Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini oldi

Bu yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga beriladigan bo‘ldi.

Tashkilot hozir Suriyadagi zaharli gazlar uyumini yo‘qotish ustida ishlamoqda.

Nobel qo‘mitasi Norvegiyaning Oslo shahrida bu yilgi sovrin g‘olibini e‘lon qilarkan, tashkilotni kimyoviy qurol-aslahalarni yo‘q qilish yo‘lidagi sa‘y-harakatlarini olqishlagan.

"Norvegiya Nobel mukofoti qo‘mitasi, 2013 yilning tinchlik mukofotini Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotining Suriyada kimyoviy qurolni yo‘q qilish borasidagi keng miqyosdagi faoliyati uchun berishga qaror qildi", - deb aytgan qo‘mita raisi Turbern Yagland Oslodagi matbuot anjumanida.

1,25 mln dollardan iborat pul mukofoti va oltin medal 10 dekabrda o‘z sohibiga topshiriladi.

Nobel Tinchlik mukofotiga bu yil rekord darajada - 259 nomzod ko‘rsatilgan.

Ro‘yxatda kimlar borligi esa odatda qattiq sir tutiladi.

Shunga qaramay, nomzodlar orasida qizlarning ta‘lim olishi uchun kurashib, toliblarning hujumiga uchragan pokistonlik 16 yoshli Malala Yusufzay, kongolik jinsiy zo‘rlangan ayollarga ko‘maklashgan shifokor Denis Mukvege va Wikileaks saytiga ulkan miqyosdagi ma‘lumotlar bergan amerikalik askar Bredli Menninglar borligi ma‘lum bo‘lgandi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Suriyadagi kimyoviy qurol zahiralarini tugatish ishiga qo‘shgan hissasi uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qilindi.

Putinning matbuot kotibi, bunga fikr bildirarkan, "Putin har xil mukofotlar olishga emas, balki qilayotgan ishidan ko‘ngli to‘lish tarafdori" ekanligini aytgandi.

Norvegiyaning NRK telekanali natijalar e‘lon qilinishidan bir necha soat oldin tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Suriyadagi zaharli moddalarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanayotgan Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotiga berilishi mumkinligini bildirdi.