Ukraina urushi: umiddan tushkunlik tomon 4 yillik yo‘l

BBC Ukrain xizmatidan Irena Taranyuk, prezident Zelenskiy va ayol askar.

Surat manbasi, BBC Food

O'qilish vaqti: 9 daq

Rossiyaning Ukrainaga boshlagan to‘la qonli urushining 5-yili ketmoqda. Har ikkala tomondan minglab qurbonlar bor. Ukraina shahar va qishloqlari ustidan deyarli to‘xtovsiz davom etayotgan raketa va dron hujumlari ostida odamlar qanday hayot kechirishmoqda?

Urush kelajagi va natijasi borasida o‘y-fikrlari qanday? Mamlakat rahbariyati tutayotgan yo‘lni qo‘llashadimi?

Ana shu borada VVS Uzbek Ukraina xizmati jurnalisti Irena Taranyuk bilan suhbatlashdi.

VVS Uzbek: Urush boshlangan ilk yil va hozirda, oradan 4 yil o‘tib, ukrainaliklarning urush haqidagi o‘y-fikrlarini qiyoslasak, o‘rtada farq bormi?

Irena Taranyuk: Albatta 5 yil mobaynida ukrainaliklarning urush borasida hissiyotlari va fikrlari o‘zgargan. Urush boshlanganda ilk dahshat hissi tez orada eyforiya, ya’ni umidbaxshlikka o‘zgargandi. Chunki ukrainaliklarda "mag‘lub bo‘lmayapmiz, bu tajovuzni qaytara olamiz, raqibni to‘xtata olamiz yoki hatto yenga olamiz", degan umid paydo bo‘lgandi.

Lekin hech kim urush bu qadar uzoq davom etishini o‘ylamagandi. Dastlabki umidbaxshlik va qurolli kuchlarga ishonch hozirga kelib tushkunlik, holdan toyish va umidsizlikka aylanganligini ko‘rmoqdamiz.

Buni nafaqat masalan, G‘arb qo‘llovining susayishi, balki Ukraina jamiyatdagi holdan toyishda ko‘ryapmiz.

Qurolli kuchlar hamisha jabhada va xandaqlarda bo‘lib, Rossiya qo‘shinlari hujumlarini to‘xtovsiz qaytarishdan charchagan. Aholi esa deyarli kundalik bombardimonlar va yaqinlari taqdirining hamisha noma’lum qolayotganidan charchagan.

Biz har yili Ukrainaliklar orasida omma fikrini o‘rganish so‘rovlarini o‘tkazamiz. Sotsiologlar bilan jamiyat qanday o‘zgarayotgani haqida suhbatlashamiz.

Urushning ilk yili o‘tkazgan so‘rovimiz natijasida aholi orasida g‘urur, ayniqsa qurolli kuchlarga nisbatan g‘urur hissi ustuvorlik qilgan bo‘lsa, urushning 2- yiliga kelib bu asosan umid hissiga almashdi. Urush yaqin orada tugaydi, degan umid.

Uchinchi yilga kelib Rossiya qo‘shinlariga qarshi rejalangan qarshi hujumlar muvaffaqiyatga erishmagani sababli afsus va alam hissi paydo bo‘ldi. G‘arb davlatlari ham ukrainaliklar kutgan darajada qo‘llov bermayotgandi. To‘rtinchi yili esa omma fikrini o‘rganayotgan sotsiologik markazlar tushkunlik hissi ko‘payib borayotganini aytishdi. Chunki odamlar urush yaqin orada tugamasligini tushunib yeta boshladilar.

Qurbon bo‘lgan askarning dafn marosimi.
Surat tagso‘zi, Urushning dastlabki yilidagi umid o‘rnini tushkunlik egallamoqda.

VVS Uzbek: Ulkan va qudratli tajovuzkorni yengish umidi ukrainaliklarda qanday paydo bo‘lgandi? Nima turtki bergan?

Irena Taranyuk: Urush boshlangan vaqti hech kim Ukrainada qandaydir imkon bor, deb o‘ylamagandi. Hamma tez orada mamlakat mag‘lub bo‘lib, ishg‘ol qilinadi, deb ishonishgandi.

