Isroilning Eron bilan urushida g‘alaba uchun faqat harbiy kuch yetarli bo‘lmasligi mumkin

Surat manbasi, Getty

Surat tagso‘zi, Tehronga hujumlar oqibati
    • Author, Lyusi Uilliyamson
    • Reporting from, Quddusi Sharif
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Tel-Avivdan Quddusga boradigan katta yo‘lda endi Isroil bayroqlari qatorida Amerika bayroqlari ham hilpirab turibdi. Bu AQShning Eronga qarshi kurashdagi ishtiroki uchun bildirilayotgan minnatdorlik ifodasi.

"Biz ilgari Amerika ma’muriyatlaridan [Erondan kelayotgan] jiddiy harbiy tahdidni tan olishini so‘rab yolvorardik", deydi Isroilning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi, bu urush boshlanishidan to‘rt oy oldin o‘z lavozimini tark etgan Tzaxi Hangebi.

"Isroil va AQShning birgalikda Eronni zaiflashtirish uchun kecha-kunduz harakat qilayotgani mening eng xayoliy orzularimdan ham yuqoridir".

Amerikaning Eronga qarshi birgalikda urush olib borish qarori Isroil uchun azaliy dushmanga yangicha usullar bilan hujum qilish imkoniyatlarini ochib berdi. Isroildagi rasmiylar AQShdagi hamkasblari bilan nishonlarni o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib taqsimlab olish haqida gaplashmoqdalar.

Biroq, bu urush hozircha Isroilning mintaqaviy mojarolarini Bosh vazir aytganidek hal qila olmadi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Erondagi qo‘shma hujumlarni yakunlash haqida so‘zlayotgan bir paytda, Isroil kuchlari G‘azo va Suriyadagi hududlarni hamon o‘z nazoratida ushlab turibdi, mudofaa vazirining yangi ko‘rsatmasiga binoan, Eronning ittifoqchisi "Hizbulloh"ga qarshi "bufer zona" tashkil qilish uchun janubiy Livanning katta qismini egallash payida.

Bu yangi "xavfsizlik zonasi"da yashovchi 600 mingga yaqin odamga Isroil o‘zining shimoliy hududlarini "Hizbulloh" hujumlaridan xavfsiz deb hisoblamagunicha uylariga qaytishga ruxsat berilmasligi aytilgan. Mudofa vaziri Katts G‘azodagi aholi punktlarini yer bilan yakson qilgani kabi, Livan chegaraoldi qishloqlaridagi barcha uylarni vayron qilishga buyruq berdi.

Tzaxi Hangebining aytishicha, Vashington Erondagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur qilgan taqdirda ham, Isroil "Hizbulloh" kabi mintaqaviy dushmanlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangni davom ettiradi.

"Donald Tramp [Eronning] yadroviy salohiyatiga aloqador nishonlar qolmagani va qandaydir bir otashkesim istayotganini aytishi mumkin. U nimaiki qilsa, biz rozi bo‘lamiz", deydi Hangebi menga.

"[Ammo] biz Livanda oldinga siljiymiz. Biz bu ishni davom ettiramiz va aminmanki, Amerika bizga "yo‘q" deya olmaydi".

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning so‘nggi harbiy kampaniyasi boshlanganidan beri Livanda 1200 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil Livanga hujumlarini kuchaytirdi

Eron hukumati esa, Erondagi urush boshlanganidan buyon u yerda AQSh-Isroil hujumlari oqibatida 2000 ga yaqin odam o‘ldirilganini bildirmoqda.

2023 yil 7 oktyabrdagi Hamas hujumlaridan so‘ng, Isroilning mintaqadagi harbiy strategiyasi dushmanlarni vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan operatsiyalar orqali "jilovlab turish" siyosatidan hujumlar oldini olish siyosatiga o‘zgardi.

Bu o‘zgarish Isroilni Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kirdi, shu bilan birga, G‘azo, Suriya va Livanda "bufer zonalar" deb atalgan hududlarni yaratish siyosatiga turtki bo‘ldi. Bu Isroil o‘z qo‘shnilaridan "xavfsizlik"ni ro‘kach qilib tortib olgan keng hududlar bo‘lib, harbiy qudratni barqaror tinchlikka aylantirish yo‘lidagi takroriy muvaffaqiyatsizliklar oqibatidir.

Seshanba kuni, yahudiylarning Fisih bayrami arafasida, Bosh vazir Netanyahu Isroil Tehron rejimiga 10 ta "musibat" yetkazganini, jumladan, "chegaralarimizdan tashqarida – G‘azo, Suriya va Livanda chuqur xavfsizlik belbog‘lari"ni tashkil qilganini aytdi.

"Bufer zona Isroilga moslashuvchanlik va vaqtdan yutish imkonini beradigan sug‘urta polisi sifatida ko‘riladi. Bu 7 oktyabr hujumlaridan keyin Isroil xavfsizlik doktrinasidagi kengroq o‘zgarishlar bilan bog‘liq", deydi Buyuk Britaniyaning Qirollik Birlashgan Xizmatlar Institutidagi (Rusi) Yaqin Sharq strategiyasi bo‘yicha mutaxassisi Burju O‘zjelik.

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuvning maqsadi yuzasidan Isroilning o‘zida siyosiy kelishmovchiliklar bor.

"Ba’zilar bufer zonalar oxir-oqibat doimiy istiloga yoki Isroil chegaralari kengayishiga olib keladi, deb hisoblaydi. Bu – o‘ta o‘ng qanot uzoq vaqtdan beri himoya qilib kelayotgan mafkuraviy qarash", deydi u.

"Ancha pragmatik fikrlovchilar esa, hozir Livan, G‘azo va Suriyada sodir bo‘layotgan voqealar xavfsizlik vajidan bo‘lib, Isroil o‘zini xavfsizroq his qilgach, bekor qilinishi mumkin, deb ta’kidlaydi".

So‘nggi ikki yarim yil davomida Benjamin Netanyahu o‘z mamlakatini Eron va uning mintaqadagi ittifoqchilari bilan uzluksiz davom etayotgan to‘qnashuvlar girdobida boshqarib, har safar navbatdagi urush Isroil xavfsizligini tiklashi va dushmanlarini tor-mor etishiga va’da berib keldi.

Bundan atigi to‘qqiz oy oldin, Isroilning Eronga qarshi oxirgi urushidan so‘ng, Netanyahu o‘z xalqiga Eronning yadroviy quroli va ballistik raketalaridan kelib chiqadigan tahdidni bartaraf etib, "avlodlar osha saqlanib qoladigan tarixiy g‘alaba"ga erishganliklarini aytgan edi.

Har bir yangi mojaroda yaqinlashib kelayotgan g‘alaba haqidagi balandparvoz gaplar aytilishiga qaramay, ko‘plab isroilliklar uchun voqelik "doimiy urush"dan iborat.

"Hizbulloh, Hamas va Eronni yo‘q qilish haqidagi dabdabali va’dalar ro‘yobga chiqmayapti", deydi Isroildagi siyosiy tahlilchi Daliya Sheyndlin.

Netanyahuning "Eronga qarshi urush Isroil uchun yangi mintaqaviy ittifoqlarga yo‘l ochadi" degan va’dasi ham amalga oshmadi, deydi u. Aksincha, bu urush Arab davlatlari, jumladan, Isroilning hozirgi yoki bo‘lajak ittifoqchilarida xavotirni kuchaytirmoqda.

"Bunday ittifoqlar bo‘lmaydi, chunki Isroil o‘zini ishg‘olchi, tajovuzkor va harakatini oldindan aytib bo‘lmas kuchdek tutmoqda, – dedi Sheyndlin. – Isroilning Eron va Livanga hujumi hamda G‘azo, Livan va Suriyaga bostirib kirishi uning yaxshi emas, aksincha, xavfli ittifoqchi ekanligidan o‘ta kuchli xavotir uyg‘otmoqda".

