Urush vaziri. Pentagon rahbari va Erondagi operatsiyaning bosh targ‘ibotchisi - Pit Xegset kim?

Surat manbasi, Andrew Harnik/Getty Images
- Author, Olga Prosvirova
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 11 daq
So‘zlarini tanlab o‘tirmay gapiradigan AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset Erondagi urushning birinchi oyida dunyoning asosiy media shaxslaridan biriga aylandi.
Urush olib borish qoidalarini «safsata» deb atagan Fox News sobiq teleboshlovchisi Pentagonga idorada katta o‘zgarishlar qilish va’dasi bilan kelgan. U «shishirilgan apparat», inklyuzivlik siyosati va jurnalistlarga qarshi urush e’lon qilgan. Biroq, jamoatchilik xotirasida Eronga qarshi urushi bilan qoladiganga o‘xshaydi.
Jang maydonidagi ahmoqona qoidalar
2005-yil, Iroqdagi urush ayni avjiga chiqqan palla. 2003-yil bahorida Saddam Husaynning muntazam armiyasini tezkorlik bilan tor-mor etish AQSh kutgan g‘alabani ta’minlay olmadi. Partizanlik qurolli qarshiligi kuchayib, bu bilan birga mamlakatdagi Amerika harbiylarining soni ham ortib bordi.
Amerikaliklar orasida boshida urushni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p edi, ammo bora-bora bu qo‘llov pasayib ketdi.
Bag‘dodga piyoda askarlar komandiri bo‘lib Prinston universitetining 25 yoshli bitiruvchisi, leytenant Pit Xegset keladi.
Yillar o‘tib Xegset harbiy huquqshunos uning askarlariga urushni qanday olib borish kerakligini tushuntirib berganini eslagan. Huquqshunos o‘shand «hatto granatomyot ko‘targan dushmanga ham, to u o‘q uzish niyatini aniq namoyish qilmaguncha, o‘t ochish mumkin emas», - degan.
Xegset o‘zning «Urushga qarshi urush» («The War On Warriors») kitobida yozishicha, ushbu yig‘ilishdan so‘ng u o‘z askarlarini to‘plagan va ularga bu «ahmoqona gaplar» bilan boshlarini qotirmaslikni buyurgan.
«Yigitlar, agar siz xavf deb hisoblagan dushmanni ko‘rsangiz, o‘t ochasiz va bu xavfni yo‘q qilasiz. Bu odamlarning o‘limiga sabab bo‘ladigan ahmoqona qoida», — degan edi u.

Surat manbasi, Пит Хегсет / Instagram
Oradan 20 yil o‘tib, Pit Xegset Amerika Mudofaa vazirligini boshqardi - Donald Trampning ikkinchi muddatida idora norasmiy ravishda «Urush vazirligi» nomini oldi.
«Hozirgi jangchilar yomon odamlar bilan qanday urushsa, yuristlar bilan ham shunchalik kurash olib borishmoqda. Dushmanlarimiz advokatlarni emas, o‘qlarni qabul qilishi kerak», deb yozgan edi Xegset o‘z kitobida.
Asirlarni va tinch aholini hiomya qiluvchi xalqaro hujjatlarni - Jeneva konventsiyalarini - Pentagonning bo‘lajak rahbari «80 yil oldin qimmatbaho mebelda o‘tirgan, o‘zini muhim shaxs deb o‘ylaydigan janoblar tomonidan yozilgan qoidalar», deb atagan.
Xalqaro huquqqa nisbatan bunday yondashuv Donald Trampga ham ma’qul kelib, AQShning Erondagi kampaniyasida muhim rol o‘ynamoqda.
Guantanamodagi Xegset
Pit Xegset bolaligini Minnesota shtatidagi so‘lim ko‘llari bilan mashhur bo‘lgan Forest-Leyk shaharchasida o‘tkazgan. Uning otasi mahalliy maktabda basketbol murabbiyi, onasi esa biznes-kouch bo‘lib ishlagan.
Xegset 1999-yilda maktabni sinfning eng yaxshi o‘quvchisi sifatida tamomlagan - unga hatto bitiruv kechasida xayrlashuv nutqini so‘zlash ishonib topshirilgan.
