Putin labbay dedimi, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston-chi, nega kutilmagan qadamga bordi?

Surat manbasi, official/via/gazeta.uz
So‘nggi haftalarda postsovet makonidan ustma-ust kutilmagan xabarlar olindi.
Ozarbayjon va Rossiyadan keyin O‘zbekiston va Turkmaniston ham urush ichidagi Eronga insonparvarlik yordami yuborgani rasman xabar qilindi.
Yangilik mintaqada yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘ldi, tezda e’tiborga tushdi.
Turkmaniston Eronga chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.
Ozarbayjon esa, Armaniston bilan birga Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shni qolgan ikki postsovet davlati sirasiga kiradi.
Voqealarning bu kabi rivoji Eron bilan urushayotgan Tramp boshchiligidagi AQSh ma’muriyati bu davlatlar aksariyati bilan o‘z munosabatlarini kuchaytirish harakatida bo‘lgan bir paytda yuz berdi.
Bu esa, ketma-ket olingan ushbu xabarlar ahamiyatini yanada bo‘rttirdi, chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi, nega va qanday qilib, degan savollarga ham turtki bergan omilga aylandi.
AQSh va Isroilning Eron bilan urushi esa o‘zining uchinchi haftasiga kirib bormoqda.
Ustma-ust havo hujumlari bilan kechayotgan urush tomonlarga yetkazgan moddiy va insoniy talafotning bor ko‘lami halicha aniq ma’lum emas.
Aniq qancha sondagi odamga va aynan qanday yordam kerak ekani tafsilotlari ham noayon.
Rossiya

Surat manbasi, Contributor/Getty Images
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Eron uchun Ozarbayjonga 13 tonna insonparvarlik yordami yuborgan.
Ko‘makning dori-darmondan iborat ekani aytilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ish shaxsan prezidenti Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilgan.
Xabar Rossiya va Eron prezidentlarining 10 mart kungi telefon muloqotlaridan uch kun o‘tib olingan.
Eron urushi an’anador ittifoqchisi Rossiya qaerda qoldi, degan savollarni paydo qilib bo‘lgan bir manzarada bo‘y ko‘rsatgan.
Eron Rossiyaning Yaqin Sharqdagi an’anaviy ittifoqchisi sanalgan va muhim strategik sheriklari sirasiga ham kirgan.
Ammo rasmiy Kreml Eronga harbiy ko‘mak ko‘rsatishga hali-hanuz oshkora moyillik ko‘rsatmagan.
G‘arb esa bungacha Eronni Ukrainaga qarshi urushida Rossiyani harbiy jihatdan qo‘llab kelayotgan davlat sifatida ham tilga olgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Putin shu kunlarda AQSh prezidenti bilan telefon muloqotida Yaqin Sharq masalasida o‘zining yordamini taklif qilgan.
Tramp bilan urushga tezda chek qo‘yishga qaratilgan takliflari bilan o‘rtoqlashgani aytilgan.
Ammo, Trampning bildirishicha, Putinning bu taklifiga unga Ukraina urushini tugatsa, ko‘proq yordami tekkan bo‘lishini aytib javob bergan.
Aksariyat tahlilchilar esa, Eron urushidan aynan Rossiya yutishini aytib turishibdi.
Ularga ko‘ra, vositachilik istagi Rossiyaning xalqaro sahnadagi obro‘sini tiklashga yordam beradi.
Urush bois, neft narxlarining keskin ko‘tarilishi esa, Rossiyani qayta kuchaytirib, Ukraina urushida mavqeini yaxshilaydi.
Ayrim xalqaro tahlilchilar fikricha, Rossiya Eron urushidan ham diplomatik va ham iqtisodiy jihatdan yutadi.
Ozarbayjon

Surat manbasi, Azerbaijani Presidency/Handout/Anadolu via Getty Images
Xabarlarga ko‘ra, Eron prezidenti gumanitar yordam yuborish istagi uchun Ozarbayjon rahbariga hali 8 mart kungi telefon muloqoti chog‘ida o‘zining minnatdorligini bildirgan.
10 mart kuni esa, Ozarbayjon prezidenti Eronga insonparvarlik yordami jo‘natilishini buyurganiga oid xabarlar olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Ozarbayjon Eronga tonnalab un, guruch, shakar, suv, dori-darmon va tibbiy buyumlar yuborgan.
Xabarlarda Eronga Ozarbayjon tomoni insonparvarlik ko‘magining umumiy miqdori 20 tonnadan ortishi aytilgan.
Ammo Ozarbayjon so‘nggi urush fonida Erondan hujumga uchragan davlatlardan biriga ham aylangan.
Rasmiy Boku yaqinda Eron bilan chegaradosh Naxichevan eksklaviga qilingan dron hujumida Tehronni ayblagan.
Hujum natijasida aeroport terminaliga zarar yetgan.
Maktab yaqinida portlagan dron tinch aholini jarohatlagan.
Prezident Ilhom Aliev ushbu voqeani "terrorchilik amali", deb qoralagan.
Tehrondan tushuntirish va uzr so‘rashni talab qilgan.
Ozarbayjon bunga javoban Erondagi diplomatik xodimlarini olib chiqib ketayotganini ham ma’lum qilgan.
Davlat ommaviy axborot vositalari esa, mamlakat armiyasi yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilganini xabar qilishgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 8 mart kungi telefon qo‘ng‘irog‘i chog‘ida Eron prezidenti Alievga dron hujumiga o‘zlarining hech bir aloqalari yo‘qligini aytgan, voqea tekshirilishini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Ilhom Aliev ham buning muhimligini urg‘ulagani aytilgan.
Orada Ozarbayjon prezidentining Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan Eron tomoniga rasman hamdardlik bildirgani ham xabar qilingan.
Ozarbayjon hukumati bu kabi qadamga borgan sanoqli davlatlar safidan joy olgan.
Bugun, 18 mart kuni rasmiy Boku Navro‘z ayyomi arafasida Eronga yana insonparvarlik yordami yuborayotgani, bu galgisining avvalgisidan bir necha bor ko‘p ekaniga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
O‘zbekiston

Surat manbasi, Uzbekistan Presidency / Handout/Anadolu via Getty Images
O‘zbekiston Eron xalqiga insonparvarlik yordami yuborilganiga oid xabar 16 mart kuni olingan.
Bu haqdagi rasmiy xabarda yordamning umumiy miqdori ochiqlanmagan.
Ammo uning ham oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlardan iborat ekani aytilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Eron tomoni "insonparvarlik yordami va yuksak e’tibor uchun" O‘zbekiston prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirishgan.
Ular mazkur tashabbusni "ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an’analarining yorqin ifodasi" ekanini ta’kidlashgan.
Isroil-Falastin mojarosi bo‘ladimi yoki Eron, O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi voqealarning rivojiga befarq emas.
Mintaqadagi so‘nggi vaziyat yuzasidan ham rasman bayonot bilan chiqqan, tomonlarni bosiqlikka chaqirgan, Erondan tashqari, Yaqin Sharqdagi qator arab davlatlari bilan ham muloqotda ekanligini rasman xabar berib keladi.
Eron Oliy ruhoniy rahbari Ali Xomanaiyning o‘limi yuzasidan rasmiy Tehronga o‘zining hamdardligini ham bildirgani xabar berilgan yana bir mamlakat.
Mintaqaga bevosita chegaradosh va geostrategik joylashuvi muhim Eron esa, ayniqsa, so‘nggi yillarda - Ukraina urushi fonida o‘zlarining transport yo‘llari, tashqi bozorlari va savdo hamkorlarini imkon qadar turfalashtirish harakatida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun sanoqli muqobil va muhim tanlov, imkoniyatlardan biri ham bo‘ladi.
Dengizga yo‘li ikki karra yopiqligi esa, xosan O‘zbekiston uchun jahon savdo yo‘llariga chiqishida Eronning ham ahamiyatini yanada kuchaytiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Eron Markaziy Osiyoning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklari bo‘lgan Rossiya va Xitoyga ham yaqin, ta’bir joiz, "xavfsiz" hamkor sifatida ko‘rilgan.
Kaspiy dengizi va Fors Ko‘rfazi chegarasida joylashgan emasmi, o‘zining geostrategik joylashuvi tufayli Eron Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z ichiga oluvchi ulkan "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi uchun ham muhim o‘rin tutgan.
Eron, bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarini ham o‘z ichiga oluvchi va ular uchun yanada qulay hamda foydali bo‘lishi aytiluvchi qator yangi xalqaro temir yo‘l loyihalarining ham muhim ishtirokchisi.
Xuddi shu omillar rasmiy Toshkentning bugungi mavqei ko‘proq mamlakat ehtiyojlari va uzoq muddatli rejalariga mos tarzda namoyon bo‘layotganiga oid talqinlarga ham sabab bo‘lmay qolmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Turkmaniston

