Toshkentdagi bayonot, Bishkekdagi hibs va Ostonadagi "temir odamlar"

Surat manbasi, EPA
Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Oliy rahbar Oyatulloh Mujtabo Xomanaiyning o‘limi haqidagi xabarlarni rad etib, bu da’volarni "vaziyatni beqarorlashtirish kampaniyasi"ning bir qismi deb atadi.
Ali Iskandariy bu haqda kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bayonot berdi, deb xabar qildi "Podrobno.uz" nashri.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Mujtabo Xomanaiyning o‘limi haqidagi mish-mishlar "Eron zaiflashgani haqida xomxayol uyg‘otish"ga qaratilgan. "Mamlakat rahbari sog‘-omon va o‘z vazifalarini bajarishda davom etmoqda.
U xalq orasida va siyosiy tuzilmalardan tortib qurolli kuchlargacha bo‘lgan barcha asosiy institutlar ustidan to‘liq nazoratni saqlab turibdi", - deya elchining so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.
"Buning sababi shundaki, ular bizni zaiflashtirish uchun shunday qilishmoqda. Ya’ni, Eron taslim bo‘layotgandek taassurot uyg‘otmoqchi va albatta, rahbar qaerdaligini bilishni istashadi. Ammo bu inson shu yerda, o‘z xizmat vazifalarini bajaryapti va mamlakatni boshqaryapti", - deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, elchi Tehronning Vashington bilan muloqotga qaytish niyati yo‘qligini va o‘z huquqlarini tan olish hamda yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilishini bildirdi. U AQSh ilgari erishilgan kelishuvlarni allaqachon buzganini eslatib o‘tdi.
Eronning Markaziy Osiyodagi diplomatlari AQSh va Isroilning Eronga hujumlari boshlangandan beri Tehronning urush haqidagi qarashlarini targ‘ib qilish maqsadida mintaqaviy axborot makonida faol ko‘rinish bermoqdalar. Ularning bayonotlari asosan Rossiyaparast ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilmoqda.
Qirg‘izneftgaz ishi: Qamchibek Tashievning ukasi qo‘lga olindi

Surat manbasi, ИИМ
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashievning ukasi Shayipbek Tashiev mamlakatning "Qirg‘izneftgaz" milliy neftь va gaz kompaniyasidagi korruptsiya ishi bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olindi. Bu haqda bugun ertalab Ichki ishlar vazirligiga tayanib, "AKIpress.org" xususiy yangiliklar sayti xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq deputat Shayipbek Tashiev vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. "Vazirlikning tergov xizmati Davlat soliq xizmati taqdim etgan materiallar va audit xulosalari asosida Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 336-moddasi (Korruptsiya) bo‘yicha jinoyat ishini olib bormoqda", deyiladi xabarda.
Avvalroq Qamchibek Tashievning o‘zi ham ikkita jinoyat ishi bo‘yicha guvoh sifatida Ichki ishlar vazirligi tergov xizmatiga chaqirilgani haqida xabar berilgan edi, biroq tafsilotlar ochiqlanmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tashiev 19 mart kuni Qirg‘izistonga qaytgan va darhol so‘roq qilish uchun Bosh tergov boshqarmasiga olib ketilgan. Huquq-tartibot idoralari hozircha rasmiy izoh bergani yo‘q.
Bir paytlar Prezident Sadir Japarovning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Tashiev 10 fevral kuni prezident tomonidan MXDQ rahbarligidan bo‘shatilganidan keyin mamlakatni tark etgan edi. Prezident bu qarorni "jamiyatda bo‘linishning oldini olish va birlikni mustahkamlash" maqsadida qilinganini aytgan, Tashiev esa buni "kutilmagan" deb atagan bo‘lsa-da, barqarorlikni saqlashga chaqirgan edi. Sobiq general xavfsizlik va korruptsiyaga qarshi kurash ishlariga boshchilik qilgan, mamlakatning eng qudratli shaxslaridan biri hisoblanardi.
Qozog‘iston gumanoid robotlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Surat manbasi, Reuters
Qozog‘iston Yevrosiyoda mintaqaviy texnologik xab sifatida o‘z mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar doirasida Ostona shahrida gumanoid (odamsimon) robotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madievning ta’kidlashicha, ushbu loyiha mamlakatning asosiy texnoparki - "Astana Hub" negizida amalga oshiriladi. U xabda sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarga yo‘naltirilgan startaplarni jadallashtirish dasturlari ishlayotganini qayd etgan.
Hozirda gumanoid robototexnika laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, unda robotlarni masofadan boshqarish va ularni mahalliy til modeli bilan integratsiya qilish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Shuningdek, Qozog‘iston 2026 yilda xalqaro kompaniyalar ishtirokida avtonom transport vositalari bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan, ayni paytda yetkazib berish dronlari bo‘yicha xususiy tashabbuslar ham davom etmoqda.
Hukumatning bildirishicha, mazkur klaster yiliga 500 tagacha startapni qo‘llab-quvvatlashi va Ostonaning mintaqaviy innovatsiya markazi sifatidagi rolini kuchaytirishi mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, "Astana Hub" rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar dunyoning 100 dan ortiq mamlakatiga IT xizmatlarini eksport qilmoqda.
Bu yangiliklar Qozog‘istonning texnologiya sohasiga xorijiy qiziqish ortib borayotgan bir paytda yuz bermoqda.




























