O‘zbekiston prezidenti "katta sinov" haqida gapirdi...

Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barcha uchun katta sinov bo‘layotganini aytdi.
O'qilish vaqti: 8 daq

Shavkat Mirziyoyev bugungi geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyatdan xavotirdami?

O‘zbekiston prezidenti "katta sinov" haqida gapirdi.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi ikki oyning o‘zida Ukraina urushi mavzusiga bir necha bor qaytdi.

Shuning barobarida Isroil-Falastin mojarosiyu Afg‘oniston masalasini ham yana tilga oldi.

Shavkat Mirziyoyev
rasmiy
Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Ukraina, Yaqin Sharq va Afg‘oniston...

Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, rasmiy

O‘zbekiston prezidenti bu gal har uch mojaroga bu gal Turkiy tilli davlatlarning Vengriyadagi norasmiy sammitida e’tiborni tortdi, unda nutq so‘zladi.

Turkiya dunyoning birinchilardan bo‘lib Ukraina urushiga diplomatik yo‘lda yechim topish harakatidagi eng yirik turkiy tilli va NATOga a’zo yagona musulmon davlati, mezbon Vengriya esa, tashkilotning bugun ham aksariyat a’zosi Ukraina himoyasida turish ahdida qat’iy bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zo yagona kuzatuvchi maqomidagi mamlakati bo‘ladi.

O‘zbekiston esa postsovet makonidagi eng yirik musulmon davlati sanaladi.

O‘zbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tayotganini ham alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barcha uchun katta sinov bo‘layotganini aytdi.

U, shu sababli ham, «dolzarb muammolar bo‘yicha Turkiy tilliy davlatlarning umumiy yondashuv va pozitsiyailarini kuchaytirish har qachongidan ham muhim» ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston prezidenti bu gal ham o‘zlarining eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblashlarini bayon qildi.

«Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

U Turkiya rahbarining bu boradagi «munosib hissa»sini ham alohida e’tirof etdi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning bu boradagi munosib hissasini alohida e’tirof etdi.

Shu oy boshida Ukraina Mudofaa vazirligi va Razvedka boshqarmasi qoshidagi "Xochu jitь" loyihasi Rossiya harbiylari safida jang qilayotgan yoki qilgan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qilgan.

Loyiha bu ro‘yxat to‘liq emasligi va etnik o‘zbeklarni qo‘shib hisoblaganda ularning soni bir necha ming bo‘lishi mumkinligini ham da’vo qilgan.

Rasmiy Toshkent ayni mazmundagi xabarlarni o‘rganishlarini bildirgan.

Ungacha loyiha Rossiya armiyasi saflarida jang qilayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus fuqarolarining ro‘yxatini ham chop qilgandi.

Rossiya tomonda jang qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari hozircha ushbu ro‘yxatlar ichida eng ko‘pi bo‘lib turgani ko‘rilgandi.

Ammo, shuni ham ta’kidlash kerakki, Bi-bi-si urush sharoitida raqib tomonlar e’lon qilayotgan yoki taqdim etayotgan bu kabi ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlashga imkonsiz.

Ukraina nizosi

Ukraina urushi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Neytral Turkmaniston istisno qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina urushi masalasida betaraf mavqe’da, Rossiyaning tajovuzini na-da oshkora yoqlashgan va na-da qoralashgan.

Vengriyadagi norasmiy sammit va O‘zbekiston prezidentining undagi chiqishi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga o‘zining 17-sanksiya paketini kiritishi ortidan bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonda joylashgan ayrim shirkatlar ham nishonga olingani xabar qilindi.

O‘tgan oy boshida esa, aynan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqi bilan ilk tarixiy sammitiga mezbonlik qilgan.

Samarqanddagi sammit chog‘ida ham Ukraina masalasi ko‘tarilgandi.

Yevropa Ittifoqining prezidenti Antoniu Koshta sammitdagi chiqishida Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini "ayni paytdagi eng dolzarb tahdid", - deb atagan.

U Markaziy Osiyoni Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga qarshi hamkorlikda ishlashga chaqirgan.

O‘zbekiston esa xuddi shu sammitda Ukraina mojarosiga tinch yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan so‘nggi xalqaro sa’y-harakatlarga ilk bor o‘zining rasmiy munosabatini bildirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev muzokaralar boshlanganini olqishlashlari va to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bayon qilgandi.

