Kovid, gripp, yo‘tal va qator boshqa kasalliklarga qarshi yagona vaktsina ishlab chiqilmoqda. Siz uni olarmidingiz?

Surat manbasi, Getty Images
Amerikalik tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, burunga sepiladigan bitta vaktsina barcha turdagi yo‘tal, shamollash va grippdan, shuningdek, o‘pkaning bakterial infektsiyalaridan himoya qilishi, hatto allergiyani ham yengillashtirishi mumkin.
Stenford universiteti jamoasi bu "universal vaktsina"ni hayvonlarda sinab ko‘rdi. Endi odamlarda klinik sinovlar o‘tkazish zarur.
Ularning aytishicha, bu yondashuv 200 yildan ortiq vaqt davomida qo‘llab kelingan vaktsina ishlab chiqarish usulidan "tubdan farq qiladi".
Soha mutaxassislari tadqiqot hali dastlabki bosqichda bo‘lishiga qaramay, "oldinga tashlangan muhim qadam" bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
"Ushbu vaksinaning ishlash usuli shu paytgacha mavjud bo‘lgan barcha vaksinalarning ishlash tamoyilidan tubdan farq qiladi".
Hozirgi vaktsinalar organizmni faqat bitta infektsiyaga qarshi kurashga o‘rgatadi. Qizamiqqa qarshi vaktsina faqat qizamiqdan, suvchechakka qarshi vaktsina faqat suvchechakdan himoya qiladi.
XVIII asr oxirida Edvard Jenner vaktsinalarni kashf etganidan beri immunizatsiya shu tarzda ishlab keladi.
"Science" jurnalida tavsiflangan yondashuv immun tizimini "o‘rgatmaydi". Aksincha, u immun hujayralarining o‘zaro aloqa qilish usuliga taqlid qiladi.
U burun spreyi sifatida qo‘llanadi va o‘pkamizdagi oq qon tanachalari – makrofaglarni "doimiy shay" holatga keltiradi. Natijada ular qanday infektsiya kirishga urinishidan qat’i nazar, darhol harakatga tushishga tayyor turadi.
Hayvonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda bu ta’sir taxminan uch oy davom etdi.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, bu yuqori shaylik holati viruslarning o‘pka orqali tanaga o‘tishini 100 dan 1000 barobargacha kamaytirgan.
"Ammo bu to‘siqdan o‘tib olgan viruslarga qarshi immun tizimining qolgan qismi ularni chaqmoq tezligida yo‘q qilishga tayyor holatda edi", deydi Stenford universiteti mikrobiologiya va immunologiya professori Bali Pulendran.
Jamoa vaktsina, shuningdek, ikki turdagi bakteriyadan – Staphylococcus aureus va Acinetobacter baumannii'dan ham himoya qilishini ko‘rsatdi.

Surat manbasi, Getty Images
Professor Pulendranning Bi-bi-siga aytishicha, universal deb atalayotgan bu vaktsina nafaqat gripp, Kovid yoki oddiy shamollash virusiga, balki deyarli barcha viruslarga, ko‘plab turli bakteriyalarga va hatto allergenlarga qarshi ham himoya qiluvchi ancha keng immunitetni yuzaga keltiradi.
"Ushbu vaktsinaning ishlash tamoyili shu paytgacha mavjud bo‘lgan barcha vaktsinalarning ishlash tamoyilidan tubdan farq qiladi".
Vaktsinaning immun tizimini infektsiyaga qarshi kurashga hozirlashi, shuningdek, allergik astma qo‘zg‘atadigan uy changi kanasi allergenlariga nisbatan reaktsiyani ham pasaytirganday tuyuldi.
"Bu haqiqatan ham juda qiziqarli tadqiqot", deydi ushbu ishda ishtirok etmagan Oksford universiteti vaktsinologiya professori Daniela Ferreyra.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar natijalar odamlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda tasdiqlansa, bu "odamlarni oddiy yo‘tal, shamollash va boshqa nafas yo‘li infektsiyalaridan himoya qilish usulimizni o‘zgartirishi mumkin".
"Tadqiqotning kuchli tomonlaridan biri – bu yangicha vaktsinaning qanday ishlashini aniq tushuntirib berganida", deya qo‘shimcha qildi u.
Ferreyraning aytishicha, tadqiqot "katta qiyinchilik tug‘diradigan" infektsiyalardan himoyani taklif etib, "oldinga tashlangan muhim qadam bo‘lishi mumkin".
Biroq, hali javobi topilmagan savollar ko‘p.
Tajribalarda vaktsina burun spreyi sifatida qo‘llangan, ammo inson o‘pkasining chuqur qismlariga yetib borishi uchun nebulayzerda nafas orqali yuborilishi mumkin.
Odamlarda ham xuddi shunday natijaga erishish mumkinmi yoki yo‘qligi, shuningdek, immun tizimi "doimiy shay" holatda qancha vaqt turishi noma’lum. Sichqonlar va odamlarning immun tizimida farqlar bor, masalan, bizning immunitetimiz o‘nlab yillar davomida turli infektsiyalar natijasida shakllangan.
Shu sababli, tadqiqotchilar bir kishini emlab, so‘ng uning tanasi kasallikka qanday qarshi kurashishini kuzatish uchun unga atay kasallikni yuqtirib, sinovlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Immun tizimini odatdagidan faolroq holatga keltirishning salbiy oqibatlari ham bo‘lishi, ya’ni bu immun tizimi buzilishlari ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin.
Liverpul tropik tibbiyot maktabining molekulyar virusologiya professori Jonatan Boll bu ish shubhasiz "hayajonli" ekanligini ta’kidladi, biroq "organizmni "yuqori shay" holatda ushlab turish "o‘zinikilarga o‘q uzish" holatiga, ya’ni o‘ta ogoh immun tizimining beixtiyor nojo‘ya oqibatlarni keltirib chiqarishiga olib kelmasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak", deya ogohlantirdi.
Tadqiqot guruhi immun tizimini doimiy faollashtirib qo‘yish kerak, deb hisoblamaydi va bunday vaktsina hozirgi vaktsinalarning o‘rnini bosish uchun emas, balki ularni to‘ldirish uchun ishlatilishi kerak, deb o‘ylaydi.
Pandemiyaning dastlabki bosqichlarida, masalan, 2020 yil boshidagi Kovid pandemiyasi kabi holatlarda, maxsus vaktsina ishlab chiqilgunga qadar universal vaktsina vaqtdan yutishga va odamlar hayotini saqlab qolishga yordam berishi mumkin.
"Bu o‘lim holatlarini, kasallikning og‘irligini kamaytiradi va, ehtimol, juda samarali immunitet chidamliligini shakllantiradi", deydi Pulendran.
Boshqa bir ehtimol – qish boshlanib, mavsumiy kasalliklar tarqala boshlaganda, "ularning barchasiga qarshi keng immunitet hosil qilish uchun mavsumiy sprey qo‘llash haqida o‘ylash mumkin".































