AES qurilishi: Qozog‘iston uchinchi sherik izlamoqda, O‘zbekiston qurilishni boshlab yubordi

Surat manbasi, "ЎзАтом"
Markaziy Osiyoda Rossiya ishtirokida AES qurilishi borasida ikki muhim xabar chiqdi. Qozog‘iston loyihaga uchinchi sherik izlayotgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston esa qo‘shimcha kelishuv imzolab, ishni boshlab yubordi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqotda mamlakatda atom elektr stantsiyasi (AES) qurilishi loyihasini muhokama qildi.
President.uz sayti xabariga ko‘ra, suhbatda birinchi AESni barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston atom energiyasi agentligi — O‘zatom va Rossiyaning davlat korporatsiyasi Rosatom o‘rtasida atom sohasida hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi" hamda AES qurilishi shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv imzolandi.
Hujjatlar 24 mart kuni Toshkentda "O‘zatom" rahbari Azim Axmedxadjaev va "Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachyov tomonidan imzolangan.
Yangi kelishuvga ko‘ra, AES loyihasi yangilangan konfiguratsiyada amalga oshiriladi: ikkita yirik quvvatli (har biri 1 GVt) VVER-1000 reaktorlari va ikkita kichik quvvatli (har biri 55 MVt) RITM-200N reaktorlari bir vaqtning o‘zida quriladi. Umumiy quvvat 2110 MVtni tashkil etadi.
Loyiha doirasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar, aholini zamonaviy yadroviy texnologiyalar haqida xabardor qilish va stantsiya atrofida "atom shahar" barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu — dunyoda ilk bor bir maydonda bir vaqtning o‘zida turli quvvatdagi reaktorlar qurilayotgan loyiha bo‘lishi mumkin.
AES to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga taxminan 17,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, mamlakat ehtiyojining 15 foizgacha qismini qoplashi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Jizzax viloyatining Forish tumanida kichik modulli AES qurilishi doirasida ilk beton ishlari boshlandi. Bu bosqichda reaktor binolari uchun poydevor tayyorlanishi aytildi.
"O‘zatom" rahbari Azim Axmedxadjaev buni "O‘zbekistonning energetik kelajagi uchun hal qiluvchi qadam" deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bosqichma-bosqich, yuqori xavfsizlik standartlari asosida amalga oshiriladi.
Bu qadar farqli formatdagi stansiyalarni bir maydonchada bir vaqtning o‘zida hali hech kim qurmagan.
"Rejaga va yuqori xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilgan holda, bosqichma-bosqich oldinga harakat qilamiz — beton tayyorlash ishlaridan reaktor binosini tiklash, uskunalarni montaj qilish va yakunda energiya bloklarini ishga tushirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tamiz", — deya qayd etdi Azim Axmedxadjaev.
"Rosatom" rahbari Aleksey Lixachyov esa mazkur model nafaqat O‘zbekiston, balki jahon atom energetikasi uchun ham yangi yondashuv ekanini aytgan.
Biz nafaqat O‘zbekistondagi loyihani amalga oshirish nuqtai nazaridan, balki global atom energetikasi rivojlanishi jihatidan ham yangi modelga o‘tmoqdamiz. Bunda bir maydonchaning o‘zida turli quvvatdagi loyihalar — ham biz „millionli blok“ deb ataydigan gigavatt toifasidagi kuchli VVER-1000 bloki, ham 55 megavattli RITM-200 kichik quvvatli reaktorlari bir vaqtda hayotga tatbiq etila boshlanadi. Bu qadar farqli formatdagi stantsiyalarni bir maydonchada bir vaqtning o‘zida hali hech kim qurmagan», — dedi u.
Qozog‘istonda ilk atom elektr stantsiyasi qurilishi bo‘yicha yangi xalqaro sherik jalb qilinishi mumkin
Qozog‘istondagi loyihaga boshchilik qilayotgan Rosatom ehtimoliy hamkor sifatida Xitoyning China National Nuclear Corporation kompaniyasini ko‘rib chiqmoqda.
Loyiha rahbarlaridan Aleksey Lixachyovning RT nashriga bergan intervyusida aytishicha, yana bir sherik tanlash jarayoni davom etmoqda. Mahalliy nashrlar G‘arb sanksiyalari sabab Frantsiya yoki Janubiy Koreya kompaniyalarining ishtirok etishi ehtimoli past deb baholamoqda.
Ulysmedia.kz nashrining ta’kidlanishicha, Britaniyaning so‘nggi sanksiyalari "Rosatom"ning xorijiy loyihalarda ishtirok etuvchi uchta fuqaroviy sho‘’ba korxonasiga qaratilgan. Qozog‘iston atom energiyasi agentligi esa mazkur sanksiya ostidagi kompaniyalar bilan shartnomaviy munosabatlari yo‘qligini bildirgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Ma’lum qilinishicha, stantsiya qurilishi taxminan 11 yil davom etadi va 2035–2036 yillarda yakunlanishi mumkin. Loyihada VVER-1200 reaktorlaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Hozirda seysmik faollik, suv sifati va iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha bir yillik monitoring ishlari olib borilmoqda. Ushbu ma’lumotlar asosida qurilish maydonining barcha xususiyatlarini qamrab olgan yakuniy hisobot tayyorlanishi kutilmoqda.





























