Tramp Eron energetikasiga zarbalarni 10 kunga qoldirdi, BMT Minob maktabiga hujum tergovi shaffofligiga chaqirdi

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, EPA

O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh Prezidenti Donald Tramp Tehron bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Eronning energetika ob’ektlariga zarba berishni 10 kunga to‘xtatishga qaror qilganini bildirdi.

Tramp aytishicha, bu qaror Eron hukumatining iltimosi bilan qabul qilingan, biroq Tehron bunday iltimos bilan chiqqanini inkor etadi.

«Eron hukumatining iltimosiga binoan [...] men elektr stantsiyalarini vayron qilish davrini 10 kunga, ya’ni dushanba, 2026 yil 6 aprel, Sharqiy vaqt bilan soat 20:00 gacha to‘xtatib turaman. Muzokaralar davom etmoqda va feyk ommaviy axborot vositalari hamda boshqa manbalarning noto‘g‘ri bayonotlariga qaramay, ular juda yaxshi kechmoqda», — deb yozdi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘tgan dam olish kunlari Tramp, agar Tehron 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasa, Eron elektr stantsiyalarini «yo‘q qilish» bilan tahdid qilgan edi. Eron rasmiylari bunga javoban bo‘g‘ozni kemalar qatnovi uchun to‘liq yopib qo‘yishini bildirgan.

Dushanba kuni Tramp AQSh va Eron urushni tugatish bo‘yicha «samarali muzokaralar» olib borayotganini aytib, Eronning energetikasiga zarba berishni besh kunga to‘xtatib turishni buyurdi.

Chorshanba kuni AQSh Eronga mojaroni to‘xtatish uchun 15 shartdan iborat ro‘yxat bergani ma’lum bo‘ldi, biroq Tehron ularni rad etib, o‘zining besh banddan iborat o‘z rejasini taklif qildi.

Hozirgacha AQSh Eronda aynan kim bilan muloqot olib borayotgani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Trampning aytishicha, Eron rasmiylari o‘ldirilishdan qo‘rqib, muzokaralar olib borilayotganini inkor etishmoqda.

«Ular muzokaralar olib borishmoqda va kelishuvga erishishni juda xohlashadi. Lekin ular bu haqda gapirishdan qo‘rqishadi, chunki ularni o‘z hamyurtlari o‘ldirib qo‘yadi deb o‘ylashadi. Shuningdek, biz tomondan o‘ldirilishdan ham qo‘rqishadi», — dedi u jurnalistlarga.

Iqtibos

Eronning "sovg‘asi"

Tramp Eron energetikasiga zarbalar kechiktirilishini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, jahon bozorlarida neft narxi tusha boshladi.

Payshanba kuni davomida narxlar ko‘tarilishda davom etgan edi — bu urush davom etishi kelgusida neftь tanqisligini keltirib chiqarishi borasidagi xavotirlarni aks ettirgandi.

Payshanba kuni Tramp AQSh hukumatining yig‘ilishida Eron hukumati unga qanday «sovg‘a» berganini aytib berdi.

Bungacha Oq Uy rahbari eronliklar unga «qimmatli narsa sovg‘a qilganini» aytgan, ammo aynan nima ekanligiga aniqlik kiritmagan edi.

Undan Eron bilan muzokaralar qanday ketayotganini so‘rashganda, u Tehron o‘z niyatining jiddiyligini ko‘rsatishni xohlayotganini aytdi.

Trampning bildirishicha, Tehron ikki-uch kun oldin «sovg‘a» sifatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashiyotgan sakkizta tankerni o‘tkazib yuborishni va’da qilgan va u kemalar haqiqatan ham o‘tgan.

«O‘shanda men: "Ko‘rdingizmi, biz kerakli odamlar bilan ish olib boryapmiz shekilli", — dedim. Ular ayrim narsalar uchun uzr so‘rashdi va yana ikkita kemani o‘tkazishlarini aytishdi. Shunday qilib, natijada bizda o‘nta kema bo‘ldi», — dedi Tramp.

Isroil Eronga hujum qilishda davom etmoqda

Isroilning mudofaat kuchlari oxirgi sutka ichida Eronning g‘arbiy qismidagi «raketa uchirish pozitsiyalariga» yigirmaga yaqin zarba berilganini xabar qildi.

Isroilning mudofaat kuchlarining X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida aytilishicha, aviatsiya ballistik raketalarni saqlash va uchirish ob’ektlariga, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlariga 70 ga yaqin o‘q-dori tashlagan.

Shuningdek, ushbu ob’ektlardagi harbiylar yo‘q qilinganini va Isroil armiyasi Eronning raketa salohiyatiga zarba berishni to‘xtovsiz davom ettirayotgani xabar qilinmoqda.

Payshanba kuni Isroil Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini nazorat qilayotgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiy-dengiz floti qo‘mondoni Alirizo Tangsiriy o‘ldirilganini e’lon qildi.

Ismi oshkor etilmagan eronlik mulozim bundan avval Eron davlat ommaviy axborot vositalariga bo‘g‘ozni nazorat qilish mamlakatning «tabiiy va qonuniy huquqi» ekanini aytgan edi.

Bundan tashqari, payshanba kuni Abu-Dabiga Eronning urib tushirilgan raketasining bo‘laklari tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilindi.

BMT: Minob maktabiga hujum tergovi natijalari ommaga e’lon qilinishi kerak

Iqtibos

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissari Volker Turk Eron janubidagi Minob maktabiga hujum bo‘yicha olib borilayotgan tekshiruvni "imkoni boricha tezroq" tugatishga chaqirdi.

Volker Turk ushbu hujum har kimni "ichki dahshatga soldi", tergov yakunlarini ommaga oshkor etishni talab qildi.

AQSh va Isroil Eronga hujumlarni boshlagan ilk daqiqalarda Eron janubidagi Minob qizlar maktabiga hujumlar qilingan, oqibatda aksari maktab o‘quvchi qizlari doxil 168 inson halok bo‘lgan edi.

AQSh matbuoti xabar qilishicha, AQSh harbiy tergovchilari ishonishicha, hoynahoy Amerika harbiylari maktabni noatayn urishda javobgarlar, ammo hali Minob maktabiga hujum borasida yakuniy xulosaga kelinmagan.

BMT majlisida Eronning Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham video muloqot orqali ishtirok etdi.

U AQSh-Isroil urushini "ikki yadroviy qurolli bezori rejim tomonidan qo‘llanilgan noqonuniy urush" deb atadi.

U AQShni muzokaralar davom etayotgan bir paytda fevral oyi oxirida Eronga zarba berib, "to‘qqiz oy ichida ikkinchi marta diplomatiyaga xiyonat qilganlikda" aybladi.

Minobdagi qizlar maktabiga qilingan hujum "bu tajovuzning eng dahshatli ko‘rinishlaridan biri" bo‘lganini, hujumni "urush jinoyati va insoniyatga qarshi jinoyat" deb atadi.

Aroqchi hujumni "aniq hisob-kitob qilingan, bosqichma-bosqich hujum" deb atadi va AQSh aniq harbiy texnologiyalarga ega ekanligini aytdi.

"Hech kim bu maktabga qilingan hujum qasddan va qasddan qilinganidan boshqa narsa bo‘lganiga ishonolmaydi", deydi u.

U "hamma tomonidan aniq qoralanish" va "aybdorlar uchun aniq javobgarlik" talab qiladi, dedi Eron Tashqi ishlar vaziri.