Uning yuqori ballari Prinston universitetiga siyosatshunoslik yo‘nalishiga kirish imkonini bergan. Universitetda u basketbol jamoasida o‘ynab, ayni vaqtda talabalarning konservativ nashriga rahbarlik qilgan. Shuningdek AQSh armiyasining zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturiga (ROTC) qatnashgan. O‘qishni tamomlagach, u ofitserlik unvonini olib, AQSh Milliy gvardiyasida xizmat o‘tay boshlaydi.
2004 yilda Xegset AQSh hududidagi eng yirik harbiy bazalardan biri - Fort-Benningda tayyorgarlikdan o‘tib, Kubadagi Guantanamo bazasiga yuboriladi. U yerda mahbuslarni qo‘riqlash uchun mas’ul bo‘lgan Nyu-Jersi Milliy gvardiyasi askarlari vzvodiga rahbarlik qiladi.

Surat manbasi, Пит Хегсет / Минобороны США
Kubadagi harbiy qamoqxona 2000-yillarda sodir bo‘lgan, keng hujjatlashtirilgan mahbuslar ustidan qilingan qiynoqlar tufayli dunyodagi eng qo‘rqinchli joylardan biri sifatida nom chiqargan.
«Men hech qachon qiynoqlarga aloqador bo‘lmaganman», degan edi keyinchalik Xegset.
2025-yilda, uni mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqlash bo‘yicha Senatdagi eshituvlar chog‘ida, unga 11-sentyabrdagi terrorchilik hujumlari tashkilotchilariga nisbatan «suv bilan qiynoqqa solish» usuli qo‘llanishiga qarshi emasligini aytgan gaplari eslatilib, bunday usullarni joiz deb hisoblaysizmi, degan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savolga Xegset umumiy qilib, «Mamlakatda amalda bo‘lgan qonunga ko‘ra, suv bilan qiynoqqa solish taqiqlangan», deb javob bergan.
«Biz - urushni qonunga muvofiq olib boradigan mamlakatmiz, bizning forma kiygan erkak va ayollarimiz hamisha shunday harakat qilishadi», deb yozadi Xegset o‘z kitobida. «Biroq konditsionerli ofislarda o‘tirgan ko‘p odamlar qorong‘i va xavfli joylarda yurgan yigitlarga, dushman hududida vertolyotda yurgan ayollarga barmoq bilan ishora qilishni yaxshi ko‘radilar. Ushbu askarlar Vashingtondagi odamlar hech qachon jur’at eta olmagan ishlarni qilib kelishmoqda».
Qiynoqlarga bo‘lgan munosabat - dunyodagi eng kuchli armiya bosh qo‘mondoni lavozimiga Xegsetni tasdiqlayotgan senatorlarni shubhaga solgan yagona jihat emas edi.
Striptiz-klubdagi bazm
Guantanamodagi bir yilga yetmagan xizmatidan so‘ng Pit Xegset Iroqqa yuboriladi. Amerikaga qaytib kelgach esa, o‘zini yangi rollarda sinab ko‘ra boshlaydi. Garvardda magistraturada o‘qiydi va xatto katta siyosatga kirishga harakat qiladi. 2012-yilda Senat uchun respublikachilar praymerizida qatnashadi, ammo partiya qurultoyidagi ovoz berishda muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
U bir muddat "Vets for Freedom" (o‘zbekchaga tarjima qilganda: "Faxriylarga ozodlik") deb nomlangan tashkilotga rahbarlik qiladi. Uning bu tajribasi muvaffaqiyatli bo‘lganmi-yo‘qmi, aytish qiyin, chunki u boshqarib turgan vaqtda tashkilot katta qarzga botib, OAV xabarlariga ko‘ra, donorlar moliyaviy auditor yollashgan va Xegset amalda boshqaruvdan chetlashtirilgan.
Shundan keyin u o‘z ixtiyori bilan Afg‘onistonga yo‘l oladi. Biroq urushning oldingi saflariga emas, balki Kobuldagi isyonchilarga qarshi tayyorgarlik ko‘rish markazida katta instruktor bo‘lib ishlaydi. Kobuldan qaytib kelib, yana bir faxriylar tashkiloti - "Concerned Veterans for America" (CVA yoki "Amerika uchun qayg‘urayotgan faxriylar")ga rahbarlik qiladi. Biroq uning bu rahbarlik tajribasi avvalgisidan ham shov-shuvliroq bo‘ladi.