Yevropa AQSh prezidentining Putin bilan imkon qadar tezlikda kelishib, Ukraina urushiga chek qo‘yish sa’y-harakatlari manzarasida har tomonlama rasmiy Kiev himoyasida turgan tomon bo‘ladi.

Neytral Turkmaniston istisno qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina urushi masalasida betaraf mavqe’da, Rossiyaning tajovuzini na-da oshkora yoqlashgan va na-da qoralashgan.

Rossiya ular barchasining eng yirik savdo-iqtisodiy sherigidan bittasi, strategik ittifoqchisi, harbiy, harbiy-texnik hamkori va aksariyatining katta sondagi aholisi uchun eng yirik mehnat bozori ham bo‘ladi.

Samarqand sammiti fonida Yevropa Ittifoqi prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga qilgan da’vatiga esa, Rossiya tomonining rasmiy munosabati noayon qolgan.

Ammo mazkur sammitdan qisqa vaqt o‘tmay O‘zbekistonga amalga oshirgan ikki kunlik rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qilgan nutqida Sergey Lavrov "Markaziy Osiyo+Rossiya" formati AQSh va Yevropa Ittifoqiniki bilan qiyoslanganda qanchalik ish berishi mumkinligi savoliga bergan javobida bu masalaga e’tibor qaratgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri javob bergan savolda "Darhaqiqat, hozir Markaziy Osiyo uchun haqiqiy kurash boshlandi", degan jumlalarni ham ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Sergey Lavrov, o‘zlarining, "hamkorlik jarayonlarini siyosiylashtirish, u yoki bu guruh mamlakatlarning shu va boshqa geosiyosiy makonlarda hukmronlik o‘rnatishga urinishlari bilan bog‘liq mafkuraviy elementlarni kiritishga mutlaqo qarshi" ekanliklarini bildirgan, buni mavqe’larining muhim nuqtalaridan biri sifatida tilga olgan.

"Afsuski", derkan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri, "bunday urinishlar g‘arblik hamkasblarining Markaziy Osiyo "beshligi" bilan o‘zaro munosabatlariga bo‘lgan yondashuvlarida yaqqol ko‘zga tashlanishi, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi a’zolari va Yevropa Komissiyasining Bryusseldagi rahbariyati alohida ajralib turishi, ular mintaqada o‘z kun tartibini Rossiyaga qarshi ochiqcha kayfiyat bilan olg‘a surishga harakat qilayotganligi"ni ta’kidlagan.

Sergey Lavrovning ayni mazmundagi bayonotlariga mintaqa davlatlari poytaxtlari, Yevropa Ittifoqi va Yevropa Komissiyasining munosabati o‘shanda noayon qolgan.

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi esa, Samarqandda strategik sheriklik deklaratsiyasini qabul qilgan.

Deklaratsiyada aynan global va mintaqaviy geosiyosiy landshaftni hisobga olgan holda munosabatlarni yaxshilashga qaror qilingani qayd etilgandi.

Birinchi marta emas

prezident

Surat manbasi, Official

Surat tagso‘zi, O‘tgan yil oktyabrda Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin mezbonlik qilgan sammitdagi chiqishida ham tashqi siyosatdagi O‘zbekiston pozitsiyasi haqida gapirgan, ammo Ukraina masalasini bevosita tilga olmagan edi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning hozirgi kunda xalqaro maydondagi eng dolzarb muammolar bo‘yicha ayni shu mazmundagi pozitsiyasini Samarqanddagi tarixiy sammitdan qisqa vaqt o‘tmay, poytaxt Toshkent mezbonlik qilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ham rasman ochiqlagan.

O‘shanda ham aynan Ukraina urushi, Isroil-Falastin mojarosi va Afg‘oniston masalasiga xosan va birma-bir to‘xtalib o‘tgan.

Buning ortidan, O‘zbekiston rahbari 9 may kuni, G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar doirasida Rossiya prezidenti bilan shaxsan uchrashgan, ammo Moskvadagi mazkur uchrashuv chog‘ida Ukraina urushiga qanday yechim topish masalasi muhokama qilingani-yo‘qligi noayon qolgan.

