O‘zbekiston: Toshkent hokimini o‘zboshimchalikda ayblayaptilar

Surat manbasi, Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati
Toshkent shahri rahbarlari yo‘l va ko‘chalarni yanada zamonaviylashtirish, piyodalar uchun qulaylik maqsadidagi obodonlashtirish harakatlari davom etayotganini aytmoqdalar.
Faollar esa shahar ma’muriyatini O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan mulk daxlsizligi bandini poymol etish, o‘zboshimchalik bilan tadbirkorlar mol-mulkini vayron etishda ayblamoqdalar.
O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati, aktivist, Ekologiya va Iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maslahatchisi Rasul Kusherbaev Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqovga murojaat qildi.
O‘z video murojaatida Rasul Kusherbaev, Toshkent shahrida daraxtlar kesilishi, elektr avtomobillari uchun zaryadlash joylarining buzilishi va sud qaror chiqarmasdan turib ayrim xususiy mulk ob’ektlarining vayron etilishi jamoatchilikda katta norozilik uyg‘otyapti, dedi.
"(Toshkent) eng ekologik yomon hududga aylanib qoldi. Havosi iflos hududga aylanib qoldi, allergik kasalliklar tarqagan hududga aylandi", dedi Rasul Kusherbaev.
Sobiq parlament deputatiga ko‘ra, Toshkent shahri hokimining ayrim qarorlari mamlakat konstitutsiyasida kafolatlangan xususiy mulk daxlsizligi va qonuniy tartiblarga zid amalga oshirilayapti.
Rasul Kusherbaevga ko‘ra, Toshkent shahri boshqaruvida ochiq muloqot kamayib, ayrim qarorlar jamoatchilikka tushuntirilmasdan qabul qilinayapti.

Surat manbasi, PA
O‘zining ochiq gapirishi bilan tanilgan iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Toshkent shahrida mart oyida kuzatilgan hodisalarni oldingi rejimning qorong‘u kunlariga qiyosladi.
"Oxirgi haftalardagi Toshkentda bo‘layotgan ishlar Karimov O‘zbekistoni davridagi boshboshdoqliklarini eslatadi. Hokimiyat tadbirkorlar bilan nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin, qonunga havola va adolatga tavallolar ish bermaydi", deb yozdi Telegramdagi bakiroo kanalida.
Otabek Bakirov o‘z chiqishida shahar rahbariyatining elektr avtomobillarini quvvatlash stantsiyalari va do‘konlar peshlavhalarini o‘zgartirishga qanday yondashayotganiga urg‘u qaratdi.
"Spot.uz muxbirining poytaxt zamhokimidan iqtibos keltirishicha, elektr quvvatlovchi stantsiyalarning o‘chirilishi majburiy chora emish, reglamentni yangilashayotgan emish, Jahon banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishganmush (Jahon bankining xabari bormi bundan?)", deb savol qo‘ydi bakiroo.

Shahar hokimining o‘rinbosari Abdurahmon Baxtievga ko‘ra, Toshkentda elektromobillarni quvvatlantirish bilan shug‘ullanadigan shirkatlar qonunchilik talablari, texnik, o‘t o‘chirish xavfsizligi qoidalarini buzib faoliyat yuritganlar.
Shahardagi 101 ta quvvatlash stantsiyasini vaqtincha o‘chirishga qaror qilingan.
Hokim o‘rinbosari Baxtiev elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalarining tarmoqdan uzilishi vaziyatini "ham shoxobcha operatorlari, ham elektromobil egalari — barcha uchun mag‘lubiyatli hikoya" deb ta’rifladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qadamlar xuddi GM Uzbekistan dek elektromobillar bozorini ham bir monopolistga berish, qolgan raqobatchi shirkatlarni mamlakatdan siqib chiqarish maqsadini ko‘zlagan harakatlar sifatida ham ko‘rildi.
Sud qarorisiz tilka-pora qilingan do‘konlar

