O‘zbekiston: Mirziyoyev xalq dardiga ko‘proq quloq tutmoqchi - Video
Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati
2016 yil kuzida O‘zbekistonda faoliyatini boshlagan xalq qabulxonalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning oddiy o‘zbekistonliklar muammolarini tinglash va hal etishga ko‘maklashish maqsadini ko‘zlagan dastlabki harakatlaridan biri bo‘ldi.
Keynroq Bosh vazir qabulxonalari Prezident qabulxonalariga o‘zgartirildi, hokimlaru vazirlar oddiy odamlar bilan yuzma-yuz ko‘rishadigan bo‘ldilar.
Islom Karimov boshqaruvi yillarida o‘z mushkulliklarini hal etishda davlatga umid qilmay qo‘ygan o‘zbekistonliklar hokimiyat xalq dardiga quloq tutishi mumkinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.
Hokim va hokimliklar ochildi, vazirlar va hokimlar "Xalqaro Press-Klub" jonli efirida savollarga javob bera boshladilar, mahalliy rahbarlar ochiq havoda shikoyatchilarni qabul qiladigan bo‘ldilar.
Rasman bugun ham qaysi vazir, hokim yo rahbarning kun tartibiga qarasangiz, haftaning muayyan kunlarida shaxsan qabul vaqtlari yozilganini ko‘rishingiz mumkin, ammo aftidan, oxirgi vaqtga kelib ancha-muncha rahbarlar uchun bu qabul kunlari nomigagina yozilgan e’lonlarga aylanib qoldi.
Bunday xulosaga Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 13 mart kuni o‘tkazgan hukumat majlisidan keyin kelish mumkin.
"Xalqimiz og‘irini yengil qilish, uni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahalla darajasida ishlaydigan tizim yaratildi. Joriy yilda ham mahallalarda infratuzilma va aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda. Davlatimiz rahbari shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘tarayotgan masalalarga hamma joyda ham o‘z vaqtida yechim topib berilmayotganini ko‘rsatib o‘tdi", deb xabar beradi president.uz veb-sayti.
Bundan keyin O‘zbekistondagi har bir rahbar oldiga bitta shior qo‘yildi:
"Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak".
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Prezidentimiz aholi murojaatlari bilan ishlashning joriy holatini tahlil qildi.
Mamlakatimizda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelmoqda. Biroq bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.
Dehqonobod, Mirobod tumanlari, Navoiy, Ohangaron va Yangier shaharlarida har o‘n ming aholiga to‘g‘ri keladigan arizalar soni boshqa hududlarga nisbatan ikki barobar yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, respublika bo‘yicha murojaatlar soni 16 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqal’a tumanlari va Namangan shahrida mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 50 foizgacha oshgani ko‘rsatib o‘tildi", deya xabar beradi O‘zA axborot agentligi.
"Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari, Angren, G‘ozg‘on shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan "nomiga" gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurgani tanqid qilindi", deb yozdi agentlik.
Yomon statistikasi rahbariga yetishidan qo‘rqadigan amaldorlar
Boshqa ommaviy axborot vositalari singari Bi-bi-si O‘zbek xizmati tahririyatiga, bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga o‘zbekistonlik o‘quvchilarimizdan ko‘plab murojaatlar, shikoyatlar kelib turadi.
Bu murojaatlarda ko‘pincha mamlakat mas’ul organlariga ko‘p bora yozilgan ariza, shikoyatlari e’tiborsiz qolgani, faqat "otpiska" yozib qutulish maqsadidagi javoblar olganlari va o‘z dardu hollarini hech kim eshitmaganidan keyin Bi-bi-siga murojaat qilayotganlarini aytadilar oddiy odamlar.
Biz tahririyatimizga kelib tushgan murojaatlardan shunday xulosa qilish mumkinki, tuman darajasidagi rahbarlar o‘z hududi yoki sohasiga aloqador kichkina salbiy ma’lumot ham yuqori rahbariyatga yetib borishini istamaydilar.
"Agar bu xabar tarqalsa, gap eshitishimiz, hatto lavozimdan ayrilishimiz mumkin", deb o‘ylaydilar.
