10 daqiqaning ichida 100 ta zarba – Eron sulhi chippakka chiqadimi, Al-Aqso masjidi nima bo‘ladi – Isroil bugun Quddusdagi muqaddas qadamjolarni ochmoqchi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Kecha, chorshanba kuni Isroil Livanga 10 daqiqaning ichida 100 ta zarba bergan.
O'qilish vaqti: 8 daq

Yaqin Sharqdan so‘nggi tafsilotlar.

Avvaliga qisqa satrlarda:

  • Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining BBC ga aytishicha, Isroilning kecha, chorshanba kuni Livanga uyushtirgan hujumlari AQSh va Eron o‘rtasidagi muvaqqat sulh kelishuvini "jiddiy buzgan".
  • Said Xatibzoda Isroilni Livandagi "qirg‘in"da ayblagan - sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni u yerda 203 kishi o‘ldirilgan.
  • Xatibzoda, shuningdek, agar AQSh "tajovuz"idan qaytsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilishini ham aytgan.

Muvaqqat sulh buziladimi?

Ugo Bachega

BBC ning Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri, Bayrut

Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi urush muvaqqat otashkesimni chippakka chiqaradimi?

Bu hozir ochiq qolayotgan savollardan biri.

Isroil Livandagi urushi hali bitmaganini aytmoqda.

Hizbulloh Isroilning hujumlariga javob qaytarishga haqlimiz, deb turibdi.

Guruh Isroil shimolini raketa hujumiga ham tutdi.

AQSh va Eron o‘rtasidagi muvaqqat otashkesim Livanni ham qamrash-qamramasligi hamon bahs ostida.

Kecha, chorshanba kuni Isroil Livanga eng qattiq zarbasini berdi.

Isroil Livanni 10 daqiqa to‘xtovsiz hujumga tutdi.

Sog‘liqni Saqlash vazirligi bildirishicha, ular kamida 182 kishini o‘ldirgan va 800 dan ortig‘ini yaralagan.

Bayrutdagi hujum nishoniga aylangan eng yirik sathda favqulodda xizmat xodimlari soatlab ishlashdi.

Poytaxt markaziga yaqin yerda buncha vayronagarchilik yuz berganiga ishonish qiyin.

Isroilning hujumlari Abdulqodir Mahfuz akasini ko‘rgani kelgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Bu hujumlar uning akasini ham yaralagan.

"Bu yerda tana parchalari ko‘p edi. Faqat odamlarga zarar yetayapti. Ular nima qilishlari kerak. Qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Qaniydi bomba bo‘lsam edi, deyman. Shunda kim javobgar bo‘lsa, portlata olgan bo‘lardim. Dushmanda rahm-shafqat yo‘q", - deydi u.

Livandagi ko‘pchilik Hizbullohdan g‘azabda.

Ularga ko‘ra, guruh mamlakatni istalmagan urushga tortgan.

Odamlar Livanni buncha vayron qilgani uchun Isroildan ham norozi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Otashkesim kuchda qolishi qanchalik imkonli?

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh va Eron o‘rtasidagi muvaqqat otashkesim Livanni ham qamrash-qamramasligi hamon bahs ostida.

Nik Bik

BBC, Quddusi Sharif

Endi bu kengroq sulh qanchalik barqaror, degan savol tug‘iladi.

Kecha, chorshanba kuni Isroil Livanga 10 daqiqaning ichida 100 ta zarba berdi.

Eron hujumlar to‘xtamasa, jim turmasligi, javob qaytarishi bilan tahdid qilmoqda.

Prezident Tramp isroilliklar Eron bilan kelishuv shartlarini buzmayotganiga ishora qildi – Livan bilan bog‘lig‘ini "alohida mojaro", deb atadi.

Eslatib o‘tamiz:

  • So‘nggi olti hafta ichida Livanda 1500 kishi halok bo‘ldi;
  • Qurbonlardan 130 nafari bolalar;
  • Bir milliondan ortiq odam esa, o‘z turar-joylarini tashlab chiqdi.

Isroil Bosh vaziri Netanyahu, uning fikricha, AQSh prezidentini Eronga zarba berish vau yerdagi rejimni ag‘darish uchun qo‘shma amaliyot boshlashga ko‘ndirish bilan o‘zining bir umrlik siyosiy ambitsiyalariga erishgan.

