Human Rights Watch: "Andijon masalasi yopilgani yo‘q"

Human Rights Watch AQSh va Ovro‘po Ittifoqini 2005 yil 13 mayida Andijonda yuzlab asosan tinch namoyishchilarning hukumat kuchlari tomonidan qirilishi bo‘yicha O‘zbekistondan mustaqil xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilishga chaqirdi.
Mazkur nufuzli huquq tashkilotiga ko‘ra, Andijon qirg‘inidan to‘qqiz yil o‘tib ham, O‘zbekiston qator tashkilotlar, jumladan BMTning Inson Huquqlari Kengashining tergov o‘tkazish tavsiyani rad qilib kelayapti.
"O‘zbek hukumat kuchlari Andijon namoyishchilariga qarata odam tanlamasdan va ogohlantirishsiz o‘t ochganlar. Hech kim javobgarlikka tortilgani yo‘q, o‘zbek hukumati namoyishga aloqador deb ishongan odamlarni muntaxam ravishda bosim ostiga olish va qamashda davom etayapti", - deyiladi Human Rights Watch bayonotida.
Tashkilotga ko‘ra, Andijon voqeasidan beri Prezident Islom Karimov hukumati xalqaro tashkilotlar va xalqaro ommaviy axborot vositalarini yopish bilan xalqaro kuzatuvdan qutuldi. Shuningdek, u Andijon voqealarida ishtirok etgan yoki unga guvoh bo‘lgan odamlarni qattiq siquvga oldi. O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha kuzatuvchilarining mamlakatga kelishiga rozi bo‘lmay kelayapti.
"Andijon masalasi yopilgani yo‘q"
O‘tgan sentyabrda BMT Inson Huquqlari Kengashining majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston vakillik guruhi rahbari Akmal Saidov Andijon masalasi yopilganini aytdi.
Biroq, Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlovga ko‘ra, Andijon masalasi unda qurbon bo‘lgan odamlarning oilalari, hukumat noqonuniy ravishda qamayotgan odamlar, hamda o‘zbek hukumatining qarashlaridan farqli fikrni tinch yo‘lda izhor qilishga qo‘rqib yashab kelayotgan sanoqsiz boshqa fuqarolar uchun yopilgani yo‘q.
"Andijon qirg‘ini sodir bo‘lmagan deb qanchalar ko‘p yo tez-tez gapirmang, bu masala baribir yo‘q bo‘lib qolmaydi", - deydi janob Sverdlov.
Jazo muddatlari uzaytirilgan
Human Rights Watch yaqinda topgan xabarga ko‘ra, Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistondan qochgan va 2010 yilda Avstraliyadan O‘zbekistonga qaytgan Dilorom Abduqodirovaning yopiq va adolatsiz mahkama ishida berilgan jazo muddati uzaytirilgan.
Aytilishicha, "qamoqxona qoidalarini buzgan"i uchun uning 10 yillik qamoq jazosi yana sakkiz yilga uzaytirilgan.
Besh yillik qamoq jazosi ortidan joriy yilning mart oyida ozod qilinishini kutgan farg‘onalik inson huquqlari faoli G‘anixon Mamatxonov ham o‘z qamoq jazosi uzaytirilganini aytgan.
Janob Mamatxonov Andijon voqealaridan keyingi qamashlarda huquq faollari Azam Farmonov va Abdurasul Xudoynazarovlar bilan birgalikda qamalgandi.
Human Rights Watchga ma‘lum bo‘lishicha, qamoqxona rahbariyati janob Mamatxonovning o‘g‘li Jaloliddinga otasining muddati uch marta "hojatxonaga ruxsatsiz borgan"i uchun uzaytirilganini aytishgan.
2007 yil fevralida Andijon va shahar atrofida jasadlar to‘da bo‘lib ko‘milgan qabristonlar haqida xalqaro matbuotga gapirgan faol Isroiljon Xoldorov ham o‘z jazo muddati 2012 yilda yana uch yilga uzaytirilgani ortidan panjara ortida qolayapti.
Human Rights Watchga ko‘ra, uning jazosi chaqirilganda o‘rnidan turmagani va qo‘riqchi og‘ir jihozni ko‘tarishni so‘raganida ko‘tarmagani uchun uzaytirilgan.
Bayonotda aytilishicha, Andijon qirg‘iniga yetaklagan voqealarni, xususan mobil telefoni orqali qamoqdagi tadbirkorlarni ozod qilishni uyushtirishda ayblangan Akrom Yo‘ldoshevning qayerda ekani 2009 yildan beri ma‘lum emas. Uning oilasi uning tirik yo o‘lik ekanini ham bilmaydi.
"Mahbuslarni tahqirlash va tergovsiz ularning jazo muddatlarini uzaytirish O‘zbekiston jinoiy tizimining naqadar shafqatsiz ekanini namoyish qiladi. Ba‘zilari 20 yildan oshiq panjara ortida qolayotgan tutqunlarning jazo muddatini qayta-qayta uzaytirish ularning panjara ortida o‘lib ketishlarini anglatadi", - deydi janob Sverdlov.
-------------------------------------------------------------------------------------------
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002






