Surat manbasi, Alexander KAZAKOV / POOL / AFP via Getty Images
Eronga insonparvarlik ko‘magiga oid xabar Turkmanistondan O‘zbekiston bilan bir kunda olingan.
Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi rasman ma’lum qilgan.
Rasmiy xabarda yordamning ro‘za kunlarida yuborilgani alohida tilga olingan.
Uning eng avvalo bolalarga jo‘natilgani alohida tilga olingan.
Xabarlarga ko‘ra, yordamni Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi xayriya jamg‘armasi yuborgan.
Ko‘mak ishlari uning o‘g‘li, amaldagi Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov topshirig‘i bilan amalga oshirilgan.
Ammo Turkmaniston Eronga yuborgani aytilgan insonparvarlik yordamining ham umumiy miqdori yoki qiymati rasman ochiqlanmagan.
Aytilishicha, insonparvarlik yordami dori-darmonlar, tibbiy buyumlar va boshqa zarur mahsulotlarni o‘z ichiga olgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, mazkur tadbir ishtirokchilari og‘ir kunlarda yaqin qo‘shnilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam ko‘rsatish turkman xalqining asrlar qa’riga borib taqalgan ezgu an’anasi ekanini ta’kidlashgan.
Insonparvarlik yordami manziliga eson-omon yetib borishi uchun duolar ham qilishgan.
Turkmaniston esa, Afg‘oniston barobarida Eronga ham bevosita qo‘shni.
Neytral maqomiga qaramay, Isroil va Eronning hujumlari fonida Ozarbayjon bilan birga qator davlatlar allaqachon o‘z diplomatlari va fuqarolarini olib chiqish harakatida bo‘lgan ikkita davlatdan bittasi.
Ya’ni, so‘nggi Eron urushi fonida ham o‘zaro chegarasini butkul yopishgacha bormagan.
Xitoy

Surat manbasi, Parker Song - Pool / Getty Images
Xitoy o‘t ochishni to‘xtatishga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni tezroq tiklashga, gumanitar inqiroz tarqalishiga chek qo‘yishga intiladi.
Kecha, 17 mart kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham yangi bayonot bilan chiqqan.
Vazirlikka ko‘ra, Xitoy Eron, Iordaniya, Livan va Iroqqa favqulodda gumanitan yordam ko‘rsatish qaroriga kelgan.
Xitoy tomonining umid qilishicha, "bu u yerdagi odamlar duch kelayotgan og‘ir gumanitar vaziyatni yumshatishga yordam beradi".
Rasmiy Pekinga ko‘ra, "Xitoy o‘t ochishni to‘xtatishga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni tezroq tiklashga, gumanitar inqiroz yoyilishini to‘xtatish uchun harakat qilishda davom etadi".
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning 12 mart kuni ma’lum qilishicha, Eron gumanitar yordam so‘rab do‘st davlatlarga, jumladan, o‘zlariga murojaat qilgan.
Uning aytishicha, "ko‘plab kasalxonalar va tez tibbiy yordam stantsiyalari vayron bo‘lgani, yaradorlar, jumladan, ayollar va bolalar ko‘pligi munosabati bilan" Eron bunday murojaat bilan chiqqan.
"Do‘st davlatlardan dori-darmon yetkazib berishni so‘ragan".
Shu paytgacha qolgan mintaqa davlatlaridan Eronga insonparvarlik ko‘magiga oid xabarlar olinmagan.
Eronga gumanitar yordam yetkazish bilan bog‘liq voqealarning bu kabi rivojiga u bilan urushayotgan AQSh va Isroilning munosabati hozircha ma’lum emas.





