Mirziyoyev o‘tgan yil oktyabrida Qozonda o‘tgan "BRIKS+" sammitida so‘zlagan nutqida ham dunyoda urush va mojarolar soni ortayotganidan tashvish bildirib, O‘zbekiston tomoni global murosaga erishish bo‘yicha da’vatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.

"Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan holi bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlarni qo‘llab-quvvatlayman", degan Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin mezbonlik qilgan sammitdagi chiqishida.

Biroq O‘zbekiston prezidenti o‘shanda Ukraina mojarosini bevosita tilga olmagan edi.

Ukraina urushiga diplomatik yo‘lda yechim topish harakatlari kuni o‘tgan kuni o‘zining kulminatsion nuqtasiga chiqqan.

Tomonlar so‘nggi Ukraina urushi fonida ilk bor Istanbulda yuzma-yuz uchrashishgan, muloqot olib borishgan.

Ammo yakunida Ukraina va uning g‘arblik ittifoqchilari talabida bo‘lgan biror bir shartlarsiz bir oylik muvaqqat otashkesim taklifi amalga oshmagan.

Bevosita muzokaralar AQSh Prezidenti Donald Trampning Ukraina urushiga tinch yo‘l bilan yakun yasash sa’y-harakatlari natijasida amalga oshgan.

Kutilgan natijani bermagan mazkur muloqot ortidan, Amerika rahbari Rossiya va Ukraina prezidentlariga sim qoqqan.

Putin bilan ikki soatlik telefon suhbati ortidan Donald Tramp, agar Moskva va Kiev o‘rtasidagi muzokaralarda ilgarilash bo‘lmasa, mamlakati Ukrainadagi urushni to‘xtatish harakatlaridan ortga qaytishi bilan ogohlantirgan.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy esa amerikaliklarning bu jarayondan chiqib ketishlarini istamasligini aytgan.

"AQSh o‘zini muzokaralardan va tinchlikka erishish harakatlaridan ixotalamasligi barchamiz uchun muhim, chunki aks holda bundan faqat Putin manfaat ko‘radi", - deya bayon qilgan.

Rossiya rahbari esa, o‘z navbatida, Tramp bilan suhbat konstruktiv o‘tganini bildirgan.

Ammo telefon suhbatining boshqa tafsilotlari noayon qolgan.

Shu kunlarda esa, raqib tomonlar bir-birlariga bu yaqin yillarda ko‘rilmagan yirik dron zarbalarini berganliklariga oid xabarlar ham olingan.

Ukraina tomoni urush bilan kechayotgan so‘nggi uch yil ichida eng yirigi ekani aytilgan va yakshanba kuni amalga oshirilgan dron hujumini, «Rossiyaning tinchlik istagida emasligining dalolati» sifatida ham baholagan.

Volodimir Zelenskiy esa, kuni-kecha Putin «faqat vaqtdan yutmoqchi» ekanini ham da’vo qilgan.

Rasmiy Kievning har ikki da’vosiga ham Rossiya tomonining munosabati hozircha imkonsiz.

G‘azo...

G‘azo

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil-Falastin mojarosi O‘zbekiston va prezident Shavkat Mirziyoyevning diqqat-e’tiboridagi global muammo bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z chiqishida G‘azodagi vaziyatga to‘xtalarkan, sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchalarini chuqur tashvishga solayotganligini aytgan.

Shavkat Mirziyoyev yana bir bor toki «ikki xalq uchun – ikki davlat» tamoyili amalga oshmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas»ligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston rahbari, o‘z navbatida, global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z yuritilganida, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni ham inobatga olishlari va unga birgalikda yechim topishlari lozimligini bayon qilgan.

Isroil-Falastin mojarosi O‘zbekiston va prezident Shavkat Mirziyoyevning diqqat-e’tiboridagi global muammo bo‘ladi.

O‘zbekiston tomoni, yillarki, bu muammoni xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar va "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyili asosida hal etilishi lozimligini ta’kidlab keladi.

Rasmiy Toshkent mojaro markazida bo‘lgan Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini ta’minlashga ham chaqiradi.

O‘zining rasmiy bayonotlarida tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yishga ham da’vat etadi.

