O‘lim changalidan qaytish yoki 40 daqiqalik o‘lim bir erkak hayotini qanday o‘zgartirdi?

Surat manbasi, Patrick Charnley
- Author, Aleks Teylor
- O'qilish vaqti: 4 daq
O‘lim odatda inson uchun yerda yangi hayot boshlanishini anglatmaydi, biroq Patrik Charnli bilan aynan shunday bo‘ldi.
U muvaffaqiyatli huquqshunos edi, bekor o‘tgan vaqtni yo‘qotilgan deb hisoblardi, yangi yutuqlarga tinimsiz intilardi.
Ammo 2021 yilda, pandemiya paytida belgilangan ish vaqtidan tashqari ishlayotgan 39 yoshli baquvvat, ikki farzandning otasida yurak to‘xtab qoldi.
Hammasi o‘sha oqshomda, hech qanday alomatlarsiz, uyda kechki ovqat mahali boshlandi: Patrik Charnli divanda o‘tirgancha fri kartoshkasi bilan sosiska yeyayotgandi. Bir oz vaqt o‘tib, u to‘satdan hushini yo‘qotdi.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, uning yuragi irsiy kasallik tufayli to‘xtab qolgan ekan. Patrik 40 daqiqa davomida klinik o‘lim holatida bo‘ldi. Rafiqasi unga yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazishga harakat qildi, o‘sha paytda to‘qqiz va yetti yoshda bo‘lgan qizi va o‘g‘li esa yordam chaqirish uchun yugurib ketishdi.
Paramediklarning defibrillyatsiya qilishga urinishlari samara bermadi. Patrikning rafiqasi erining o‘layotganini tushuna boshladi.
"Hayot tanamni tark etayotganda, paramediklar "so‘nggi chora" sifatida adrenalin ukoli qilishdi", deb hikoya qiladi Patrik.
O‘shanda uning yuragi to‘satdan qayta ura boshladi.
Patrik bir haftalik komadan so‘ng hayoti va ongida ko‘p narsa o‘zgargan odam bo‘lib uyg‘ondi. Unga bosh miya jarohati tashxisi qo‘yildi, bu uning ko‘rish qobiliyati, xotirasi hamda chidamliligiga ta’sir qildi.
Patrikning avvalgidek ishlash va yashash imkoni yo‘q, lekin u hozir, g‘alati tuyulsa-da, yanada to‘laqonli hayot kechirayotganini, yaqinlari bilan munosabatlarga ko‘proq sho‘ng‘iganini aytadi.
Emma Barnettning "Ready to Talk" podkastida aytishicha, bu uning dunyoqarashi o‘zgarganidan dalolat. Imkon berilsa ham, eski hayotimga qaytmasdim, deya ta’kidlaydi u.
"Men ko‘r bo‘lib uyg‘ondim"
Hozir atrofdagi narsalarning go‘zalligini oldingidan ancha yaxshiroq ko‘ra olyapman.... Nazarimda, sekinroq yashay boshlaganim sayin hayotim yanada mazmunli bo‘lib boryapti.
Shunday bo‘lsa-da, yangi holatini qabul qilish oson kechmadi.
"Men ko‘r bo‘lib uyg‘ondim, – deydi Patrik komadan keyingi ilk xotirasini eslab. – Men bu holatlarni boshdan kechirayotgandim, lekin ularni to‘liq qabul qila olmayotgandim", deya davom etadi u.
Ko‘rish qobiliyati yo‘qolishi unda yorqin gallyutsinatsiyalarga sabab bo‘ldi. Sharl Bonne sindromi deb atalgan bu hodisada miya to‘satdan yo‘qolgan vizual taassurotlar o‘rnini "to‘ldiradi".
Patrikning aytishicha, u boshdan kechirgan gallyutsinatsiyalarning ba’zilari "qo‘rqinchli", boshqalari esa "go‘zal" va juda go‘zal bo‘lgan.
Ochiq yurak operatsiyasidan keyin shunday holatlardan birida u amerikalik hamshira uni o‘ldirishga urinayotganiga qattiq ishongan.
Biroq bu gallyutsinatsiyalar unga xotirjamlik ham berardi. Ulardan birida u Alp tog‘laridagi sanatoriyga tushib qoldi va yonida hamshiralar o‘zaro suhbatlashayotgan bir paytda, qorli tog‘larni tomosha qilib yotdi. Bu manzaralar unga "baxtiyor" xotirjamlik tuyg‘usini berdi.
Uning ko‘rish qobiliyati asta-sekin tiklana boshlagach, shifokorlar ko‘rish muammolari bosh miya jarohati tufayli ekanini anglashdi. Ammo ko‘rishi hozirgacha qisman nuqsonli.
Komadan keyingi dastlabki kognitiv testlar uning xotira hajmi va ma’lumotlarni qayta ishlash tezligi 2 foizgacha pasayganini ko‘rsatdi. O‘shandan beri ahvoli ancha yaxshilangan bo‘lsa-da, Patrikda haligacha jiddiy kognitiv muammolar saqlanib qolgan.
Ammo u o‘zining yangi holatini va yurak to‘xtashi oqibatlarini faqat shifoxonadan uyga qaytganidan keyin to‘la anglab yetdi.
"Men yanada mazmunli hayot kechiryapman"
Kuchli charchoq uni quvvatini tejashga majbur qiladi. "Men hech qachon tetik uyg‘onmayman. Har tong holdan toygan ahvolda uyg‘onaman va kun davomida faqat yomonlashib boradi", deb tushuntiradi u.
Shuningdek, u ruhiyatidagi o‘zgarishlarga ham moslashishiga to‘g‘ri keldi. Dastlabki tuzalishdan so‘ng Patrik o‘zida "befarqlik" paydo bo‘lganini sezdi. Bu depressiya emas, balki patologik apatiya deb nomlangan holat bo‘lib, Patrik uni mustahkam tayanchni his qilmay, "vaqt oqimida suzib yurish" deb ta’riflaydi.
Terapiya va dori-darmonlar unga motivatsiyani tiklashga yordam berdi, psixolog esa yo‘qotilgan hayoti uchun aza tutishga o‘ziga imkon berishni maslahat berdi. Shunga qaramay, Patrik hayotdagi tabiiylikni, tengdoshlari davrasida oson muloqotga kirishishni, "jamiyat hayotida qatnashishni", farzandlari bilan faol o‘yinlar o‘ynash imkoniyatini sog‘inishini aytadi.
U yana zaiflashgan xotirasini uning uchun saqlash mas’uliyatini butunlay zimmasiga olgandek tuyulgan rafiqasidan ham xavotirda. "Aslida, u mening parvarishchimga aylanib qolgan [...] Men o‘zimni go‘yo juda-juda qarib qolgandek his qilib yashayapman", deya tan oladi u.
Hayotidagi ulkan o‘zgarishlarga qaramay, Patrik bunday turmush tarzi ko‘p jihatdan unga ma’qul kelayotganini aytadi. U kasbini o‘zgartirib, yozuvchilik bilan shug‘ullana boshladi va endi, uning aytishicha, hayotdan shunchaki zavqlanish uchun vaqti ko‘proq.
"Hozir shoshmay yashayapman. O‘zim xohlaganim uchun emas, balki majburligimdan. Lekin buni juda qadrlayman. Hozir atrofdagi narsalarning go‘zalligini oldingidan ancha yaxshiroq ko‘ra olyapman... Nazarimda, sekinroq yashay boshlaganim sayin hayotim yanada mazmunli bo‘lib boryapti", deydi u.
"Dunyoga bo‘lgan qarashim tubdan o‘zgardi. Tirik ekanligimdan minnatdorman", deya qo‘shimcha qiladi Patrik.

Surat manbasi, Patrick Charnley
Patrikning oilasi bilan munosabatlari ham yaxshilandi.
"O‘ylaymanki, munosabatlarimiz har qachongidan ham mustahkamroq... boshimizga tushgan voqealar tufayli bir-birimizga ancha yaqin bo‘lib qoldik, – deydi u. – Oila men uchun doim birinchi o‘rinda bo‘lgan, lekin endi ularning hayotida yanada faolroq ishtirok eta olyapman. Ilgari yuzaki yashar edim".
Yuzaga kelgan vaziyat tufayli Patrik kundalik ish tartibidan qutuldi.
"Hatto yangi cheklovlarga qaramay, hozirgi hayotim menga yoqadi. Bolalar maktabdan kelganida uyda bo‘lishni yaxshi ko‘raman. Bir ishdan ikkinchisiga shoshmasdan o‘tishni yoqtiraman", deydi u.





























