Muhammad Bekjon: "Alvido, "Jasliq!"

18 yil umrini Oʻzbekiston qamoqxonalarida oʻtkazgan sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon tutqunlikdagi hayotiga bagʻishlangan birinchi kitobini yozib tugatgan.
Taniqli shoir va marhum Islom Karimovning siyosiy raqibi Muhammad Solihning ukasi boʻlgan Muhammad Bekjon shu yil fevralida ozodlikka chiqarilgandi.
U 1999 yilda Toshkent portlashlarida ayblanib, Kiyevda hibsga olingan va Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Oʻsha yilning kuzida Toshkentda oʻtgan mahkamada Bekjon va boshqa ayblanuvchilar oʻzlariga qoʻyilgan ayblarni rad etishgan va qiynoqqa solinganliklarini aytganlar.
Oʻzbekiston mahkamalari Muhammad Bekjonga chiqarilgan 11 yillik dastlabki mahkama hukmini uzaytirib kelganlar.
Frantsiyadagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti Muhammad Bekjonni "dunyoda eng uzoq muddat qamoqda oʻtirgan jurnalist" deb atagan.
Hozirda Xorazmdagi uyida yashayotgan 63 yoshli Bekjon oʻzining ozodlikka chiqarilishini Oʻzbekistondagi hokimiyat oʻzgarishi bilan bogʻlaydi.
"Karimov hayot boʻlganida hali ham qamoqda oʻtirgan boʻlardim", - deydi muxolifatdagi "Erk" partiyasining faoli.
BBC bilan suhbatda Muhammad Bekjon Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlar pirovardida mamlakatdagi barcha siyosiy mahbuslarning ozod va reabilitatsiya qilinishiga olib keladi, deb umid qilayotganini bildirdi.
Muhammad Bekjonning "Alvido, "Jasliq!" deb nomlangan birinchi kitobidan boblar bilan kelayotgan kunlarda BBCUZBEK.COMda tanishishingiz mumkin.
- BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02






