Misol uchun, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligi, xalq ta’limi, tibbiyot, mahallalar bilan, yoshlar bilan ishlash uchun mas’ul bo‘lgan rahbarlar, huquq-tartibot organlarini 2025 yil 12 sentyabri kuni bir maktab o‘quvchisi bo‘lgan qiz o‘zini o‘zi pichoqlagani hodisasi larzaga soladi.
Qizning onasi Manzura Zokirovaning Bi-bi-siga aytishicha, mahalliy rahbarlar o‘z joniga qasd hodisasi haqidagi xabar yuqori organ rahbarlariga yetib bormasligini istaganlar, jinoyatchilik, yoshlar, xotin-qizlar, maorif va tibbiyotga mas’ullar tuman statistikasi "yomonlashishi" oldini olishga intilganlar.
Manzura Zokirovaning aytishicha, 14 yoshli qizi o‘z joniga qasd qilishiga maktabda o‘qituvchisining nohaqdan ko‘pchilik oldida haqorat qilib qizining izzat-nafsiga tekkani sabab bo‘lgan.
Ayrim rahbarlar Manzura Zokirovani "ruhiy beqaror", sabab-besabab shikoyat qilaveradigan ayol deb biladilar, shuning uchun ham uning murojaatlarini e’tiborsiz qoldiradilar.
Uning "nega qizimni o‘z joniga qasd qilishgacha olib borgan o‘qituvchiga chora ko‘rilmadi" degan savoliga mutasaddi idoralardan kelgan javoblarda "onasi ruhan beqaror" degan javobni ko‘rish mumkin.
Manzura Zokirova o‘zi va qiziga munosabat hamon nosog‘lom ekanini aytadi.
"Senga gapirishga ham qo‘rqib qoldik, der ekan o‘qituvchilar", deydi Manzura Zokirova.
Yeri ko‘p degani o‘ziga to‘q deganimi?
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani yashovchisi Ravshan Tojiboevning Bi-bi-siga aytishicha, kadastr idorasi o‘ziga tegishli hovlini 17 sotix deb rasmiylashtirgan.
Ravshan Tojiboev nogiron, u oilasini kambag‘allar ro‘yxatiga kiritishni, bolalariga yordam nafaqasi olishni istaydi.
Ammo u yashaydigan mahalla rahbariyati, "17.5 sotix yeri bor, xotini chet elga chiqib ketgani uchun yordam oluvchilar ro‘yxatidan chiqarildi" deb hisobot bergan.
Ravshan Tojiboev aytishicha, kadastr idorasi yerni oshirib yozgan, aslida yerining maydoni 14 sotix.
Uning aytishicha, yer 17 sotix emasligini ijtimoiy himoya mas’ullari kelib o‘lchab ketib tasdiqlashgan.
Ravshan Tojiboev so‘zlariga ko‘ra, u turli mas’ul tashkilotlarga murojaat qilgan.
O‘zbekiston Prezidenti ma’muriyatiga qilgan murojaatlariga "faqat qog‘ozbozlik javob" xatlari olayapman, deydi Ravshan Tojiboev.
Zuhra Nasritdinovani zo‘ravon sobiq eridan kim himoya qiladi?
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida yashaydigan Zuhra Nasritdinovaning shikoyati sobiq erining ustidan.
Zuhra Nasritdinova aytishicha, sobiq turmush o‘rtog‘i qamalib chiqqanidan keyin uni qiynoqlarga sola boshlagan.
"Ko‘p vaqt bu haqda hech kimga aytmadim. Men o‘z uyimda zo‘ravonlik qurboni bo‘ldim", deydi Zuhra Nasritdinova.
U eri bilan ajrashishga qaror qiladi.
Ammo shu kungacha ham zo‘ravon erining ta’qiblaridan, bosimlaridan qutulolmagan.
Zuhra Nasritdinova ko‘mak so‘rab, turli idoralarga murojaat qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboevaga murojaatidan keyin himoya orderi berilgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Bosh maqola
Muharrir tanlovi
Ommabop maqolalar
Bu materialga kirish imkonsiz