Sayyoralar qanday paydo bo‘lganini endi bitta yulduz tizimi yo‘qqa chiqaradimi?

Surat manbasi, ESA
- Author, Deyzi Stivens
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 4 daq
Sayyoralarning qanday paydo bo‘lgani masalasi Koinotimiz haqidagi eng muhim savollardan biridir.
Olimlarda Quyosh tizimida va koinotning boshqa qismlarida kuzatilayotgan hodisalarni izohlaydigan nazariya bor.
Biroq Science jurnalida yaqinda e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, olisdagi bir yulduz sayyoralari tizimi bu nazariyaga mos kelmayapti.
Hozirgi nazariyaga ko‘ra, sayyoralar yangi yulduzlar tegrasidagi gaz va chang disklaridan vujudga keladi.
"Bizningcha, sayyoralar bu changni to‘plab o‘sib boradi", deydi Buyuk Britaniyadagi Uorvik universitetining astronomiya bo‘yicha dotsenti va yangi tadqiqotda yetakchi olim doktor Tomas Uilson.
"Ular to‘planib, mayda toshlarni hosil qiladi, so‘ng ular bir-biri bilan to‘qnashib, planetezimallar deb ataladigan kattaroq jismlarni vujudga keltiradi va nihoyat, ular to‘qnashib sayyoralarga aylanadi."
Bu jarayon orqali Yer kabi qattiq sayyoralar, shuningdek, Yupiter kabi gaz gigantlari yadrolarining toshli tabiatini tushuntirish mumkin.
Biroq harorat va qanday moddalar mavjudligi sayyoraning yulduzdan masofasiga qarab farqlanadi, bu esa sayyoraning tashqi tarkibini belgilaydi.
"Sovuqroq bo‘lgan tashqi orbitalarda, muz chizig‘idan tashqarida, gazlar va muzliklar paydo bo‘lishi mumkin, chunki ular mavjud bo‘lishi uchun yetarlicha sovuq", deydi Uilson.
Yevropa fazo agentligi ta’kidlashicha, bu yerda qalin atmosferalar yulduz nurlanishi ta’sirida yo‘qolmasdan, gazsimon sayyoralarga to‘planishi mumkin. Yupiter kabi gaz gigantlari odatda shu hududlarda shakllanadi.

Surat manbasi, Kevin M. Gill/NASA/JPL-Caltech/SwRI/MSSS
Yulduzga yaqinroq joylarda esa harorat yuqoriroq va gazga nisbatan chang ko‘proq bo‘ladi. Natijada Quyosh tizimimizdagi Merkuriy, Venera, Yer va Mars kabi qattiq sayyoralar paydo bo‘ladi.
Tizimdagi barcha sayyoralar taxminan bir vaqtda shakllanishini nazarda tutsak, sharoitlarning bunday farqlanishi yulduzlar atrofidagi sayyoralarning ma’lum tartibini belgilaydi: yulduzga eng yaqin joylashgan qattiq sayyoralar va undan uzoqroqda joylashgan gazsimon sayyoralar.
Ammo yangi tadqiqotda tavsiflangan sayyoralar tizimi bunga o‘xshamayapti.
G‘ayriodatiy tartib
LHS 1903 – Quyosh tizimimizdan taxminan 117 yorug‘lik yili uzoqlikdagi kichik qizil M-mitti yulduz. U Quyoshimizga qaraganda sovuqroq va xiraroq bo‘lib, atrofida to‘rtta sayyora bor.
Yangi tadqiqotda Uilson deyarli barcha qit’alardan kelgan xalqaro jamoa bilan birgalikda bu yulduz tizimini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi. Ular eng ichkaridagi uchta sayyora kutilgan qonuniyatga mos kelishini aniqladilar – yulduzga eng yaqini qattiq, keyingi ikkitasi esa gazsimon ekan.
Ammo keyinchalik Yevropa fazo agentligining (YeFA) Cheops sun’iy yo‘ldoshi kuzatuvlari yordamida to‘rtinchi sayyora mezbon yulduzdan eng uzoqda bo‘lishiga qaramay, qattiq ekanligi aniqlandi.
"Biz uni gazsimon deb kutgan edik... nega u qattiq? Bu katta savol edi", deydi Uilson.

