Eron urushi va dasturxonimiz: Oziq-ovqat narxlari keskin oshishi mumkinmi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Faisal Islam
- Role, Iqtisodiy sharhlovchi
- O'qilish vaqti: 4 daq
Ushbu inqirozning ikki markazi - Eron janubidagi 24 millik Hormuz bo‘g‘ozi va undan 13000 km uzoqlikdagi Oq uy.
Dunyoning qolgan qismi uchun esa AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga o‘z iqtisodiy dalillarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish uchun bu hafta noyob imkoniyat bo‘ldi. Bu imkoniyat Vashingtonda, Oq uyning shundoqqina yaqinida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) va Jahon bankining bahorgi yig‘ilishi doirasida paydo bo‘ldi.
Men G7 davlatlari moliya vazirlari, ba’zi markaziy bankirlar va dunyoning yetakchi moliyachilari bilan suhbatlashganimda, ko‘pchilik dunyoning qolgan qismi AQShning urush boshlash haqidagi qarori tufayli kelib chiqqan "kutilmagan, ammo bashorat qilinishi mumkin bo‘lgan" xarajatlarni to‘layotganidan norozi ekanligini sezdim.
Buyuk Britaniya G‘aznachiligi rahbari Reychel Rivz ushbu urushni "ahmoqlik", "xato" va "bizniki bo‘lmagan urush" deb atab, ayniqsa keskin munosabat bildirdi.
Moliya vazirlari ishtirok etgan G20 nonushtasi kabi uchrashuvlar ancha og‘ir ruhda o‘tdi. Qatnashchilarning so‘zlariga ko‘ra, xonadagilar ichida faqat AQSh vakillarigina yaqin istiqbolga ishonch bilan qarayotgan yagona tomon bo‘lib turdi.
Osiyolik moliyachilar, ayniqsa, "energiya resurslarining haqiqiy tanqisligidan" jiddiy xavotir bildirishdi. Bu xavotirlar yangrashi bilanoq, AQSh G‘aznachilik kotibi Skott Bessent Amerika moliyaviy telekanallarida chiqish qilib, bezovtalikka asos yo‘qligini, bozorlar va iqtisodiyot tez fursatda o‘zini tiklab olishini ta’kidladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Oqibati asta-sekin namoyon bo‘luvchi inqiroz
Biroq, barcha asosiy uchrashuvlarda qatnashgan va Trampning tariflar urushiga qarshi kurashda tajribaga ega bo‘lgan Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan boshqacha fikrda edi.
"Geografiya o‘zgarmaydi. Odamlar ham unchalik o‘zgarmaydi, shuning uchun bu jahon energetikasi nuqtai nazaridan xavf bo‘lib qolaveradi va biz buni hatto mojaro tugaganidan keyin ham yillar davomida boshqarishimizga to‘g‘ri keladi", dedi u.
XVJ ijrochi direktori Kristalina Georgieva dunyo "sekin harakatlanuvchi zarba"ga duch kelganini aytgan bo‘lsa, Jahon banki prezidenti Ajay Banga iqtisodiy jihatdan kambag‘al mamlakatlarga ta’siri haqida gapirdi: Iroq odatda daromadlarining 85 foizini ta’minlaydigan neftni tashish va ishlab chiqarishni to‘xtatgan. Bangladesh uy xo‘jaliklari ovqat pishirish uchun gazga muhtoj, ammo u Yaqin Sharq yetkazib beruvchilaridan uzilib qolgan. Tinch okeani orollari energiya zaxiralari kam bo‘lgani sababli, uzoq yo‘ldan kelayotgan tankerlarni kutib qolishgan.
Bunga javoban Jahon banki kambag‘al mamlakatlarga energiya va oziq-ovqat narxlari oshishiga qarshi kurashda yordam berish uchun 100 milliard dollargacha mablag‘ tayyorlab qo‘ydi.
Eron bo‘g‘ozni vaqtincha qayta ochishini aytishidan oldin Georgieva shunday ogohlantirdi: "Mart oyi qiyin bo‘ldi, lekin aprel yanada qiyinroq bo‘lishi mumkin.Chunki 28 fevralgacha yo‘lga chiqqan tankerlar o‘z manzillariga yetib borgan, yangi yetkazib berishlar esa amalga oshirilmayapti... Tanker — bu sekin harakatlanuvchi kema. Masalan, uning Fiji orollarigacha yetib borishi uchun 40 kun vaqt ketadi.
