Eron urushidan kim yutdi-yu kim yutqazdi? Rossiyaning oshig‘i olchimi?

Surat manbasi, Sedat Suna / Gett Images
Pokistonda xarajatlarni tejash uchun maktab yopildi. Britaniyaning Yorkshirida uylarni isitish qimmatlashdi. Bularning hammasi jahon bo‘ylab turli burchaklarda joriy urushning ta’siri qanday sezilayotgani belgilaridir.
Shu narsa ayonlashib bormoqdaki, Eronning iqtisodiy zarar va beqarorlik keltirib chiqarish maqsadida qilayotgan javobiy hujumlarining oqibatlari qisqa muddatli bo‘lmaydi.
Lekin bu vaziyat hammaga ham birdek ta’sir ko‘rsatayotgani yo‘q. Ba’zi davlatlar bu holatdan hatto yutib qolishmoqda. Qanday qilib? Va ular qaysi davlatlar?
Yutayotgan davlatlar: Rossiya, Norvegiya va Kanada
Oxirgi yillarda jahon bo‘ylab atrof muhitga zarar yetkazmaydigan toza energiya ishlab chiqarish yo‘lida ko‘plab sa’y-harakatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, energiya bozori hanuz gaz va neftga o‘ta qaram.
Shuning uchun "qora oltin", deya yuritiluvchi neft koniga ega bo‘lgan davlatlar narxlar oshsa ko‘proq foyda ko‘rishadi, neftdan foydalanuvchilar esa zarar.
Ammo hozirgi vaziyat odatiy narxlarning oshib-tushib turishi emas.
Neft ta’minotining yuragi Yaqin Sharq davlatlaridir. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi esa asosiy qon arteriyasi.
Eron AQSh ittifoqchilarini nishonga olish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygan ekan Qatar va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar neftining yo‘li deyarli to‘liq yopilib qoldi.
Bu neftning xaridorlari yangi ta’minotchi topish ilinjida ekanlar Norvegiya va Kanada kabi davlatlar foyda ko‘rishlari mumkin.
Rossiya 2002 yili Ukrainaga qarshi urush boshlagani ortidan ko‘plab davlatlar undan neft va gaz sotib olishdan voz kechgan vaqtda Norvegiya fursatdan foydalanib ishlab chiqarish va sotishni kengaytirgandi.
Kanada Energetika vaziri Tim Xodgson ham mamlakat "barqaror, ishonchli va qadriyatlarga asoslangan energiya ishlab chiqaruvchisi" ekanligini aytdi. Ammo Kanada ishlab chiqarishni ne qadar ko‘paytira olishi savol ostida.

Surat manbasi, Getty Images
Joriy urushdan eng ko‘p foyda ko‘ruvchi davlat Rossiya bo‘lib chiqishi mumkin.
AQSh energiya taqchilligini yengillashtirish uchun Ukraina urushi boshlangan vaqti kiritilgan jazo choralarini vaqtincha yengillashtirishi haqida ma’lum qilgan.
Buning ortidan Rossiyaning Hindistonga xom neft savdosi 50 foizga oshdi.
Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Rossiya mart oyi oxiriga qadar 5 milliard dollar foyda ko‘rishi mumkin.
Yil oxiriga borib esa 2022 yildan beri energiya savdosidan eng ko‘p mablag‘ qo‘lga kiritishi mumkin.
Shu ma’noda AQSh Fors ko‘rfazi davlatlari zarariga Moskva qo‘liga mo‘maygina foydani berayotgandir.
Vaziyatdan foydalanib qolishi mumkin bo‘lgan yana qator davlatlar bor.
Ba’zi davlatlar neft o‘rniga ko‘mir ishlatish ehtimollarini ko‘rib chiqa boshlagan ekanlar, ko‘mirning yirik eksportchisi bo‘lgan Indoneziya uchun bu qo‘l kelishi mumkin.
Yutqazayotganlar: AQSh, Britaniya va Yevropa
AQSh ning o‘zi qanday mavqeda? Prezident Trampning aytishicha, neft narxlari ko‘tarilsa Amerika "katta foyda ko‘radi".
Agar neft narxi hozirgi darajada qolsa AQSh neft shirkatlari bu yil milliardlab foyda ko‘rishlari mumkindir,
Lekin AQSh buning ortidan toza foyda ko‘ryapti, deb aytib bo‘lmaydi.
Chunki ko‘plab AQSh energiya shirkatlarining ishlab chiqarish jarayonlari Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bog‘liq.
Masalan, ExxonMobil ning Qatardagi Ras Laffan sanoat markazida korxonasi bor. Markaz mart oyi boshida Eron tomonidan raketa hujumiga tutilganidan beri yopilib qolgan.
Boshqa tomondan oxirgi yillarda ishlab chiqarish hajmini kamaytirib kelgan shirkatlar birdaniga uni ko‘paytira olishmaydi.
Shu bilan birga AQSh aholisi jahonda kishi boshiga eng ko‘p neft va gaz ishlatuvchi aholidir.
Va joriy narxlarning ko‘tarilishining toshi aynan ularning yelkalariga tushishi ham ayon.
Oksford Universiteti olimlarining taxmin qilishlaricha, agarda neft narxi 140 dollardan oshsa va bu holat davomli bo‘lsa iqtisod o‘sishi pasayishini kutish mumkin.

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images
Albatta, narxlarning oshishidan zarar ko‘rayotganlar tanho amerikaliklar emas.
Import qilingan gazga ko‘pda qaram bo‘lgan Yevropa, xususan Britaniya aholisiga ham bu holat ta’sir qiladi.
Lekin oxirgi yillarda Yevropa davlatlari energiya ta’minoti samaradorligini oshirib kelganlari uchun narxlar oshishiga nisbatan anchayin chidamli usullarni ishlab chiqishgan.
Lekin shunday bo‘lsa ham haydovchilar, uylarini isitishga majbur aholi va ishlab chiqarish uchun energiyadan foydalanuvchilar uchun bir qadar bo‘lsa ham ta’siri bo‘ladi.
Ta’sirning kuchi esa narxlarning kelajakda ne qadar baland o‘sishiga emas hukumatlar joriy vaziyatda qanday usullarni qo‘llashlariga bog‘liq.
Joriy vaziyatda eng ko‘p zarar ko‘rayotgan davlatlar Ho‘muz bo‘g‘ozidan o‘tib keluvchi neftning eng yirik xaridorlaridir.
Osiyo davlatlari o‘z ehtiyojlaridagi neftning 59 foizini Ho‘muz bo‘g‘ozi orqali olishadi.
Janubiy Koreya 70 foizini.
Neft narxlari ortidan boshqa turdagi ta’minotlar zanjiri uzilishi xavfi tufayli moliya bozorlarida ham beqarorlik kelib chiqqani sababli Janubiy Koreyaning chiplar ishlab chiqarish sanoatiga katta zarar yetishi mumkinligi aytilmoqda.
Janubiy Koreyada butun jahonda ishlatiladigan chiplarning 50 foizdan ko‘prog‘i ishlab chiqiladi.
Shri Lanka, Bangladesh va Filippin kabi mamlakatlarda yoqilg‘ini tejash choralari ko‘rilmoqda.
Rejalash va diplomatiya yo‘lini tutgan Xitoy esa Erondan neft sotib olishni ko‘paytirgani ortidan bir necha oylik zaxirani g‘amlab qo‘ygani aytilmoqda.
Hindiston ham Rossiya neftiga vaqtincha yashil chiroq berilgani sababli shu yo‘lni tutgan.
Lekin energiya bozorining ertasi joriy urush qanday rivojlanishiga bog‘liqdir.





























