Million yillar oldingi ajdodlarimiz kuchli ixtirochi bo‘lishgan. Hozir ham foydasini ko‘ryapmiz
Surat manbasi, David Braun
- Author, Pallab Gosh
- Role, Fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 5 daq
Shimoli-g‘arbiy Keniyada qilingan kashfiyot ko‘rsatishicha, millionlab yillar oldin yashagan ilk odamlar ehtimol ixtirochi bo‘lgan.
Tadqiqotchilar Namorotukunan deb nomlangan arxeologik qazilma joyida 2,75 million yil oldin yashagan ibtidoiy odamlar 300 ming yil davomida tosh qurollardan uzluksiz foydalanganini aniqladi.
Ilgarigi ma’lumotlar insonlarning asboblardan foydalanishi dastlab tasodifiy bo‘lganini ko‘rsatgan edi: beixtiyor rivojlangan, tezda unutilgan.
Namorotukunan topilmasi birinchi marta asbob yasash texnologiyasi minglab avlodlarga uzatilganini ko‘rsatdi.
Tadqiqotga rahbarlik qilgan Vashingtondagi Jorj Vashington universiteti professori Devid Braunning ta’kidlashicha, Nature Communications jurnalida e’lon qilingan bu kashfiyot inson evolyutsiyasi haqidagi tushunchamizni tubdan o‘zgartirishga juda kuchli asos bo‘ladi.
"Biz quroldan foydalanish vaqtinchalik hodisa bo‘lib, keyin yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylagan edik. Ammo 300 ming yil davomida bir xil holat kuzatilganda, bunday deya olmaymiz," dedi u.
"Bu insondagi muayyan xulqning uzoq davomiyligidir. Asbobdan foydalanish odamlar va ularning ajdodlari orasida biz o‘ylaganimizdan ancha oldin boshlangan va uzoqroq davom etgan bo‘lsa kerak."
Surat manbasi, David Braun
Arxeologlar Namorotukunanda o‘n yil davomida daryo o‘zanlaridan yig‘ilgan toshlarning ehtiyotkorlik bilan urib tayyorlangan 1300 ta o‘tkir uchli parchalari, bolg‘achalar va tosh o‘zaklarini topdilar. Bular olduvaycha deb ataladigan texnologiya yordamida yasalgan bo‘lib, bu toshdan qurol yasashning ilk keng tarqalgan usuli hisoblanadi.
Bir xil turdagi qurollar uch xil qatlamda uchraydi. Qatlam qanchalik chuqur bo‘lsa, vaqt jihatidan shunchalik qadimiyroq hisoblanadi. Tadqiqot guruhining yetakchi geolog olimi, Braziliyadagi San-Paulu universiteti doktori Dan Palku Rolerning aytishicha, toshlarning ko‘pchiligi sifatiga ko‘ra maxsus tanlangan, bu esa ularni yasagan odamlar mohir va nimani izlayotganlarini aniq bilganini ko‘rsatadi.
"Bu joyda biz aql bovar qilmas darajadagi murakkablikni ko‘ryapmiz," deydi u BBC News'ga.
"Bu odamlar o‘ta ziyrak geologlar edi. Ular eng yaxshi xom ashyoni qanday topishni bilgan. Bu qurollar yaxshi ishlangan. Hatto, ularning ba’zilari bilan barmoqlarimizni kesib olishimiz mumkin."
Geologik dalillar ko‘rsatishicha, qurollardan foydalanish bu odamlarga iqlimning keskin o‘zgarishlariga bardosh berishga yordam bergan bo‘lishi mumkin.
"Landshaft yam-yashil botqoqliklardan quruq, yong‘in ta’siridagi o‘tloqlar va yarim cho‘llarga aylandi," dedi Keniya Milliy muzeyi katta ilmiy xodimi Rahab N. Kinyanjuy.
