BBC filmi: "Andijon qirg‘ini: haqiqatning aksi" 1- qism

Ўқилиш вақти: 2 дақ

Andijondagi qonli voqealarning 10 yilligi arafasida Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va boshqa hukumatlarni qirg‘in uchun mas‘ullarni javobgarlikka tortish borasidagi da‘vatlarini qayta boshlashga chaqirdi.

HRW hisobotida aytilishicha, "2005 yil 13 may kuni hukumat kuchlari Andijondagi aksari qurolsiz bo‘lgan minglab tinch namoyishchilarga qarata o‘q ochdi. Namoyishchilar qashshoqlik, ishsizlik va rasmiylar tazyiqlaridan shikoyat qilish, shuningdek hukumatning ular ovoziga quloq tutishini talab qilib yig‘ilgandilar".

"Qo‘rquv hanuz O‘zbekiston aholisi ustidan hukmrondir. Ular shunchaki og‘zilarini ochganlari uchun otib tashlanishlarini bilib yashamoqdalar", - deydi tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

Videolavha shaklida chiqarilgan hisobotda Andijonlik huquq faoli Lutfullo Shamsiddinov qochishga uringan namoyishchilarning hukumat askarlari tomonidan o‘qqa tutilganini tasvirlaydi.

HRWga ko‘ra, hodisalar oqibatida yuzlab odamlar o‘ldirilgan bo‘lsa ham, hukumat faqatgina 187 kishi halok bo‘lganligini da‘vo qilgan.

Shuningdek, rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 60 kishi namoyishchilardan bo‘lgan, qolganlari esa hukumat askarlari tomonidan otib o‘ldirilgan qurollangan shaxslardir.

"Qirg‘indan so‘ng O‘zbekiston hukumati mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun hamma da‘vatlarni rad etib, o‘sha kun tarixini qayta yozib chiqishga kirishdi. Rasmiylar namoyishlarda qatnashishda gumon qilingan va qon to‘kilishiga guvoh bo‘lgan har kimni tazyiq, hibslar va qiynoqlarga tuta boshladi. Hatto mamlakatni tark etganlarni - ularning yaqinlariga bosim o‘tkazish orqali - chet ellardan qaytarish harakatlari olib borilmoqda".

2015 yil boshlarida Human Rights Watch Andijon qirg‘iniga guvoh bo‘lgan ko‘plab shaxslar bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Aksari xorijda yashovchi guvohlar O‘zbekistonda qolgan yaqinlari va o‘zlari ham bosim ostida ekanliklari tufayli oshkora gapirishdan hamon qo‘rqishlarini aytdilar.

"O‘zbekistonda qolganlardan ba‘zilari mamlakatni tark etgan yaqinlari terrorchi ekanligi haqidagi bayonotlarga imzo chekishga majburlanganlar".

Nasiba (ismi o‘zgaritirilgan) - andijonlik qochqinlardan birining rafiqasi. Uning Human Rights Watch ga aytishicha, hodisalardan o‘tgan deyarli o‘n yil mobaynida uni har oyda erining qayerda ekanligi haqida so‘roqqa tutib, namoyishlarda qatnashgani uchun jazo sifatida fohishalikka majburlash bilan po‘pisa qilganlar.

Nasibaning ilova qilishicha, uning farzandlarini ham maktabda "sazoyi" qilishgan va tazyiqlar tufayli u uyidan ko‘chishga majbur bo‘lgan. Uning bir qator erkak qarindoshlari hibsga olingan. Yana bir yaqini esa o‘zbek rasmiylarining "uni kechirganlari" haqidagi va‘dalaridan so‘ng mamlakatga qaytganidan bir necha kun o‘tiboq qamoqqa tashlangan.

Uning aytishicha, o‘sha qarindoshi hibsxonada 20 kun o‘tkazganidan so‘ng olamdan ko‘z yumgan. Uning jasadida qiynoq izlari bor edi, yuzlari ko‘kargan va qo‘lidagi barmoqlaridan tirnoqlari ko‘chirib olingan.

"Afg‘oniston bilan chegardosh bo‘lgani uchun O‘zbekiston ila harbiy hamkorlik tarafdori bo‘lgan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi qirg‘indan so‘ng jazo choralari kiritdilar, ammo keyinchalik bu mavqe‘ yumshatildi".

HRWning bayonotiga ko‘ra, AQSh va Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekiston hukumatini inson huquqlari sohasida aniq qadamlarni qo‘yish uchun aniq muddatlarni belgilash va agarda bunday qilmasa, oqibatlarga yuz tutishi haqida ogoh berishi kerak.

"BMTning Inson huquqlari Kengashi, AQSh va Ovro‘po Ittifoqi bilan birgalikda O‘zbekistondagi vaziyatni sinchikovlik bilan o‘rganuvchi maxsus kuzatuvchi mavqe‘ini yaratishlari lozim", - deya da‘vat qilgan HRW.

BBCning Toshkentdagi sobiq muxbiri Monika Uitlok 2010 yilda Andijon qirg‘ini dalillari va shohidlar bilan suhbatlar asnosida "Through The Looking Glass: Andijan Massacre" - "Andijon qirg‘ini: haqiqatning aksi" hujjatli filmini suratga olgan.

Film Monika Uitlokning O‘zbekistonda hamda Ovro‘poda o‘tkazgan tadqiqotlari natijasidir.

Unda O‘zbekiston hukumati Andijonda 2005 yil mayida ro‘y bergan qonli hodisalarda ayblagan, "Akromiylar" noqonuniy diniy oqimi deb taqdim etgan insonlarning Andijon qirg‘inigacha, 2005 yil qonli hodisalari paytidagi va undan keyingi hayoti haqida hikoya qilinadi.

Filmda Monika Uitlok O‘zbekistonda muxbir sifatida faoliyat yuritgan yillarida tasvirga olingan kadrlar, Shvetsiyada tushirilgan tasvirlardan foydalanilgan.

Filmda O‘zbekiston hukumati terrorchilar deb taqdim etayotgan, ta‘qib etib, panjara ortiga tashlashda davom etayotgan odamlar aslida ham terrorchimi, degan savolga javob izlanadi.

"Andijon nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo haqidagi haqiqat: norozilar, hukumatlar, chetda turganlar, yangilik yaratadiganlar, oddiy insonlar... Andijon bugungi dunyoga bir oynadir", deydi hujjatli film muallifi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio