Yangilanmoqda: Ramazon hayiti va Navro‘zda Tehronga yana hujumlar. Tramp NATOga: "Qo‘rqoqlar" (Video)

Surat manbasi, Getty Images
Tramp NATOga: "Qo‘rqoqlar"
AQSh prezidenti Donald Tramp NATOdagi ittifoqdoshlarni "qo‘rqoq", deya ta’riflab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash ular uchun oson vazifa bo‘lishini aytdi.
Janob Tarmp o‘zining Truth Social Ijtimoiy tarmog‘ida quyidagi xabarni yozgan:
"AQShsiz NATO qog‘ozdagi yo‘lbars xolos! Ular yadro quroliga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan Eronni to‘xtatib qolish kurashiga qo‘shilishni istashmaydi."
"Hozirda kurashda harbiy jihatdan G‘ALABA qilingan ekan, ular neft uchun yuqori narx to‘lashga majbur ekanliklaridan shikoyat qilishmoqda. Ammo Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishdan bosh tortishmoqda."
"Ular uchun bu oson ish va xavfi ham juda kam. QO‘RQOQLAR, va biz buni eslab qolamiz"."

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan jahon neftining 20 foizi olib o‘tiladi.
AQSh-Isroil Eronga qarshi urushni boshlaganidan beri Eron bo‘g‘ozni yopib qo‘ygan.
Odatda bo‘g‘ozdan oyiga taxminan 3 ming kema o‘tardi.
Hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan g‘arbda Fors ko‘rfazi mintaqasida 20 ming kema tiqilib qolgan.
Bo‘g‘oz yopilib qolganidan beri jahon bozorlarida neft narxi keskin ko‘tarilib ketgan.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qanday qilib yopti?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Eron urushining falastinlik qurbonlari

Surat manbasi, Getty Images
19 mart, chorshanba kuni Eronning raketa hujumi mobaynida Isroil ishg‘oli ostida bo‘lgan G‘arbiy sohilda 3 falastinlik ayol halok bo‘lgan. Yana 8 ayol jarohatlangan.
Isroil harbiylarining da’vo qilishlaricha, ayollar "sochma bomba tashuvchi Eron raketasining go‘zallik saloniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib tushishi" oqibatida halok bo‘lishgan.
Falastin Qizil Xoch tashkiloti esa, fojia raketa bo‘laklari kelib tushishi natijasida ro‘y berganligini aytmoqda.
Guvohlar bomba yoki bombaning bir qismi go‘zallik saloni sifatida ishlatilayotgan temir konteyner yaqiniga kelib tushagani va bir parchasi salonga borib tekkanini aytishgan.
Salon yaqinida Ramazon hayiti arafasida o‘zlariga oro berish uchun kelgan ayollar navbat kutib turishgan bo‘lgan.
Falastin rasmiy xabar agentligi Wafa G‘arbiy sohilning yana bir qator yerlariga raketa yoki urib tushirilgan raketa parchalari kelib tushganligini xabar bergan.
Bu 3 ayol Eron urushi davrida G‘arbiy sohilda halok bo‘lgan ilk falastinliklardir.

Surat manbasi, Getty Images
Eron doxil musulmon olami Ramazon hayitini nishonlar ekan o‘tgan kecha Tehronga yana havo hujumlari amalga oshirilgan.
Quddus uzra otilgan raketalarning urib tushirilishi sababli shahar uzra portlashlar sadosi eshitilgan.
Shu bilan birga Quvaytdagi yirik neft ishlab korxonasi Eron tomonidan dron hujumiga tutilgan va yirik yong‘in kelib chiqqan.
Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Bahrayn ham raketa va dron hujumlariga yuz tutganlarini ma’lum qilishgan.
Qatar Energetika vazirligining bildirishicha, mamlakatdagi jahonda eng yirik suyultirilgan gaz korxonasi Ras Laffanga shu hafta boshida qilingan 2 hujum oqibatida yetkazilgan zarar tufayli sanoatga milliardlab dollar zarar yetkazilgan. Qatarning suyultirilgan gaz eksporti kelgusi 5 yil ichida 17 foizga kamroq bo‘lishi ham aytilgan.
Ayni vaqtda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu AQSh prezidenti Tramp so‘rovi bilan Erondagi neft konlariga hujumlarni "to‘xtatib turish"i haqida bildirgan.
Eron matbuoti Inqilob Qo‘riqchilari gvardiyasining so‘zchisi Ali Muhammad Nainiy o‘ldirilganligi haqidagi bayonotni chop etgan.
Eron nechta raketa otdi va qaysi tomon?

