O‘zbekistonda oqsil tarqadimi? Mubashshir Ahmad Tovoqsoyga o‘tkazildi, O‘zbek fanini kim sharmanda qilayapti?
O‘zbekiston rasmiylari chorva o‘rtasida oqsil tarqalganini tasdiqlamayaptilar, biroq ijtimoiy tarmoqlarda kasal qoramollar videolari tarqaldi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston Fermerlar Kengashi mamlakat hududida 18 apreldan 18 maygacha "Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiena" oyligini e’lon qildi.
Rasmiylarga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda chorva hayvonlari orasida turli yangi kasalliklar yuzaga kelayapti, xususan, chorva mollari o‘rtasida oqsil (yashur) kasalligi tarqalish xavfi kengaymoqda.
O‘tgan yilning oxirgi oylaridan Rossiyaning Sibir va Ural mintaqalarida chorva mollarini ommaviy so‘yish boshlandi, oqibatda chorvadorlar katta moliyaviy zarar ko‘rayotganlari xabarlari shu kecha-kunduzda ham tarqalayapti.
Rossiya rasmiylari chorva ommaviy so‘yilayotgani sababi pasterellyoz va quturish tarqalishi oldini olish deb tushuntirmoqda, ammo, ekspertlarga ko‘ra, gap oqsil (yashur) kasalligi haqida borayapti.
Surat manbasi, Telegram/Vetlegnews
2026 yil aprelida Xitoyning ikki hududida oqsil tarqalgani kuzatildi.
Ushbu hodisalarni inobatga olib Qozog‘iston hukumati barcha chorva mollarini zudlik bilan emlashni boshladi.
Mart oyida Farg‘ona viloyatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni tekshirishga O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rasmiylari bordilar.
"O‘rganishlar davomida, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida "oqsil" kasalligi qayd etilmaganligi, hayvonlar o‘rtasida o‘lim holatlari kuzatilmaganligi aniqlandi", deb yozdi Telegramdagi Vetlegnews kanali.
Mubashshir Ahmad Tovoqsoy koloniyasiga o‘tkazildi
Surat manbasi, Facebook
Qariyb bir yil oldin Turkiyada g‘oyib bo‘lgan va uch kundan keyin Toshkentdagi hibsxonada ekanligi ayon bo‘lgan o‘zbekistonlik taniqli ulamo Mubashshir Ahmad qamoq jazosini o‘tash uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Tovoqsoy jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkazilgan.
Bundan oldin diniy olimning salomatligi yomonlashgan, jazoni o‘tayotgan Navoiy viiloyatidagi Qiziltepa qamoqxonasidan Toshkentdagi "Sangorod" deb nomlanadigan shifoxonaga o‘tkazilgan edi.
Rasmiylar Mubashshir Ahmadning jazoni qamoqda o‘tashiga monelik qiladigan og‘ir kasallik — qandli diabetning og‘ir shakli bilan og‘riyotganini tasdiqlaganlar.
2025 yil 8 oktyabr kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani sudi Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqargan edi.
Mubashshir Ahmadga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining uch moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yildi:
156-modda, 2-qism — diniy (yoki milliy) adovat, nafrat yoki mojaro qo‘zg‘atish,
244¹-modda, 3-qism "g" bandi — jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni internet va OAV orqali tayyorlash, saqlash va tarqatish.
244³-modda — diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash yoki tarqatish.
Ayblov tomoni uning Azon Global va shaxsiy ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilgan materiallari O‘zbekiston qonunchiligi talablariga zid ekanini ta’kidlagan.
Mubashshir Ahmad 244³-modda (ruxsatsiz diniy materiallar) bo‘yicha aybni qisman tan olgan, biroq 156-modda va 244¹-modda bo‘yicha — ya’ni adovat qo‘zg‘atish va xavfli kontent tarqatish ayblovlarini inkor qilgan.
U sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bilan ariza yozmaslikka qaror qilgan.
"Hozir rahbar kadr bo‘ldimi, ikki yilda PhD bo‘lyapti"
Surat manbasi, Senat.uz
O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning e’tiborini Fanlar Akademiyasining prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni, Senator Shavkat Ayupovning mansabdorlarning ilmiy daraja olayotganlariga nisbatan bildirgan fikrlari tortdi.
"Ko‘p ilmiy ishlar juda yuzaki. Yuzaki bo‘lgani ham mayli, plagiat ko‘payib ketdi. Rossiyadan olib, tarjima qilib, himoya qilinganlarni ham ko‘rdim. Qoida bo‘yicha bunaqalarning diplomini bekor qilish kerak edi, lekin qilishmadi", dedi FA prezidenti.
Shavkat Ayupov olti yil - 1997 yildan 2003 yilgacha O‘zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bo‘lib ishlagan paytni eslatdi.
U o‘sha yillari O‘zbekistonda himoya qilingan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining sonini bugungi kun bilan solishtirdi.
"Himoyalar soni o‘n barobarga oshib ketdi", dedi akademik.
"Hozir rahbar kadr bo‘ldimi, ikki yilda PhD bo‘lyapti. Yana ikki-uch yil o‘tmasdan fan doktori bo‘lyapti... U rahbar odam qachon ilm qiladi? Endi ulardan nima foyda fanga?" dedi Shavkat Ayupov.
"Internetlarda ko‘p chiqadi: 'qalbaki' jurnallarda chiqqan eng ko‘p maqolalar O‘zbekistondan. Yoki eng ko‘p sifatsiz maqolalar O‘zbekistondan, deb chiqadi. Bu – bizning fanimiz uchun juda katta sharmandagarchilik", dedi Shavkat Ayupov.
Bosh maqola
Muharrir tanlovi
Ommabop maqolalar
Bu materialga kirish imkonsiz