amerikalik foydalanuvchilardan biri.
"Xitoycha turmushdan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar hali ko‘p."





