Surat manbasi, WANA via Reuters
Eron oxirgi kunlarda Quddus tomon raketa hujumlari sur’atini oshirgani xabar berilmoqda.
20 mart, jumaga o‘tar kechasi bir yarim soat ichida Eron Quddusga 4 hujumni amalga oshirgan. Ertalabga yaqin yana 2 hujum qilingan. Talafotlar haqida ma’lumot yo‘q.
Shuningdek, Isroil shimoli va janubi tomon ham raketa hujumlari qilingan.
Isroil harbiylari Eron 150 ta raketa otish uskunasi va bir necha yuz ballistik raketaga hanuz ega ekanligini taxmin qilishgan.
Isroilning Kan News xabar agentliligiga ko‘ra, urush boshidan beri Eron 900 ta ballistik raketa otgan. Shundan 350 tasi Isroilni nishonga olgan, qolganlari Fors ko‘rfazi davlatlarini.
Isroil Eronning yangi raketalarni ishlab chiqarish qobiliyatini yo‘q qilganligini da’vo qilsa ham, Inqilob Qo‘riqchilari gvardiyasi so‘zchisi mamlakat raketa sanoati urush davrida ham yuqori ko‘lamda ishlayotganligini bildirgan.
Neft va gaz narxi ko‘tarilmoqda - AQSh nima qilmoqchi?

Surat manbasi, Getty Images
Yaqin Sharqdagi harbiy to‘qnashuvlar tufayli dunyo bozorida yoqilg‘i va energiya narxi keskin ko‘tarilib ketish xavfi paydo bo‘ldi.
Mintaqadagi muhim gaz va neft ob’ektlariga, xususan, Qatarning yirik energetika majmuasiga qilingan hujumlar ortidan Yevropada gaz narxi ikki baravardan ko‘proqqa qimmatlashdi.
Bunday sharoitda AQSh hukumati global iqtisodiyotni qutqarish uchun o‘ziga xos strategiyani ishga tushirmoqda.
AQSh G‘aznachilik kotibi Skott Bessentning ma’lum qilishicha, hozirda Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Gap shundaki, ayni damda dengizdagi tankerlarda 140 million barrel Eron nefti turibdi. Bu neftning bozorga chiqishiga ruxsat berish orqali AQSh dunyo bo‘ylab yoqilg‘i tanqisligining oldini olmoqchi. Bu ko‘rsatkich butun dunyoning bir yarim kunlik ehtiyojini qoplashga yetadi.
Bundan tashqari, narxlarni past darajada ushlab turish uchun AQSh o‘zining strategik zaxiralaridan 172 million barrel neftni ham muomalaga chiqardi va Rossiya neftiga qo‘yilgan ayrim taqiqlarni to‘xtatib turibdi.
Bu harakatlar bozorda neft ko‘payishiga va natijada narxlarning tushishiga xizmat qiladi.
Bessentning ta’kidlashicha, AQSh "Eron neftini Eronning o‘ziga qarshi" ishlatmoqda.
Ya’ni, bozor neftga to‘ldirilsa, uning narxi arzonlashadi. Narx arzon bo‘lsa, Eron har bir sotgan litr neftidan ancha kam foyda oladi va urush harakatlarini moliyalashtirish imkoniyati kamayadi.
Shu tariqa, AQSh bir o‘q bilan ikki quyonni urishni - ham dunyoda benzin narxi oshib ketishining oldini olishni, ham dushman davlatlarning daromadini jilovlashni maqsad qilgan.
AQShning bunday iqtisodiy aralashuviga global energiya ta’minotiga bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidlar sabab bo‘ldi.
Eron o‘zining "Janubiy Pars" gaz koniga qilingan zarbadan so‘ng, Fors ko‘rfazidagi AQShga aloqador "neft va gazni qayta ishlash zavodlarini" nishonga olish bilan tahdid qildi.
Ushbu tahdid chorshanba kuni Qatarning "Ras Laffan" energetika majmuasiga qilingan javob hujumlarida namoyon bo‘ldi. Majmuaga payshanba tongida yana zarba berildi, natijada talofatlar qayd etildi, ammo qurbonlar yo‘q.
Energetika sektoridagi oqibatlar darhol va keskin sezildi.
Buyuk Britaniya va Yevropadagi ulgurji gaz narxlari "Ras Laffan"ga qilingan ilk hujumdan so‘ng savdolarning boshida 25% dan ko‘proqqa ko‘tarildi, keyinchalik biroz pasaydi.
Hozirda Yevropada gaz narxi mojaro boshlanishidan oldingi darajaga nisbatan ikki baravardan ko‘proq yuqori.
Mintaqaviy harbiy keskinlikning kengayishi

