"Malay emas, ko‘makchi". Nima uchun Bishkekda filippinlik uy xizmatchilariga talab ortib bormoqda?

- Author, Eleonora Kulenbekova
- Role, Bi-Bi-Sining Bishkekdagi muxbiri
- O'qilish vaqti: 4 daq
42 yoshli filippinlik ayol Retchelning Qirg‘izistonga kelganiga bor-yo‘g‘i uch oy bo‘ldi. Hozirda u to‘rt farzandning onasi, 34 yoshli mahalliy tadbirkor ayol Aselning og‘irini yengil qilayotgan payti. Retchel bungacha Saudiya Arabistonida, keyin Gonkongda ishlagan, so‘nggi ish joyi yoqmay qolgani uchun endi bir yillik shartnoma bilan Bishkekka keldi.
"Bu yerda odamlar juda mehmondo‘st ekan. Menga mahalliy xalq juda yoqdi. Bu yerda meni oila a’zosidek qabul qilishdi", — deydi u.
Qirg‘iziston tog‘lari unga juda yoqqanini, qishda kelib, qalin qorni ko‘rgani u uchun ajoyib tajriba bo‘lganini aytib berdi.
Hozirgi vaqtda Qirg‘izistonda o‘nlab vositachi agentliklar filippinlik uy xizmatchilarini mamlakatga olib kelishmoqda. Mamlakatda chetdan kelgan enaga va uy xizmatchilariga talab kuchaymoqda.
"Qirg‘iz enagalarining shaxsiy ishlari hech tugamaydi.Men bungacha birga ishlagan mahalliy enagalar bir joyda uzoq ishlashmas ekan. To‘ylari tugamaydi, "qishloqqa ketaman", "akam uylanyapti", "ota-onamni sog‘indim" deyishadi. Doim bahonasi tayyor, ruxsat so‘rashadi. Shu ishlari aslo bitmaydi. Shu sababli filippinlik enaga olishga qaror qildik", — deydi Retchelni yollagan qirg‘izistonlik tadbirkor ayol Asel.
Qirg‘izistonga kelgan filippinlik enagalarning oylik maoshi 700 dollardan boshlanadi. Ish vaqti ertalab soat to‘qqizdan kechki to‘qqizgacha. Ularni mamlakatga olib kelish xarajatlarini, masalan aviachipta, viza va ish faoliyati uchun ruxsatnoma hujjatlarini chaqirgan tomon, ya’ni ish beruvchi o‘z zimmasiga oladi.

"Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham bu arzonga tushadi", - deydi Asel. Uning aytishicha, mahalliy enagalar bir oy bola boqishning o‘ziga kamida 50-70 ming som (550-800 dollar) oylik so‘rashadi. Bundan tashqari, ular bola tarbiyasidan tashqari qo‘shimcha ishlarga ko‘nishmaydi.
"Mening ishim ancha yengillashdi. Rostini aytsam, yayrab qoldim. Uyni yig‘ishtiradi, kiyimlarni yuvib, dazmollaydi. Men uyda bo‘lmasam, ovqatimni ham tayyorlab qo‘yaveradi. Bolani cho‘miltir desang, cho‘miltiradi. Har bir ishni "uni qil, buni qil" deb aytib turmaysan. Bu inson o‘z ishini biladi. Vazifasini yaxshi bajarishga harakat qiladi", - deydi Asel.
Filippindan uy xizmatchilarini qirg‘izistonlik ayollarga mahalliy agentliklar topib berishadi. Ular vositachilik xizmati uchun pul ishlashadi. Bishkekda ish yuritayotgan "Arli" nomli vositachi agentlik ayni damda filippinlik yangi uy xizmatchilari guruhini kutmoqda. Agentlik Filippindagi agentlik bilan shartnoma tuzib, enagalarni mamlakatga vositachilarsiz olib keladi. Bungacha ular mamlakatga yigirmaga yaqin filippinlik ayollarni olib kelishgan. Biroq ular bozorga kirganiga bor-yo‘g‘i bir yilcha bo‘ldi. Mamlakatda undan uzoqroq ishlagan kompaniyalar so‘nggi o‘n yildan beri chetdan ayollar ishchi kuchini jalb qilib kelmoqda.
"Filippinlik enagalar Qirg‘izistonda ko‘payib, diasporasi ham paydo bo‘lib qoldi. Hatto "Dordoy" bozorida filippinlik ayollarning tikuvchilik guruhi ham bor ekan. Bizning enagalarning u yerda do‘stlari bor, o‘zlarining filippincha bayramlari bo‘lganda uchrashib, milliy taomlarini pishirib, bizga ham olib kelib turishadi", - dedi mazkur agentlik rahbari Ayzirek Borbueva.