Surat manbasi, Telegram/bakiroo
Toshkent shahri ma’muriyati butun poytaxt bo‘ylab bekatlardagi do‘kon va kiosklarni buzish kampaniyasini boshlagani ortidan tanqidlar ko‘paydi.
Vaqt.uz veb-sayti xabar qilishicha, Toshkent shahridagi avtobus bekatlaridagi 110 tijorat inshooti ko‘chirilgan, shahar hokimligiga ko‘ra, shulardan 61 tasi ushbu hududdan foydalanish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etolmaganlar.
Vaqt.uz suhbatlashgan tadbirkorlar bo‘layotgan jarayonlarni o‘zboshimchalik deb ta’riflaganlar.
"Ular bizga uch kunlik ogohlantirish berdilar. Uch kundan keyin kelib hamma narsani bir kunda buzib tashladilar. O‘zimizga tegishli tovarlarni zo‘rg‘a chiqarib ololdik. Ular sud qarorisiz buzdilar. Biz ularga aytdik: "Bizning 12 kvadrat metrga kadastr tasdiqlagan hujjatlarimiz bor". Ular hatto hujjatlarimizga ham qarashmadi va buzishni boshladilar", dedi do‘kondorlardan biri YouTubeda e’lon qilingan videoda.
Shu munosabat bilan yanada kengroq savollar ham o‘rtaga tashlandi.
"Agar sen avtobus bekatida kichkina kiosk qo‘ymoqchi bo‘lsang, 15 minutning ichida 15 ta inspektor paydo bo‘ladi. Xo‘sh, yuzlab avtobus bekatlaridagi do‘konlarga ruxsatni kim bergan? Bu shuni anglatadiki, agar ruxsat bergan rasmiy topilmasa, mas’uliyatni shahar ma’muriyati o‘z zimmasiga olishi kerak, tovon puli va do‘konlar uchun muqobil joy berishi kerak", dedi ishbilarmonlardan biri.
Toshkent shahri matbuot xizmati rahbari Gulnoza Qosimovaning Vaqt.uz ga aytishicha, avtobus bekatlaridagi do‘konlar buzilishlari O‘zbekiston prezidentining 2022 yili qabul qilingan "Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori"ga asoslangan.
Toshkent shahri matbuot kotibi so‘zlariga ko‘ra, ushbu amallar "o‘sib borayotgan shahar aholisi va kengayib borayotgan avtobus tizimi uchun yanada yaxshi sharoit barpo etish" maqsadini ko‘zlagan.
Mulk huquqi faqat "qog‘ozda mavjud"

Surat manbasi, Timez.uz
Do‘konlar buzilishiga iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov keskin tanqid bildirdi.
"Yangilangan Konstitutsiyaning mulk daxlsizligi kafolatlari Toshkentda bekor bo‘ldimi?", deb savol qo‘ydi u.
"Yangilanayotgan Konstitutsiya mol-mulkdan mahrum etilishiga chek qo‘yadi" degan 3 yil avval har bir karnaydan yangragan balandparvoz gaplar shunchaki shiormidi?, deb yozdi bakiroo Telegram kanali.
Jurnalist Anora Sodiq Prezident Shavkat Mirziyoyevning "davlat amaldorlari faqat xalqqa xizmat qilishlari lozim" degan so‘zlarini eslatdi.
"O‘zbekistonda hokimlar aholi tomonidan saylanmaydi, balki yuqoridan tayinlanadi. Saylanmagan rahbar jamoatchilik oldida emas, uni tayinlagan tizim oldida hisobdor bo‘lmoqda. Aholi noroziligi esa chetda qolmoqda. Yuqorida aytilgan "davlat idoralari xalqqa xizmat qiladi", degan iboralar qog‘ozda qolib ketayotgandek", deb yozdi uzdiplomat.uz.
O‘zbekistondagi "Yuksalish" harakatining rahbari, Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov "Toshkentdagi demontaj ishlari noqonuniy" deb bayonot berdi.
"Muammo tizimda"
Ta’lim sohasida ekspert Komil Jalilov fikricha, muammoning ildizi individual hokimlarda emas, balki tizimning o‘zidadir.
"Muammoning ildizi hokimlarda emas. Muammoning ildizi - hokimlarga cheksiz vakolat berib, ulardan "hamma narsaga balogradon" bo‘lishni talab qiladigan tizimda", deb yozdi u Jalilov. Qaydlar Telegram kanalida.
"Biron bir normal davlatda ko‘rganmisiz, ijro hokimiyati rahbariyatining kunda-kunora majlis o‘tkazib, deylik, ichki organlarga tergov faoliyatini qanday olib borish haqida, pedagoglarga qaysi darsliklardan dars o‘tish va o‘quvchilar bilimini baholashni qanday tashkil qilish haqida, oliy ta’lim vakillariga talabalar necha kun universitetda o‘qishi va necha kun amaliyotga chiqishlari kerakligi haqida gapirganini? Men, masalan, ko‘rmagan", deb yozdi Komil Jalilov.
Hokimiyat har bir bo‘g‘inining kompetentsiyasi, vakolat va mas’uliyat doirasi, shug‘ullanadigan va shug‘ullanmaydigan masalalari aniq belgilab qo‘yilishi zarurligini ta’kidlaydi maorif eksperti.
"Deylik, shifokor - sportni, iqtisodchi - ta’limni, yengil sanoatchi - tashqi ishlarni boshqaradi. Va tabiiyki, keyin ularning har bir qadami, qarorini nazorat qilish xohishi yoki ehtiyoji paydo bo‘ladi. Va keyin "nega muammolar faqat ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketsa yoki "tepa"ning e’tiboriga tushsagina hal bo‘ladi?" deb hayron bo‘lamiz. Chunki o‘zimiz shunday tizim qurib qo‘yganmiz", deb yozdi Komil Jalilov.





