Surat manbasi, Frank Gardner/BBC
Qatarga qilingan hujumlar Yaqin Sharqning bir qancha davlatlarida tun bo‘yi amalga oshirilgan keng ko‘lamli harbiy harakatlarning bir qismidir.
Saudiya Arabistoni: Mudofaa vazirligi poytaxt Ar-Riyod va sharqiy hududlar uzra 17 ta dron va ikkita ballistik raketa urib tushirilganini ma’lum qildi va chorshanba oqshomida yetti marta tezkor xabar e’lon qildi.
Birlashgan Arab Amirliklari: Taxminan soat 03:30 larda BAA havo hujumidan mudofaa tizimlari ballistik raketalarni tutib qolayotgani, qiruvchi samolyotlar esa dronlarga qarshi kurashayotganini xabar qildi.
Bahrayn va Quvayt: Bahrayn tun davomida aholini boshpanalarga borishga chaqiruvchi uchta alohida ogohlantirish berdi. Quvayt harbiylari ham "dushmanona raketa va dron hujumlariga" faol qarshilik ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan tinch aholi hayotiga xavf soluvchi va infratuzilmalarni nishonga oluvchi bu hujumlarni keskin qoralab, ularni hech qachon oqlab bo‘lmasligini ta’kidladi.
Qatar tomoni esa diplomatik muloqot hamon yagona yechim ekanini aytsa-da, Eronning o‘z qo‘shnilariga hujum qilishi orasidagi ishonchni butunlay yo‘qqa chiqarganini bildirdi. Qatar Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu urushni aslida Isroil boshlagan, ammo Eron bunga javoban o‘z qo‘shnilarini nishonga olishni tanlagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Eron "keskin va murosasiz" javob bilan tahdid qilmoqda

Surat manbasi, Getty Images
Mintaqaviy hujumlar fonida Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Qatarning "Ras Laffan" majmuasiga qilingan zarba Eron harbiy qudratining faqat "kichik bir qismi" ekanini aytdi. X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Araqchi Eronning "vazminlik ko‘rsatishiga yagona sabab so‘ralgan de-eskalatsiyaga bo‘lgan hurmat" ekanini da’vo qildi. Biroq, u AQSh, Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlarini ogohlantirib, agar Eron infratuzilmasi yana nishonga olinsa, "keskin va murosasiz" harakat qilishini bildirdi. Araqchi, shuningdek, urushni tugatish bo‘yicha har qanday kelishuv Eronning fuqarolik ob’ektlariga yetkazilgan zararni qoplash masalasini o‘z ichiga olishi shartligini ta’kidladi.





