Nima uchun filippinlik uy xizmatchilariga talab ortib bormoqda?
"Uy ishlari, bola boqish og‘ir va ko‘rinmaydigan mehnat, shu bois bizdagi mahalliy ish izlovchilarda bunga xohish kam. Ha, enaga bo‘lib ishlab beraman degan e’lonlar ko‘p, lekin ular bir-ikki soat uchun haq hisoblashadi. Barqaror bir oy yoki bir yil ishlayman deganlar kam. Bugun bor, ertaga yo‘q. Vaqtinchalik ish deb qarashadi. Mas’uliyat yo‘q. Ilgari pedagog bo‘lib ishlagan rus enagalari bor edi. Biroq ularning avlodi ham qaridi. Yoshlar esa oylab, yillab enaga bo‘lishni xohlamaydi. Filippinlik ayollar shartnoma bilan keladi va ishini maromiga yetkazib bajaradi", — deyishdi agentlikdagilar.
Shunga qaramay, filippinlik ayollarni yollash arzon ish emas. Agentlik vositachilik haqi uchun kamida 1000 dollar oladi. Ularni mamlakatga olib kelish xarajatlaridan tashqari, oylik maoshlarini muntazam to‘lash, kasal bo‘lib qolsa, chiqimlarini qoplash kerak. Chetdan kelgan uy xizmatchisi uni yollagan odamning uyida yashashi uchun sharoit bo‘lishi kerak. Agar bo‘sh xona bo‘lmasa, ish beruvchi o‘z hisobidan ijaraga uy olib berishi shart. Odatdagi dam olish kunlarida dam berilishi lozim.
Filippinlik enagalar nafaqat Qirg‘izistonda, balki anchadan beri butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham talabgir. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklarga ham filippinliklar enagalar xizmatini taklif qilgan reklamalarni uchratish mumkin.
Ular mehribon, chidamli va ingliz tilini biladigan mutaxassislar sifatida qadrlanadi. Biroq bu tanlov ortida ko‘pincha ilojsizlik yotadi. Chunki o‘z mamlakatlarida oyliklar kam, shu sababli ular dunyo kezib ishlashga majbur.
Ular birovning bolalarini boqib, har kuni ularga mehr ko‘rsatishadi. Ovqatlantirib, darslariga yordam berib, uxlayotganda yonida bo‘lishadi. Lekin ayni paytda ularning o‘z farzandlari minglab chaqirim uzoqlikda onasiz yashashga majbur. Ba’zilari bolalarini ota-onasiga yoki qarindoshlariga tashlab ketishadi. Farzandlarini faqat telefon orqali ko‘rib, yiliga atigi bir marta ko‘rishadigan holatlar ham bo‘ladi.
"Mening uchta bolam bor. O‘g‘lim kollejni bitiryapti, ikkinchisi yuqori sinfda maktabda o‘qiydi. Yana bir kichik bolam bor. Onam bolalarimga qaraydi, aslida o‘zlari bemor. Qon bosimlari yuqori. Shunga qaramay, biz baxtlimiz. Oilamni, bolalarimni sog‘indim. Telefonda gaplashib turamiz, lekin har kuni emas. Ba’zida ularda internet bo‘lmay qoladi", - deydi Retchel.

U hozirda boshqa oilaning hayotini yengillashtirib, Aselning karьerasini davom ettirishiga, ishga bemalol chiqishiga sharoit yaratmoqda. Biroq o‘z farzandlarining bolaligini o‘tkazib yuborib, ularning yutuqlariga faqat telefon orqali guvoh bo‘lmoqda. Retchel uchun bu ish shunchaki daromad emas. Bu — uning oilasi, farzandlari uchun qilayotgan qurbonligidir.
2026 yilga kelib Qirg‘izistonga chetdan kiradigan ishchilar uchun qirg‘iz hukumati 52 minglik kvotani tasdiqlagan. 2025 yilgacha mamlakatda ishlash uchun ruxsatnomani Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligi berib kelar edi. Ammo bir yil oldin bu funktsiya Tashqi ishlar vazirligining konsullik departamentiga o‘tkazildi. Mazkur davlat organi chetdan kelayotgan uy xizmatchilari va ularning mamlakatda ish yuritishi uchun zarur bo‘lgan protseduralar haqida Bi-Bi-Sining so‘roviga hali javob bergani yo‘q.



