Rossiyaliklar 3 tarafdan, shimol, janub va sharqdan bostirib kelishmoqda edi. Uzunligi 60 kilometrlik tank va zirhlangan mashinalardan iborat karvon Belorusdan Kiev tomon yaqinlashib kelayotgandi.. Kiev bo‘sag‘asida janglar ketmoqda edi.

O‘shanda ukrainaliklar ko‘plab jurnalistlar, xususan VVS jurnalistlarining "har qanday qarshilik muqarrar oqibatni faqatgina bir oz kechiktirmoqda", degan bashoratlariga ishonishgandi. Hech kim Ukraina Rossiya qo‘shinlarini to‘xtata oladi, deya o‘ylamagandi.

Lekin Ukraina qarshilik ko‘rsata boshladi. Jamiyat qurolli kuchlar atrofida jipslashib, mudofaaga hissa qo‘sha boshladi. Ko‘plar Rossiyaga qarshi kurashga qo‘shilish uchun ko‘ngilli bo‘lib yozilishdi, qo‘llariga qurol olishdi. Bu shu qadar keng miqyosda ro‘y berdiki, ukrainaliklarda o‘zlaridan, jamiyatlari va qurolli kuchlaridan g‘urur hissi paydo bo‘ldi.

Aytishimiz mumkinki, Ukrainaning 30 yillik mustaqillik davrida bu ilk bor xalq o‘ziga nisbatan, shuningdek G‘arb davlatlari ko‘rsatayotgan qo‘llovdan g‘urur his qila boshlashgandi. Ana shularning hammasi "Biz mag‘lub bo‘lmayapmiz, kurashish imkonimiz bor, g‘alaba qilamiz, dushmanni haydab chiqaramiz", degan ommaviy eyforiyani paydo qilgandi.

"Kelgusi yozga qadar Qrimda bo‘lamiz" degan memlar ham tarqaldi. Albatta, bu bir qadar mamlakat ichkarisidagi targ‘ibot natijasi ham edi. Lekin jamiyat bunga ishondi, ishonishni istadi. Butun jahon Ukraina tarafida bo‘lgandek edi. Va ular g‘alaba qilishimiz mumkin, degan fikrda edilar.

Mariupol shahridagi vayronalar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mariupol kabi Rossiya ishg‘oli ostida bo‘lgan hududlarda 2 million aholi qolgani aytiladi.

VVS Uzbek: Rossiya ishg‘ol qilgan hududlarda yashovchi aholi qanday fikrda? Bu borada ma’lumot bormi?

Irena Taranyuk: 2022 yili turli manbalar bergan taxminlarga ko‘ra, Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan yerlarda qolgan 2 million aholi turli sabablar bilan u yerda qolishgan.

Ular orasida Rossiya targ‘iboti va matbuotiga ishonib, ularni "ozod" qilish uchun rossiyaliklarning kelishini kutganlar ham bor.

Ba’zilar keksa yoki sog‘liklari imkon bermagani uchun keta olishmagan.

Borishga yerlari yo‘q bo‘lgani uchun qolishga majbur bo‘lganlar toifasi ham bor.

Ishg‘ol qilingan yerlardagi aholi o‘y-fikrlarini bilish mushkul, chunki u yerdagi Rossiya xavfsizlik kuchlarining nazorati shu qadar kuchliki, odamlar o‘z nuqtai-nazarlarini erkin izhor qila olishmaydi.

Bizga yetib kelayotgan ba’zi manbalardan xabarlarga ko‘ra, u yerda Rossiya ishg‘oliga qarshi partizan harakati ham shakllangan.

Rossiyaliklar bu bosqin Ukrainadagi rusiyzabonlar haq-huquqlarini ta’minlash va himoya qilish maqsadi bilan, deb aytishgan bo‘lsa ham, aynan ular joriy vaziyatdan eng ko‘p azob chekkanlar bo‘lib chiqyapti.

Yana shuni aytib o‘tish kerakki, Ukrainaning o‘sha mintaqalaridagi rusiyzabonlar Rossiyaning o‘zidagi ruslardan farq qilishadi.

Masalan, Mariupol shahrini olaylik. Shahar qamal qilingani sababli uni ko‘plar tashlab chiqa olishmagan. U yerda mahalliy rusiyzabonlar ta’bir joiz "kelgindi" rusiyzabonlardan farq qilishlarini aytishadi. Xulosa qilib aytganda, u yerdagi omma fikri haqida aniq bir narsa aytish qiyin, chunki ular matbuot, va ayniqsa VVS ga o‘z fikrlarini ochiq ayta olishmaydi.

VVS Uzbek: Ishg‘ol qilingan hududlardagi partizan harakatlarini tilga oldingiz. Bu borada ko‘p narsa ma’lum emas. Batafsilroq aytib bera olasizmi?

Irena Taranyuk: Rossiyaning joriy urushi boshlanishidan avval ham Qrimda "Atesh" - "Otash" nomli partizan guruhi faoliyat olib borardi. Ular ko‘pda Ukraina Xavfsizlik xizmati uchun lozim bo‘lgan shaxslarni aniqlash bilan shug‘ullanishardi.

Keyinchalik Rossiya qo‘shinlari kirib kelgan ko‘plab hududlarda qarshilik harakatlari tuzila boshladi. Ular ba’zida Rossiya tomoni bilan ishlovchi shaxslarning mashinalarini portlatishadi va albatta ularning faoliyati o‘ta maxfiy ravishda olib boriladi, chunki hayotlari xavf ostida.

Lekin shu bilan birga aytib o‘tish kerakki, Rossiya tomoni ham turli yo‘llar, masalan Telegramdagi maxsus kanallar orqali ukrainaliklarni pul evaziga Rossiya tomoni bilan hamkorlik qilishga, Ukraina hududida qo‘poruvchilik amallarini bajarishga yollashga urinayotganlarini ham kuzatish mumkin. Xullas, bu urush…Qarshilik, partizan harakati esa urushning tarkibiy qismi.

Prezident Zelenskiyni xalq qo‘llaydimi?

Prezident Zelenskiy.
Surat tagso‘zi, Prezident Zelenskiyning xalq orasida obro‘yi hanuz yuqori.

VVS Uzbek: Urush mobaynida Ukraina xalqi hissiyotlari va qarashlari o‘zgarib borayotgan ekan, prezident Zelenskiyga qo‘llov hanuz kuchlimi?

Irena Taranyuk: Shuni yodda tutish kerakki, 2019 yili Zelenskiy Prezident etib saylanganida ovoz berganlarning 73 foizi unga ovoz berishgandi. Kimdir ukrainaliklarning tanlovini savol ostiga olish mumkindir, lekin shubhasiz narsa shuki, u demokratik yo‘lda saylangan Prezident bo‘lgandi.

Albatta, urush arafasida uning obro‘si bir qadar tushganini kuzatish mumkin edi, u urush ehtimolini inkor qilib kelgandi. Lekin urush davrida ukrainaliklar xuddi bayroq atrofida bo‘lganidek, Prezident atrofida jipslasha boshlashdi. Qachonki uning shaxsiy obro‘si tushayotgani kuzatilsa, yoki obro‘siga putur yetkazuvchi biron hodisa yuz bersa, masalan 2025 yil fevral oyida AQSh prezidenti qarorgohida kuzatilgan janob Tramp va vitse-prezident Vans tomonidan uni kamsituvchi hodisa yuz bergan vaqtda prezident Zelenskiyga qo‘llov ukrainaliklar orasida bir zumda ko‘tarilib ketdi. Hatto hozirga kelib ukrainaliklar urushning kelajagi mavhum ekanligi, mamlakatdagi va ayniqsa rahbar doiralardagi korruptsiyadan xavotirda bo‘lsalar ham janob Zelenskiyni qo‘llash darajasi hanuz baland. O‘rtacha, 60 foiz so‘ralganlar uni qo‘llashlarini aytib kelishmoqda.

