Mirziyoyev Rustam Inoyatovni senator qildi

Сурат манбаси, kun.uz

MXXning sobiq raisi Rustam Inoyatov Oʻzbekiston Oliy majlis senatining aʼzosi boʻldi. Bu haqda 31 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni chiqdi. Xabarni BBCUZBEK.COM ga senatdagi manba tasdiqladi.

"Prezidentning 16 senatorni tayinlash huquqi bor. Oʻsha huquqdan foydalangan holda 31 yanvar sanasi bilan maxsus farmon chiqdi. Unda Prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Rustam Inoyatov senat aʼzosi etib tayinlanishi aytilgan", deydi BBC manbasi.

Rustam Inoyatovning oddiy senator boʻlishi yoki biror qoʻmitaga rahbar boʻlish masalasi senatning navbatdagi yalpi majlisida belgilanadi.

Endilikda MXXning sobiq rahbari senator sifatida dahlsizlik huquqidan foydalanishi mumkin, deb yozadi kun.uz.

"Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati toʻgʻrisida"gi qonunga koʻra, Senat aʼzosi Senat roziligisiz, Senat majlislari oraligʻida esa Senat Kengashi roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas. Senat aʼzosiga uning senatorlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.

Senat aʼzosining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Qariyb 23 yil Oʻzbekistondagi eng qudratli tuzilma - MXXni boshqarib kelgan Rustam Inoyatov 31 kuni Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oʻtgan majlisda ishdan olingan.

Rasmiy xabarlarda 73 yoshli Rustam Inoyatov boshqa ishga oʻtganligi munosabati bilan MXX raisligidan ketganligi yozildi.

Inoyatov ishdan ketishi ortidan OʻzAda ushbu tuzilmani tanqid qiluvchi maqola paydo boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mualliflaridan biri, yuridik fanlari doktori Halim Boboyev MXXnnig xalqning uzilib qolganini aytgan.

"Bu sohada uzoq vaqt ochiq islohot olib borilmagani uning xalq uchun mavhumlashib borishiga, mazkur idoraning xalqdan butunlay uzilib qolishiga sharoit yaratdi", deydi Halim Boboyev.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek