Dayjest: Kamarsiz avtomobil boshqarganim isboti qani? O‘zbek AESi qanchaga tushadi?

Times.uz videosidan skrinshot

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq

O'qilish vaqti: 5 daq

Timez.uz Telegram kanali xabar qilishicha, Internet ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahrida avtomobil haydovchilariga kuzatuv kameralari orqali kelgan qoidabuzarlik bilan bog‘liq jarimalarda suratlar "tahrir qilinayotgani" haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Timez.uz Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiladigan kishi videosini e’lon qildi.

Video muallifi o‘ziga avtomobilni kamar taqmasdan haydagani uchun jarima kelganini bildiradi.

U ikki qoidaga amal qilishi: biri spirtli ichimlik iste’mol qilmasligi, ikkinchisi mashinani hech qachon kamarini bog‘lamasdan haydamagani uchun jarima yozishga nima asos bo‘lganini o‘rganishga qaror qilganini aytadi.

Video muallifi so‘zlariga ko‘ra, o‘zining nomiga kelgan jarima isboti sifatida yuborilgan surat "qayta ishlangan", ya’ni, chap yelkasidan o‘tkazilgan ehtiyot kamari "yo‘q qilib qo‘yilgan".

Uning aytishicha, foto suratlar "qo‘rqinchli darajada chaplangan", surat ustida retushyorlar "qattiq ishlashgan".

Video muallifi o‘zining kamarni taqmasdan avtomobilini boshqargani tasvirga olingan videoni ko‘rishga qaror qiladi.

Jarima to‘lash uchun tashkil etilgan Internet saytida videoni topolmagan muallif jarima qarori ustidan shikoyat qilishga harakat qilganini aytadi.

Biroq saytdagi talablar shunday "qurilganki", muallif shikoyat qilolmaydi.

Iqtibos

U Toshkent shahrida bundan oldin ermatovamir o‘zining kamarsiz avtomobil boshqargani jarimasida foto surati "tahrir qilgani" hodisasi ro‘y berganini eslatadi.

Timez.uz yozishicha, video ostida qoldirilgan izohlarda yuzlab odamlar aynan shunday vaziyatga duch kelganlari haqida yozib qoldirganlar.

Tarmoq foydalanuvchilari rasmiylardan ushbu firibgarlik holati yuzasidan tekshirish o‘tkazishni talab qilmoqdalar.

Hozircha rasman ushbu iddaolarga munosabat bildirilganicha yo‘q.

O‘zbekiston AESi $24 mlrdga tushadi

24 mart kuni "O‘zatom" bilan "Rosatom" O‘zbekistondagi dastlabki AES qurilishiga oid yana qo‘shimcha bitimlarni imzoladilar.

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, 24 mart kuni "O‘zatom" bilan "Rosatom" O‘zbekistondagi dastlabki AES qurilishiga oid yana qo‘shimcha bitimlarni imzoladilar.

"Fergana.ru" axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekistondagi kichik AES qurilishi 24 milliard AQSh dollariga tushadi.

Bu haqda "Rosatom" rahbari Aleksey Lixachyov aytdi.

Aleksey Lixachyovning TASS axborot agentligiga aytishicha, O‘zbekistondagi loyiha Rossiya ishlab chiqarish korxonalariga 2 trillion Rossiya rubligacha buyurtmalar olish va taxminan 1000 ish o‘rnii yaratish imkonini beradi.

Shu kecha-kunduzda 1 AQSh dollari 81,55 Rossiya rubliga teng bo‘lib turipti, 2 trillion rubl 24,5 milliard dollarni tashkil etadi.

"Rossiyadagi ham xususiy shirkatlar va ham davlat ulushi bo‘lgan kompaniyalar orasida bizning juda ko‘p sheriklarimiz bor. Faqat kichik blok qurilishining o‘zi 2 trillion rublgacha buyurtma hajmini, bandlik nuqtai nazaridan esa bevosita Rossiyaning Federatsiyasining o‘zida mingga yaqin ish o‘rnini barpo etish imkoniyatini beradi", dedi "Rosatom" rahbari.

24 mart kuni "O‘zatom" bilan "Rosatom" O‘zbekistondagi dastlabki AES qurilishiga oid yana qo‘shimcha bitimlarni imzoladilar.

O‘sha kuni Jizzax viloyati Forish tumanida yadroviy energoblok fundamentiga beto quyish ishlari boshlandi.

Bundan oldin AES qurish O‘zbekistonga qanchaga tushishi rasman e’lon qilinmagan.

"O‘zatom" rahbari bir yilcha oldin kichik AES qurish 2 milliard dollardan oshmasligini aytgan.

"Biroq xarajatlar tarkibi, bitimlar tarkibi va moliyalash parametrlarisiz bu raqam qanchalar to‘g‘ri kelishi aniqlash hozircha imkonsiz", deb yozadi Fergana.ru.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Somoniy maqbarasini ziyorat qildilar

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Buxoro shahridagi Somoniy maqbarasi ziyoratida

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Prezidentlar Ismoil Somoniy maqbarasida Somoniy ruhiga Qur’on tilovat qildilar

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifining ikkinchi kunida ikki mamlakat rahbarlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurdilar.

Prezidentlar Naqshbandiya so‘fiylik tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga bordilar.

"Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – "Dil ba yoru, dast ba kor" shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etishi alohida ta’kidlandi", deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon Buxoro shahridagi Somoniy maqbarasini ziyorat qildilar.

Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.

Tojikiston mustaqillikka erishganidan keyin Ismoil Somoniyni Tojik davlatchiligi asoschisi deb e’lon qildi.

Poytaxt Dushanbedagi eng yirik haykal Ismoil Somoniyga o‘rnatilgan.

Bugungi kunda Tojikistonda eng oliy davlat mukofoti va milliy valyuta (Somoniy) uning sharafiga nomlangan.

26 mart. O‘zbekiston tashqi siyosati: AQShdan G20 ga taklif, Tojikiston bilan ittifoqchilik va suv diplomatiyasi

Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev ikki davlat bayroqlari yonida.

Surat manbasi, Prezident.uz

26 mart kuni O‘zbekiston poytaxtidagi Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tor doiradagi muzokaralar hamda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.

O‘zbekiston rahbari bu davlat tashrifini ikki mamlakat o‘rtasidagi asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi muhim qadam sifatida baholadi va yangi tashkil etilgan Oliy kengash formati strategik sheriklikni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishini ta’kidgani aytiladi.

Muzokaralar davomida tomonlar hukumatlar va parlamentlar darajasidagi aloqalar faollashganini qayd etib, o‘zaro tovar ayirboqlash hajmini 2030 yilga kelib 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqanlar.

Bu maqsadga erishish uchun "Oybek – Fotihobod" chegaraoldi savdo markazi qurilishini tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlashni raqamlashtirish va chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani yoziladi.

Shuningdek, uchrashuvda tog‘-kon, energetika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab oluvchi alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinishi, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitali kengaytirilishi ma’lum qilingan.

Suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish hamda transport-logistika aloqalarini, jumladan, "E-Permit" raqamli tizimini joriy etish masalalari ham diqqat markazida bo‘lgan.

Mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro siyosat yuzasidan fikr almashgan davlat rahbarlari madaniy-gumanitar sohada besh yillik chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga kelishib olganlar.

Afg‘onistonning "Suv haftaligi"dagi ishtiroki

Tolibon Energetika va suv xo'jaligi vaziri Toshekntda nutq so'zlamoqda.

Surat manbasi, bakhtarnews.af

Energetika va suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati bugun Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mujibur Rahmon Omar Axundzoda O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Suv haftaligi" deb nomlangan muhim vazirlar darajasidagi forumda ishtirok etganini va Afg‘oniston nomidan batafsil nutq so‘zlaganini e’lon qildi.

O‘z nutqida Axundzoda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suvni adolatli taqsimlash, suv diplomatiyasini mustahkamlash, suvni boshqarishda yangi texnologiyalardan foydalanish va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi qo‘shma hamkorlik zarurligini ta’kidlagan.

U shuningdek, Amudaryo qirg‘oqlarining vayron bo‘lishining oldini olish haqida gapirgan va nutqida Islom Amirligi suvni boshqarish sohasida qo‘shni davlatlarning huquqlariga sodiq ekanligini ta’kidlagan.

Axundzoda shuningdek, ushbu forum doirasida O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xumareev bilan uchrashgan va ikki mamlakat o‘rtasida suv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Ushbu ishtirok Afg‘oniston uchun muhim qadam hisoblanadi, bu orqali mamlakatning xalqaro va mintaqaviy muzokaralarda faol ishtiroki yanada mustahkamlanadi va hamkorlikning yangi bobi ochiladi.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni G20 sammitiga taklif qildi

AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga maxsus maktub yo‘lladi.

Unda Tramp o‘zbek hamkasbini Mayami shahrida o‘tadigan nufuzli G20 sammitiga hamda Tinchlik kengashining navbatdagi majlisiga taklif etgan.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Amerika yetakchisi o‘z xatida Shavkat Mirziyoyevning shu yil fevral oyida Vashingtonda o‘tgan Tinchlik kengashidagi ishtirokini yuqori baholagan. O‘shanda O‘zbekiston rahbari G‘azo sektorini qayta tiklash, u yerda uy-joylar, maktab va shifoxonalar qurishga yordam berish tashabbusini ilgari surgan edi.

Donald Tramp maktub davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etib, o‘ziga bildirilgan taklif uchun minnatdorlik bildirgan. Tramp o‘z tilaklarini "Yaratgan Sizni va O‘zbekistonning buyuk xalqini yorlaqasin", degan so‘zlar bilan yakunlagan.

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning dunyoning eng qudratli davlatlari yig‘iladigan G20 sammitiga taklif qilinishi Toshkentning xalqaro maydondagi obro‘yi oshib borayotganidan dalolat beradi.