Surat manbasi, NASA-JPL
Uning aytishicha, jamoa sayyoralar bu tartibining ehtimoliy sabablarini o‘rganib chiqqan.
Yulduzning nurlanishi sayyora gazini uchirib yuborgan yoki unga atmosferasini yo‘q qilgan jism urilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyalar ilgari surildi.
Biroq yulduz ikkinchi va uchinchi sayyoralardan ham gazni siqib chiqarmay turib, faqat to‘rtinchi sayyoradagi gazni haydagan bo‘lishi mumkin emas. Modellashtirish esa sayyora atmosferasini yo‘q qila oladigan kuchga ega har qanday to‘qnashuv sayyoraning o‘zini ham yo‘q qilishini ko‘rsatdi.
Sayyoralarning ichkaridan tashqariga shakllanishi
Super-Yerlar va sub-Neptunlar deb ataladigan, hamda Quyosh tizimida uchramaydigan ekzotik turdagi sayyoralar mavjud.
Ushbu taxminlarni inkor etgach, olimlar bu sayyoralar bir vaqtda emas, balki ketma-ket shakllangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqdilar.
"Bu tashqi sayyora biz «kambag‘allashgan» muhit deb ataydigan, atrofda kamroq resurs bo‘lgan sharoitda shakllangan bo‘lsa-chi? Ana shu holat ushbu sayyoraning xususiyatlarini tushuntirishi mumkin", deydi Uilson.
Uning taxminicha, tashqi sayyora shakllangunga qadar yulduz tizimida gaz tugagan bo‘lishi mumkin.
"Shunday qilib, biz kelgan xulosa shuki, ular ichkaridan tashqariga shakllangan bo‘lishi mumkin. Bunda avval mezbon yulduzga eng yaqin sayyora hosil bo‘ladi, so‘ng keyingi sayyora, undan so‘ng yana keyingisi va nihoyat tashqi sayyora shakllanadi."

Surat manbasi, ESA/Silicon Worlds
Sayyoralar tobora kamayib borayotgan resurslar bilan ketma-ket hosil bo‘ladi, degan g‘oya sayyoralarning ichkaridan tashqariga shakllanishi deb ataladi. Bu 10 yil oldin nazariya sifatida taklif qilingan.
Biroq YeFAning ta’kidlashicha, bu haqiqatda shunday bo‘layotganini ko‘rsatuvchi eng ishonchli dalil aynan shu tadqiqotdir.
"Barcha shakl va o‘lchamlar"
Uilsonning fikricha, tizimdagi barcha sayyoralar taxminan bir vaqtda o‘sishni boshlaydi, degan taxminni qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘lishi mumkin, ayniqsa, bu koinotning boshqa qismlarida ham kuzatiladigan qonuniyat bo‘lsa.
Bunday qayta ko‘rib chiqish bizning Quyosh tizimimizni tushunishimizga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
"Avval Merkuriy, keyin Venera, keyin Yer va Mars paydo bo‘lganmi? Bu Quyosh tizimimizning shakllanish vaqti haqida savollar tug‘diradi."
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, Quyosh tizimida sodir bo‘layotgan har qanday hodisani boshqa tizimlar uchun ham normal hisoblamaslik kerak.
"Super-Yerlar va sub-Neptunlar deb ataladigan, hamda Quyosh tizimida uchramaydigan ekzotik turdagi sayyoralar mavjud", deydi u.
"Biz bu begona sayyora tizimlari har qanday shakl va o‘lchamda bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishimiz kerak.
"U yashash uchun qulayroq dunyo bo‘lishi mumkin, ammo hozircha bu haqda bosh qotirmaymiz, chunki e’tiborimiz asosan Quyosh tizimiga qaratilgan".





























