Qirg‘iziston: Tashievlar nomi tilga olingan 'Qirg‘izneftgaz'dagi korruptsiya bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Surat manbasi, rasmiy
- Author, BBC Qirg‘iz xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
Besh yil davomida Qirg‘izistonning davlat neft kompaniyasidan milliardlab somlik xomashyo xususiy qo‘llarga o‘tgan deb da’vo qilinmoqda.
Bu haqda Davlat soliq xizmatiga qarashli "Soliq Servis" idorasi tomonidan 16 martda e’lon qilingan "O‘z yaqinlari uchun neft: "Qirg‘izneftgaz"ni qanday quritishdi?" nomli surishtiruv videosida aytilgan.
Ichki ishlar vazirligi bu bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini rasman tasdiqladi.
Ish markazida — sobiq eng qudratli xavfsizlik boshlig‘i Qamchibek Tashievning oilasi va unga yaqin kompaniyalar turibdi.
Qamchibek Tashiev kim?

Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiev oxirgi yillardagi eng nufuzli siyosatchilardan biri sanalgan. U prezident Sadir Japarov bilan uzoq yillik siyosiy ittifoq tuzib, 2020 yilgi hokimiyat almashinuvidan keyin Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi — ya’ni Qirg‘izistonning asosiy xavfsizlik idorasi — rahbari etib tayinlangan. Shu davrda u mamlakatdagi ikkinchi eng qudratli shaxs deb hisoblab kelingan.
Ammo 2026 yilning 10 fevralida Prezident Japarov uni ushbu lavozimdan ozod etdi. Shundan boshlab Tashievga yaqin amaldorlar ketma-ket ishdan chetlatildi, oila a’zolari esa jinoiy tergov doirasiga tushdi. Uning ishdan olinishiga bog‘liq voqealar O‘zbekistonning bir qancha nashrlarida ham keng yoritildi — bu Markaziy Osiyo miqyosida hodisaning qanchalik keng qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.
Voqealar qanday kechdi?
- 10 fevral — Prezident Japarov Qamchibek Tashievni MXDQ raisligidan ozod etdi.
- Fevral oxiri — Tashievning jiyani Bayg‘azi Matisaqov QPK rahbarligidan bo‘shatildi. «Qirg‘izneftgaz»ga yangi rahbar tayinlandi. Tashievga yaqin deputatlar va vazirlar birin-ketin ishdan ketdi.
- 14 mart — Shairbek Tashiev deputatlik mandatini o‘z xohishiga ko‘ra topshirdi. Markaziy saylov komissiyasi uning arizasini ko‘rib chiqib, deputatlik vakolatlarini muddatidan avval tugatdi.
- Shairbek Tashiev tarafdorlaridan birining Facebook sahifasi orqali murojaat bilan chiqib: "Mamlakatimizdagi siyosiy barqarorlik, xalqimiz tinchligi uchun men bu qadamga borishga majbur bo‘ldim. Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda menga, oilamga va yaqinlarimga nisbatan bo‘layotgan bo‘htonlar mening va yaqinlarimning halovatini buzdi", — degan.
- 16 mart — Soliq xizmati neft tarmog‘idagi yirik korruptsiya sxemasi fosh etilgani aytilgan surishtiruv videosini e’lon qildi.
- 17 mart — IIV korruptsiya bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini rasman tasdiqladi. Taymuras Tashiev ayblovlarga rasmiy raddiya berdi.
Sxema qanday ishlagan?

