Suv ortiq iqlim muammosi emas, Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik masalasi

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Surat tagso‘zi, Borgan sari butun Markaziy Osiyo mintaqasi suv taqchilligi bilan to‘qnashib boraveradi, deya ogohlantiradilar mutaxassislar
O'qilish vaqti: 4 daq

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan suv forumi ekspertlari ogohlantirishlaricha, suv bundan buyon Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yolg‘iz iqlim muammosi emas, balki xavfsizlik masalasiga aylanadi, suvni asrashga yondashuv yomonligi oqibatida mintaqaning yillik yo‘qotishi 2 milliard AQSh dolllarigacha yetayapti deb ko‘riladi.

Mintaqa aholisining soni 2050 yilga borib 100 million kishidan ortadi, Markaziy Osiyoni suv bilan ta’minlaydigan tog‘ muzliklari esa oxirgi 50 yilda uchdan biriga erib ketdi.

Buning ustiga, iqlim o‘zgarishi kuzatuvchilari Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning boshqa qismlariga nisbatan ham kuchli qizib borayotganidan ogohlantirmoqdalar.

Toshkentda 25-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan muhokamada tahlilchilar, xalqaro tadqiqotchilar, shuningdek, yuqori mansabdagi Afg‘oniston rasmiylari ishtirok etganlar.

Markaziy Osiyoda yerosti suvlari qochishi, dehqonchilikka yaroqli bo‘lgan yerlarning sahrolashishi ham kuzatilayapti, agar vaziyat shu sur’atda davom etsa, 2050 yilga borib hosildorlik bugungi kunga solishtirganda 40 foiz tushib ketishi mumkinligi aytildi Toshkent suv forumida.

O‘zbekistondagi Ilg‘or islohotlar markazi ijrochi direktori Mirshohid Aslanov aytishicha, suvdan samarasiz foydalanish oqibatlari allaqachon global miqyos kasb etgan.

«Orol dengizi tubidagi tuz hatto Shimoliy qutbda ham qayd etilgan. Bu umumiy muammolarga nisbatan yagona yondashuvni ishlab chiqish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi», — dedi Mirshohid Aslanov.

Mirshohid Aslanov aytishicha, butun mintaqa, shu jumladan, Afg‘oniston ham suv taqsimotining taxminiy hisob-kitobidan voz kechmog‘i lozim.

Buning o‘rniga, "real ma’lumotlarga asoslangan shaffof yondashuv zarur", — dedi ekspert.

Mirshohid Aslanov so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston O‘zbekiston yo‘l qo‘ygan Orol dengizi qurishiga yetaklagan "xatolarni takrorlamasligi uchun" O‘zbekiston yordam berishga tayyor.

"Biz Afg‘onistonga o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolardan qochishga yordam berishga tayyormiz. Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, suv yetarli bo‘lgan taqdirda ham, uni asrash kerak", — dedi u.

"Qo‘shtepa bo‘yicha muloqot bor"

Surat manbasi, ARIANA NEWS/YOUTUBE

Surat tagso‘zi, Tolibon 2022 yili Amudaryo suvini oladigan ulkan Qo‘shtepa kanalini qurishni boshlagan

Afg‘onistondagi Tolibon hokimiyati tomonidan 2022 yili boshlangan Qo‘shtepa yirik sug‘orish loyihasi quyi oqimda joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa O‘zbekiston uchun xavotir manbai bo‘lib kelmoqda.

Kanal Amudaryodan suv oladi, Afg‘oniston Markaziy Osiyo qo‘shnilari bilan suv taqsimoti bo‘yicha hech ham bitim imzolamagan.

Biroq O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti huzuridagi Mintaqaviy tadqiqotlar markazi rahbari Murod Uzoqovning Toshkentdagi forumda aytishicha, mazkur masala yuzasidan Kobul bilan munosabatlar sezilarli darajada yaxshilangan.

«Qo‘shtepa kanali qurilishi masalasidagi hamkorligimiz tizimli ekspertlar muloqoti formatiga o‘tdi. Doimiy faoliyat yurituvchi qo‘shma ishchi guruhi tuzildi, bu esa muhokamalarni siyosiy tekislikdan sof professional darajaga o‘tkazish imkonini berdi», — deya Murod Uzoqovdan iqtibos keltirdi Gazeta.uz

Uzoqov mintaqa duch kelayotgan suv muammosining kengroq ko‘lamini ham qayd etdi.

Markaziy Osiyo aholisi «so‘nggi 25 yil ichida deyarli ikki barobarga ko‘paydi va 2050 yilga borib 100 milliondan oshishi mumkin».

Uning aytishicha, ayrim hududlarda «eskirgan infratuzilma ortidan suv yo‘qotishlari 40–50% gacha yetadi".

Suv resurslarining taxminan 90%i sug‘orma dehqonchilikka sarflanadi, bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha 30% atrofida.

"Suv va iqlim masalalari ekologik muammo toifasidan chiqib, milliy va mintaqaviy xavfsizlik masalasiga aylandi. U iqtisodiy rivojlanishga, energetika va oziq-ovqat barqarorligiga ta’sir qiladi», — dedi Uzoqov.

Uning ta’kidlashicha, Amudaryo va Sirdaryo havzalarining oqimi 2050 yilga borib 5–13% gacha kamayishi mumkin.

Suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligi daromadlarining tushib ketishi ichki iqlim migratsiyasini keltirib chiqarishi, aholining ommaviy ravishda bosim ostidagi shaharlarga ko‘chishiga sabab bo‘lishi mumkin.

"Tolibon qo‘shnilarining suv huquqlarini hurmat qiladi"

Xalqaro suv boshqaruvi institutining Markaziy Osiyo idorasi tadqiqotchisi Iskandar Abdullaev aytishicha, mintaqa "qat’iy suv tejash iqtisodiyotiga o‘tishi zarur".

"Iqlim o‘zgarishi faqat suv tanqisligi emas. Bu — ortib borayotgan noaniqlikdir. Oylar va yillar oldindan an’anaviy rejalashtirishga tayana oladigan davr ortda qoldi. Bugun vaziyat keskin o‘zgarib bormoqda", — dedi Iskandar Abdullaev.

U hukumatlarni tabiiy ekotizimlarni yoddan chiqarmaslikka chaqirdi.

«Biz o‘zimizning yashil tizimlarimizni unutib qo‘ydik. Ulardan foydalanish murakkab infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, iqlim xavflarini pasaytiradi va katta resurslarni tejashga imkon beradi», — dedi Abdullaev.

Afg‘oniston Tolibon hukumatining suv masalalari bo‘yicha o‘rinbosar vaziri, Mujibur Rahmon Umar Oxundzoda ham Toshkent forumda ishtirok etdi va hukumati qo‘shni davlatlarning suv huquqlariga rioya qilishga sodiq ekanini ta’kidladi.

U adolatli suv taqsimoti, suv diplomatiyasini kuchaytirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma hamkorlikka chaqirdi.

Oxundzoda shuningdek O‘zbekiston suv resurslari vaziri Shavkat Hamroev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazib, hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Forum O‘zbekiston–Afg‘oniston aloqalari faollashayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi — 28 mart kuni Kobulga yuqori darajadagi savdo delegatsiyasi tashrif buyurib, umumiy qiymati 514,8 million dollarlik anglashuv memorandumlarini imzoladi.