Prezident Tramp bilan prezident Zelenskiy Oq Uyda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Tramp bilan prezident Zelenskiy Oq Uyda tortishib qolishlari ortidan janob Zelenskiyga nisbatan ukrainaliklar orasida qo‘llov kuchaygan.

VVS Uzbek: AQSH-Isroilning Eron bilan urushi boshlanganidan so'ng hujumga tutilgan Yaqin Sharq davlatlari Ukrainadan dron hujumlarini bartaraf qilishda yordam so'raganlari ham janob Zelenskiy obro'yiga ta'sir qildimi?

Irena Taranyuk: Albatta hamma narsani ham hazil yoki memga aylantirish to‘g‘ri emas, lekin Ukrainada bu mavzuda hazil va memlar juda ko‘payib ketdi.

Masalan, o‘sha Oq uydagi muloqot vaqtida prezident Tramp Zelenskiyga "qo‘lingda koziring yo‘q", deb aytgani haqida. Hozirda Zelenskiyda "kozir" borligi ayon bo‘ldi, deb hazil qilishmoqda.

Rossiya Eron ishlab chiqqan "Shahid" va boshqa turdagi dronlardan Ukrainadagi urushda keng foydalanib kelmoqda. Hozirgi Yaqin Sharqdagi urushda dronlarga qarshi o‘ta qimmat havo hujumlaridan himoya qiluvchi "Patriot" raketalari ishga solinganda, ukrainaliklar hayratga tushishdi. Chunki ko‘plab sondagi dronlarga qarshi bu kabi himoya usulidan uzoq muddat foydalanish imkonsiz.

Prezident Zelenskiy va janob Tramp aks etgan mem.

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoqdan.

Surat tagso‘zi, Xorij davlatlari Ukrainadan dronlarga qarshi kurashda yordam so‘raganidan so‘ng Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda memlar ko‘payib ketdi.

Boshqa tomondan texnologik jihatidan past darajadagi dronga qarshi yuqori texnologik uskuna bilan kurashish yaxshi samara bermaydi.

Urush voqeligi shuki, u texnologik kashfiyot va rivojlanishga ham turtki beradi. Ukrainada urush davom etar ekan, ana shu kabi kashfiyotlarni yo‘lga qo‘yishdi. Ularning "Shahid" dronlariga qarshi arzon uskunalari juda yaxshi natija bermoqda.

Yaqin Sharqdagi 11 mamlakat Ukrainaga murojaat qilib bu kabi uskunalarni ishlab chiqish texnologiyasi bo‘lishishni so‘rashgan. Ukraina bu mamlakatlarga nafaqat dronlarga qarshi kurashda yordam berish, balki 3 davlatga dronlarni uchirish bo‘yicha ham mutaxassislarini ham yubordi. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, hatto prezident Tramp ham bu sohada Ukrainadan yordam so‘ragan. Chunki aytib o‘tganimdek, Eronning arzon va minglab sondagi dronlariga qarshi o‘ta qimmat raketalardan uzoq muddat foydalanish samarali yo‘l emas. Yaqin Sharq mamlakatlari esa ballistik raketalar emas ko‘pda aynan dronlardan zarar ko‘rmoqda.

Eronning “Shahid” droni.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron tomonidan hujumga tutilgan Yaqin Sharq davlatlari dron hujumlarini qaytarishda Ukrainadan yordam so‘rashdi.

VVS Uzbek: Sobiq Ittifoq mamlakatlarida Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng odamlar orasida fikrlar qarama-qarshiligi keng tarqalgan holat edi. Bu urush borasida u yoki bu tomon mavqeini yoqlab, aytishib, arazlashib, yuz ko‘rmay ketgan holatlarni ham kuzatdik. Bu holat ukrainaliklar orasida ham ro‘y berganmi? Masalan shaxsan o‘zingiz boshdan kechirganmisiz?

Irena Taranyuk: Ha, Rossiyada qarindosh-urug‘larga ega bo‘lgan ukrainalik oilalar o‘rtasida juda katta va chuqur tushunmovchilik jari mavjud. Urush boshida rossiyaliklar bu "maxsus harbiy amaliyot" ekanligiga ishonishgandi. Rossiya Ukraina shaharlarini bomba hujumlariga tutayotganiga ishonishmasdi. Mening yaqin dugonam onasi bilan mutlaqo aloqasini uzdi. Chunki onasi, qiziga emas Putinga ishonardi.

