O‘zbekistondagi norozilik turlari: daraxtga chiqib olish yo chiqindi tashlash. Hamda Xorazmda qo‘lga olingan yirik onlayn firibgarlar guruhi
Surat manbasi, Tashkent Today
Daraxtga chiqish orqali Oliy sud raisi bilan uchrashuvga erishildi
Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, 30 mart kuni A.Ch. ismli 1979 yilda tug‘ilgan toshkentlik fuqaro Oliy Sud binosi yonidagi daraxtga chiqib, o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan noroziligini bildirgan.
Fotoda daraxtga chiqib olgan erkakning qo‘lida plakat borligini ko‘rish mumkin, ammo uni o‘qish qiyin. Rasmda, shuningdek, unga ikki xavfsizlik xizmatlari xodimi qarab turganini ko‘rish mumkin.
Matbuot kotibining aytishicha, fuqaro so‘ng pastga tushirilib, jismoniy holati tekshirildi, unga shikast yetmaganligi aniqlandi. Shundan so‘ng A. Ch. Oliy sud raisi B. Islomov tomonidan qabul qilinib, uning shikoyati tegishli tartibda o‘rganish uchun rasmiylashtirildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Oliy Sud tarqatgan bayonotda aytilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2020 yil 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra A. Ch. Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlanib, unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi "a" bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lgan.
Birinchi instantsiya sudining hukmi yuqori instantsiya sudlarida ko‘rib chiqilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Bundan tashqari, A. Ch. 2025 yil 29 noyabrь kuni Oliy sud raisi tomonidan qabul qilinib, unga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirish uchun asoslar yetarli emasligi ma’lum qilingan.
"Aytish joizki, fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, ular Oliy sudga belgilangan protsessual tartibda erkin va to‘siqsiz murojaat qilish imkoniyatiga egadir. Shu bois, murojaat qilish uchun noodatiy yoki xavfli harakatlarga qo‘l urishning hojati yo‘q. Xususan, mazkur holatdan kelib chiqib ta’kidlanadiki, Oliy sudga murojaat qilish uchun "daraxtga chiqish" kabi harakatlar talab etilmaydi va bunday usullar masalani hal etishga xizmat qilmaydi," - deb yozdi Abidov.
Namanganda norozilikning yana bir g‘ayrioddiy turi qo‘llandi
Surat manbasi, Kun.uz
Yangi Namangan tumani Yangi zamin mahallasida chiqindilar bir necha oydan beri olib ketilmayotganidan norozi bo‘lgan mahalliy yashovchilar chiqindini mashinaga yuklab, "Musaffo iqlim" MChJ qarshisiga tashlab ketishdi.
Kun.uzga bergan intervyusida ular, xususan, shunday deyishdi: "Chiqindi xizmati uchun shartnoma qilganmiz. Bir oyda to‘rt marta chiqindini olib ketishlari kerak. Lekin ular har xil bahonalar bilan bir oyda ikki marta kelamiz deyishdi. Unga ham rozi bo‘ldik. 2025 yilda ham chiqindi to‘planib ketib, hammayoq badbo‘y hidga to‘lgan edi. O‘shanda ham mana shu "Kombi"mashinamga yuklab, idora yoniga tashlab kelgan edik. Bu safargisida imkon bo‘lmadi, bormagan joyimiz qolmadi. Ichki ishlarga murojaat qilmadik xolos.»
Norozi fuqarolardan birining aytishicha, "Musaffo iqlim" MChJ ko‘rsatilmayotgan xizmat uchun pulni avtomatik ravishda olishaveradi, lekin xizmat ko‘rsatishmaydi. «Oxirgi marta yanvar oyida kelishgan,» - deydi u.
Bakiroo o‘z Telegram kanalida yozishicha, yerli xonadonlardan chiqindi har uch kunda olib chiqib ketilishi kerak.
«Oyiga ikki marta emas. Ikki yo uch oyda mir marta emas. Mahalliy hokimliklar bilan ildizi chatishib ketgan chiqindi qirollari chiqindi bo‘yicha to‘lovlar elektrga majburiy ulangach, yanada avjiga chiqishmoqda. Ya’ni ularda hech qanday xizmat ko‘rsatmay yoki lozim darajada xizmat taqdim etmasdan, qimmat to‘lovlarni bebiliska olish imkoniyati paydo bo‘ldi», - deydi u.
"Musaffo iqlim" MChJ bu hodisaga qanday munosabat bildirgani hozircha noma’lum.
Onlayn firibgarlar qo‘lga tushdi
Surat manbasi, ИИВ
Ichki Ishlar Vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Xorazm viloyatida fuqarolarning bank kartalaridan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan guruh aniqlandi. Ular Telegram orqali fuqarolar akkauntlarini buzib kirganlar.
IIVga ko‘ra, viloyatning Xonqa tumanida tug‘ilgan shaxslardan iborat guruh boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari va mobil sim-kartalardan foydalangan.
Xabarda ushbu guruh Telegram da yopiq guruhlar tashkil etib, Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan APK formatdagi virusli fayllarni tarqatib kelgani aytiladi. Ushbu fayllar orqali fuqarolarning Telegram akkauntlariga buzib kirilgan.
Shundan so‘ng jabrlanuvchilar nomidan ularning yaqinlariga turli soxta xabarlar yuborilib, pul mablag‘lari o‘tkazib olingan. Shuningdek, telefonlarga ulangan bank kartalari orqali ham mablag‘lar yechib olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan mablag‘larning bir qismi viloyat hududidagi bankomatlar orqali naqd pulga aylantirilgan. Qolgan qismi esa Binance, Tonkeeper va Bitget kabi kriptovalyuta platformalari orqali boshqa shaxslar nomiga o‘tkazilib, kriptoaktivlar aylanmasiga kiritilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Dentons hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda onlayn firibgarlik 2020 yildan beri 48 baravar oshgan.
Bosh maqola
Muharrir tanlovi
Ommabop maqolalar
Bu materialga kirish imkonsiz