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Erondan otilgan raketalar Isroilni nishonga olishda davom etayapti

Isroilning xavfsizligi masalasi Benjamin Netanyahu uchun o‘nlab yillik faoliyati davomida asosiy siyosiy shior bo‘lib kelgan. Erondagi urushning dastlabki kunlarida u Isroil Yaqin Sharqni va mintaqadagi o‘z qudratini allaqachon o‘zgartirganini aytgandi. Ammo harbiy kampaniya boshlanganiga bir oydan oshgan bo‘lsa-da, Tehrondagi rejim hamon hokimiyatda, hamon Isroilga raketa otmoqda va hamon yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralariga egalik qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu zaxira agar yanada boyitilsa, o‘nga yaqin yadroviy bomba yasashga yetadi.

Isroil Demokratiya instituti o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, dastlab yahudiy isroilliklar orasida urushni qo‘llab-quvvatlash darajasi 90 foizdan yuqori bo‘lgan. O‘shandan beri bu ko‘rsatkich qariyb 20 foizga pasaydi, biroq bosh vazir hamon urush uchun ko‘pchilik qo‘llab-quvvatloviga ega. Vaholanki, so‘rovlar uning va partiyasining bo‘lajak saylovlardagi reytingi deyarli o‘zgarmaganini ko‘rsatmoqda.

"Muammo shundaki, birorta ham siyosiy muxolifat yetakchisi butunlay boshqa yondashuvni taklif qilmayapti: diplomatiyani ilgari surish, mintaqadagi davlatlarni kuchaytirish, Arab davlatlari bilan yaqinroq ishlash, Falastin masalasini hal qilish kabi takliflarni hech kim o‘rtaga tashlamayapti", deydi Daliya Sheyndlin.

Tzaxi Henegbi ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Eron bilan muzokara olib borishi mumkin, ammo Isroilning yagona chorasi – harbiy harakatlar.

"Biz Eron bilan hech qanday masalada kelisha olmaymiz, chunki ular bizning mavjudligimizni tan olmaydi. Biz faqat raketalar orqali "muloqot qilamiz", ya’ni ular nima qilsa, biz ham shunga yarasha javob qaytaramiz".

Isroil avvalroq Livan va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga rozi bo‘lgan, biroq har ikki hududdagi aniq nishonlarga zarba berishda davom etgan.

O‘tgan oy "Hizbulloh"ning Eron tarafida turib urushga qo‘shilish qarori Isroilning u yerdagi keng ko‘lamli to‘qnashuvlarga qaytishiga sabab bo‘ldi. G‘azo esa arosatda qolmoqda: Hamas qachon va qanday qurolsizlanishi hamda Isroil kuchlari qachon olib chiqib ketilishi kerakligi borasidagi kelishmovchilik tufayli hududda tiklanish jarayonlari to‘xtab qolgan.

Erondagi keng ko‘lamli urush va bosib olingan G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik avj olayotgan bir paytda, bir necha frontda urushish Isroil aholisiga qimmatga tushmoqda.

Mamlakatda harbiy xizmat majburiy ekani aksariyat isroillik oilalar davom etayotgan urush xavf-xatarlariga bevosita duch kelishini anglatadi. Mintaqada harbiy ishtirokning kengayishi esa yuz minglab zaxiradagi askarlarning safarbarlik ro‘yxatlariga kiritilishiga olib keldi. Ayrim zaxiradagilar 2023 yilgi Hamas hujumlaridan beri besh yoki undan ko‘p marta xizmatga chaqirilgan, ba’zilari esa qayta xizmat qilishdan bosh tortayotgani haqida norasmiy ma’lumotlar bor.

Mudofaa byudjeti hozirda 45 milliard dollardan oshib ketgan. Isroilliklar orasida cheksiz urushga xohish deyarli yo‘q, biroq mamlakat mavjudligiga tahdid deb ko‘rilayotgan mojarolarga yechim topilmas ekan, Isroilning mudofaa siyosati pul, askar va o‘q-dorini talab qilaveradi.

Erondagi urush ana shu tahdidlarga barham berish imkoniyati sifatida ko‘rsatilgandi.

Ammo Isroilning boshqa urushlaridan olingan saboqlar shuki, harbiy qudratning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin.