Tolibon nega Markaziy Osiyoga yuzlanmoqda? Bu Yaqin Sharqdagi mojarolar "salbiy ta’siri"ni yumshatishga yordam beradimi?

Surat manbasi, Rasmiy

O'qilish vaqti: 3 daq

Tolibon tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani kengaytirish, mintaqaviy hamkorlik va doimiy siyosiy muloqotni rivojlantirishga chaqirdi.

Muttaqiyning 5 aprel kuni Qobulda bo‘lib o‘tgan birinchi Afg‘oniston–Markaziy Osiyo maslahat muloqotidagi nutqi videosi va matni Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ziyo Ahmad Takal tomonidan X tarmog‘ida pushtu, ingliz va arab tillarida e’lon qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston vakillari qatnashdi.

"Bugun biz go‘zal Kobul shahrida Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ilk maslahat muloqoti yig‘ini o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz", dedi Muttaqiy. Unga ko‘ra, bu forum savdo, tranzit va mintaqaviy bog‘liqlik sohalarida amaliy hamkorlik yo‘llarini izlashga qaratilgan.

U Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonga nisbatan "amaliy, imkoniyatlarga yo‘naltirilgan va hamkorlikka asoslangan yondashuvi"ni yuqori baholab, buni o‘zaro ishonch va hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi deb atadi.

"Hozirgi kun tartibi — bu imkoniyat, hamkorlik va mintaqaviy yaqinlashuv haqidadir. Bu xayol yoki qarama-qarshilik emas. Birgalikda biz mintaqaviy integratsiyaning muvaffaqiyatli modelini yarata olamiz... Umumiy maqsadimiz savdo hajmini taxminan 10 milliard AQSh dollariga yetkazishdir", dedi u.

Jahon banki ma’lumotlariga tayanib, u 2025 yilda Afg‘oniston iqtisodiyoti 4,3 foizga o‘sganini aytdi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmi o‘tgan yili taxminan 2,7 milliard dollarga yetgan, kelasi 3–4 yil ichida bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Muttaqiy Afg‘onistonning Markaziy Osiyoni Janubiy va G‘arbiy Osiyo bilan bog‘lovchi tranzit hudud sifatidagi rolini ham ta’kidladi. U TAPI gaz quvuri, CASA-1000 energetika loyihasi va Lapis Lazuli savdo yo‘lagi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni sanab o‘tdi.

Mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha u muvofiqlashtirilgan siyosiy va iqtisodiy kun tartibini shakllantirishga chaqirdi. Shu jumladan, Afg‘onistonning mintaqaviy tashabbuslar va tashkilotlarda ishtirokini kengaytirishni taklif qildi.

U Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonga Shanxay hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqom berishni qo‘llab-quvvatlashi "juda muhim ahamiyatga ega" ekanini qayd etdi.

Shuningdek, u muntazam maslahat uchrashuvlari o‘tkazish, qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish, umumiy xavfsizlik yondashuvini ishlab chiqish, savdo va tranzit muvofiqlashuvini yaxshilash hamda iqlim bilan bog‘liq muammolarda hamkorlik qilish kabi takliflarni ilgari surdi.

"Chegaralarda xavfsizlik muammosi yo‘q"

Muttaqiy Afg‘onistondagi xavfsizlik borasidagi xavotirlarni rad etdi. Biroq u "buzg‘unchi guruhlar faoliyati, IShID kabi tashkilotlar tahdidi, giyohvand moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiya va transchegaraviy jinoyatlar" ikki tomon uchun ham umumiy muammo ekanini tan oldi.

Uning aytishicha, Afg‘oniston hukumati bu tahdidlarga qarshi choralar ko‘rgan va natijada mamlakatda "haqiqiy barqarorlik va umummilliy xavfsizlik"ni ta’minlangan.

"Bugun umumiy chegaralarimizda xavfsizlik muammolari yo‘q va biz hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyormiz", dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Muttaqiy shuningdek, Xitoyning Urumchi shahrida Tolibon va Pokiston o‘rtasida davom etayotgan muzokaralarga ham to‘xtalib, Afg‘oniston bu jarayonda "samimiy va yechimga yo‘naltirilgan yondashuv" bilan ishtirok etayotganini aytdi.

"Bizning pozitsiyamizning aniq: biz har doim masalalarni tushunish, muloqot va o‘zaro hurmat orqali hal qilish tarafdorimiz. Shu bilan birga, hududiy yaxlitligimizni va xalqimizni himoya qilish huquqini saqlab qolamiz", dedi u.

Bu bayonotlar 21–22 fevral kunlari Pokiston tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlaridan so‘ng boshlangan va bir necha hafta davom etgan chegara to‘qnashuvlari fonida yangramoqda.

Afg‘on tahlilchilar: Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kuchaytirish kerak

5 aprel kuni Ariana News telekanaliga bergan intervyusida ayrim afg‘on tahlilchilari ushbu uchrashuvni qo‘llab-quvvatladi.

Tahlilchi Najib Rahmon Shamalga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush barcha mintaqa davlatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

"Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik bu salbiy ta’sirlarni kamaytiradi", dedi u.

Iqtisodchi Shabir Bashiriy esa Afg‘oniston dengizga chiqish imkoniyatiga ega emasligini ta’kidlab, Markaziy Osiyoni hozirgi sharoitda muhim yo‘nalish sifatida baholadi.

"Biz Markaziy Osiyo orqali Xitoy bozorlariga chiqishimiz mumkin. Ammo bu ma’lum darajada qimmat", dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, quruqlik orqali tashish xarajatlari dengiz yo‘llariga nisbatan yuqori, ammo bu holatda u muqobil yo‘nalish sifatida qaralmoqda.