Men shaxsan Rossiyaga u qadar yaqin bo‘lmagan Ukraina qismidan bo‘lishimga qaramay, jiyanim bilan bu borada qattiq aytishib qolgandim. Chunki u Putinning bu urushi ortida turgan sabablarni tushunishi haqida aytardi. Shu bilan biz urush haqida umuman gaplashmaslikka qaror qildik.

Ukraina ichkarisida ham mamlakat rahbariyatidan norozi bo‘lgan va Rossiya targ‘ibotiga ishonuvchilar bor. Bu juda og‘riqli mavzu. Lekin kelajakda bu holat yanada og‘riqli bo‘lishi mumkin. Chunki bir kun kelib urush tugagan vaqtda ham insonlar o‘rtasida munosabatlarni tiklash urushdan ham ko‘ra ko‘proq vaqt olishi mumkin.

VVS Uzbek: Jurnalist sifatida Ukraina boshdan kechirayotgan urushni tashqi dunyoga yetkazish, tahlil qilib berish ne qadar mashaqqatli vazifa? Bu yo‘lda eng qiyini nima?

Irena Taranyuk: Albatta, jurnalist sifatida aslida nimalar ro‘y berayotganini hissiyotlarga berilmay, shaxsiylashtirmasdan, xolis va betaraf shaklda keng auditoriyaga yetkazish bizning vazifamiz.

Odamlarning shuuriga yaqin misollarga qiyoslab, hodisalar ma’nosini yetkazish vazifasi mavjud albatta. Mana qarang, agarda Xarkovdagi tinch aholiga hujum qilingan bo‘lsa, bu Damashqning hujumga tutilishi, yoki Suriyada kimyoviy qurol foydalanilgan bo‘lsa, yoki Sudandagi hodisalar bilan uyg‘unligi bor. Bu urushlarni umumlashtiruvchi narsa - tinch aholi aziyat chekayotgani. Ana shu oddiy odamlar boshdan kechirayotganlarining o‘xshashligi hodisalarni bayon qilishda yordam beradi.

Deylik, bir ona Suriyada bo‘lsinmi, yoki Sudanda farzandidan urush tufayli ayrilsa, bu kabi urushning dahshati hamma yerda birdek.

Nimalar ro‘y berayotganini tushuntirishga kelsak, bu juda bir jo‘n holat. Risoladagidek emas, korruptsiya va matbuotga egalik qilish sohasida kamchiliklarga to‘la, hech kim Ukraina kamchiliklardan xolis deyayotgani yo‘q, lekin demokratiyaga intilgan mamlakatga anchayin qudratli bo‘lgan qo‘shnisi tajovuz qilmoqda. Bu tajovuzkor qo‘shni 1994 yili Ukraina jahonda 3- yirik yadro qurolidan voz kechgan Budapesht bitimini imzolash vaqtda Ukraina xavfsizligini ta’minlash va’dasini bergan davlatlardan biri edi. Britaniya bu bitimga imzo chekkan va xavfsizlik kafolatini bergan davlatlardan biri bo‘lgani uchun ana shu asosda bu urushda qaysi tomon kim ekanligini tushuntirish imkonli. Lekin kengroq jahonga kelsak, turli nuqtalarda o‘zlarining mojarolari bor, shuning uchun Ukrainadagi urush ularni tashvishga solayotgan asosiy hodisa, deb aytish qiyin.

Bombapanohdagi ukrainalik qiz.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukrainalik bolalarning bolaligi bomba va dron hujumlari ostida o‘tmoqda.

VVS Uzbek: Ukraina urushini yoritish bu siz uchun shunchaki hodisalar rivojini yoritishmi yoki shaxsan siz boshdan kechirayotgan urushmi?

Irena Taranyuk: Men yaqin dugonamning urushda halok bo‘lgan o‘g‘lining suratini ko‘rganimda, ishg‘olchi ma’muriyat mening sobiq hamkasbim va yaqin do‘stimni qamoqqa tashlagan vaqti men uchun urush shaxsiy hayotimdagi hodisaga aylangandi. Yaqinlarini qurbon bergan, yoki jabhada yaqinlari bo‘lganlar, umuman olganda hamma ukrainaliklar uchun urush bu shaxsiy hayotlarining bir qismi.

VVS jurnalisti sifatida bir narsani eslayman. Urush boshlangan ilk haftada biz prezident Putinning bayonotini dasturimizda ishlatish-ishlatmaslikni muhokama qilgandik. Ko‘plarimiz uchun hatto uning ovozini eshitish qattiq aziyat edi. Lekin oxir oqibat bayonotni berishga qaror qildik. Chunki shaxsiy hissiyot bir narsa, professional yondashuv esa mutlaqo boshqa narsa. Boshqa tomonning nuqtai nazarini ham auditoriyaga yetkazishimiz kerak.

Bizning tomoshabinlar orasida Rossiyaga nisbatan yov qarash juda kuchli, lekin tushunishga istak juda kam. Ukrainaliklar uchun bu urushni yoddan chiqarish juda ko‘p vaqtni talab qiladi. Kechirish emas, shunchaki xotiradan uzoqlashtirish uchun asrlar ketsa kerak. Bolaligini yo‘qotgan millionlab yosh bolalar, musiqa o‘rniga dronlar sadosi ostida uyqudan uyg‘onayotgan va qaysi dron qay biri ekanligini aniqlay oladigan bolalar. Bu bolalik emas. Bu mening shaxsiy hislarim. Lekin biz professional bo‘lib qolishimiz kerak. Hissiyotlarga berilmasligimiz kerak. Menga ana shunga erishish juda qiyin kechadi.

Ammo faktlar hissiyotlardan ko‘ra ko‘proq narsani bayon qila oladi. Men shunga sodiq qolishga harakat qilaman.

VVS Uzbek: Har qanday inson uchun yillar mobaynida ichki his tuyg‘ularni bostirib, professional doiradan chiqmaslikka intilish ruhan toliqtiradigan jarayon bo‘lsa kerak?

Irena Taranyuk: Albatta shunday. Ba’zida hafsalangiz pir bo‘ladi, ba’zida bir nafas to‘xtab, irodangizni to‘plashga to‘g‘ri keladi.

Bir hodisani aytib beray. 2022 yili aprel oyida Rossiya harbiy dengiz kuchlarining yetakchi kreyserlaridan bo‘lgan «Moskva» Ukraina raketasi bilan hujumga tutilib, cho‘ktirilganida, juda yaxshi tarbiya ko‘rgan, oliy ma’lumotli, yumshoq tabiatli ikki hamkasbim va dugonam "Rossiya kemasi ketadigan joyiga ketdi", deb so‘kinishganda quloqlarimga ishonmagandim. Ularning tabiatidagi o‘zgarishga ishonmagandim. O‘shanda rosa kulishgandik.

Vaqti-vaqti bilan ichingdagi bostirib kelgan hissiyotlarga yo‘l berish ehtiyoji ham paydo bo‘ladi. Urush boshlangan ilk haftalarda biz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ygandek edik. Faqat ish bilan o‘zimizni chalg‘itardik. Ishni tugatgandan keyin esa birga yig‘ilib, ukrainalik uchun an’ana bo‘lgan hammamiz birga quchoqlashib, o‘zimizga kelishga harakat qilardik. Bu kabi qo‘llov hammamiz uchun muhim edi. Birga bo‘lishimiz kerakligini tushunardik. Rossiya kemasi haqida dugonalarim aytgan iboradan rosa kulgandik.

Ana shu kabi damlar bizga o‘zimizni saqlab qolishga yordam beradi. Hammamiz insonmiz. Efirda bo‘lgan vaqtimiz professional axloq, xolislik va betaraflik printsiplariga sodiq bo‘lishimiz kerak. Lekin ishdan keyin hissiyotlarga izn beramiz…