Qora energiya yanada g‘alati tus oldi va nega Koinot "Katta ciqilish" bilan poyoniga yetishi mumkin

Surat manbasi, KPNO/NOIRLab

Surat tagso‘zi, Arizona cho‘lidagi teleskop fazodagi uzoq millionlab galaktikalarni kuzatadi
    • Author, Pallab Ghosh
  • O'qilish vaqti: 5 daq

"Qora energiya" deb atalgan sirli kuch fazo va vaqt haqidagi hozirgi tushunchamizga zid ravishda o‘zgarib borayotganini ko‘rsatuvchi so‘nggi dalillar bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Janubiy Koreya olimlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, Koinot kengayishda davom etish o‘rniga, aksincha, galaktikalar gravitatsiya ta’sirida bir-biriga yaqinlashayapti va bu jarayon astronomlar "Katta ciqilish" deb atagan hodisa bilan yakunlanishi mumkin.

Tadqiqotchi olimlar fikricha, ular astronomiyada bir avlod davomida qilingan eng katta kashfiyotlardan birini amalga oshirish arafasida turibdilar.

Boshqa astronomlar bu topilmalarni shubha ostiga olsa-da, Janubiy Koreya jamoasining da’volarini butunlay rad eta olganlari yo‘q.

Surat manbasi, NASA/ESA

Surat tagso‘zi, Bular "Habbl" fazo teleskopi "tutgan" galaktikalar. Qora energiya ularni tobora oshib borayotgan tezlik bilan har tarafga "quvayapti".

Qora energiya nima?

Ilgari astronomlar taxminan 13,8 milliard yil oldin Katta portlashdan boshlangan Koinot kengayishi tortishish kuchi tufayli asta sekinlashishi kerak deb hisoblashgan.

1998 yilda esa koinotning kengayishini tezlashtiruvchi kuch sifatida qora energiya mavjudligi aniqlandi. «Supernova» deb atalgan juda yorqin portlovchi yulduzlarni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, uzoq galaktikalar sekinlashish o‘rniga, bir-biridan tezroq uzoqlashmoqda.

Ba’zi nazariyalarga ko‘ra, tobora tezlashib borayotgan Koinot dastlab yulduzlarni bir-biridan shunchalik uzoqlashtirishi mumkinki, tungi osmonda deyarli hech narsa ko‘rinmay qoladi va, bundan ham dahshatlirog‘i, oxir-oqibat "Katta uzilish" jarayonida hatto atomlarni ham parchalab yuborishi mumkin.

Bahs-munozaralar mart oyida Arizona cho‘lidagi teleskopga o‘rnatilgan Qora energiya spektroskopik asbobi (DESI) kutilmagan natijalar berganidan so‘ng boshlandi.

DESI qora energiya haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun yasalgan edi. U millionlab galaktikalarning tezlanishini daqiq tafsilotlarigacha kuzatib bordi, ammo astronomlar bunday natijalarni kutmagandi.

DESI loyihasi bilan shug‘ullanuvchi London Universitet kolleji professori Ofer Lexavning aytishicha, ma’lumotlar galaktikalarning tezlanishi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarganiga ishora qilgan, bu esa mavjud tasavvurlarga mos kelmaydi.

"Endi bu o‘zgaruvchan qora energiya avval ko‘tarilib, keyin pasayib borar ekan, bizga yangi mexanizm kerak bo‘ladi. Bu esa butun fizikada jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin," deydi u.

Noyabrь oyida Qirollik Astronomiya Jamiyati (RAS) Janubiy Koreya jamoasining qora energiyaning g‘alati xususiyatlari yanada g‘aroyibroq ekanligini tasdiqlaydigan tadqiqotini e’lon qildi.

Seuldagi Yonsey universiteti professori Yang Vuk Li va uning jamoasi 27 yil oldin birinchi marta qora energiyani kashf etishga yordam bergan supernova ma’lumotlarini qayta ko‘rib chiqdi. Ular bu yulduzlar portlashi bir xil yorqinlikka ega deb hisoblash o‘rniga, ularni kelib chiqqan galaktikalarning yoshiga moslashtirdilar va supernovalarning haqiqiy yorqinligi qanday bo‘lganini aniqladilar.