2014-yilda, New Yorker nashrining yozishicha, Xegset xodimlarni striptiz-klubga dam olishga olib borib, qattiq mast bo‘lib qolgan. Hamkasblari uni sahnadagi qizlar yoniga chiqaman degan harakatidan zo‘rg‘a to‘xtatishgan.

Surat manbasi, Samuel Corum/Getty Images
Tashkilotning bir necha sobiq xodimlari rahbariyat uchun ichki ma’ruza tayyorlab, unda Xegsetning boshqa noloyiq xulq-atvori holatlarini ham sanab o‘tishgan. Ta’kidlanishicha, u ishga bir necha bor mast holatda kelgan va uni tadbirlardan bir necha bor ko‘tarib olib chiqishga to‘g‘ri kelgan. 2015-yil may oyida esa, sobiq xodimning alohida shikoyatida aytilishicha, xizmat safari chog‘ida mast Xegset «Barcha musulmonlarga o‘lim!» deb baqirgan.
CVA sobiq xodimlari tashkilotda noxush muhit yuzaga kelganini, ayniqsa ayollarga nisbatan dushmanlik kayfiyati borligini, ularni «bazmchilar» va «bazmchi bo‘lmaganlar»ga ajratishganini yozishgan. New Yorker nashrining xabar berishicha, Xegset 2016 yilda bosim ostida tashkilotdan ketishga majbur bo‘lgan. Biroq rasmiy ravishda uning ketishi "tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra" deb e’lon qilingan.
U Mudofaa vaziri etib tayinlanishidan oldin yana bir shubha uyg‘otuvchi holat oshkor bo‘ldi. 2017 yilda bir ayol Xegsetni jinsiy zo‘ravonlikda ayblagan, biroq bu ish rasmiy ayblov qo‘yilmasdan yakunlangan. Associated Press nashrining yozishicha, Xegset shikoyat qilgan ayolga 50 ming dollar to‘lab, ishni to‘xtatgan. Ammo uning o‘zi bu aloqa ikki tomonning roziligi bilan bo‘lganini ta’kidlab keladi.
Ichikilikbozlik va noloyiq xatti-harakatlar haqidagi da’volar Senatdagi eshituvlarda yangragan bo‘lsa-da, demokratlarning savollari Mudofaa vazirligiga nomzod bo‘lgan Xegsetning kiprigini ham qimirlatmadi. U o‘zini oqlamasdan, aksincha, qarshi hujumga o‘tdi va ayblovlarning aksariyatini o‘zini qoralash kampaniyasi deb tavsifladi. Omma oldida so‘zlashga va bunday bosimlarga u bu vaqtgacha ancha toblanib qolgan edi.
Qo‘ldagi bolta
Pit Xegsetni, ehtimol, Pentagonga olib kelgan faoliyat bosqichi hali CVA'da ishlayotgan yillarida boshlangan. 2014 yilda u Fox News konservativ telekanali bilan hamkorlik qila boshladi, keyinchalik uning doimiy sharhlovchisiga aylandi. U teletomoshabinlar qarshisida nafaqat tahlili, balki o‘zini tutishi bilan ham yodda qoluvchi yosh faxriy qiyofasida namoyon bo‘ldi. U keskin iboralardan tortinmas, murakkab mavzularni lo‘nda televizion tezislarga mohirlik bilan aylantirar va tanqidchilarga qaramay gapirar edi.
Televidenie Xegsetga faxriylar tashkilotlari bera olmagan narsani - keng auditoriyaga chiqish va respublikachi saylovchilar e’tiborini berdi. U doimiy ravishda Pentagon rahbariyatiga hujum qilar va harbiylar hamda amaldorlar gapirmaydigan mavzularni ko‘tarishi bilan auditoriyaga yoqar edi.
2017-yilga kelib Xegset kanalning eng taniqli chehralaridan biriga va Fox & Friends Weekend dasturining boshlovchisiga aylandi. Bu lavozimda u, jumladan, yog‘och nishonga bolta otish segmentini yozib olish paytida xato qilib, armiya orkestri musiqachisining qo‘liga tekkizib yuborgani bilan yodda qoldi (musiqachi sudga bergan, tomonlar nizoni suddan tashqari kelishuv bilan hal qilishgan).

Surat manbasi, Fox News
Siyosiy janjallardan ham xoli bo‘lmadi, ulardan biri harbiy jinoyatlar bo‘yicha ayblangan yoki hukm qilingan amerikalik harbiylarni himoya qilish kampaniyasi bo‘ldi. Xegset faol ravishda ularni afv etishga harakat qildi va 2019-yilda Tramp haqiqatan ham ularning bir nechasini afv etdi.
Fox & Friends dasturida o‘zi ham tez-tez chiqib turadigan Donald Tramp Xegset bilan tezda do‘stlashib qoldi. Ular vatanparvarlik, armiya va Vashington elitasining zaifligi haqida bir tilda gaplashishardi. Birinchi prezidentlik muddatida Tramp ba’zida armiya va faxriylar muhokama qilinadigan majlislarni Xegsetga qo‘ng‘iroq qilish uchun to‘xtatib qo‘yardi, chunki Xegsetning ochiqko‘ngilligi unga yoqardi, deb yozgan edi Wall Street Journal.
Mudofaa vazirining saylangan prezident bilan do‘stligi haqida ko‘plab ommaviy axborot vositalari yozdi, ammo uning nomzodiga nisbatan hatto ba’zi respublikachilarda ham shubha paydo bo‘ldi: an’anaviy ravishda Pentagon rahbari lavozimiga har ikki partiya qo‘lloviga ega, boshqaruvda katta tajribasi bor nomzodlar tayinlanar edi. Xegsetda esa na jiddiy boshqaruv, na siyosiy tajriba bor edi.
Senatdagi yakuniy ovoz berish 50 ga 50 hisobida yakunlandi. Xegsetga qarshi barcha demokratlar va uch nafar respublikachi ovoz berdi. Vitse-prezident Jey Di Vens o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, hal qiluvchi ovozni berish uchun Senatga keldi.
O‘z partiyasining qarshiligiga qaramay, Donald Tramp o‘z «urush vaziri»ga ega bo‘ldi.
Dushmanlarga qarshi duolar
Janjallar Pit Xegset Pentagonga rahbar bo‘lib kelishi bilan darrov boshlandi. Avvaliga ular Trampning Vashington byurokratik apparatiga qarshi umumiy hujumining bir qismi edi: 2025-yil fevralida prezident Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisini ishdan bo‘shatdi, keyin boshqa yuqori lavozimli harbiylar ham vazifasidan ozod etildi. Xegset bu kadrlar qarorlarini qo‘llab-quvvatladi va «shishirilgan» shtab tuzilmalarini qisqartirish tarafdori bo‘lib chiqdi.
Parallel ravishda u Pentagonning ichki siyosatini tezlik bilan qayta qura boshladi: yangi jamoa kelishi bilan idorada xilma-xillik va inklyuzivlik dasturlari to‘xtatildi, rahbariyat harbiy o‘quv yurtlarida irq, gender va boshqa «bo‘luvchi kontseptsiyalar» haqidagi kitoblarni olib qo‘yish va qayta ko‘rib chiqishga buyruq berdi.
Aprelda Xegset mojarolarning oldini olish va urushlardan keyin tinchlikni tiklashda ayollarning rolini ilgari suradigan dasturni bekor qildi, vaholanki Tramp birinchi muddatida uni federal qonun sifatida imzolagan edi. Sentyabr oyida esa Pentagon ayollarning armiyadagi xizmati masalalari bo‘yicha ko‘p yillik maslahat qo‘mitasini tarqatib yuborib, uni «bo‘luvchi feministik kun tartibi» targ‘ibotchisi deb e’lon qildi.
