O‘zbekistonda aholi yiliga qancha go‘sht yeydi?

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yaqinda e‘lon qilgan hisobotidan ayon bo‘lishicha, O‘zbekistonda odamlar yiliga o‘rtacha 25.8 kg go‘sht iste‘mol qilisharkan.
Bu - dunyo va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha eng quyi ko‘rsatkichlardan biridir.
Yangi hisobotda jahonning 177 mamlakatidagi vaziyat haqida so‘z boradi.
Ro‘yxatda MDH va mintaqa davlatlari orasida eng yuqori o‘rinni Qozog‘iston egallagan.
Ayon bo‘lishicha, Qozog‘istonda odamlar yiliga o‘rtacha 70 kiloga yaqin go‘sht yeyisharkan.
Shuncha tabiiy boyliklar ustida o‘tirgan Rossiyada bu ko‘rsatkich 60 kilodan sal ortiqroqni tashkil etarkan, xolos.
Osiyodagi iqtisodi jadallik bilan rivojlanayotgani aytiluvchi Hindiston esa, ro‘yxatda eng quyi o‘rinni egallagan.
Bu yerda kishi boshiga yiliga iste‘mol etilayotgan o‘rtacha go‘sht miqdori bor-yo‘g‘i 3.2 kiloni tashkil etadi.
Aholisi eng ko‘p go‘sht yeyuvchi davlat esa, Lyuksemburg(136.5kg) bo‘lib chiqibdi.
O‘zbekiston va go‘sht muammosi...
Agar O‘zbekistondan olingan ma‘lumotlarga qaralsa, bugun mamlakatda eng kam ish haqi 60 ming so‘m atrofida.
Poytaxt Toshkent bozorlarida esa, bir kilo qo‘y go‘shti 17-18 ming, mol go‘shti esa, 16-17 ming so‘m turadi.
Mahalliy iqtisodchilarga ko‘ra, viloyat bozorlarida ham go‘shtning narxi deyarli shunga teng.
Ya‘ni, agar boshqa sarf-xarajatlar nazarda tutilmaydigan bo‘lsa, O‘zbekistonda belgilangan eng kam ish haqiga 3-3.5 kilo go‘sht beradi, xolos.
O‘zbekistondan mustaqil iqtisodiy sharhlovchi Jahongir Shosalimov, mavjud vaziyatni nazarda tutib, "hozirgi sharoitda aholining 80 foizi uchun go‘sht yeyish - juda katta muammo", deydi.
Toshkentlik iqtisodchi, o‘z o‘rnida, O‘zbekistondagi boy va kambag‘al oilalardagi vaziyat bir-biridan keskin farq qilishini ham alohida ta‘kidlaydi.
"O‘zim asosan aholining boy qatlami yashaydigan O‘rikzor mavzeida turaman. Ularda bu muammo yo‘q. Bir kunda 100 AQSh dollari daromad qiladigan odamlar bor. Lekin shu O‘rikzorning o‘zida 74-80 ming so‘m nafaqasiga qarab, na "kvartplata"si, na gaz, na tokka pul to‘lolmayotganlar bor. Bilaman, o‘sha eng boy joyda ham, aholi 10 foizining uyiga go‘sht kirmaydi. Oylab go‘sht kirmaydi. Men Toshkent shahrining eng badavlat, eng o‘ziga to‘q mahallasini aytayapman", deydi u.
Jahongir Shosalimovga ko‘ra, odamlar, ayniqsa, bolalar go‘shtning ta‘mini unutib yuborishgan:
Shifokorlar nima deyishadi?
Agar shifokorlarning so‘zlariga qaralsa, odam bir kunda 200 grammcha oqsil mahsulotlari yeyishi kerak va buning yarmiga yaqinini go‘sht tashkil etishi lozim.
"Buni 366 kunga ko‘paytiradigan bo‘lsak, 54 kg bo‘ladi. Ya‘ni, katta yoshli odam uchun yiliga 54-55 kilo go‘sht iste‘mol qilish norma hisoblanadi. 25.8kg, demak, yaxshi ko‘rsatkich emas. Chunki kundalik jismoniy va aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan odamni oladigan bo‘lsak, bu o‘sha insonning go‘shtga bo‘lgan ehtiyojining yarmini qoplay olmaydi degan gap", deydi o‘z ismini oshkor etishni istamagan o‘zbekistonlik shifokorlardan biri.
Shifokorga ko‘ra, bu - odamlarda immunitetning susayishi, kamqonlik, yosh bolalarda esa, o‘sishdan orqada qolishi, o‘lim hollarining ko‘payishi yoki boshqa har xil xastaliklarga olib keladi.
Chunki go‘sht tarkibidagi aminokislota va vitaminlar boshqa hech bir mahsulotda bo‘lmaydi. Shu sababdan ham, uning o‘rnini hech narsa qoplay olmaydi, deydi u:
Sabablar
Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov mavjud vaziyatning sababini O‘zbekistondagi boshqaruvning qanchalik samarali bo‘layotganiga bog‘laydi.
"O‘tgan 20 yildan buyon O‘zbekiston hukumatining zararli va samarasiz boshqaruvi tufayli mamlakat iqtisodi juda abgor ahvolga keldi. Vaholanki, O‘zbek hukumatining o‘zi buni tan olmaydi. Ayniqsa, pul emissiyasini nihoyatda suiiste‘mol qilinishi O‘zbek so‘mining qadrsizlanib ketishi, buning natijasida, asosan, qishloq joylarida tovar-pul munosabatlarining izdan chiqishi u yerlarga pul bormasligiga sabab bo‘ldi", deydi u.
Iqtisodchiga ko‘ra, "Hukumat qarorlarining suiiste‘mol etilishi oqibatida muomalaga tovarlar bilan ta‘minlangan pul oqib keladi". "Bu pul esa, hammayoqni vayron qiladi", deydi u.
"Bu nihoyatda katta ahamiyatga ega. Chunki qishloq joylarida tovuq boqish mumkin, g‘oz boqish mumkin...Go‘sht yetishtirishning barcha turlaridan unumli foydalanish mumkin, chunki O‘zbekiston haqiqatda chorvachilik madaniyati nihoyatda rivojlangan joy".
Boshqa ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra esa, O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun eng avvalo yer maydoni masalasi hal etilishi kerak.
Ular paxtaning o‘rniga, bug‘doy va boshqa g‘alla ekinlari ekilsa, o‘z-o‘zidan yem ko‘payishi, bu esa, odamlarning chorvachilikka qiziqishlari kuchayishiga sabab bo‘lishini aytishadi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, yer maydonlarining kamligi va buning oqibatida, omuxta yemlarning qimmatligi aholining chorvachilik bilan shug‘ullanishdan hafsalalarini pir qilib turgan omillardir.
O‘quvchilarimiz munosabati
Akramjon O'lmasov, O'zbekiston
Go'sht narxi oshganining sababi - kunjara, sho'lxa narxlari juda qimmat, somon bo'lsa, 1 donasi 10 ming , shunday ekan, go'sht narxi qanday bo'lishi kerak. Mol boqqan odamlar foyda ko'rmaydi, faqat puli to'planadi, xolos, mehnat qilgan odamlarga hech narsa yo'q . Go'sht narxi 16.000 ming bo'lsa, qassoblar bizdan 15.000 mingdan oladi.






























