Mahkumadan polkovnikkacha: Ukraina urushida Putin uchun halok bo‘layotgan Rossiya ayollari
- Author, Olga Ivshina*
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
Bi-bi-si «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda ochiq ma’lumotlar asosida olib borayotgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainaga qarshi to‘rt yillik keng ko‘lamli bosqin davomida Rossiya tomonidan kamida 32 nafar ayol harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Halok bo‘lganlarning aksariyati harbiy shifokorlardir.
Biroq qurbonlar orasida reaktiv artilleriya divizioni komandiri, dronlar bo‘yicha instruktor, radiotelefonchi va kinolog ham bor.
Rossiya tomonida jami qancha ayol jangovar harakatlarda qatnashayotgani noma’lum. Ammo 2023 yilning martida o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainada «1100 nafar ayol harbiy xizmatchi jang qilayotgani, ularning har uchinchisi davlat mukofotlari bilan taqdirlanganini» aytgan edi.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ayol kishi armiyaga o‘z xohishi bilan — saralash punktida shartnoma imzolash yoki harbiy oliygohga o‘qishga kirish orqali borishi mumkin. Rasman ayollar uchun xizmat joyi bo‘yicha cheklovlar yo‘q, lekin amaliyotda ular asosan tibbiyot, aloqa, front orti va ta’minot ishlariga qabul qilinadi. Tibbiy ma’lumotga ega ayollarning aksariyati harbiy hisobda turadi. Shuning uchun safarbarlik e’lon qilingan taqdirda ular xizmatga chaqirilishi mumkin.
Keng ko‘lamli urush boshlangach, Rossiya rasmiylari ayollarni shartnoma asosida armiyaga, ayniqsa harbiy-tibbiy mutaxassisliklar bo‘yicha qabul qilishni sezilarli darajada faollashtirdi.
Mobilizatsiya qilingan, mahkuma va divizion qo‘mondoni
Urushga birinchilardan bo‘lib o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR hududlarida yashagan ayol shifokorlar yuborildilar.
Gorlovkalik 45 yoshli hamshira Viktoriya Kubacheva keng ko‘lamli bosqinning birinchi kunidayoq safarbar qilingan.
"Gorlovkalik hamshiralarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish joyidan olib ketishdi va bu o‘z xohishi bilan bo‘lmagan", — deb hikoya qilgan edi keyinchalik Viktoriyaning qarindoshi.
Surat manbasi, Viktoriya Kubacheva oilaviy arxividan
DXR va LXRda safarbarlik katta urush boshlanishidan bir necha kun oldin, 19 fevralda, e’lon qilindi va o‘ta tartibsiz kechgan.
Omon qolganlar va ularning yaqinlari odamlarni shoshilinch "ko‘ngilli" sifatida ro‘yxatga olishgani, tashqi dunyo bilan aloqani uzishgani va juda qisqa tayyorgarlikdan so‘ng esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri frontga jo‘natishganini aytishgan.
Donetsk va Lugansk viloyatlaridan chaqirilganlar tayyorgarliksiz, yaroqsiz qurol-aslaha bilan eng og‘ir jang nuqtalariga tashlangan.
Harbiylar ochlik va katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan.
Viktoriya 2022 yilning sentyabrida bedarak yo‘qolgan, yaqinlari uni bir necha oy qidirgan. 2024 yilning martida u halok bo‘lgan deb tan olindi.
Halok bo‘lgan ayol harbiylar orasida eng yuqori lavozimlisi — donetsklik polkovnik Olga Kochuradir. U 2014 yilda Donbass separatistlari tomoniga o‘tib, yangi qurolli bo‘linmalar tuzishda faol qatnashgan. Ungacha Kochura Ukraina Ichki ishlar vazirligida ishlagan.
Rossiya armiyasida bo‘linmalarga qo‘mondonlik qiluvchi ayollar juda kam uchraydi. Biroq Donetsk va Luganskdagi "xalq militsiyasi"ga ayollar mamnuniyat bilan qabul qilingan. U yerda ayollar yuqori unvon va lavozimlargacha ko‘tarilgan bir necha holatlar ma’lum. Olga Kochura 2022 yil 3 avgustda Donetsk viloyatida halok bo‘lgan.
Ro‘yxatimizdagi ayol harbiylarning hammasi ham jang maydonida halok bo‘lmagan. Omsk viloyatidan bo‘lgan 44 yoshli hamshira Galina Kostikova mahalliy OAV xabariga ko‘ra, front ortida — koloniyalardan urushga jalb qilingan rossiyalik mahbuslar tomonidan o‘ldirilgan.
Qurbonlar orasida koloniyadan urushga ketgan ayol ham bor. 37 yoshli Yelena Pimonenkova olti marta sudlangan, ammo besh holatda shartli jazo bilan qutulib qolgan edi. Ilk hukmini u 23 yoshida erkak kishiga pichoq bilan hujum qilgani uchun olgan. Keyinchalik Yelena talonchilik, o‘g‘rilik, o‘zganing mulkiga zarar yetkazish, o‘ldirish bilan qo‘rqitish va avtomobil o‘g‘irlash bo‘yicha sudlangan. U jinoyatlarining aksariyatini mast holatda sodir etgan. Yelena Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganida, qamoq muddati tugashiga bir yildan kamroq vaqt qolgan edi. Pimonenkova 2024 yil avgust oyida Belgorod viloyati hududida halok bo‘ldi.
"Vajnыe istorii" nashri tarqatgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya Mudofaa vazirligi kamida to‘rtta koloniyadan mahbus ayollarni urushga yollash bilan shug‘ullangan. Qamoqdan urushga ketgan boshqa ayollarning o‘limi haqida bizda hozircha ma’lumot yo‘q.
Halok bo‘lganlar orasida trans-shaxs ham bor. Tug‘ilganda Artur Kichigin ismi berilgan shaxs o‘zini Elli Vishnevskaya deb atashlarini so‘ragan. Dastlab Elli o‘z Telegram kanalida urushga qarshi chiqqan, ammo keyinchalik uning otasi frontda halok bo‘lgan. Shundan so‘ng uning ukrainaliklarga nisbatan fikrlari tobora radikal tus ola boshlagan.
2024 yil dekabrь oyida u uzun sochlarini kesib, harbiy kiyim-bosh sotib oldi va ko‘p o‘tmay frontga jo‘nab ketdi. Urushda topgan pullarini Elli jinsini o‘zgartirish amaliyotiga sarflashni rejalashtirgan edi. U o‘z kanalida xizmat qilish kutganidan ancha qiyinligini, jismoniy va emotsional yuklamalar, sovuq, namlik va loygarchilik azob berayotganini yozgan. 2025 yil fevralida esa Elli halok bo‘ldi.
Biz shaxsini aniqlagan halok bo‘lgan rossiyalik ayol harbiylarning aksariyati frontga o‘z istagi bilan ketgan. Ular keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin shartnoma imzolashgan.
Rossiya Ukrainada qancha odam yo‘qotdi?
Hozirgi vaqtda biz Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin davomida halok bo‘lgan 207 552 nafar rossiyalik harbiyning ismini aniqladik. Bu faqat ochiq manbalar orqali tasdiqlashimiz mumkin bo‘lgan ma’lumotlardir.
Qurbonlarning 56 foizi, ya’ni yarmidan ko‘pi, ko‘ngillilarga aylanganlar, safarbar qilinganlar va koloniyalardan urushga ketgan mahbuslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Urush boshlanishidan avval bu odamlarning armiyaga aloqasi bo‘lmagan.
Rossiya tomonining haqiqiy yo‘qotishlari biz aniqlagan raqamlardan ancha ko‘p. Tahlilchilarning fikricha, qabriston va nekrologlar asosidagi hisob-kitobimiz haqiqiy qurbonlar sonining 45 foizidan 65 foizigacha bo‘lgan qismini qamrab oladi.
So‘nggi oylarda halok bo‘lgan harbiylar jasadlarining katta qismi hali ham jang maydonida qolayotgan bo‘lishi mumkin. Ularni dron zarbalari xavfi tufayli olib chiqish o‘ta mushkul.
Shularni inobatga olsak, Rossiya tomonidan halok bo‘lganlarning real soni 312 000 nafardan 450 500 kishigacha bo‘lgan oraliqda bo‘lishi mumkin.
Agar 2022 yil oxirigacha DXR va LXR bo‘linmalari tarkibida halok bo‘lganlarni, taxminan 21 000 — 23 500 kishini ham qo‘shsak, rossiyaparast kuchlarning umumiy yo‘qotishlari 333 000 — 474 000 kishi atrofida bo‘lishi mumkin.
Biz qanday hisoblaymiz?
Rossiyada har kuni halok bo‘lganlarning ismlari va dafn marosimlaridan olingan fotosuratlar e’lon qilib boriladi. Ko‘pincha familiyalarni Rossiya hududlari rahbarlari yoki tuman ma’muriyatlari vakillari, mahalliy OAV va halok bo‘lganlar ilgari ta’lim olgan o‘quv yurtlari, shuningdek, ularning yaqinlari tilga oladi.
Bi-bi-si, «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi ushbu ma’lumotlarni o‘rganib, ularni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri biz yuritib kelayotgan ro‘yxatga kiritadi.
Biz Rossiyaning rasmiy manbasida yoki OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarni, qarindoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini yoki boshqa manbalardagi postlarni, agar ularga dafn etilgan joy fotosuratlari ilova qilingan bo‘lsa, o‘limning tasdig‘i deb hisoblaymiz.
Qo‘shin turlarini biz halok bo‘lgan shaxs qaerda xizmat qilgani haqidagi xabarlarga yoki harbiy kiyimdagi farqlanuvchi belgilariga qarab aniqladik. Safarbar qilinganlar, ko‘ngillilar va mahbuslar alohida qo‘shin turlari hisoblanmaydi, biroq biz ushbu yo‘qotishlarni muntazam armiyaning professional qismlari yo‘qotishlari bilan solishtirish uchun alohida toifaga ajratamiz.
* Rossiya hukumati Olga Ivshinani «xorijiy agentlar» reestriga kiritgan. Bi-bi-si bu qarorga qat’iyan qarshi chiqadi va uni sudda inkor etmoqda.
** «Mediazona» nashri ham Rossiya hukumati tomonidan «inoagent» degan ro‘yxatga kiritilgan.
Bosh maqola
Muharrir tanlovi
Ommabop maqolalar
Bu materialga kirish imkonsiz