Hozirgi jangchilar yomon odamlar bilan qanday urushsa, yuristlar bilan ham shunchalik kurash olib borishmoqda. Dushmanlarimiz advokatlarni emas, o‘qlarni qabul qilishi kerak
Xegset davrida Pentagonda muxbirlar uchun yangi qoidalar joriy etildi: idora talqiniga ko‘ra, manbalardan ruxsat etilmagan ma’lumotlarni olishga intilgan, ichki hujjatlarni qo‘lga kiritgan yoki ma’lumotlar sizdirilishi bilan ishlaganlar akkreditatsiyadan mahrum etilishi mumkin bo‘ldi. Vaholanki soha jurnalistlarining ishi yillar davomida aynan shunga asoslangan edi.
Harbiy rejalar haqidagi maxfiy ma’lumotlarning sizdirilishi bilan bog‘liq Signalgate janjali Xegset pozitsiyasi uchun jiddiy sinov bo‘ldi. 2025-yil mart oyida Atlantic jurnali bosh muharriri tasodifan Signal messenjeridagi yopiq guruhga tushib qoldi, u yerda AQShning oliy mansabdor shaxslari, jumladan Xegset Yamandagi husiychilarga beriladigan Amerika zarbalarini muhokama qilishgan. Bir necha hafta o‘tgach, Reuters agentligi Xegset o‘sha operatsiya tafsilotlarini rafiqasi, akasi, shaxsiy advokati va boshqa yaqinlari bo‘lgan boshqa chatda ham bo‘lishgani haqida xabar berdi.
Xegset bo‘lishgan ma’lumotlar maxfiy bo‘lgani va qo‘lga tushirilgan taqdirda Amerika harbiylari xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligiga qaramay, bu voqea mudofaa vaziri uchun hech qanday aniq intizomiy oqibatlarga olib kelmadi.

Surat manbasi, Alexander Kubitza/DoW
Xegset o‘tgan yili Pentagon binosida mudofaa vaziri uchun birinchi bo‘lgan xristiancha ibodat xizmatini o‘tkazgani bilan ham yodda qoladi va o‘shandan beri ular har oy o‘tkazib kelinmoqda, garchi doim ham uning rahbarligida bo‘lmasa-da.
Mart oyida, Eron bilan urush fonida, Xegset «adolat va bizning buyuk millatimiz dushmanlariga qarshi har bir o‘q nishonga tegishi» haqida ibodat qildi.
Washington Post nashrining yozishicha, sodir bo‘layotgan voqealar Pentagon armiyaning turli-tumanligini hisobga olib, ko‘rinarli diniy betaraflikni saqlashga harakat qilgan eski normani buzmoqda. Har oylik ibodat uchrashuvlari esa allaqachon cherkov va davlatni ajratish tarafdori bo‘lgan Americans United for Separation of Church and State tashkiloti bilan sudlashish mavzusiga aylandi.
Hammasi reja bo‘yicha
Xegsetga mudofaa vaziri lavozimida meros bo‘lib qolgan asosiy mavzulardan biri Ukraina masalasi bo‘ldi. O‘sha paytga kelib Rossiya tomonidan boshlangan urush deyarli uch yildan beri davom etayotgan edi; Jo Bayden ma’muriyati Kievga harbiy yordam yuborar, Xegsetdan oldingi rahbar davrida tuzilgan aloqa guruhi esa Ukraina armiyasi uchun qurol va o‘q-dorilarni muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmiga aylangan edi.
Eng boshidanoq Xegset bu muammoga boshqacha qarashini bildirdi. 2025 yilning fevralida Bryusseldagi ittifoqchilar uchrashuvida u Ukrainaning 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytishi real emasligini, mamlakatning NATOga a’zoligi esa tinch yo‘l bilan hal etish natijasi sifatida ko‘rib chiqilmasligini ochiqchasiga aytdi.
Ertasi kuniyoq uning so‘zlarini AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Jon Koul yumshatishga majbur bo‘ldi. Myunxenda u Vashington Ukrainaning NATOga ehtimoliy a’zoligini ham, uning 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytishini ham kun tartibidan olib tashlamasligini aytdi: uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda «barcha variantlar stol ustida qolmoqda».

Surat manbasi, Brendan SMIALOWSKI / AFP via Getty Images
Trampning inauguratsiyasidan taxminan bir hafta o‘tgach, Xegset Ukraina uchun allaqachon tasdiqlangan qurollar bo‘lgan 11 ta yuk reysini to‘xtatishga buyruq berdi. Bular hali Bayden ma’muriyati tomonidan kelishilgan yukni yetkazib berishlar edi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bu buyruq hatto Oq uy, Davlat departamenti va milliy xavfsizlik apparatining bir qismini sarosimaga solib qo‘ydi: Trampning bu reyslarni to‘xtatish haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirig‘i bo‘lmagan edi. Bir necha kundan keyin yetkazib berishlar qayta tiklandi.
Ukraina masalasida Xegset o‘zgarishlar jarchisi sifatida yodda qoladi. U Amerika endi asosiy yukni ko‘tarishni istamasligini, Yevropa o‘zini mustaqil ravishda qurollantirish vaqti kelganini doimiy ravishda anglatib turgan odam edi.
Bu yil 28-fevralda AQSh boshlagan Eron urushi esa butunlay boshqa masala. Xegset xizmat qilgan davrdagi Iroq urushi kabi, u ham amerikaliklar orasida mashhur emas. Ma’muriyat harakatlarini faqat 35% qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassislar ma’muriyat Kongress roziligisiz umuman urush boshlashi mumkinmidi va zarbalar ko‘lamini aytilgan o‘zini himoya qilish zarurati bilan huquqiy jihatdan oqlash mumkinmi, deb bahslashmoqda.
Xegsetning o‘zi bu savollarga odatiy tarzda javob berdi: operatsiya «nuqtali», «cheksiz emas» va Eronning raketa imkoniyatlarini, flotini va boshqa infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan, deb ishontirdi.
19-mart kuni nizo cho‘zilib ketayotgani haqidagi tanqidlarga javoban, u hammasi reja bo‘yicha ketayotganini ta’kidladi.
Mart oyi oxirida Washington Post xabar berishicha, to‘rt hafta ichida AQSh 850 dan ortiq Tomahawk raketalarini ishlatgan va bu Pentagon amaldorlarining bir qismida xavotir uyg‘otgan: yuqori aniqlikdagi qurollar zaxirasi cheklangan. O‘sha kuni razvedka vakillari Reuters bilan suhbatda operatsiya muvaffaqiyatini baholadilar: ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Eron ballistik raketalari arsenalining faqat uchdan bir qismi yo‘q qilinganini ishonch bilan tasdiqlay olishi mumkin edi.
Amerika harbiylari Eron maktabiga bexosdan zarba berganlikda gumon qilinmoqda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra u yerda 168 kishi halok bo‘lgan, ulardan 110 ga yaqini bolalardir. Hujum haqidagi savollarga javob berar ekan, Xegset armiya tinch aholiga hujum qilmasligini, bu zarba holatlari esa tekshirilayotganini aytdi.
Agar AQShning javobgarligi tasdiqlansa, bu Yaqin Sharqdagi Amerika kampaniyalarining o‘n yilliklari davomida tinch aholiga berilgan eng qonli zarbalardan biri bo‘ladi.
Donald Tramp ikkinchi muddatiga urushlarni tugatish va’dasi bilan keldi, ammo aynan u tomonidan boshlangan ushbu urush, mintaqa va jahon iqtisodiyoti uchun oqibatlarini hisobga olsak, uning asosiy xalqaro merosiga aylanishi mumkin.
Fevralning oxirida Eronga birinchi raketalar uchishidan oldin, prezident harakat variantlarini kichik bir maslahatchilar guruhi bilan muhokama qilgan, deb xabar berdi CNN.
Ishtirokchilardan hech biri bu operatsiyaning potentsial xavflariga e’tibor qaratmagan, deb ta’kidlaydi telekanal manbalari.
Ularga ko‘ra, Pit Xegset Trampga urushni majburlab o‘tkazmagan, ammo prezident qaror qabul qilishi bilan uning asosiy targ‘ibotchisiga aylangan.
«Unga yuklatilgan vazifaga ko‘ra, shunday bo‘lishi kerak», deb tushuntirdi CNN manbasi. «U hamon bu urushning muvaffaqiyat bilan yakunlanishi uchun mas’uldir».






