Ushbu moslashtirishlar nafaqat qora energiyaning vaqt o‘tishi bilan o‘zgarganini, balki hayratlanarlisi, tezlanish sekinlashayotganini ko‘rsatdi.

"Koinot taqdiri o‘zgaradi," deydi professor Li BBC News'ga qat’iy ohangda.

"Agar qora energiya doimiy bo‘lmasa va u zaiflashsa, bu zamonaviy kosmologiyaning butun paradigmasini o‘zgartiradi."

Agar professor Lining natijalariga ko‘ra, galaktikalarni bir-biridan uzoqlashtiruvchi kuch – qora energiya zaiflashayotgan bo‘lsa, u shunchalik kuchsizlanishi mumkinki, tortishish kuchi galaktikalarni qaytadan bir-biriga torta boshlaydi.

"Koinot Katta uzilish bilan yakunlanish o‘rniga, endi Katta siqilish sodir bo‘lishi mumkin.

Qaysi natija ustun kelishi qora energiyaning haqiqiy tabiatiga bog‘liq, biz hali ham buning javobini bilmaymiz," deydi professor Li.

Professor Lining ishlarini hamkasb ekspertlar tekshirgan va RAS'ning nufuzli jurnalida chop etilgan. Ammo uning xulosalarini Kembrij universiteti Astronomiya instituti professori Jorj Efstatiu kabi sohadagi ko‘plab yetakchi astronomlar qabul qilmagan.

"Menimcha, bu shunchaki supernovalarning tartibsiz xususiyatlarini aks ettiradi, – deydi u. – Yosh bilan bog‘liqlik unchalik kuchli emas, shuning uchun «korrektsiya» qilish xavfli deb o‘ylayman. Bu men uchun ishonarli emas."

Ko‘pchilik olimlar fikricha, Koinot hamon deyarli o‘zgarmas qora energiya ta’sirida tezlashmoqda.

Ammo professor Li bunday tanqidlarga qattiq e’tiroz bildiradi.

"Bizning ma’lumotlarimiz 300 ta galaktikaga asoslangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu tasodif bo‘lish ehtimoli trilliondan birga teng. Tadqiqotimiz juda katta ahamiyatga ega ekanligiga ishonchim komil."

Surat manbasi, Marilyn Sargent/Berkeley Lab

Surat tagso‘zi, Teleskop ichidagi jihoz bir vaqtning o‘zida 5000 galaktika harakatlanishini kuzata olishi mumkin

Janubiy Koreya olimlari tadqiqoti natijalaridan so‘ng, ikki guruh tadqiqotchilar ba’zi supernovalarning yorqinligini qayta baholadi. Ular mart oyidagi DESI natijalariga asos bo‘lgan oldingi tadqiqotni ko‘rib chiqdilar. Qora energiya o‘zgarayotgani haqidagi da’vo juda bahsli bo‘lgani uchun mart oyidagi natijalarni qayta tekshirish maqsadida shunday qilishga to‘g‘ri keldi.

Ikkala guruh ham dastlabki taxminlardan biroz chekingan bo‘lsa-da, chuqur tekshiruvlardan so‘ng ham bu taxminlar butunlay rad etilmadi.

Shu sababli, koinot bizga o‘zining asl tabiati haqida sekin-asta ma’lumot beryaptimi yoki astronomlar samoviy sarob ketidan quvyaptimi – bu boradagi qizg‘in munozaralar davom etaveradi.

Ushbu mavzu bo‘yicha yuzlab ilmiy maqolalar chop etilgan va astronomlar qaysi tushuntirish eng yaxshisi ekani masalasida yakdil emas. RAS direktori o‘rinbosari, professor Robert Massining fikricha, bu yomon emas.

"Koinot qanday tugashini va qanday boshlanganini tushunishni kim istamasligi mumkin? – deydi u. – Insoniyat, diniy nuqtai nazardanmi yoki ilmiy nuqtai nazardanmi, bundan qat’i nazar, doimo bunga qiziqib kelgan."

"O‘ylab ko‘ring, milliardlab yillardan so‘ng hamma narsa qanday tugashini bilish imkoniyati ajoyib emasmi?"