Kecha kechqurun uning Tramp o‘z fikridan qaytgani va Tehronga zarba berishni to‘xtatayotgani haqida faqat eng so‘nggida xabar topganiga oid gap-so‘zlarni rad etishiga to‘g‘ri keldi.

Netanyahu, shuningdek, agar lozim bo‘lsa, Isroil Eron bilan urushni qayta boshlashga tayyor turishiga ham va’da berdi.

Muxolifatdagi siyosatchilarning aytishicha, u o‘z harbiy maqsadlariga erisha olmagan:

  • Muzokaralar stoliga taklif qilinmagan;
  • Faqat yadroviy qurol ishlab chiqarishga har qachongidan ham intiqroq bo‘lgan yanada qasoskor Eronni yaratgan;

Ammo Isroilning Livandagi Hizbulloh guruhiga qaratilgan, insoniy va moddiy talafotlar bilan kechayotgan urushi bu yaqin istiqbolda shundoq ham mo‘rt bo‘lgan sulh uchun jiddiy bosim.

Isroil Quddusdagi muqaddas qadamjolarni ochmoqda

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Quddusdagi muqaddas qadamjolar Ramazon Hayiti, Pasxa kabi yirik diniy ayyomlarda ham ochilmagan, Fisihda ham juda cheklangan sondagi ruhoniylarning sathga kirishiga izn berilgan.

Joel Gyunter

BBC muxbiri, Quddus

Isroil politsiyasi Quddusning muqaddas qadamjolari Yaqin Sharqdagi mojaroda erishilgan vaqtinchalik sulh kelishuvi ortidan ziyoratchilar va ibodat qiluvchilar uchun qayta ochilishini aytdi.

Bu Al-Aqso masjidi majmuasi, Yig‘i devori va Muqaddas qabr cherkovini ham o‘z ichiga oladi.

Quddusning Eski shahar qismida joylashgan bu sathlar uch yirik din - Islom, yahudiylik va nasroniylikda muqaddas, deb sanaladi.

Ular olti hafta avval Isroil va AQSh Eronga boshlagan urush tufayli yopilgan.

Ramazon Hayiti, Pasxa kabi yirik diniy ayyomlarda ham ochilmagan, Fisihda ham juda cheklangan sondagi ruhoniylarning sathga kirishiga izn berilgan.

Odatda odamlar, tojirlar, sayyohlar va ibodatchilar bilan gavjum bo‘lgan Eski shahar bu orada tinchib qolgan, ko‘plab do‘kon va savdo rastalari umuman ochilmagan.

Politsiyaning ta’kidlashicha, muqaddas qadamjolar bugun, payshanba kuni ertalab qayta ochiladi.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun u yerga yuzlab qo‘shimcha zobitlar yuboriladi.

Odamlardan esa, tirbandlik hollari yuzaga kelgan taqdirda, sabr-toqatli bo‘lishlari so‘ralgan.

BBC.COM/UZBEK. Qisqacha ma’lumot o‘rnida:

Al-Aqso Isroil-Falastin mojarosi tarixidagi eng qonlilaridan biri bo‘lgan 2021 yilgi qurolli nizolarning ham markazida turgan.

Voqealar o‘shanda prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston musulmonlarining ham e’tiboridan chetda qolmagan.

O‘zbekiston o‘sha yillari ustma-ust rasmiy bayonot bilan chiqqan.

Rasmiy Toshkent Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini ta’minlashga chaqirgan.

"Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini - status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur, deb hisoblash"larini rasman bayon qilgandi.

O‘zbekiston postsovet makonidagi eng yirik musulmon davlati bo‘ladi.

Rasmiy Toshkent kecha, 8 aprel kuni Pokiston rahbariyati vositachiligida Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va sulh o‘rnatilishi e’lon qilinganini olqishlagan.

Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqqan.

8 aprel: Eron va AQSh o‘rtasida 2 haftalik shartli otashkesim. Isroilning Livanga qarshi hujumlari davom etmoqda

Surat manbasi, Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun ochilishi sharti bilan 2 haftalik otashkesim e’lon qildi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, "agarda Eronga qarshi hujumlar to‘xtatilsa" Eron otashkesimga rozi bo‘ladi.

Isroil otashkesimni qo‘llashi, ammo bunga Livan doxil emasligini bildirgan.

Otashkesim haqidagi e’lon prezident Tramp tomonidan dushanba kuni tunga qadar berilgan muhlat tugashidan avval qilingan. Aks holda AQSh prezidenti "butun boshli tamaddun yo‘q qilinishi" bilan po‘pisa qilgandi.

Ikki tomon o‘rtasida vositachilik qilayotgan Pokiston tomonlarni juma kuni Islomobodga muzokaralar uchun da’vat qilgan.

Eronning otashkesim shartlari

Surat manbasi, IRINN

Surat tagso‘zi, Otashkesim haqidagi e’lon Eron televideniesi orqali berildi.

Eron davlat matbuoti Eron otashkesimga rozi bo‘lishi uchun quyidagi shartlarni ilgari surganini ma’lum qilgan:

1. Iroq, Livan va Yamanga ham hujumlarni to‘xtatish

2. Eronga qarshi urushni to‘liq va mutlaqo muddatlarsiz to‘xtatish

3. Butun mintaqa bo‘ylab har qanday mojaroga chek qo‘yish

4. Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish

5. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi erkinligi va xavfsizligini ta’minlovchi protokollarni ishlab chiqish

6. Erondagi vayronagarchiliklarni qayta qurish uchun to‘liq tovon to‘lash

7. Eronga qarshi jazo choralarini bekor qilishga sodiqlik

8. AQSh tomonidan muzlatilgan mablag‘larni ozod qilish

9. Eron har qanday yadro quroliga ega bo‘lish harakatlarini amalga oshirmaydi

10. Bu shartlarga kelishilgan holatda otashkesim hamma jabhalarda kuchga kiradi.

Tramp uchun urushdan chiqishning qimmatga tushadigan yo‘li

Vashingtogn vaqti bilan soat 18:32 da AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Eron bilan muzokaralarga yo‘l ochish uchun 2 haftalik otashkesim haqida kelishuvga erishilganligini ma’lum qildi.

Soat 20.00 ga qadar kelishuvga erishilmasa Eron energiya va transport infratuzilmalari yer bilan yakson qilinishi haqida aytilgan muhlat yaqinlashib kelmoqda edi.

Bu kelishuv janob Trampga yo urushni kuchaytirish yo o‘z obro‘siga putur yetkazib, aytgan so‘zidan ortga chekinish kabi o‘ta mushkul tanlovdan bir qadar tin olishga imkon yaratadi.

Lekin bu tin olish muvaqqat bo‘lishi mumkinligi ehtimoli ham bor.

Endilikda Eron va AQSh doimiy kelishuvga erishish yo‘lida 2 haftalik muzokaralarni o‘tkazishlari nazarda tutilgan.

Muzokaralar qiyin o‘tishi bashorat qilinmoqda.

Ammo otashkesim haqidagi kelishuvdan so‘ng jahon bozorlarida neft narxi 100 dollardan kamroqqa tushdi va bu xushbinlik belgisi sifatida ko‘rilmoqda.

Amerika obro‘siga yetkazilgan zarar

Surat manbasi, Getty Images

Janob Trampning "butun boshli sivilizatsiya yer yuzidan yo‘q qilinadi" degan po‘pisasi otashkesimga ne qadar turtki berganini aytish qiyin, ammo AQSh prezidentining undan 2 kun avval hammani hayrat va dahshatga solgan so‘kinish so‘zlari bilan qilgan izhorotlari AQSh rahbariyati tarixida misli ko‘rilmagandir.

Hozirda erishilgan 2 haftalik muvaqqat otashkesim doimiy tinchlikka olib kelmasa ham Eron urushi butun jahonning AQShga nuqtai nazarini o‘zgartirib yubordi.

Bir vaqtlar jahon bo‘ylab barqarorlik poydevori sifatida ko‘rilgan AQSh hozirda xalqaro tartib asoslarini xatar ostiga qo‘ymoqda.

Dastlab ichki siyosatdagi an’ana va qabul qilingan normalarni buzgan prezident hozirda xalqaro sahnada ham shunday yo‘l tutmoqda.