Surat manbasi, rasmiy
Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati tomonidan tayyorlangan surishtiruv videosida aytilishicha, 2021–2025 yillar oralig‘ida "Qirg‘izneftgaz" davlat kompaniyasi ishlab chiqarilgan neftning 30 foizini — 262 ming tonna xomashyoni — o‘ziga tegishli "Qirg‘iz Petroleum Kompani" (QPK) zavodiga emas, balki xususiy vositachi firmalarga sotgan. O‘sha firmalar esa xomashyoni yana o‘sha davlat zavodiga qayta ishlashga topshirgan va tayyor yonilg‘ini — benzin va solyarkani — o‘zlari olib ketgan.
"Davlat kompaniyasi barcha neftning 30 foizini xususiy firmalarga sotadi. Bu 262 ming tonna xomashyo demakdir. Eng qizig‘i — bu xususiy kompaniyalar neftni o‘zlari qayta ishlashmaydi. Ular uni oxirgi tomchisigacha yana o‘sha "Qirg‘iz Petroleum Kompani" davlat zavodiga qaytarishadi. Biroq bu safar "davlat zavodiga qayta ishlash uchun topshirilgan xomashyo" sifatida. Boshqacha aytganda, davlat nefti vositachilarga sotiladi, vositachilar uni davlat zavodiga qaytarib berib, tayyor yonilg‘i olishadi. Agar zavod o‘ziniki bo‘lsa, davlatga vositachilarning nima keragi bor?" — deyiladi surishtiruv videosida.
Ma’lum qilinishicha, bu sxema orqali 5 yil ichida 7 milliard 615 million somlik (taxminan 85,5 million dollar) xomashyo xususiy qo‘llarga o‘tgan. Davlat kamida 3 milliard 148 million som (taxminan 35,3 million dollar) foydadan mahrum bo‘lgan, umumiy zarar esa 4 milliard 175 million somdan (taxminan 46,9 million dollar) oshadi deb baholanmoqda.
Kimlar tilga olindi?
Soliq xizmatining surishtiruvida tilga olingan vositachi kompaniyalarning Tashievlar oilasiga aloqador ekanligi da’vo qilinmoqda.
Eng yirik ulushni — 5 yilda 83 ming tonna neftni — "Qirg‘iz-O‘zbek-Ozarbayjon" MChJ qayta ishlagan. Surishtiruvga ko‘ra bu kompaniyaning direktori Qazibek Tashiev, ta’sischisi esa Shairbek Tashiev — Qamchibek Tashievning ukalari.
"RegionOyl" kompaniyasi Tashievlarning "Ata-Jurt" partiyasi buxgalteri Nazgul Aydarovaga tegishli deb ko‘rsatilgan.
Qamchibek Tashievning o‘g‘li Taymuras Tashievga bog‘liq "Mokogrupp" firmasi esa solyarka sotib olib, davlat xaridlari orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa munitsipal idoralarga sotgan deb aytiladi. Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, "Mokogrupp"ning 2020 yil 6 noyabrgacha ta’sischisi Qamchibek Tashievning o‘zi bo‘lgan.
Sxema amalda bo‘lgan davr mobaynida QPK zavodiga Qamchibek Tashievning jiyani Bayg‘azi Matisaqov rahbarlik qilgan. BBC Matisaqov bilan bog‘lanib, munosabatini bilishga urindi, ammo hozircha javob olinmadi.
Taymuras Tashiev: "Ma’lumotlar to‘liq yolg‘on"

17 mart kuni Taymuras Tashiev bildirilgan ayblovlar bo‘yicha munosabat bildirdi. U 2021–2025 yillar oralig‘ida "Qirg‘izneftgaz" deyarli 358 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqargan bo‘lsa, uning "Moka Grupp" kompaniyasi bor-yo‘g‘i 5 ming 463 tonna dizel yonilg‘isi sotib olganini, bu hajm "Qirg‘iz Petroleum Kompani" ishlab chiqargan dizel yonilg‘isining atigi 1,53 foizini tashkil etishini aytdi.
"Qirg‘iz Petroleum Kompani"ni monopoliya qilib olgan, butun dizel yonilg‘isini "Moka Grupp" sotib olgan" degan va boshqa tarqatilgan ma’lumotlar to‘liq yolg‘on. Bizdan boshqa firmalar ham o‘zlariga kerakli hajmda sotib olib kelishgan. Tegishli tomonlardan esa bizga aloqador noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmasligini so‘raymiz", — deb yozdi Taymuras Tashiev.
Rasmiy javob
IIV 17 mart kuni "Qirg‘izneftgaz" atrofidagi ishlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 336-moddasi — korruptsiya moddasi — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi.
Davlat soliq xizmati mutaxassislari ishtirokida tergov olib borilmoqda.
"Qirg‘izneftgaz"ning yangi rahbari Samsaali Chetinbaev ham BBC ga bergan intervyusida IIVga jinoyat ishi doirasida ketayotganini bildirdi.
Shairbek Tashiev: "Akamning ishlari eli uchun bo‘ldi"

Surat manbasi, rasmiy
Shairbek Tashiev "Ozodlik" radiosining qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida akasini himoya qilib, Qamchibek Tashievning 2021 yildan beri tinimsiz, hatto ta’tilsiz ishlaganini aytdi.
"Akamning qilgan barcha ishlari eli-yurti uchun bo‘ldi. Kunu tun ishlab, 2021 yildan beri ta’tilga chiqmagan ekan. Ushbu 4-5 yil ichida jami yetti kungina ta’tilda bo‘libdi", — degan u.
Taymuras Tashiev esa "Region" telekanaliga bergan intervyusida otasini qoralashga urinishlar borligini ta’kidlab: "Hozir ayrimlar otamni qoralashga harakat qilishyapti, Ramazon oyida biz ularni kechirdik", — degan.
Tashievga aloqador voqealar — korruptsiya ishi, oila a’zolarining lavozimlarini yo‘qotishi va siyosiy maydondan birin-ketin chekinuvi — nafaqat Qirg‘iziston ichida, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham diqqat bilan kuzatilmoqda. Bir paytlar mamlakatning ikkinchi eng qudratli shaxsi deb hisoblangan Tashievning bu tarzda siyosiy sahnadan surib chiqarilishi mintaqa kuzatuvchilarining alohida e’tiborini tortmoqda.





























