Kiberxavfsizlik mutaxassisi: O‘zbekistonda ma’lumot asosan ichkaridan sizdiriladi, sohani esa organdan chiqqanlar boshqaradi

Surat tagso‘zi, BBC suhbatdoshi kiberxavfsizlik sohasida uzoq yillardan beri ishlab keladi. U o‘z shaxsi sir saqlanishini so‘radi.
O'qilish vaqti: 2 daq

Joriy yilning yanvar oyi oxirida dark-vebda 15 million O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangani haqida ma’lumot tarqaldi. Reddit platformasida buni e’lon qilgan shaxs ushbu ma’lumotlarni sotishni maqsad qilganini bildirgan va, isbot tarzida, ularning ba’zilarini ochiq internetda chop qilgan.

Suhbatni tomosha qiling uchun quyidagi havolaga kiring:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bu ma’lumotlar ichida O‘zbekison fuqarolarining telefon raqamlari, bank rekvizitlari, kredit ma’lumotlari, pasport ma’lumotlari borligi ko‘ringan.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu kabi ma’lumotlar firibgarlik, o‘g‘irlik va shantaj yo‘llarida foydalanishi mumkin. Ularning ogohlantirishicha, xakerlar ma’lumoti o‘g‘irlangan shaxsning hisobida qancha puli borligi, uning manzili va qarindosh-urug‘lari kimligi, uning ojiz taraflarini aniqlab, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiber hujum qilishlari xavfi katta.

Avval vaziyat o‘rganilayotganini aytgan Ichki Ishlar Vazirligi so‘ng rasmiy bayonot chiqarib, vazirlikdan ma’lumotlar sizib chiqmaganini aytdi.

Vazirlik bayonotida boshqa davlat idoralaridan ma’lumotlar o‘g‘irlangani yo o‘g‘irlanmagani haqida hech nima deyilmadi.

Surat manbasi, screenshot

Surat tagso‘zi, Xaker o‘z jinoyatiga isbot sifatida bir necha O‘zbekiston fuqarolari ma’lumotlarini ochiq internetda tarqatdi

Mutaxassislar bu hodisa hukumat serverlari va unga mas’ul kompaniyaning himoyasi ojizligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdilar.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston fuqarolari tobora ko‘p telefon va onlayn firibgarlik qurboniga aylanmoqdalar: ularning nomiga kreditlar olinmoqda va pullari o‘g‘irlanmoqda.

Yanvar oxirida yuz bergan hodisadan biroz avval O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev IIV Kiberxavfsizlikka qarshi kurash markazining ishidan norozi ekanini aytgandi. Bu markaz uch yil avval tashkil qilingan. Lekin o‘tgan yilgi firibgarlik jinoyatlariga qaralsa, ularning atigi 8 foizi fosh qilingan.

Xo‘sh, O‘zbekistonda kiberxavfsizlikka jiddiy e’tibor berilyaptimi? Ibrat Safo suhbatlashgan o‘zbekistonlik mutaxassis o‘z ismi ochiqlanmasligini so‘radi.

Kiberxavfsizlik va informatsion texnologiyalar sohasida 20 yildan oshiq ishlayotganini aytgan mutaxassisga ko‘ra, bu soha O‘zbekistonda "chirib ketgan".

"Ma’lumotlarning sizib chiqishi o‘zi aslida 70 foizi ichkaridan bo‘ladi. Tashqaridan emas", - deydi u.

U buni qisman ishga olinayotgan kadrlar saviyasi bilan bog‘laydi.

"Misol uchun chet elda kiberxavfsizlikka ishchi olinayotganida, uning bilimiga yarasha olinadi, bilimiga yarasha ko‘tariladi, jamoa bo‘lib ishlashadi. O‘zbekistonda bu tizim umuman boshqacha. Birinchi navbatda, tanish-bilish va korruptsiya. Kasbini monopoliya qilib olish kuchli. U hamma dostupni o‘ziga olvoladi. Asosiy nuqtalarga organdan chiqqan xodimlar qo‘yilgan. O‘ylashadiki, organ xodimlari sodiq bo‘ladi. Balki sodiqdir, lekin organ xodimi faqat jismoniy himoya qilishi mumkin, axborot xavfsizligiga ko‘pini aqli yetmaydi. Shaxsan o‘zim nechtasini ko‘rganman. Qayerda ishlagansan, militsiyada ishlaganman, milliy xavfsizlikda ishlaganman..."

Mutaxassisning aytishicha, O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligi yuqori darajada emas. Shu sababdan, shaxsiy ma’lumotlar suiiste’mol qilinishi hollari mavjud.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Katta odamga taalluqli xususiy bankning juda katta lavozimli odamining qo‘lida bojxona bazasidagi ma’lumotlarni ko‘chada ko‘tarib yurganini ko‘rganman. Bu butun O‘zbekiston bojxonasiga taalluqli ma’lumot. Buni nima qilasiz desam, u dediki: "Buni o‘rganib chiqamiz, qaysi firma yo kompaniyaning importi va eksporti, tovar oboroti qancha ekanini ko‘ramiz, shunga qarab turib, hech narsani bilmagandek o‘sha firmaga murojaat qilamiz va yaxshi takliflar qilib o‘zimizga og‘diramiz."

Suhbatdosh ma’lumotlar ichkaridan sizdirilishiga misol tariqasida O‘zbekistonda xorijdan keltirilgan telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiladigan UzIMEI kodi tizimini tilga oldi.

"Odamlar chet eldan kelyapti-da, pasportini berib telefonini UzIMEI da ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lsa, sizning nomingizga allaqachon rasmiylashtirilgan, deb aytishyapti. UzIMEI bazasi kimga qaraydi? Qayerda turadi? Chegarani kim boshqaradi? O‘shalarda turadi bu ma’lumot, chunki unda kim qachon kirib kelganligi haqida ma’lumot bo‘ladi", - deydi u chegara xizmatiga mas’ul Davlat Xavfsizlik Xizmatini nazarda tutib. "UzIMEI kodlari butun Malika bozorida aylanib yurdi-ku."

Mutaxassisning aytishicha, hozirga qadar u bu sohada yuqori darajali xodimning jazolanganini ko‘rmagan.

Suhbatni to‘liq tomosha qiling va fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing.