G‘ordagi eng qadimiy tasvir inson ijodi ibtidosi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirmoqda

O'qilish vaqti: 4 daq
Sorry, we can’t display this part of the story on this lightweight mobile page.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Indoneziyaning Sulavesi orolidagi g‘orda topilgan qo‘lning trafaret chizmasi bizga ma’lum dunyodagi eng qadimiy tasvir hisoblanadi.

Unda qizil rangda chizilgan qo‘l konturi chizilgan bo‘lib, barmoqlar tasviriga biroz ishlov berilgan. Bu ramziy tasavvurning ilk bosqichini ko‘rsatadigan changalsimon motivni yaratish uchun qilingan, demoqda olimlar.

Rasm kamida 67 800 yil oldin chizilgan – bu Ispaniyadagi qo‘l trafaretidan taxminan 1100 yil avvalroq degani.

Shuningdek, bu topilma bizning turimiz – Homo sapiens, ba’zi tadqiqotchilar ta’kidlaganidan taxminan 15 000 yil oldinroq Sahul deb atalgan keng Avstraliya-Yangi Gvineya quruqligiga yetib borgan, degan taxminni quvvatlaydi.

So‘nggi o‘n yilda Sulavesidagi bir qator kashfiyotlar san’at va abstrakt fikrlash to‘satdan muzlik davri Yevropasida paydo bo‘lib, u yerdan tarqalgan, degan eski g‘oyani o‘zgartirdi.

G‘or san’ati odamlar qachon haqiqatan ham abstrakt, ramziy fikrlay boshlaganining asosiy belgisi sifatida qaraladi. Ramziy fikrlash til, din va fanning asosini tashkil etuvchi tasavvur turidir.

Ilk tasvirlar va o‘yma naqshlar odamlarning nafaqat dunyoga munosabatini, balki uni ifodalay olganini, boshqa turlar qila olmagan tarzda hikoyalarni baham ko‘rganini ko‘rsatadi.

Loyiha hammualliflaridan, Avstraliyaning Griffits universiteti professori Adam Brammning BBC News'ga aytishicha, Nature jurnalida chop etilgan so‘nggi kashfiyot insoniyat uyg‘ongan joy faqat Yevropa emasligini tasdiqlaydi. Aksincha, ijodkorlik zamonaviy insonga xos xislat bo‘lib, buning tasdig‘i biz rivojlangan Afrika qit’asiga borib taqaladi.

"90-yillar o‘rtalari va oxirlarida universitetda bizga insondagi ijodiy portlash Yevropaning kichik bir qismida sodir bo‘lgan, deb o‘rgatishardi. Ammo hozir biz zamonaviy inson xulq-atvori belgilarini, jumladan, Indoneziyadagi hikoyaviy san’atda ko‘rmoqdamiz. Bu esa Yevropa markaz bo‘lgan degan qarashni zaiflashtiradi."

Eng qadimgi ispan g‘or san’ati G‘arbiy Ispaniyadagi Maltravieso g‘oridagi qizil qo‘l trafareti bo‘lib, u kamida 66 700 yillik deb belgilangan. Biroq bu bahsli, ba’zi mutaxassislar uni bu qadar qadimiy deb hisoblamaydi

Sorry, we can’t display this part of the story on this lightweight mobile page.

2014 yilda Sulavesida kamida 40 ming yillik qo‘l trafaretlari va hayvon tasvirlari topilgan. Keyinchalik kamida 44 ming yillik ov sahnasi, so‘ngra kamida 51 200 yil oldin ishlangan cho‘chqa va odam tasviri aniqlangan. Griffits universiteti professori Maksim Oberning ta’kidlashicha, har bir yangi topilma murakkab tasvirlarni vaqt jihatidan yanada uzoqroq o‘tmishga surib bormoqda.

"Biz dastlab Yevropadagi kabi kamida 40 ming yillik yoshdan boshladik. Ammo pigmentni chuqurroq o‘rganib, Sulavesidagi qoyatosh san’ati yoshini kamida yana 28 ming yil ortga surdik."

Eng so‘nggi topilma janubi-sharqiy Sulavesi yaqinidagi kichik orol – Munadagi Liang Metanduno nomli ohaktosh g‘oridan topilgan. U purkagich usulida ishlangan: qadimgi graffiti rassomi qo‘lini g‘or devoriga tekis bosgan, so‘ng uning atrofiga bir hovuch pigment puflagan yoki tupurgan. Shunda qo‘lini olganida, toshda uning aks tasviri qolgan.

U yerdagi bir parcha qo‘l trafareti yupqa mineral qatlamlar bilan qoplangan bo‘lib, tahlil qilinganda uning yoshi kamida 67 800 yilga tengligi aniqlangan. Bu uni dunyodagi eng qadimgi g‘or san’atiga aylantiradi.

Eng muhimi, rassom devorga bosilgan qo‘l atrofiga pigment purkash bilangina cheklanib qolmagan, deydi tadqiqotchilar.