O‘zbekiston prezidenti 2023 yilning mart oyida Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhining Bokuda bo‘lib o‘tgan sammiti chog‘ida ham Yaqin Sharqdagi vaziyatga e’tibor qaratgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining chiqishida "Yaqin Sharq mintaqasida ham uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizoning global yechimi hanuzgacha topilgani yo‘q"ligidan xosan tashvish bildirgan.

O‘tgan yil oxirida esa, Rafahdan yarador ayollar va bolalardan iborat 100 nafar falastinlik O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan.

O‘shanda O‘zbekiston tomoni "Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini Samarqandda o‘tadigan "Ko‘rfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo" sammitida ham muhokama qilish niyati"ni izhor etgan.

G‘azodagi insonparvarlik bilan bog‘liq bugungi vaziyat esa, shu kunlarda sarlavhalarga chiqqan yangilik, mavzu, muammo bo‘ladi.

2023 yilning yilning noyabrь oyida O‘zbekiston prezidenti BMTning Yaqin Sharq agentligiga (UNRWA) G‘azo sektoridagi falastinlik qochqinlarga yordam berish uchun $1,5 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qarorni ham imzolagan.

va Afg‘oniston

Markaziy Osiyo xaritasi
Infografika

«Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi», - deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

Afg‘oniston dunyoning O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston - uch Markaziy Osiyo davlatiga chegaradosh davlati bo‘ladi.

Dunyoning boshqa o‘nlabi qatorida eng yirigi ilova qator O‘zbek jangari guruhlari ham boshpana topgan, jang qilgan va hozir ham jon saqlab kelayotgan sanoqli mamlakatlaridan biri.

O‘zbekiston Islomiy harakati eng so‘nggida to‘lig‘icha bay’at keltirgan Yaqin Sharqdagi IShID guruhining bugungi kundagi eng jangovar va eng halokatli qanoti sifatida e’tirof etilayotgan Xuroson qanoti qayta kuchayishga muvaffaq bo‘lgan va bu Markaziy Osiyo hukumatlarida allaqachon jiddiy xavotirlarni paydo qilib bo‘lgan davlat.

Aynan Afg‘onistonda O‘zbekistondan keyin eng katta sondagi o‘zbeklar ham yashaydi.

Uzoq yillik urushlar girdobidagi, so‘nggi chorak asrning o‘zida Afg‘oniston Tolibon harakati misolida bir jangari guruh ikki bor hokimiyatni egallagan yagona mintaqa mamlakati.

Afg‘oniston Tolibon harakati yaqin-yaqingacha mintaqadagi eng yirik jangari guruh, deb ko‘rilgan, ja’mi a’zolari va tarafdorlarining soni 200 mingdan ortishi aytilgan, qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay esa, muvaqqat hukumati mintaqada eng yirik Armiyaga ega bo‘lish rejasini oshkora bayon qilgan tashkilot.

Boshqa tomondan, Afg‘onistonda qudratga qaytishidan hech qancha o‘tmay, yakka o‘zi jadal qurib, bitkazishga kirishgan va Markaziy Osiyo davlatlari barchasining jiddiy xavotirlariga sabab ziddiyatli Qo‘shtepa kanali ham voqealarning so‘nggi rivoji fonida alohida e’tiborga molik yana bir masala bo‘ladi.

Chunki aynan suv resurslari taqsimoti ham suvga chanqoq mintaqada urushga yetaklashi mumkin bo‘lgan eng hassos muammolardan biri sifatida ko‘riladi.

O‘zbekiston esa, barcha shu omillar manzarasida dunyoning Tolibon va uning boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan faol muloqotga kirishgan, qo‘shnilarini yakkalab qo‘ymaslikka chaqirib kelayotgan sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Afg‘oniston muhim tranzit yo‘lida joylashgan, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash, O‘zbekiston kabi dengizga yo‘li ikki karra yopiq mintaqa davlatlarini jahon suv yo‘llariga olib chiqish potentsialiga ega.

Ayrim yetakchi G‘arb nashrlari ga ko‘ra, ayrim mintaqa davlatlari hukumatlari zarurat tufayli bugungi Kobul bilan aloqa o‘rnatgan bo‘lishsa-da, Tolibon ilhomlantirgan radikallashuv, o‘zaro chegaralari xavfsizligi va transchegaraviy jangarilari borasidagi qo‘rquvlar hamon saqlanib qolmoqda.