Istanbulda Durdona Hakimova o‘limiga qarshi norozilik, "O'zbekiston pochtasi" shubha ostida, OAV xodimlarini yana tovlamachilikda ayblashayapti - dayjest
Surat manbasi, X/Kadınlar Direniste
25 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumanida bo‘laklangan jasadi chiqindi konteynerlaridan topilgan O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova qotilligiga qarshi norozilik yurishi tashkil etildi.
Turkiya huquq-tartibot organlari qotillikda gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan shaxslarni O‘zbekiston fuqarolari Dilshod Ahrol o‘g‘li Turdimuratov va G‘ofurjon Akmalxonovich Kamolxo‘jaev deb e’lon qildi.
"Ayollar o‘ldirilishini to‘xtatamiz" platformasi va ayollar tashkilotlari chaqirg‘i bilan Istanbul shahrining Shishli Pangalti metro bekatida to‘plangan ayollar norozilik yurishi uyushtirdilar. Aktsiyaga ko‘p sondagi politsiya xodimlari ham jalb etildilar.
Namoyishchilar "Migrant ayollar yolg‘iz emas", "Himoya qil, oqlama — jinoyatchilarni sud qil", "Erkak uradi, davlat himoya qiladi", "Sukut saqlamymiz, qo‘rqmaymiz, itoat qilmaymiz", "Erkak adolati emas, haqiqiy adolat" degan shiorlarni aytdilar.
Turkiya jamiyatida xotin-qizlar duch kelayotgan zo‘ravonlik haqida mas’ul idoralarga murojaat qilinganda samarali surishtiruv o‘tkazilmayotgani va "ayollar himoya qilinmayotgani"ni ta’kidlagan "Ayollar o‘ldirilishini to‘xtatamiz" platformasi qotillik yuzasidan bayonot e’lon qildi.
Bayonotda shunday deyiladi:
"Yonimizdan o‘tgan bir erkak bir ayolni o‘ldirib, bo‘laklab, chiqindilarga tashladi. Biz Durdonaning hayotini bilmaymiz, ammo bu qotillikka sabab bo‘lgan erkak zo‘ravonligini yaxshi taniymiz. Migrant ayollar deportatsiya qilinish xavfi tufayli ko‘p hollarda duch kelayotgan zo‘ravonlik haqida politsiyaga murojaat qila olmaydilar. Samarali surishtiruv o‘tkazilmaydi, maxfiylik ta’minlanmaydi, uzoqlashtirish qarorlariga amal qilinmaydi."
"Erkaklar zo‘ravonligi hukumatning ayollarga nisbatan dushmanona siyosati natijasida yuzaga kelayapti" deyiladi bayonotda.
"Durdona balki ajrashmoqchi bo‘lgan, balki o‘z hayoti haqida qaror qabul qilmoqchi bo‘lgan, balki 'yo‘q' degani uchun o‘ldirilgandir. Jinoyatchilar jasoratni AKP deputati uyida o‘ldirilgan Nodira Qodirova jinoyati osongina yopib qo‘yilganidan oladi."
"O‘zbekiston pochtasi" shubha ostida
Surat manbasi, gazeta.uz
Germaniyadagi Bild gazetasi jurnalistik surishtiruvi ortidan huquq-tartibot organlari tergov boshlagani xabar qilinmoqda.
Bild gazetasi o‘tkazgan tekshiruvidan keyin sanksiyaga tushgan tovarlar O‘zbekiston pochtasi orqali Rossiyaga posilkalarda yuborilayapti degan xulosaga kelgan.
Bild ro‘znomasi yozishicha, gazeta muxbirlari Ukrainaga urush boshlagani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan elektron jihozlar solingan beshta pochta qutisini Berlindan Moskvaga yuborganlar, ammo posilkalardagi jihozlar buzuq bo‘lgan.
Shu yo‘l bilan sanksiyadagi tovarlarni Rossiyaga yetkazish oson yoki qiyinligini tekshirishga qaror qilingan.
Posilkalar hujjatlarida ichiga kitob, sharf va shapkalar solingan deb rasmiylashtirilgan.
Har bir qutiga GPS-treker o‘rnatilgan, oxir-oqibat ular Moskvadagi manzilga yetib borganini ko‘rsatgan.
Germaniyadan Moskvaga posilka yuborish bilan Berlin shahridagi logistika shirkatlaridan biri shug‘ullangan.
Jurnalistlardan posilkalarni olgan shirkat xodimi qutilarga UzPost yorliqlarini yopishtirgan.
Posilka yuborish bilan shug‘ullanadigan Germaniya kompaniyasi "O‘zbekiston pochtasi" bilan hamkorlik qonuniy degan.
Bild yozishicha, "O‘zbekiston pochtasi" xususiy logistika kompaniyalari bilan hamkorlik qilishlarini tasdiqlagan.
2025 yil oktyabrida "O‘zbekiston pochtasi" aktsiyadorlik jamiyatining davlat ixtiyorida bo‘lgan ulushlari Rossiya shirkatiga sotilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Internetda xaridor Wildberries bo‘lishi mumkinligi aytildi.
O‘zbek rasmiylari oldi-sotdi haqida ma’lumot bermadilar, "maxfiy" kelishuv tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.
Ommaviy axborot vositasi xodimlarini yana tovlamachilikda ayblashayapti
Surat manbasi, Telegram/qonundoirasidauz, instagram.com/azamat_avezovqd
O‘zbekistonda yana bir OAV — Qonun Doirasida loyihasi xodimlari tuhmat va tovlamachilik ayblovlari bilan qo‘lga olindi, deb xabar tarqatdi Gazeta.uz veb-nashri.
"O‘zbekistonda yana bir OAV xodimlari tuhmat, tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda ayblanib hibsga olindi. Xorazm viloyati IIB Urganchda Qonun doirasida loyihasi rahbari — 45 yoshli yurist Furqat Ro‘zmetov va uning xodimi — 33 yoshli yurist Azamat Avezov hibsga olinganini xabar berdi".
Militsiya "qator fuqarolarning arizalari asosida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgan"ini ma’lum qilgan.
Xabarga ko‘ra, qo‘lga olinganlarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining yetti moddasi bo‘yicha ayb ilgari surilgan.
Ular quyidagilar:
- og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblash bilan bog‘liq tuhmat;
- uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarida juda katta miqdorda sodir etilgan tovlamachilik;
- mansab vakolatlaridan foydalangan holda yirik miqdorda firibgarlik;
- katta zarar yetkazgan holda qasddan hosil, o‘rmon, daraxtlar yoki boshqa o‘simliklarni shikastlash, zaharlash yoki yo‘q qilish;
- hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklarni tayyorlash, soxtalashtirish, sotish yoki oldindan kelishilgan guruh tomonidan ulardan foydalanish;
- o‘zboshimchalik;
- yolg‘on ma’lumot tarqatish.
"Jinoyat ishida boshqa shaxslar ham ishtirok etmoqda, ammo ularning ismlari yoki soni ochiqlanmagan", deyiladi xabarda.
Bu voqea 20 yanvar kuni Farg‘ona viloyatida sud jurnalist Elyor Tojiboevni bir qator ayblovlar — tuhmat, davlat xizmatchisini haqorat qilish va tovlamachilikda aybdor deb topgani va to‘rt yil qamoq jazosiga hukm qilgani haqidagi xabar ortidan kuzatildi.
16 yanvar kuni esa Toshkent shahrida jurnalistik surishtiruv bilan shug‘ullangan OAV — Taftish.uz ning besh jurnalisti ham "tovlamachilik sxemasi" ishi doirasida qo‘lga olgani xabar qilingan edi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan kuzatilayotgan ushbu so‘nggi hodisalar mamlakatda matbuot erkinligiga oid xavotirlarni yana kuchaytirgan.
25 yanvar. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Istanbuldagi qotillik haqida ma’lumot berdi
Surat manbasi, Reuters
Boshi va oyoqlari tanasidan judo qilingan ayol jasadi tunda Istanbul chiqindi ishi ichida topilgani haqida Turkiya matbuoti xabar tarqatdi.
Jasad qoldiqlari matoga o‘ralgan bo‘lgan, Istanbulning Shishli tumanidagi chiqindi konteyneri ichidan shanba, 24 yanvar tunida qog‘oz yig‘uvchi tomonidan topilgan, deb xabar berdi DHA axborot agentligi.
Tergovchilar qurbonning 37 yashar O‘zbekiston fuqarosi ekanini aniqlaganlar.
Tergovchilar ayol boshi va oyoqlarini darrov topolmaganlar.
Biroq kuzatuv kameralaridagi tasvirlarni o‘rganish chog‘i shaharning boshqa bir chiqindixonasida ikki erkak bir jomadonni tashlab ketgani videosini ko‘rib qolganlar.
Jomadon ichida nima borligi ma’lum bo‘lmagan.
Oradan bir necha soat o‘tib politsiya Istanbul aeroportida Turkiyadan uchib ketayotgan ikki O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan gumondorni hibsga olgan.
Oradan ko‘p o‘tmay uchinchi gumondor ham qo‘lga olingan.
Ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ushbu qotillikka g‘azabnok munosabat bildirmoqdalar.
Femitsid - ayolga nisbatan nafrat holatlari ko‘payib borayotganidan norozilik bildirayotgan Turkiyadagi ayol huquqlari tashkilotlari femitsidga qarshi samarali chora ko‘rishni talab qilmoqdalar.
Shu munosabat bilan 25 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 16 da Anqara shahrida norozilik yurishi e’lon qilindi.
Turkiyada rasman femitsid holatlariga oid rasmiy ma’lumot e’lon qilinmaydi.
Shuning uchun xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar ayollar qotilligi va shubhali o‘limiga oid raqamlarni matbuot xabarlari asosida yig‘ib boradilar.
"Biz femitsidni to‘xtatamiz" deb nomlangan tashkilot e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025 yili mamalakatda 294 ayol o‘ldirilgan, 297 ayol esa shubhali vaziyatlarda hayotdan ko‘z yumgan.
Qotillik bosh konsulxona nazoratiga olingan
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qilishicha, qotillik O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi nazoratiga olingan.
"O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Shishli tumanida vatandoshimiz vafoti to‘g‘risidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildi.
Aniqlanishicha, 2026-yil 24-yanvar kuni soat 19: 40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum to‘plab yurgan fuqaro konteyner ichida o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Ko‘rik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.
Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Hakimova Durdona ekani tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.
Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatildi hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni rasmiy manbalar orqali taqdim etib boradi.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi", deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.
Bosh maqola
Muharrir tanlovi
Ommabop maqolalar
Bu materialga kirish imkonsiz