Surat manbasi, Ahdi Agus Oktaviana

Surat tagso‘zi, Sulavesida yaqinda topilgan g‘or suratlaridagi barmoqlarning konturlari ehtiyotkorlik bilan o‘zgartirilgan va yanada tirnoqqa o‘xshatish uchun ingichkalashtirilgan va cho‘zilgan.

Dastlabki trafaret tayyor bo‘lgach, barmoqlarning konturlari ehtiyotkorlik bilan o‘zgartirilgan – uni yanada tirnoqqa o‘xshatish uchun ingichkalashtirilgan va cho‘zilgan. Bramm bu ijodiy o‘zgarishni "bizning turimizga xos xislat" deb ta’riflaydi.

Uning ta’kidlashicha, bizning qardosh turimiz bo‘lmish neandertallarning Ispaniyadagi g‘or tasvirlarida, ya’ni taxminan 64 000 yil oldin yaratilgan san’at asarlarida bunday ijodni tasdiqlovchi dalil yo‘q. Ammo bu masala ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda, chunki ba’zi tadqiqotchilar rasmning yoshi to‘g‘ri aniqlanganini shubha ostiga olmoqda.

Munadagi so‘nggi kashfiyotgacha Sulavesidagi barcha rasmlar orolning janubi-g‘arbidagi Maros Pangkep karstidan topilgan edi. Bu ancha qadimiy trafaretning Sulavesi orolining qarama-qarshi tomonida, alohida orolda topilgani g‘or devorlarida tasvirlar yaratish mahalliy tajriba emas, balki butun mintaqa bo‘ylab madaniyatlarga chuqur singib ketganligini ko‘rsatadi.

Brammning aytishicha, indoneziyalik hamkasblarining ko‘p yillik dala tadqiqotlari natijasida chekka hududlarda "yuzlab yangi qoyatosh san’ati ob’ektlari" topilgan. Ba’zi g‘orlardan odamlar o‘n minglab yillar davomida qayta-qayta foydalangan. Liang Metandunuda ancha keyingi davrlarga oid rasmlar topilgan. Ularning ba’zilari taxminan 20 000 yil oldin chizilgan. Bu esa mazkur yagona g‘or kamida 35 000 yil davomida badiiy faoliyat markaziga aylanganini ko‘rsatadi.

Sulavesi Osiyo qit’asi va qadimgi Sahul o‘rtasidagi shimoliy dengiz yo‘lida joylashgani sababli, bu sanalar avstraliyalik aborigenlar ajdodlari qachon kelganligini aniqlashda ahamiyatga ega.

Ko‘p yillar davomidagi DNK tadqiqotlari va ko‘plab arxeologik topilmalarga asoslangan asosiy fikr shuki, Homo sapiens ilk bor qadimgi Avstraliya-Yangi Gvineya quruqligi Sahulga taxminan 50 ming yil oldin yetib kelgan.

Indoneziyaning milliy tadqiqot va innovatsiyalar agentligi xodimi Adhi Agus Oktaviananing ta’kidlashicha, Homo sapiens kamida 67 800 yil avval Sulavesida o‘rnashib, murakkab ramziy san’at yaratgani haqidagi ishonchli dalillar bor. Bu esa, taxminan 65 ming yil oldin Avstraliya shimolida odamlar yashagani to‘g‘risidagi bahsli arxeologik ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lishi ehtimolini oshiradi.

"Sulavesida bu rasmlarni ijod qilgan odamlar keyinchalik mintaqa bo‘ylab tarqalib, pirovardida Avstraliyaga yetib borgan aholining bir qismi bo‘lgani ehtimoli katta."

Ko‘plab arxeologlar bir paytlar aqlning Yevropadagi "katta portlashi" haqida bahslashgan, chunki g‘or rasmlar, o‘ymakorlik qoldiqlari, taqinchoqlar va yangi tosh qurollar barchasi taxminan 40 000 yil avval, Homo sapiens u yerga kelganidan ko‘p o‘tmay, Frantsiya va Ispaniyada paydo bo‘lgan.

Altamira va El Kastilo kabi joylardagi g‘or san’ati muzlik davri Yevropasida ramziylik va san’at tez paydo bo‘lgani haqidagi g‘oyani quvvatladi. Shundan beri, 70 000-100 000 yil oldingi Blombos g‘ori kabi Janubiy Afrika yodgorliklaridan topilgan o‘yma oxra, munchoqlar va mavhum belgilar Afrikada ramziylik allaqachon shakllanganini ko‘rsatdi.

Sulavesidagi juda qadimiy tasviriy va hikoyaviy rasmlar bilan bir qatorda, yangi bir yakdil qarash shakllanmoqda. Oberning BBC News'ga aytishicha, ijodkorlik ancha qadim va keng tarqalgan edi.

"Bu shuni anglatadiki, odamlar bu qobiliyatga juda uzoq vaqt davomida ega bo‘lgan, hech bo‘lmaganda Afrikani tark etganlarida, balki undan ham oldinroq."