Putinning reytingi tushib ketayapti, Qozog‘iston yoqilg‘i eksportini taqiqladi, O‘zbekiston Belarusdan yer ijaraga olmoqchi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Surat manbasi, ТАСС

O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiya davlat sotsiologik markazi VSIOM ketma-ket oltinchi hafta davomida jamoatchilikning Prezident Vladimir Putinga bo‘lgan ishonchi pasayib borayotganini qayd etayapti.

VSIOMga ko‘ra, 12 aprelda yakunlangan haftada o‘tkazilgan yopiq so‘rovda savolga javob berganlarning 72 foizi Rossiya rahbariga aniq yoki ehtimol ishonishini aytgan.

Bu ko‘rsatkich bundan oldingi haftaga solishtirganda 1,8 foiz kam deganidir.

VSIOM ma’lumotlariga ko‘ra, Putinga bo‘lgan ishonch oltinchi hafta ketma-ket pasayib kelayapti.

1 martda yakunlangan haftada bu ko‘rsatkich 77,5 foizni tashkil etgan. Dekabr oyining oxirida, VSIOMga ko‘ra, u yanada yuqori bo‘lib, 80,9 foizni tashkil qilgan.

VSIOMning «davlat uchun muhim masalalarni hal etishda kimga ishonasiz?» degan ochiq savoliga javoblar ham rossiyaliklarning Putinga bo‘lgan ishonchi oz-ozdan, ammo barqaror sur’atda kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

VSIOM ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklarning Putinning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullashi ham mart oyining oxirgi haftasidan buyon uzluksiz pasayib kelmoqda.

Ammo bunday xulosa Rossiya prezident ma’muriyati asosiy mijozlaridan biri hisoblanadigan FOM so‘rov markazi ma’lumotlarida aks etmagan, deya qayd etadi xorijda joylashgan Meduza veb-nashri.

VSIOM ma’lum qilishicha, 12 aprelda yakunlangan haftada o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning 66,7 foizi Putinning faoliyatini «umuman olganda» ma’qullashini aytgan.

Bu ko‘rsatkich 5 aprelda yakunlangan haftada 67,8 foiz, 29 va 22 mart haftalarida 70,1 foiz, 15 martda 72 foiz, 8 martda 72,9 foiz va 1 martda 73,3 foizni tashkil etgan.

Iqtibos

FOM ma’lumotlariga ko‘ra esa, fevral oyi o‘rtasidagi 80 foizdan mart oyi oxirida 74 foizga tushishdan so‘ng, rossiyaliklarning Putinning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullashi yana oshishni boshlagan va 12 aprelda yakunlangan haftada 76 foizga yetgan.

VSIOMga ko‘ra, rossiyaliklarning Putinga ishonchi pasayotgan bo‘lsa-da, u hali ham Moskva Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishdan oldingi davrga nisbatan yuqoriroq.

2022 yil 20 fevralda yakunlangan hafta uchun o‘tkazilgan VSIOM so‘rovida yopiq savol bo‘yicha bu ko‘rsatkich 67,2 foizni tashkil etgan edi. 2021 yil yozida esa u ayrim paytlarda 61,4 foizgacha tushgan. Ukrainaga bostirib kirishdan so‘ng bu ko‘rsatkich keskin oshgan va yaqin vaqtgacha 70 foiz oxiri – 80 foiz boshi atrofida saqlanib kelgan, ayrim hollarda o‘rta 70 foizlarga tushib turgan.

VSIOM shuningdek, yaqinda rossiyaliklarning Kreml nazoratidagi «Yagona Rossiya» partiyasini ma’qullashi ham pasayganini xabar qildi.

Meduza'ning yozishicha, VSIOM va FOM so‘nggi paytlarda o‘zlarining haftalik so‘rovlari natijalarini odatdagidan kechroq e’lon qilmoqda.

Qozog‘iston olti oyga yoqilg‘i eksportini taqiqlamoqchi

Avtomobilga benzin quyish

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Qozog‘iston yoqilg‘i eksportini olti oyga taqiqlashga qaror qildi, deb xabar berdi Ulysmedia.kz veb-nashri.

Xabarda aytilishicha, Qostanay viloyati tadbirkorlar palatasi Qozog‘istondan ayrim neft mahsulotlarini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy etilganini ma’lum qildi.

Ushbu chora 2026 yil 21 mayidan 21 noyabrga qadar amal qiladi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlarga ham eksportni o‘z ichiga oladi.

Xabar qilinishicha, avtomobil yo‘llari orqali benzin, dizel yoqilg‘isi va ayrim neft mahsulotlarini eksport qilish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, ayrim istisnolar ham ko‘zda tutiladi: moylash materiallari, zavod tomonidan o‘rnatilgan standart yoqilg‘i baklaridagi yoqilg‘i, ilmiy tadqiqotlar uchun aviatsiya yoqilg‘isi (tasdiq va hujjatlar taqdim etilgan taqdirda), shuningdek, Qozog‘iston hukumati ruxsat bergan gumanitar yordam.

Chegara hududlarida yashovchilarga standart baklardagi yoqilg‘i bilan avtomobilda chegarani sutkasiga bir martadan ortiq kesib o‘tishga ruxsat berilmaydi, deya qo‘shimcha qiladi sayt.

Ulysmedia.kz shuningdek, temir yo‘l orqali neft mahsulotlarini eksport qilish ham taqiqlanganini ma’lum qildi.

Bunda ayrim istisnolar nazarda tutilgan: rasman tasdiqlangan yetkazib berish rejalari bo‘yicha benzin (aniq tovar kodlari), gumanitar yordam yoki tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va favqulodda holatlarga javob berish doirasidagi neft mahsulotlari.

Avvalroq Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakatda yoqilg‘i va moylash materiallarining yetarli zaxiralari yaratilganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston Belarusdan yer ijaraga olmoqchi

Chorvachilik fermasidagi qoramol
Surat tagso‘zi, Yer chorvachilik maqsadida olinayotgani xabar qilindi(illyustrativ foto)

O‘zbekiston nashrlarining xabar qilishicha, O‘zbekiston Belarusda yirik chorvachilik loyihasi uchun qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olishni rejalashtirmoqda.

Bu boradagi kelishuvga O‘zbekiston rasmiy hay’atining Belarusning Vitebsk viloyatiga tashrifi chog‘ida erishilgan.

"Qashqadaryo viloyatidan borgan delegatsiyaning Vitebsk viloyatiga tashrifi davomida 4000 gektar qishloq xo‘jaligi yerini uzoq muddatga ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishildi", deyiladi xabarda.

Ijaraga olinadigan Braslav, Shumilinovskiy va Postavskiy tumanlaridagi yerlarda qoramol boqish majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Dastlabki rejaga ko‘ra, qoramol sonini 1000 boshga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Asl Yuksalish Savdo kompaniyasi Belarusning Dobronom supermarketlar tarmog‘i bilan har yili 60 ming tonna quritilgan meva, dukkakli ekinlar, qovun-tarvuz va uzum yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Yaqinda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligidagi hay’at ham Belarusda bo‘lgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi AES qurilishida belaruslik atomchi mutaxassislarni jalb etish niyatini bildirgan.