Demokratlar partiyasi prezident Trampni qattiq tanqid qilib, "mamlakatni boshqarish uchun layoqatli emas" degan da’voni ham qilishdi.

Isroil Livan janubiga hujumlarni davom ettirmoqda

Surat manbasi, Getty Images

AQSh Eronni bombardimon qilishni to‘xtatgani va Pokistonning harbiy amaliyotlar to‘xtatilishi kerakligi haqidagi bayonotlariga qaramay, Isroil Livan janubiga hujum qilishda davom etmoqda.

Havo hujumlari, jumladan, janubiy Tir va Nabatiya shaharlarini ham nishonga oldi. Bu AQSh-Eron sulhi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘ldi.

Isroil "Hizbulloh" mavqelarini o‘qqa tutmoqda va Livan janubidagi aholini mahalni tashlab chiqishga da’vat qilgan. Bu holat sulh kelishuvi Livandagi "Hizbulloh"ga qarshi Isroil harbiy harakatlariga ham tegishli yoki yo‘qligi borasida noaniqlik mavjud bo‘lgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi hujumlarni ikki haftaga to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil Livanga hujum qilishni davom ettirishini ta’kidlamoqda, chunki u Eron bilan urushdagi sulh Livanga taalluqli emas deb hisoblaydi.

Bu Eron bilan otashkesimga erishish harakatlarida vositachilik qilgan Pokistonning Livandagi amaliyotlar ham to‘xtatilishi haqidagi bayonotiga zid keladi. Mojaroda vositachilik qilgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Eron va AQSh o‘rtasidagi ikki haftalik sulh "hamma joyda, jumladan, Livanda" ham amal qilishini aytgandi.

"Hizbulloh" o‘z navbatida otashkesimga erishilganidan beri Shimoliy Isroilni o‘qqa tutishni to‘xtatgan ko‘rinadi. 2-mart kuni Isroilga hujum qilib, Livanni Yaqin Sharq urushiga tortgan guruhning 8-aprel kuni soat 1:00 dan beri hech qanday hujumlari haqida xabarlar yo‘q.

"Hizbulloh" hozircha Isroilning yangi hujumlari haqida izoh bermadi. AQSh-Isroilning Eronga qarshi urushida otashkesim e’lon qilinganidan so‘ng, Livan rasmiylari "Livanni mintaqaviy tinchlikka integratsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni" davom ettirishlarini ma’lum qilishdi.

Biroq, sulh e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Isroil "Hizbulloh"ga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatish niyatida emasligi ma’lum bo‘ldi. Chorshanba kuni Isroil harbiylari Bayrutning janubiy chekkalari aholisini evakuatsiya qilishga chaqirdi.

Surat manbasi, Getty Images

Fors ko‘rfazi davlatlari uzra hujumlar

Eron bilan AQSh 2 haftalik otashkesim e’lon qilganlaridan so‘ng ham mintaqadagi ba’zi davlatlar Eron tomonidan hujumlar hanuz yuz berganini xabar qilishgan.

Bu hujumlar Eron rahbariyati farmoni asosida amalga oshirilayotganidan dalolat bermaydi. Chunki Eronda mintaqaviy qo‘mondonlarga hujumlarni amalga oshirish qarorini olish salohiyati berilgandi va otashkesim haqidagi kelishuv joylarga yetib borguniga qadar vaqt olishi mumkin.

Quvayt ertalab soat 8 dan boshlab Eron tomonidan muttasil hujumlar bo‘lganini ma’lum qilgan.

Rasmiylar 28 ta dron urib tushirilgani, ammo mamlakat neft, energiya va suvni sho‘rsizlantirish tizimiga katta moddiy zarar yetkazilganligini bildirishgan.

Birlashgan Arab Amirliklari Mudofaa vazirligi raketa va dronlarni urib tushirayotganini xabar bergan. Vazirlik xabarida hujumlar Eron tomonidan kelayotgani aytilgan. Aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya qilingan.

Avvalroq Bahraynda Eron dron hujumi oqibatida 2 inson jarohatlangani ma’lum qilingandi. Ammo bu hujumlar otashkesim e’lon qilinishidan so‘ng yuz berganmi yo‘qligi aytilmagan.