Juma kungi umidbaxsh o‘zgarishlarga qaramay, jahon bozorida oziq-ovqat narxlari ko‘tarilishi xavfi soat sayin yaqinlashmoqda. O‘g‘it ishlab chiqarishda asosiy xomashyo hisoblangan karbamid narxi ikki baravar oshdi. Dunyoning shimoliy qismidagi davlatlar hozir ekin ekish bilan band bo‘lsa-da, global miqyosda oziq-ovqat taqchilligi muammosi iyun-iyul oylariga kelib yuzaga chiqishi mumkin.
Jahon banki prezidenti Adjay Banga shunday dedi: "Agar bundan uch oy o‘tib ham o‘g‘it ta’minoti tiklanmasa va biz janubiy mamlakatlarning ekin ekish mavsumiga yetib borsak, ana o‘shanda haqiqiy muammo boshlanadi - biz oziq-ovqat yetishmovchiligining og‘ir zanjiriga tushib qolamiz".
Tramp ma’muriyatining bularning barchasiga ikki javobi bo‘ldi: urush tez orada tugaydi va kelajakdagi manfaat hozirgi qiyinchiliklarga arziydi.
AQSh G‘aznachilik binosining shundoqqina ro‘parasida joylashgan Willard mehmonxonasi - o‘z vaqtida "lobbizm" atamasi o‘ylab topilgan maskan hisoblanadi. Dunyoning qolgan qismi esa bu yerga iqtisodiy halokatning oldini olish uchun diplomatik bosim o‘tkazish maqsadida yig‘ilgan edi.
Bessent bir nechta matbuot vakillari, jumladan men bilan ham suhbatlashdi. Xo‘sh, u XVJning Eron urushi kamdan-kam uchraydigan global iqtisodiy pasayishga sabab bo‘lishi haqidagi xavotirli prognozlariga qanday munosabat bildirdi?
"Agar Londonga yadroviy qurol tushsa, global yalpi ichki mahsulot qanchalik zarar ko‘rishini qiziqyapman", dedi u menga.
"Men uzoq muddatli xavfsizlik yo‘lida qisqa muddatli prognozlardan kamroq xavotirdaman... bir necha haftalik kichik iqtisodiy og‘riq, hisoblab bo‘lmaydigan darajadagi ulkan xavflarni bartaraf etish uchun arziydi".
Men undan aynan nimani nazarda tutganini so‘raganimda, u Eronning Diego-Garsiyaga qilgan hujumiga ishora qildi. Bessent, shuningdek, AQShning Eronga nisbatan qo‘llagan qamaliga qat’iy ishonch bildirdi va Eron kemalari "o‘tolmaydi", deb ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Eron rahbariyatining barcha tarmoqlari nomidan vakolatli gapira oladigan vakillar bilan olib boriladigan muzokaralarga ham nekbinlik bilan qaradi.
Men Frantsiya moliya vaziri Roland Leskyur bilan ko‘rishganimda, u Bessent bilan shaxsiy uchrashuvni endigina tugatgan edi.
"Men ularga nima deganimning hammasini sizga aytmayman, lekin Hormuz bo‘g‘ozi - bu inqirozning asosiy tuguni va uni yechish kerak. Bu vaziyat barchamizga qimmatga tushmoqda", dedi u menga.
U AQSh ham benzin narxlari oshishi bilan bog‘liq qiyinchilikni his qilayotganiga alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, eronliklar iqtisodiy zarardan ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida foydalanmoqdalar.
Bundan farqli o‘laroq, u Frantsiyada ichki energiya narxlari keskin oshmasligiga ishonadi.
"70-yillardagi neft inqirozlari paytida Frantsiya energiyasining 90 foizi uglevodorodlardan olingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 60 foizni tashkil etadi. Biz ushbu inqiroz imkoniyatidan yadroviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga sarmoyalarni ikki baravar oshirish uchun foydalanyapmiz".
Britaniya G‘aznachiligi rahbari Reychel Rivz uchun ham energetika siyosatida o‘zgarishlar kuzatilmoqda. U hozirda Shimoliy dengizdagi mavjud konlardan qazib olishni maksimal darajaga ko‘tarish va elektr energiyasi narxlari bilan oshib borayotgan gaz narxlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni uzish bo‘yicha radikal islohot o‘tkazish ustida ishlamoqda. Yangi takliflar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilyapti.
Birlashgan Qirollik duch kelayotgan muammolarga qaramay, Angliya banki rahbari Endryu Beyli menga bank urush tufayli yuzaga kelgan yuqori inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun foiz stavkalarini oshirishga shoshilmasligi kerakligini aniq aytdi.































