AQSh prezidenti Tramp: " F - 15 uchuvchisi qutqarildi!". Qutqaruv amaliyoti haqida nimalar ma’lum?

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

AQSh harbiylari Eron uzra urib tushirilgan F-15 qiruvchi uchog‘ining bedarak ketgan ikkinchi uchuvchisini topib, qutqarishgan.

Prezident Tramp bu haqda Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Janob Tramp uchuvchini qutqarish bo‘yicha amaliyotni "tarixdagi eng dovyurak qidiruv va qutqaruv amaliyoti", deya ta’riflagan.

F-15 uchog‘ida bo‘lgan yana bir uchuvchi avvalroq qutqarilgandi.

Eron rasmiylariga ko‘ra, uchoq mamlakat havo mudofaa tizimi yordamida urib tushirilgan.

Uchuvchilarni qidirish va qutqarish amaliyoti tafsilotlari asta-sekin oshkor bo‘lmoqda. Hozirga qadar bilganlarimiz:

Zobit qanday qutqarildi?

AQShning F-15 uchog‘i Eron janubi uzra juma kuni urib tushirilganidan so‘ng undagi uchuvchi qaerda ekanligini aniqlash uchun Eron va AQSh o‘rtasida "poyga" boshlangandi.

Amaliyot jarayoni bilan tanish bo‘lgan manbaning aytishicha, Eron janubida ulkan hududda qidiruv ishlari yo‘lga qo‘yilgandi.

BBC ga ma’lum bo‘lishicha, uchuvchini qutqarish onlarida Eron va AQSh harbiylari o‘rtasida otishma ham bo‘lib o‘tgan va uchuvchi uchoqdan chiqish vaqtida jarohat olgan bo‘lishi mumkin.

Urib tushirilgan harbiy uchoqlardagi zobitlarni qidirish va qutqarish amaliyotlari harbiy sohada eng murakkab va zudlik bilan amalga oshiriluvchi amallardan hisoblandi.

Bu kabi amaliyotlar ko‘pda tikucharlar yordamida amalga oshiriladi. Amaliyotda kengroq hududni kuzatish va kerak bo‘lgan vaqtda hujum qiluvchi uchoqlar ham ishlatiladi.

Ijtimoiy tarmoqdagi postida janob Tramp polkovnik unvonidagi uchuvchi "dushman chizig‘i ortida, Eronning tog‘li hududida, raqib kuchlari tobora yaqinlashib kelayotgan joyda" bo‘lganligini aytgan.

Prezident Tramp shuningdek, amaliyot mobaynida Eron havo hududiga o‘nlab uchoqlar yuborilgani va hech qanday qurbonlarsiz bajarilganini aytgan.

Eron matbuoti qidiruv amaliyoti mobaynida AQSh dronlaridan biri urib tushirilganligini xabar bergan.

Avvalroq Eron bedarak ketgan uchuvchini tiriklayin qo‘lga olish istagida ekanligi va uni topishga yordam berganlar uchun mukofot ham e’lon qilgandi.

Harbiy uchoq uchuvchilari bu kabi vaziyatga shay bo‘lish uchun mufassal mashqlardan o‘tkazilgan bo‘ladi.

Harbiy ekspert Jenifer Kavananing BBCga aytishicha, "ularning asosiy vazifasi tirik qolish va qo‘lga tushishdan saqlanishdir".

"Ularga jarohat olmagan va jismonan imkonli bo‘lgan vaziyatda uchoq urib tushirilgan yerdan iloji boricha uzoqroqqa ketish va yashirinish yo‘llari o‘rgatiladi".

Unga ko‘ra, shuningdek suv va oziq-ovqatsiz uzoq muddat omon qolish taktikasi ham o‘rgatiladi.

Uchoq aynan qaerda urib tushirilgandi?

Eron davlat matbuoti AQSh uchog‘i juma kuni Eron janubida urib tushirilganligini xabar bergandi.

Uchoqning urib tushirilgan yeri aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, matbuotda 2 ehtimoliy viloyat tilga olingan -Ko‘hgilue va Boyir-Ahmad, va Xuziston.

Uchoqdagi birinchi uchuvchini qutqarish jarayonida qatnashgan A-10 Warthog ham uchog‘i Fors ko‘rfazi uzra urib tushirilib, uchuvchisini qutqarib olingandi.

AQSh matbuotiga xabarlariga ko‘ra, F-15 uchog‘ining qutqarilgan uchuvchisini olib ketayotgan tikuchar ham yengil o‘q otar qurolidan o‘qqa tutilgan va tikuchardagi bir zobit jarohat olgan ammo eson-omon manzilga yetib, qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan.

Eron Islom Inqilob qo‘riqchilari gvardiyasining ma’lum qilishicha, qutqaruv amaliyoti ketayotgan hududda yashovchi mahalliy qabilalar amaliyotda ishtirok etayotgan AQShning 2 Black Hawk tikucharini ham urib tushirishga muvaffaq bo‘lishgan.

BBC 3 qurollangan shaxsning kamida 2 ta Black Hawk tikuchariga qarab o‘q otayotgan vaqti olingan videoni tasdiqlay olgan.

Ko‘hgulie va Boyir-Ahmad viloyatida mahalliy qabilalar doxil 700,000 ming aholi yashaydi.

Mahalliy qabilalar o‘z jamloqlari va podalarini yovvoyi hayvonlar va o‘g‘rilardan himoya qilish uchun qurolga ega ekanliklari aytiladi.

Xuziston viloyati neft doxil qator sanoatlar markazi hisoblanadi.

Viloyatda arablar, forslar va qator boshqa etnik guruhlar doxil 4.7 million aholi yashaydi.

F-15 qanday uchoq?

Surat manbasi, US Air Force via Getty Images

F-15 harbiy uchoqlari ham yerdagi va ham havodagi nishonlarga hujum qila oladi. Eronda katta ehtimol bilan bu uchoqlar dron va raketalarni urib tushirishda foydalanilgan.

Uchoq lazer va GPS uskunalari yordamida yerdagi ob’ektlarni aniq nishonga oluvchi bombalarni tashlay oladi.

Uchoqda 2 zobit bo‘ladi. Biri oldingi o‘rindiqdagi uchuvchi va orqa o‘rindiqda qurollarni boshqaruvchi zobit.

Qurollarni boshqaruvchi zobit "Wizzo" nomli tizim orqali nishonlarni aniqlaydi va lozim bo‘lgan hujum parametrlarini tanlaydi.

F-15 uchog‘i aynan qanday va nima bilan urib tushirilgan hozircha ma’lum emas, lekin agar Eron tomonidan urib tushirilgani rost bo‘lsa, katta ehtimol bilan yerdan otilgan raketa yordamida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.