Odatda, bunday keskin atrof-muhit o‘zgarishlari hayvon populyatsiyalarini evolyutsiya orqali moslashishga yoki ko‘chib ketishga majbur qiladi. Ammo mintaqadagi asbob yasovchilar biologik moslashuv o‘rniga texnologiyadan foydalanib, yashab qolgan, deydi doktor Palku Roler.
"Texnologiya Sharqiy Turkananing ilk aholisiga tez o‘zgaruvchan landshaftda yashab qolish imkonini berdi – o‘zlarini muhitga emas, balki oziq-ovqat topish usullarini moslashtirish orqali."
Turli qatlamlardan topilgan tosh qurollar ko‘rsatadiki, uzoq va uzluksiz davr mobaynida bu ibtidoiy odamlar biologik evolyutsiyaga qarshi borib, atrof-muhit tomonidan boshqarilish o‘rniga, uni o‘zlari boshqarish yo‘lini topgan.
Bu esa insoniyat paydo bo‘lishining dastlabki bosqichida sodir bo‘lgan, deydi doktor Palku Roler.
"Asboblardan foydalanish shuni anglatadiki, ular muhitga moslashish uchun tanalarini o‘zgartirish orqali rivojlanishi shart emas edi. Buning o‘rniga ular oziq-ovqat topish uchun zarur texnologiyani – hayvon jasadlarini yorish va o‘simliklarni qazib olish uchun qurollar ishlab chiqdilar."
Surat manbasi, David Braun
Manzilgohda bunga dalillar bor: hayvon suyaklari sindirilgan va tosh qurollar bilan kesilgan, bu esa o‘zgarishlar davomida ular go‘shtni doimiy iste’mol qilganini ko‘rsatadi.
"Texnologiya qadimgi odamlarga ustunlik bergan," deydi doktor Palku Roler.
"Atrof-muhit o‘zgarishi bilan ularning oziq-ovqat manbalari ham o‘zgaradi, ammo texnologiyaga ega bo‘lganlari tufayli ular bu qiyinchiliklarni yengib o‘tib, yangi oziq-ovqat manbalarini topa oladi."
Surat manbasi, David Braun
Taxminan 2,75 million yil oldin bu hududda nisbatan kichik miyali eng qadimgi odamlarning ba’zilari yashagan. Bu ibtidoiy odamlar o‘zining evolyutsion ajdodlari bilan yonma-yon yashagan deb taxmin qilinadi: bu ajdodlar – "avstralopiteklar" deb nomlangan bo‘lib, ular tishlari kattaroq, shimpanze va inson xususiyatlari aralashmasidan iborat bo‘lgan.
Namorotukunanda mazkur asboblarni yasaganlar, ehtimol, shu guruhlardan biri yoki ikkalasi bo‘lgan.
Professor Braunning ta’kidlashicha, bu kashfiyot inson evolyutsiyasi bo‘yicha ko‘plab mutaxassislarning qurollardan uzluksiz foydalanish ancha keyin – 2,4 va 2,2 million yillar oldin, odamlar nisbatan kattaroq miyaga ega bo‘lgan paytda paydo bo‘lgan degan fikrini inkor qiladi.
"Gap shundaki, biz miya hajmi sezilarli darajada o‘sib borganini ko‘ramiz. Shuning uchun qurollardan foydalanish ularga bu katta miyani oziqlantirishga imkon berdi, deb ta’kidlanadi.
Ammo biz Namorotukunanda ko‘rayotgan narsa shuki, bu dastlabki qurollar miya hajmi o‘sishidan oldin yasalgan."
Ehtimol, biz bu qadimgi insonlar va ajdodlarimiz qobiliyatlarini juda past baholagan bo‘lishimiz mumkin. Aslida, texnologiyadan foydalanib muhit o‘zgarishlariga moslashish qobiliyatimiz ildizlari biz o‘ylaganimizdan ancha chuqur – 2,75 million yil avval, balki undan ham oldinroqqa uzanganini kuzatishimiz mumkin ekan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Bosh maqola
Muharrir tanlovi
Ommabop maqolalar
Bu materialga kirish imkonsiz